Sport
Rossiyalik kurashchi Xadarsevga O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishga ruxsat berilmadi
Bunga Rossiya sport kurashlari federatsiyasi (FSBR) o‘z sportchilariga boshqa bayroq ostida chiqish uchun ruxsat berishi mumkin bo‘lgan kvotani tugatgani sabab bo‘ldi.
Foto: Facebook / Alik Xadarsev
Sport arbitraj sudi (CAS) rossiyalik kurashchi Alik Xadarsevga sport fuqaroligini o‘zgartirishni taqiqladi. Bu haqda CAS matbuot xizmati xabar berdi.
2025 yil boshida kurashchi O‘zbekiston pasportini oldi, shundan so‘ng O‘zbekiston kurash assotsiatsiyasi uni jamoaga tarkibiga o‘tkazish uchun ariza topshirdi. Biroq, Butunjahon kurash uyushmasi (UWW) Rossiya sport kurashlari federatsiyasi (FSBR) o‘z sportchilariga boshqa bayroq ostida chiqish uchun ruxsat berishi mumkin bo‘lgan kvotani tugatganini bahona qilib, o‘tishni rad etdi. Qoidaga ko‘ra, bunday kvota yiliga uchtaga teng.
Xadarsev bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga murojaat qildi, biroq uning murojaati rad etildi.
Polvon Rossiya chempionatida medallarni qo‘lga kiritgan, shuningdek, O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan.
Rossiya sportchilarining O‘zbekiston bayrog‘i ostida xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi yangilik emas. 2024 yilgi Parij olimpiadasida dog‘istonlik Razambek Jamalov -74 kg vaznda oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Sport
Superliga klublariga markazlashgan tarzda 35 milliard so‘mdan ajratilishi kutilmoqda
Yil boshida «Bunyodkor», «Nasaf», «Buxoro» va boshqa bir qancha klublar davlat kompaniyalari homiyligidan ajralgan edi. Endi Superliga klublari markazlashgan tarzda moliyalashtirilishi mumkin.
2026 yilgi futbol mavsumidan boshlab, Superliga klublari markazlashtirilgan tarzda moliyalashtirilishi mumkin. Bu haqda Kun.uz manbasi ma’lumot berdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA), Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) va Sport vazirligi tomonidan professional futbol klublarining moliyalashtirilishini takomillashtirish borasida loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2026 yilda Superliga klublariga davlat tomonidan bir xil – 35 milliard so‘mdan yillik smetasi tasdiqlanishi belgilangan. Shuningdek, xususiy kompaniya va homiylarga professional futbol klublariga homiylik qilish bo‘yicha imtiyoz berilishi kutilmoqda. Hozircha ushbu tizim mexanizmi va qarorning qachon qabul qilinishi noma’lum.
Avvalroq, bir qator yirik davlat kompaniyalari futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatgan edi. Masalan, «O‘zbekneftgaz» davlat kompaniyasi yil boshida «Bunyodkor», «Nasaf» va «Buxoro» klublariga homiylik qilishdan voz kechdi. Shuningdek, bir qator boshqa klublar ham davlat kompaniyalari homiyligidan ajraldi. Oqibatda, «Bunyodkor», «Dinamo» va «Surxon» kabi klublarda moliyaviy muammolar kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Futbol klublarini markazlashgan tarzda moliyalashtirish mexanizmi dunyo futbolida bor gap. Masalan, Saudiya Arabistoni professional ligasida futbol klublarini boshqarish va moliyalashtirish qisman markazlashgan tarzda amalga oshiriladi. 2023 yilda sport islohotlari doirasida Davlat investitsiya jamg‘armasi (PIF) to‘rtta yetakchi klub – «Al-Nasr», «Al-Hilol», «Al-Ahliy» va «Al-Ittihod» nazorat ulushlarini (taxminan 75%) qo‘lga kiritdi. Parallel ravishda, liganing boshqa jamoalari yirik davlat va yarim davlat kompaniyalariga (masalan, neft-gaz, transport va sanoat) biriktirildi, bu esa ko‘pchilik klublar davlat bilan bog‘liq tuzilmalardan mablag‘ oladigan tizimni shakllantirdi.
Sport
Saloh «Liverpul»dan ketadi
Misrlik tirik afsona uchun klubdagi to‘qqiz mavsumi so‘nggisi bo‘lib qoladi.
Muhammad Saloh va «Liverpul» baribir ajraladi. 33 yoshli misrlik hujumchi 24 mart kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilgan videosida 2025/26 yillar mavsumi yakunida klubni tark etishini e’lon qildi. Biroz o‘tib mersisaydliklar klubi matbuot xizmati ham bu ma’lumotni tasdiqladi.
«Bu ehtiros, tarix va ruhdir»
Misrlik futbolchi muxlislarga ta’sirli murojaat yo‘lladi.
«Afsuski, bu kun yetib keldi. Men mavsum yakunida «Liverpul»ni tark etaman. Men shundan boshlamoqchimanki, bu jamoa, shahar va odamlar hayotimning shunday qismiga aylanishini hech qachon tasavvur qilmagan edim. «Liverpul» – shunchaki futbol klubi emas. Bu kimgadir tushuntirib bo‘lmaydigan ehtiros, tarix va ruhdir», – degan Saloh xayrlashuv nutqi avvalida.
U jamoadoshlari va klub xodimlari to‘g‘risida ham gapirgan.
«Barchaga, ayniqsa, jamoadoshlarimga – sobiq va hozirgilarga, muxlislarga rahmat. Menga ko‘rsatgan yordamingiz uchun minnatdorchilik bildirishga so‘z yetmaydi. Faoliyatimning eng yaxshi davrida yonimda bo‘ldingiz va har doim men bilan yelkama-yelka turdingiz», – deya qo‘shimcha qilgan Saloh.
Ko‘p o‘tmay «Liverpul» ham bu borada rasmiy bayonot berdi: qizillar klubi matbuot xizmati forvard o‘z qarori haqida imkon qadar ertaroq e’lon qilishni xohlagani aytilgan relizni e’lon qildi.
Shu bilan birga, yaqin vaqtlar ichida futbolchi bilan xayrlashuv uchrashuvi o‘tkazilishi kutilmayapti.
«Bizni hali oldinda ko‘p o‘yinlar kutmoqda va Saloh bor e’tiborini «Liverpul» mavsumni maksimal natija bilan yakunlashiga qaratgan. Shuning uchun uning merosi va yutuqlarini to‘liq nishonlash vaqti keyinroq keladi», – deya qayd etiladi klub saytida.
Faoliyatini qayerda davom ettiradi?
Muhammad Saloh mersisaydliklar klubi bilan shartnomasini 2025 yil aprelida ikki yilga uzaytirgandi. Ammo misrlik futbolchi bu muddat oxirigacha klubda qolmasligi mavsum o‘rtasidayoq ma’lum bo‘lib ulgurgandi.
Dekabr oyi boshida hujumchi asosiy tarkibdagi o‘rnini boy berib qo‘ydi va ayrim o‘yinlarda zaxiradan ham maydonga tushirilmadi. APLning 15- turida «Lids»ga qarshi kechgan uchrashuvda (3:3) ham zaxira o‘rindig‘ida qolib ketganidan keyin u jurnalistlar qarshisiga chiqdi va o‘z holati haqida shov-shuvli bayonot berdi. Xususan, jamoa bosh murabbiyi Arne Slot bilan orasi buzilganini aytdi.
«Ko‘p marta aytganman: murabbiy bilan munosabatlarim juda yaxshi edi, ammo birdaniga o‘rtamizda hech narsa qolmadi. Aftidan, kimdir meni bu yerda ko‘rishni istamayapti. Yana bir bor aytaman: o‘rtamizda hech qanday munosabat yo‘q… U nimalarni his qilayotganimni biladi. Bu haqda biladi», – deya norozilik bildirgandi futbolchi.
Shundan keyin u Misr milliy jamoasi safida Afrika millatlar kubogiga jo‘nab ketdi, turnirdan qaytganidan keyin esa ko‘proq maydonga tusha boshladi: 2026 yilda u faqat bir marta 60 daqiqadan kamroq o‘ynadi – bu 15 mart kuni «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda (1:1) ro‘y berdi.
Shunga qaramay, Saloh baribir klubini o‘zgartirishga qaror qilgan. Jurnalist Pol Joys qayd etishicha, tomonlar o‘zaro rozilik asosida shartnomani bekor qilishga kelishishgan. Bu orqali «Liverpul» unga tovon puli to‘lashdan qutuladi, forvard esa keyingi faoliyati uchun klubni mustaqil tanlash imkoniga ega bo‘ladi.
Futbolchining agenti Rami Abbosga ko‘ra, u hamon kelgusida qayerda o‘ynashini aniqlab olmagan. Afrikalik yulduzli futbolchiga muqaddam Saudiya Arabistonidan katta takliflar bo‘lgan, ammo endi Yaqin Sharqdagi voqealar tufayli bunday transfer amalga oshishi dargumon.
Barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan
Saloh «Liverpul»ga 2017 yil iyunida «Roma»dan kelib qo‘shilgandi. To‘qqiz yil mobaynida misrlik hujumchi Angliyadagi barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi: ikki bor Angliya chempioni bo‘ldi, mamlakat Kubogi va Superkubogini, shuningdek, Angliya ligasi kubogini qo‘lga kiritdi.
Xalqaro arenada Muhammad o‘ziga xos het-trikka erishdi: Chempionlar ligasida, UYeFA Superkubogida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi.
Uning shaxsiy statistikasi ham ajoyib: Muhammad 435 o‘yinda 255 gol urgan va 122 assist amalga oshirgan, to‘rt bor APLning eng yaxshi to‘purari sifatida «Oltin butsa»ga ega chiqqan hamda liga tarixidagi eng yaxshi legioner to‘purarga aylangan. U yozgacha kolleksiyasini yana to‘ldirishi mumkin – jamoa YeChL va Angliya kubogidagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Sport
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi munosabatlar tartibga solindi
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutuvchi «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi O‘RQ–1123-sonli qonun qabul qilindi.
Qonunda sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilab qo‘yildi.
Qonunga ko‘ra, fuqarolar havaskorlik sporti, shuningdek professional sport bilan sportchi, trener, sport hakami sifatida shug‘ullanish huquqiga ega.
Sport klubi sport faoliyati bilan shug‘ullanish, sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, shuningdek sportchilarni musobaqalarga tayyorlash maqsadida tashkil etiladi.
Sportchi pasporti yagona namunadagi hujjat bo‘lib, sportchining jismoniy tarbiya va sport tashkilotiga mansubligini hamda sport malakasini tasdiqlaydi.
Sport turi qoidalariga va sport musobaqasi to‘g‘risidagi nizomga (reglamentga) rioya etilishini ta’minlash uchun vakolat berilgan jismoniy shaxs sport hakamidir.
Davlat tomonidan sportchi hamda trenerlarga bir martalik va oylik to‘lov (stipendiya, nafaqa va boshqalar) shaklidagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etilishi mumkin.
Sport
«Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari»: 2026-yilgi mavsumga start berildi
«Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari» hamda «Prezident Olimpiadasi» musobaqalarining 2026 yilgi mavsumi rasman boshlandi. Toshkentdagi «Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyi»da tashkil etilgan tadbirda mavsumga ramziy start berildi.
Ushbu musobaqalar yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va Olimpiya zaxiralarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Mavsum doirasida respublikamizning barcha hududlarida minglab yosh sportchilar turli sport turlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishlari kutilmoqda.
2026 yilgi mavsum yanada takomillashtirilgan uch bosqichli tizimda o‘tkaziladi: tuman va shahar hokimi Olimpiadasi, hududiy bosqich hamda «Prezident Olimpiadasi». Bugundan boshlab birinchi bosqich — tuman va shahar hokimi Olimpiadasi doirasida respublikamizning barcha hududlarida bellashuvlar boshlandi. Unda sport maktablari, umumta’lim muassasalari, xususiy sport klublari va murabbiylar tarbiyalagan yoshlar faol ishtirok etmoqda.
Sport
Angliya Liga Kubogini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbek futbolchisi
Londondagi «Uembli» stadionida Angliya Liga Kubogining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bosh sovrin uchun bahsda «Manchester Siti» va «Arsenal» jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishdi.
Uchrashuv «Manchester Siti» ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yin taqdirini ikkinchi bo‘limda Niko O‘Rayli tomonidan kiritilgan ikkita gol (60 va 64-daqiqalar) hal qildi. Ushbu muvaffaqiyat evaziga «Manchester Siti» o‘z tarixida 9-marta Angliya Liga Kubogi sohibiga aylandi. Endilikda ular mazkur turnirda eng ko‘p zafar quchgan «Liverpul» (10 ta sovrin) rekordiga yaqinlashib oldi — ular orasidagi farq atigi bitta kubokni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» tarkibida maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. U uchrashuvning 32-daqiqasida Viktor Dyokereshga ishlatilgan qo‘pollik uchun sariq kartochka oldi.
Ushbu g‘alaba orqali Husanov Angliya Liga Kubogini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. Bu sovrin himoyachi uchun Angliyadagi birinchi oltin medal hisoblanadi.
-
Siyosat2 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birlarini tabrikladilar
-
Jamiyat4 days agoImom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)
-
Jamiyat1 day agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Sport4 days ago
Masharipov va Fayzullayev jarohat sabab xalqaro turnirda qatnashmaydi
-
Jamiyat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini hayit bilan tabrikladi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days agoEron urush va iqtisodiy inqiroz fonida rekord qiymatdagi banknotni muomalaga chiqardi
