Sport
Abduqodir Husanov jarohati sababli bugungi o‘yinni o‘tkazib yuboradi
Bugun Angliya chempionatining 6-turi doirasida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
«Manchester Siti» o‘z maydonida «Byornli»ni qabul qiladi. Afsuski, Abduqodir Husanov jarohati sababli o‘yinni o‘tkazib yuboradi.
Husanov 5-oktyabr kuni «Brentford»ga qarshi safar o‘yinida jamoaga qo‘shilishi mumkin.
Bugun, shuningdek, «Liverpul» «Kristal Pelas»ga qarshi safarda, «Chelsi» esa Londonda «Brayton»ga qarshi to‘p suradi.
Yuqoridagi o‘yinlar soat 19:00 da boshlanadi.
Sport
Mundialda 4-kun. Kyurasaoning tarixiy goli, Umar Artanga kompensatsiya va Angliyaning sarguzashtlari
Germaniya 7 ta, Shvetsiya 5 ta gol urdi; yaponlar so‘nggi daqiqalarda iroda ko‘rsatib, Niderlandiyadan ochko tortib oldi. Osiyo jamoalarining turnirdagi mag‘lubiyatsiz yurishi davom etmoqda.
Jahon chempionatida 15 iyunga o‘tar kechasi yana ikkita guruhda 4 ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Germaniya kamtarona Kyurasaoni yirik hisobda tor-mor etdi, niderlandlar yaponlar bilan o‘yinda ochko yo‘qotdi, Kot-d’Ivuar turnirni Ekvadorga qarshi o‘yindagi minimal hisobdagi g‘alaba bilan boshladi, Tunis esa shvedlarga ortiqcha muammo tug‘dira olmadi. Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar sodir bo‘ldi.
Germaniya – Kyurasao 7:1
Gollar: Nmecha, 6 (1:0). Komenensiya, 21 (1:1). Shlotterbek, 38 (2:1). Havers, 45+5 – penalti (3:1). Musiala, 47 (4:1). Braun, 68 (5:1). Deniz Undav, 78 (6:1). Havers, 88 (7:1)
Germaniya: Noyyer, Ta (Ryudiger, 73), Shlotterbek, Braun (Raum, 73), Kimmih (Anton, 83), Pavlovich, Nmecha (Goretska, 73), Musiala (Deniz Undav, 64), Virs, Sane, Havers
Kyurasao: Rom, Obispo, Bazur, Fonvill, Floranus, L. Bakuna, J. Bakuna, Komenensiya, Chong (Kastaner, 83), Lokadia (Margarita, 65), Hansen (Antonisse, 46)
Turnirga ilk marta tashrif buyurgan kyurasaoliklar kutilganidek tezkor gol o‘tkazib yuborishdi, ammo 21-daqiqada kutilmaganda hisob tenglashtirildi. 22 yoshli himoyachi Livano Komenensiyaga jamoaning mundialdagi ilk golini urish nasib etdi.
Lekin orolliklar jamoasi quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. O‘yinning qolgan 70 daqiqasida nemislar yana oltita gol urishdi va turnirning hozircha eng yirik natijasini qayd etishdi – 7:1.
«Biz Germaniyaga qarshi o‘yinda bunday holat bo‘lishi mumkinligini bilardik. Bundan qochib bo‘lmaydi. Jamoadagilarning barchasi uchun katta saboq bo‘ldi. Va biz bundan mutlaqo uyalmaymiz», – dedi o‘yindan keyin Kyurasao bosh murabbiyi Dik Advokat.
Ushbu niderlandiyalik JCh tarixidagi eng keksa yoshli (78) murabbiyga aylandi. Shu kuni raqib jamoasini maydonga boshlab kelgan 39 yoshli Yulian Nagelsmann esa Dik professional faoliyatini boshlaganida hali tug‘ilmagandi. Ushbu murabbiylar orasidagi yosh farqi ham turnir tarixidan rekord ko‘rsatkich sifatida o‘rin oldi – 39 yil-u 229 kun.
Niderlandiya – Yaponiya 2:2
Gollar: van Deyk, 51 (1:0). Nakamura, 57 (1:1). Sammervill, 64 (2:1). Kamada, 88 (2:2)
Niderlandiya: Verbryuggen, van Deyk, van Xekke, van de Ven, Dumfris, de Yong, Reynders (Kopmeyners, 70), Gravenberh (Ake, 81), Gakpo (Brobbi, 85), Sammervill (Timber, 70), Malen (Depay, 70)
Yaponiya: Sudzuki, Taniguti, X. Ito, Vatanabe (Sugavara, 75), Kamada, Sano, Nakamura, Doan (Tomiyasu, 75), Kubo (Ogava, 75), Maeda (D. Ito, 66), Ueda (Siogai, 84)
Ogohlantirishlar: Sammervill, 61. Depay, 83. van de Ven, 90
Niderlandlar va yaponlar Germaniya va Kyurasao kabi ochiq futbol namoyish etishmadi, ammo bu o‘yinda ham o‘ziga xos drama bor edi. Lekin birinchi bo‘lim ochiqchasiga zerikarli kechdi: bo‘limdagi eng qiziq kadr tribunada uxlayotgan chaqaloq kadri bo‘ldi.
Jamoalar birinchi bo‘lim uchun kompensatsiya sifatida ikkinchi bo‘limni o‘ta hujumkor o‘tkazishdi. 51-daqiqada niderlandlar sardori Virjiyl van Deyk bosh bilan gol urib hisobni ochdi, 6 daqiqa o‘tib Keyto Nakamura muvozanatni tikladi. 67-daqiqada esa yevropaliklar Krisensio Sammervillning sa’y-harakatlari evaziga yana hisobda oldinga chiqib olishdi.
Shundan keyin o‘yinda biroz sokinlik kuzatildi va Ronald Kuman shogirdlari hisobni ushlab qolish uchun o‘ynay boshladi. Ammo Yaponiyada oxirgi shturm uchun kuch topildi: 89-daqiqada Daiti Kamada hisobni tenglashtiruvchi golni urdi – 2:2. Samuraylar mundiallarda yevropaliklarga yutqazmaslikni yana bir bor uddalashdi – bu seriya 2018 yildan buyon davom etib kelmoqda.
Kot-d’Ivuar – Ekvador 1:0
Gol: Diallo, 90 (1:0)
Kot-d’Ivuar: Ya. Fofana, Singo, Agbadu, Konan, Due (Kossunu, 89), S. Fofana (Oulai, 77), Kesse, Ture (Bonni, 56), Diomande, Vai (Diallo, 56), Pepe (Sangare, 77)
Ekvador: Galindes, Ordones, Pacho, Inkapiye, Franko (Presiado, 62), Vite, Kaysedo, Minda (Angulo, 56), Yyeboa (Poroso, 62), Valensiya (Rodriges, 77), Plata
Ogohlantirishlar: S. Fofana, 28. Kesse, 38. Due, 40 – Poroso, 73
Bu o‘yinda gollar shousi bo‘lmasligi oldindan ma’lum edi. Ikki jamoa ham jahon chempionatiga kuchli himoya chizig‘i bilan yetib kelgan, afrikaliklar saralash bosqichida birorta gol o‘tkazmagan (25:0), ekvadorliklar ham o‘z mintaqasida eng kam gol o‘tkazgan (5) jamoa bo‘lgandi. Ammo bu jamoalarning o‘yinini himoyaviy va zerikarli o‘tdi deb bo‘lmaydi.
Birinchi bo‘limda janubiy amerikaliklar tashabbusga egalik qilishdi – o‘yin debyutidayoq hisob ochilishi mumkin edi, ammo jamoa hujumchisi Enner Valensiyaning jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Keyin esa ekvadorliklarning ikki zarbasidan keyin to‘p darvoza ustuniga va to‘singa bordi: avvaliga Jon Yyeboa o‘z imkoniyatidan foydalana olmadi, biroz o‘tib Alan Minda qulay pozitsiyada turib tepgan to‘p to‘sinni titratdi. Kot-d’Ivuar o‘z qarshi hujumlari bilan javob qaytardi, ammo bu hujumlar golli vaziyatlarga aylanmadi.
Tanaffusdan keyin esa tashabbus afrikaliklar qo‘liga o‘tdi. Va endi darvoza ustunini poylash navbati ularga keldi – ivuarliklar forvardi Ele Vaiga aniqlik yetishmadi. Kot-d’Ivuar bosimni kuchaytirishda davom etdi va ketma-ket hujumlar oxiri gol bilan yakunlandi – o‘yindagi yagona gol 90-daqiqada qanotdan amalga oshirilgan tezkor hujum orqali urildi: Vilfrid Singo to‘pni jarima maydoni yaqiniga yetkazib berdi, to‘pga yetib kelgan Amad Diallo burchak tomon aniq zarba yo‘lladi – 1:0.
Shvetsiya – Tunis 5:1
Gollar: Ayyari, 7 (1:0). Isak, 30 (2:0). Rekik, 43 (2:1). Yokeresh, 59 (3:1). Svanberg, 84 (4:1). Ayyari, 90+6 (5:1)
Shvetsiya: Nordfeldt, Hin, Lindelyof, Lagerbilke, Chelstrem (Svanberg, 84), Nyugren (Bergvall, 64), Ayyari, Gudmundsson (Stroud, 64), Bernhardsson (Svensson, 90), Isak (Elanga, 90), Yokeresh
Tunis: Shamah, Talbi, Rekik, Ben Amida, Abdi, Valeri (Mahmud, 72), Shiri (Ashuri, 72), Mejbri, Hedira (Garbi, 84), Saad (Tunekti, 72), Slimane (Shauat, 84)
Ogohlantirish: Xedira, 54
Shvedlar jahon chempionatiga saralash bosqichini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazib, o‘z guruhida so‘nggi o‘rinda qolgandi va faqat qo‘shimcha imkoniyat orqali turnirga yo‘llanma olgandi. Jamoa Millatlar ligasidagi reytingi evaziga o‘tish bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritib, pley-off yarimfinalida Ukrainani (3:1), finalda Polshani (3:2) mag‘lub etdi. Grem Potter shogirdlari buning uchun qattiq tanqidga uchragandi va shu tufayli turnir final bosqichini kuchli boshlash talab etilardi.
Va skandinavlarda barchasi o‘xshadi. O‘yinda hisob 7-daqiqadayoq ochildi – Yosin Ayyari qaytgan to‘pni darvoza to‘riga kiritib yubordi. U o‘z otasi tug‘ilgan mamlakat darvozasiga urgan golini nishonlamaslikni ma’qul ko‘rdi. 30-daqiqada esa shvedlar hisobdagi ustunlikni oshirishdi – «Arsenal» forvardi Viktor Yokeresh «Liverpul» forvardi Aleksandr Isakni golli uzatma bilan ta’minladi. Ammo bo‘lim oxirida Shimoliy Afrika vakillari Umar Rekikning goli evaziga hisobni qisqartirishdi. Ammo bu gol tunisliklar uchun o‘yinda yagona gol bo‘lib qoldi.
Tanaffusdan keyin ular yana uch gol o‘tkazib yuborishdi: avvaliga Isak qulay vaziyatda turgan sherigini to‘p bilan ta’minlab, Yokereshga qarzini qaytardi, keyinn yarimhimoyachi Mattias Svanberg hisobni yiriklashtirdi, Ayyari esa o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda dublni rasmiylashtirdi – 5:1. Bu g‘alaba skandinavlarni F guruhida birinchi o‘ringa olib chiqdi.
Umar Artanning ko‘nglini olishmoqda
Navbatdagi kun va Umar Artanga kompensatsiya haqida navbatdagi xabar. Afrikaning 2025 yildagi eng yaxshi referisi, FIFA tomonidan 2026 yilgi jahon chempionati uchun chaqirilgan ushbu somalilik hakam hech qanday izohsiz Qo‘shma Shtatlarga kiritilmagandi. Uning vizasi borligi va barcha hujjatlari joyida ekani ham naf bermagandi – keyinroq amerikalik rasmiylar uni terrorchilar bilan aloqalarda gumon qilishgani ma’lum bo‘ldi.
Shundan keyin Umarni vatanida qahramonlardek qarshilashdi: uni katta stadionga chaqirib olqishlashdi va qo‘llarida ko‘tarishdi. Keyinroq UYeFA somalilik hakam uchun istisno qilib, «PSJ» va «Aston Villa» o‘rtasida 12 avgust kuni o‘tkaziladigan Superkubok bahsini boshqarish uchun uni tayinlashdi.
Endi esa BBC Artanga JChdagi ishi uchun belgilangan ish haqi to‘liq to‘lab berilishini xabar qildi. Bu mablag‘ miqdori aniq emas, ammo hisob-kitoblarga ko‘ra, asosiy gonorar 100 ming dollargacha yetadi. Aftidan, Umar turnirni o‘tkazib yuborayotganidan unchalik qattiq xafa bo‘lmaydi.
Inglizlarni omadsizlik ta’qib etmoqda
Angliya milliy jamoasining okeanortidagi sarguzashtlari davom etmoqda. Turnir boshlanishidan oldin «Uch sherlar» jamoasining Kanzas-Sitidagi bazasi yaqinida otishma ro‘y berib, to‘qqiz kishi jabrlandi, shundan keyin Floridada futbolchilar 6,1 magnitudali zilzilani boshdan kechirishdi (bu hududda 150 yildan buyon bu qadar kuchli silkinish bo‘lmagandi), keyin esa Kosta-Rikaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi noqulay ob-havo sharoiti tufayli keyinga qoldirildi. Keyin Tomas Tuxel jamoasi bazasiga o‘g‘ri tushib, mashg‘ulotlarda ishlatiladigan buyumlarni, bir necha futbolkani va boshqa suvenirlarni o‘g‘irlab ketishdi.
Endi esa navbatdagi balo: tabiiy ofat. The Athletic xabariga ko‘ra, 14 iyun kuni inglizlar jamoasi futbolchilariga tornado yaqinlashayotgani va oynasi yo‘q binoda qolish tavsiya etilishi haqida sms yuborilgan. Yakunda Kanzas-Sitida vayrongarchiliklar qayd etilgan, ammo jamoa yashayotgan baza shikastlanmagan.
Murabbiylar o‘yindagi pauzalarni tanqid qilmoqda
2026 yilgi jahon chempionatida kiritilgan yangiliklardan biri – o‘yin davomida futbolchilar suv ichib olishi uchun ikki marta tanaffus berilishi bilan bog‘liq. Amerikadagi sport turlarida azaldan mavjud bo‘lgan ushbu qoida yevropalik murabbiylarga ma’qul kelmayapti. Xususan, Shvetsiya ustozi Grem Potter bunday tanaffuslar o‘yinga xalal berishini qayd etdi.
«Hozirdan aytish mumkinki, ular dinamikani o‘zgartiradi, chunki ikki bo‘lim o‘rniga o‘yin choraklarga bo‘linadi. Agar jamoa ustunlikka ega bo‘lib turgan bo‘lsa, tanaffusdan keyin uni boy berishi mumkin. Men shikoyat qilmayman. Biz bunga moslashishimiz kerak», – degan Potter.
AQSh milliy jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettinoga ham bu yangilik yoqmagan. «Bu menga yoqmayapti. Men bunday tanaffuslarni faqat chinakamiga ekstremal sharoitlarda o‘ynalganida qo‘llab-quvvatlayman. Ammo ob-havo yaxshi bo‘lsa, ularga hojat yo‘q», – deb hisoblaydi «Tottenhem»ning sobiq ustozi.
Shu bilan birga, ayrim manbalarga ko‘ra, futbolchilar suv ichib olishi uchun qilinayotgan tanaffuslardan maqsad – reklama. Jurnalist Romen Molinaning yozishicha, Meksika va JAR o‘rtasidagi o‘yinda (2:0) arbitr TVdagi reklama tugamagunicha o‘yinni boshlamay turgan.
Portugallar Jotani xotirlaydi
Portugaliya milliy jamoasi ta’sirli aksiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda – futbolchilar butun turnir davomida o‘yinlarga jamoaning o‘tgan yil yozida vafot etgan hujumchisi Diogu Jotani eslatib turuvchi bilaguzuklar bilan chiqishadi. Bu haqda matbuot anjumanida Vitinya aytib berdi.
«Ularni bizga bosh vazir Luis Montenegro sovg‘a qildi. Ularda bizning ismlarimiz, shuningdek, Diogu ismi ham bor. Bosh vazir bizga bilaguzuk taqishga ruxsat berilgani, lekin buni qilish shart emasligini ta’kidladi. Biz sovg‘ani katta ishtiyoq bilan qabul qildik va butun turnir davomida ushbu bilaguzuklarda chiqish qilmoqchimiz», – degan Vitinya.
Eslatib o‘tamiz, Jota va uning ukasi Andre Teysheyra da Silva 2025 yil 3 iyulda Ispaniya shimoli-g‘arbida avtohalokat oqibatida halok bo‘lishgandi. U oldingi jahon chempionatida yakuniy tarkibga kira olmagandi.
15-16 iyun kungi o‘yinlar taqvimi
21:00. Ispaniya – Kabo-Verde
00:00. Belgiya – Misr
03:00. Saudiya Arabistoni – Urugvay
06:00. Eron – Yangi Zelandiya
Sport
Dik Advokat jahon chempionatlari tarixidagi eng yoshi ulug‘ murabbiyga aylandi
Kyurasao milliy jamoasining niderlandiyalik ustozi 78 yoshli Dik Advokat futbol bo‘yicha jahon chempionatlari final bosqichi tarixidagi eng keksa murabbiy bo‘ldi.
AQShning Xyuston shahrida JCh–2026 guruh bosqichi doirasida Germaniya va Kyurasao jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv vaqtida Advokatning yoshi 78 yosh 260 kunga teng bo‘ldi.
Advokat Chexiya terma jamoasi bosh murabbiyi Miroslav Koubekning 74 yosh 283 kunlik natijasini ortda qoldirdi. Bu ko‘rsatkich JCh–2026da Chexiya va Janubiy Koreya jamoalari o‘rtasidagi bahsda qayd etilgandi.
Niderlandiyalik mutaxassis 2006–2009 yillarda «Zenit» klubini boshqarib, Rossiya chempionati va Superkubogini, shuningdek, UYeFA Kubogi hamda UYeFA Superkubogini qo‘lga kiritgan. 2010–2012 yillarda Rossiya milliy jamoasi bosh murabbiyi bo‘lib ishlagan.
Faoliyati davomida Advokat «Xarlem», PSV, «Reyndjyers», «Borussiya» (Myonxengladbax), AZ, «Sanderlend», «Fenerbaxche», «Sparta», «Utrext», «Den Xag» klublarini, shuningdek Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA, Belgiya, Serbiya va Iroq milliy jamoalarini ham boshqargan.
Dik Advokat Kyurasao jamoasiga 2024 yil yanvardan buyon murabbiylik qilib kelmoqda va jamoani tarixda ilk bor jahon chempionatiga olib chiqdi.
Jamoa JCh-2026 doirasida Germaniyaga qarshi bo‘lib o‘tgan 1-tur bahsida 7:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Kyurasao FIFA reytingida 82-o‘rinda joylashgan.
Sport
Kolumbiya o‘yinini angliyalik hakam boshqaradi
O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi debyut uchrashuvi 18 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da boshlanadi.
Futbol bo‘yicha jahon chempionati «K» guruhi 1-turi doirasidagi O‘zbekiston va Kolumbiya milliy terma o‘rtasidagi uchrashuvni boshqarib boradigan hakamlar brigadasi nomi ma’lum bo‘ldi.
O‘yinni angliyalik taniqli hakam Entoni Teylor boshchiligidagi hakamlar jamoasi boshqaradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Gari Besvik va Adam Nann yordam berishadi.
Uchrashuvda to‘rtinchi hakam vazifasini kosta-rikalik Xuan Kalderon bajaradi. Zaxira yordamchi hakami sifatida esa uning hamyurti Xuan Karlos Mora qayd etilgan.
O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi debyut uchrashuvi hisoblangan O‘zbekiston — Kolumbiya bahsi 18 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da boshlanadi.
Sport
Turkiya jahon chempionatini mag‘lubiyat bilan boshladi
Vinchenso Montella shogirdlari 30 marta zarba yo‘lladi, ammo birorta gol ura olmadi.
Foto: Stu Forster/Getty Images
Avstraliya – Turkiya 2:0
Gollar: Irankunda, 27 (1:0). Metkalf, 75 (2:0)
Avstraliya: Bich, Chirkati, Suttar, Berjyess, Bos (Behich, 84), Italyano (Geriya, 74), O`Nill, Okon-Engstler (Irvayn, 84), Irankunda (Velupillay, 61), Metkalf, Ture (Yengi, 74)
Turkiya: Ugurjan Chaqir, Merih Demiral, Abdulkarim Bardakchi, Ferdi Kadio‘g‘li, Zeki Chelik (Mert Muldur, 81), Hoqon Chalxono‘g‘li, Ismoil Yuksek (O‘zjan, 81), O‘rxun Ko‘kchi (Yunus Oqgun, 62), Barish Yilmaz (Kenan Yildiz, 46), Arda Guler, Karim Oqturko‘g‘li (Gul, 85)
Ogohlantirish: Yunus Oqgun, 86
D guruhida AQShdan keyin ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqishi taxmin qilingan Turkiya kutilmaganda Avstraliyaga yutqazib qo‘ydi.
Avstraliya oldindan kutilganidek pragmatik o‘yin namoyish etdi va standart vaziyatlarga tayanib o‘ynadi. Turklar esa to‘pga egalik qilishdi – jamoa safidagi Yildiz, Guler va Chalxono‘g‘li jamoadoshlari uchun ketma-ket vaziyatlar yaratib berishdi.
O‘yinning 27-daqiqasida Guler raqib himoyachilaridan qochib ketib, kuchli zarba yo‘lladi. Ammo darvozabon ishonchli harakat qildi. Aynan u osiyoliklarning tezkor hujumini boshlab berdi va bu hujum Irankunda hisobni ochishi bilan yakunlandi.
Turklar tezda hisobni tenglashtirishi mumkin edi: Bardakchi taxminan 25 metr masofadan kuchli zarba yo‘lladi, ammo darvozabon yana qutqardi. Bo‘lim davomida turklarga omad yetishmadi.
Ikkinchi bo‘limda vaziyat o‘zgarmadi. Avstraliyaliklar hisobdan kelib chiqib harakat qilishdi va chuqur himoyalanishdi. 57-daqiqada Guler yana bir bor jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi, darvozabon yana o‘z o‘rnida.
Turklar raqibni maydonning ikkinchi qismiga o‘tkazishmadi va hujum ortidan hujum uyushtirishdi, ammo bundan naf chiqmadi. Avstraliyaliklar mudofaa chizig‘i ishonchli harakat qildi, to‘p ulardan o‘tganida esa darvozabon xavfni bartaraf etdi. Vinchenso Montella futbolchilarni almashtirish orqali vaziyatni o‘zgartirishga urindi, ammo bu ham foyda bermadi.
Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib turklar raqib darvozasiga bergan zarbalar soni 20 dan oshgandi, ammo gol yo‘q edi. Raqibning ikkinchi xavfli hujumida esa ikkinchi gol o‘tkazib yuborildi. Turklarga bu epizodda ham omad kulib boqmadi va rikoshet orqali to‘p bo‘sh turgan Metkalfga kelib tushdi, u to‘pni jarima maydoni ichiga olib kirdi va yaqin burchakka aniq zarba berdi. Bu butun o‘yin davomida ustunlik qilgan turklar uchun og‘ir zarba bo‘ldi va o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi.
Turkiya barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yaqqol ustunlikka erishdi – zarbalar soni bo‘yicha 30:9 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar 8:4), xG bo‘yicha 1,50 ga qarshi 0,81, to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi turklar foydasiga 71/29. Ammo vaziyatlardan foydalana olmaslik jamoaga pand berdi.
Shu tariqa, 1-tur o‘yinlaridan keyin Avstraliya AQSh bilan birga D guruhida yetakchilik qilmoqda. Keyingi turni Turkiya 20 iyun kuni Paragvayga qarshi o‘tkazadi, Avstraliya o‘sha kuni turnir mezbonlariga qarshi maydonga tushadi.
Sport
JChda sensatsiyalar kuni. Qatar so‘nggi daqiqalarda gol urdi, Braziliya ochko yo‘qotdi
Butun o‘yin davomida nursiz o‘yin ko‘rsatgan qatarliklar so‘nggi daqiqalarda ochko qo‘lga kiritdi; Marokash bu safar ham hayron qoldirmoqda: Braziliya qiyinchilik bilan durangga erishdi.
B guruhi
Qatar – Shveytsariya 1:1
Gollar: Embolo, 17 – penalti (0:1). Huhi, 90+4 (1:1)
Qatar: Abunada, Pedru Migel, Huhi, Ahmad, Al-Oui (Budiaf, 60), Madibo (Al-Mannai, 78), Layye, Abdulsallom (Fati, 60), Afif, Edmilson Junior (Al-Haydos, 88), Abdurisak (Al-Ayeldin, 60)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Muhaym, 89), Zakariyo, Jaka, Froyler (Yashari, 89), Ebisher (Manzambi, 65), Vargas (Amduni, 79), Ndoy (Rider, 65), Embolo
Ogohlantirishlar: Abunada, 16. Abdulsallom, 23 – Zakariyo, 42
2026 yilgi jahon chempionatida birinchi sensatsiya. Qatar milliy jamoasi guruh favoriti sifatida ko‘rilgan Shveytsariya bilan o‘yinda so‘nggi daqiqalarda gol urib, ochko tortib oldi. Endi bu guruhda 1-turdan keyin barcha jamoalar bittadan ochkoga ega.
Ko‘pchilik Shveytsariya Qatar ustidan oson g‘alabaga erishishini kutgandi. Ammo o‘yindagi ilk xavfli vaziyat Osiyo vakillarida yuzaga keldi – ikkinchi daqiqadayoq qatarliklarning qarshi hujumga chiqib ketishdi va Akanjining xatosidan keyin Edmilson darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo Kobel raqib hujumchisiga to‘pni oyoqlari orasidan o‘tkazishga yo‘l qo‘ymadi.
Shundan keyin o‘yin prognoz qilinganidek kecha boshladi. Shveytsariya to‘pni va hududlarni nazorat qildi, Xulen Lopetegi boshchiligidagi qatarliklar esa chuqur himoyaga yotishdi.
O‘yinning 16-daqiqasida Ebisher o‘ng qanotdan uzatma berdi, Embolo to‘pni bo‘sh turgan Froylerga yetkazdi, uni esa darvozabon yiqitdi. Hondurasdan kelgan bosh hakam Martines 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Bu epizodda qatarliklar darvozaboni Abunada raqib bilan to‘qnashib ketdi va boshidan kichik jarohat oldi, keyin esa Embolo 11 metrdan yo‘llagan zarbani qaytara olmadi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin qatarliklar katta kuch bilan oldinga o‘tishdi va pressing qilishga kirishishdi. Ammo bu uzoq davom etmadi. Shveytsariya ustunlik qilishda davom etdi (birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 75 foiz, 14 zarba va xG bo‘yicha 2,27). Shunga qaramay, qatarliklar ham vaqti-vaqti bilan o‘z imkoniyatlariga ega bo‘lishdi, tanaffus arafasida Edmilson yana bir vaziyatni ko‘kka sovurdi. Yakin shogirdlari yana himoyada xatoga yo‘l qo‘yishdi va Juniorda yetti-sakkiz metrdan zarba berish imkoniyati yuzaga keldi. Kobel bu safar ham jamoasini qutqarib qoldi.
Tanaffusdan keyin ham Shveytsariya tashabbusga egalik qildi. Ikkinchi bo‘lim boshida Qatar o‘z jarima maydoni ichida qamal qilindi. Bu daqiqalarda shveysariyaliklar yuqori chiziqda juda yaxshi pressing qilishdi va to‘pni tezda qaytarib olib, ketma-ket hujumlar uyushtirishdi, ammo barcha hujumlar qaytarildi.
Ikkinchi gol qatarliklarni butkul taslim qilgan bo‘lardi, ammo goh darvozabon qahramonlik ko‘rsatdi, goh shveysariyaliklarning o‘zi zarba yo‘llashda xatoga yo‘l qo‘ydi. Birgina Ndoyning o‘zida 65-daqiqada zaxiraga olinguniga qadar jami qatarliklardan ko‘ra ko‘proq imkoniyat bo‘ldi.
Qatarliklar esa ikkinchi bo‘lim davomida nima qilishini bilmadi va ikkinchi bo‘limdagi ilk zarbasini faqat 90-daqiqaga kelib yo‘lladi. Va kutilmaganda o‘yin oxirida jamoa jonlandi. Yevropaliklar maydon markazida to‘pni yo‘qotishdi va qarshi hujum qanotdan to‘p raqib jarima maydoniga yetkazilishi va hujumga yetib kelgan himoyachi Huhi to‘p uchun kurashda ustunlikka erishib, darvozani ishg‘ol etishi bilan yakunlandi. Qatarliklar barcha statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha shveysarlardan ortda qolganiga qaramay, muhim ochkoni qo‘lga kiritdi: zarbalar soni – 7:26 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar – 4:7) va xG – 0,76 ga qarshi 3,25.
2-turda Shveytsariya Bosniya va Hersegovina bilan (18 iyun), Qatar – Kanadaga qarshi (19 iyunga o‘tar kechasi) o‘ynaydi.
C guruhi
Braziliya – Marokash 1:1
Gollar: Saybari, 21 (0:1). Vinisius Junior, 32 (1:1)
Braziliya: Alisson, Gabriel Magalyayns, Markinos, Duglas Santos, Rodjyer Ibanes (Danilu Luis, 46), Kazemiro (Fabinio, 46), Gimarayns (Danilu Santos, 80), Rafinya, Vinisius Junior, Lukas Paketa (Kunya, 61), Tiago (Luis Enrike, 61)
Marokash: Bunu, Diop, Riad, Mazraviy (Salohiddin, 80), Hakimi, Buaddi, Al-Aynaviy, Unai (Al Murabet, 64), Al-Hannus (Amaymuni-Eshguyab, 80), Dias (Talbi, 64), Saybari (Rahimi, 89)
Ogohlantirishlar: Kazemiro, 37. Rodjyer Ibanes, 43
Braziliya ham shu kuni 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. O‘tgan mundialda yarimfinalga yetib borib, sensatsiya ko‘targan Marokashga qarshi bahs o‘sha natija tasodif bo‘lmaganini ko‘rsatdi. Jahonning besh karra chempionlari Afrika jamoasiga qarshi o‘yinda qiyinchilik bilan durang natijaga erishdi.
Karlo Anchelotti shu kuni hujum chizig‘iga Paketa – Rafinya – Vinisius Junior – Igor Tiyagodan iborat to‘rtlikni tushirdi.
O‘yindagi ilk vaziyat marokashliklarda yuzaga keldi, ammo Al-Aynaviyning zarbasini jarima maydoni chizig‘ida Bruno Gimaraes blokladi. Janubiy amerikaliklar esa 25-daqiqaga qadar raqib darvozasiga yaqinlasha olmadi. Vinisius Junior Hakimini ortda qoldirib, to‘pni jarima maydoni markaziga uzatdi, ammo Igor Tiago bosh bilan aniq zarba yo‘llay olmadi.
Keyin esa brazillar marokashliklarning kuchli pressingi natijasida maydon markazida to‘p yo‘qotishdi va hisob ochildi. Braim Dias ajoyib pas orqali Markinios va Gabriel orasidan to‘pni o‘tkazib, Saybarini darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi, PSV hujumchisi esa to‘pni Alisson ustidan oshirib tashladi.
Brazillar tezda o‘ziga kelishdi va hisobni tenglashtirishdi. Vinisius Junior katta sahnaga chiqib, chap qanotda o‘z fintlari bilan marokashlik himoyachilarni dog‘da qoldirdi va qaytarib bo‘lmas zarba berdi – 1:1.
Ammo Karlo Anchelotti shogirdlarining bundan ortig‘iga kuchi yetmadi. O‘yinning qolgan qismida marokashliklar pragmatik o‘yin namoyish etib, darvozabon Buno vaqt cho‘zishdan tortinmadi. Sloveniyalik bosh hakam Vinchich o‘yinga 10 daqiqa qo‘shib berdi. Bu daqiqalarda har ikki jamoa darvozaboni bittadan xavfli zarbani qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Yakunda hisob o‘zgarmay qoldi va brazillar turnirni ochko yo‘qotish bilan boshlaydigan bo‘ldi.
Haiti – Shotlandiya 0:1
Gol: Makginn, 28 (0:1)
Haiti: Plasid, Ade, Delkrua, Eksperens, Arkus, Bellegard, Denli, Providens (Fortyune, 85), Didson (Kazimir, 61), Izidor (Jozef, 76), Perro
Shotlandiya: Gann, Henli, Hendri, Roberson, Hiki (Patterson, 75), Maktominay, Fergyuson, Makginn (Maklin, 83), Douk (Kristi, 75), Adams (Dayks, 75), Shenklend (Kertis, 83)
Ogohlantirishlar: Bellegard, 39 – Hiki, 46. Kertis, 90. Maklin, 90
Guruhdagi ikkinchi o‘yinda esa Shotlandiya kutilganidek g‘alaba qozondi. 1998 yildan buyon ilk bor mundialga kelgan shotlandlar 52 yildan buyon ilk bor jahon birinchiligiga kelgan Haitidan bir bosh ustunlik qildi.
«Aston Villa» yarimhimoyachisi Jon Makginning 28-daqiqada urgan goli o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi. Qolgan vaqt mobaynida KONKAKAF vakillarida hisobni tenglashtirish uchun hech qanday imkoniyat bo‘lmadi. G‘alabali hisobni saqlab qolgan Yevropa vakillari 1-turdan keyin guruhda peshqadam bo‘lib oldi.
-
Iqtisodiyot3 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan4 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Iqtisodiyot3 days agoMevalar nega qimmat?
-
Jamiyat3 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Fond birjasi va birjadan tashqari savdo tashkilotchilari uchun litsenziyalash tartibi belgilandi
-
Jamiyat3 days agoAQShdan deportatsiya qilingan 24 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga qaytarildi
-
Jamiyat5 days agoYo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
-
Iqtisodiyot3 days ago11:55 Namanganda “chempion” tadbirkorlar va yirik investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi
