Connect with us

Iqtisodiyot

O‘zbekistonning likvid zaxiralari joriy yilda eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, keyin kamayib boradi

Published

on


S&P xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston suveren kredit reytingini “BB-“ darajasida tasdiqladi va oltin narxlarining tarixiy rekordlari ortidan, ilk bor kutilmani “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi. Agentlikka ko‘ra, hukumatning likvid aktivlari hajmi 2017-2024 yillar oralig‘ida YaIMning 33 foizidan 9,3 foizigacha qisqarib ketgan. Korrupsiya darajasi yuqoriligicha qolmoqda.

S&P xalqaro kredit reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-“ darajasida tasdiqladi va ilk bor kutilmani “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi.

Agentlik 23 may kuni e’lon qilgan hisobotida quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan:


Energetika xavfsizligi, subsidiyalar fonidagi yuqori fiskal xarajatlar va gaz importining oshishiga javoban hukumat 2023 yilning oktyabridan elektr va gaz tariflarini oshirishni boshladi. 2027 yilgacha energiya narxlari to‘liq xarajatlarni qoplash darajasiga yetkazilishi rejalashtirilgan. Subsidiyalarning qisqarishi, qulay oltin narxlari va nominal YaIMning o‘sishi budjet taqchilligini 2025–2028 yillarda o‘rtacha 3 foizgacha kamaytirishga yordam beradi (2023 yilda 4,9 foiz, 2024 yilda 3,3 foiz bo‘lgan).
Hukumat rivojlanish rejalarini moliyalashtirish uchun katta hajmdagi qarz jalb qilyapti. Bu esa umumiy davlat va tashqi qarz darajasining oshishiga olib keldi, biroq o‘sish sur’ati sekinlashishi kutilyapti. Joriy hisob taqchilligi 2024 yilda YaIMning 5 foizini tashkil etdi, 2025–2028 yillarda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 5,7 foizgacha kengayadi, bu oltin narxlarining pasayishi va davlat investitsiya loyihalariga xizmat qiluvchi importning oshishi bilan bog‘liq.
2025–2028 yillarda iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 5,6 foiz bo‘lishi prognoz qilinyapti.
Qarorlar qabul qilish markazlashganicha qoladi. Korrupsiyani qabul qilish yaxshilanayotganiga qaramay, hali ham yuqoriligicha qolyapti.

“Elektr va gaz tariflarining bosqichma-bosqich oshirilishi orqali energiya ta’minoti diversifikatsiya qilinyapti. ACWA Power (Saudiya Arabistoni) 2030 yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishga 7,5 mlrd dollar (YaIMning 7 foizi) sarmoya kiritadi. Hozirda O‘zbekistonda iste’mol qilinayotgan energiyaning 20 foizi yashil manbalardan olinadi, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkich 40 foizga yetkazilishi kutilyapti. Shuningdek, eksport salohiyatini oshirish uchun mis, oltin, kumush va uran ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan”, deyiladi hisobotda.

S&P kutilmalariga ko‘ra, 2025 yilda jon boshiga YaIM 3300 dollarni tashkil etadi. Bu yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga qaramay, jahon standartlariga ko‘ra hali ham past ko‘rsatkich hisoblanadi. Mazkur holat O‘zbekistonning suveren reytinglarini cheklab turadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisining to‘rtdan bir qismi qishloq xo‘jaligida band bo‘lib, ushbu sektor iqtisodiyotning taxminan 18 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, mamlakat ijobiy demografik ko‘rsatkichga ega – aholining deyarli 90 foizi mehnatga layoqatli yoshda yoki undan kichik. Ammo ish o‘rinlari yaratilishi talabga mos ravishda o‘smasligi kutilyapti. O‘zbekistonlik doimiy va mavsumiy muhojirlarning aksariyati Rossiyada ishlaydi. Shu bois, Rossiya iqtisodiyotining zaiflashuvi ushbu muammoni yanada kuchaytirishi mumkin.

2025 yilda oltin narxlari rekord darajada qimmatlashdi, bu esa tegishli soliq tushumlari orqali davlat daromadlarini oshiradi. O‘zbekiston budjet daromadlarining taxminan uchdan bir qismi oltin va mis kabi xomashyo bilan bog‘liq tushumlar hisobiga shakllanadi. Hukumat energiya va gaz tariflarini oshirish 2025 yilda YaIMning 0,5 foizini tejash imkonini beradi, deb hisoblayapti. Boshqa fiskal islohotlarga ijtimoiy xarajatlar va ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi kiritilgan.

S&P kutilmalariga ko‘ra, davlat qarzi va davlat tomonidan kafolatlangan qarz 2024 yildagi YaIMning 33 foizidan 2027 yilda YaIMning taxminan 40 foizigacha oshishi mumkin.

“YaIMning 4,6 foizini tashkil etadigan kafolatlanmagan davlat korxonalari qarzlari hukumat balansidagi majburiyatga aylanishi xatari mavjud. So‘nggi yillarda davlat korxonalari tomonidan xorijiy valutada katta miqdorda qarz olindi. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik loyihalari tez sur’atda oshib bormoqda va hozirda shartnomalarning umumiy qiymati YaIMning 27 foizini tashkil etadi. Bizning fikrimizcha, ayrim loyihalar kutilganidan ko‘ra muvaffaqiyatsizroq amalga oshsa yoki boshqaruv yo nazoratda muammolar paydo bo‘lsa, ushbu qarzlarni so‘ndirishda qiyinchiliklarga duch kelinishi mumkin”, deyiladi hisobotda.

Hukumatning 2017 yilda YaIMning 33 foizini tashkil etuvchi likvid aktivlari 2024 yilda YaIMning 9,3 foizigacha qisqargan. Mazkur aktivlar asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ) aktivlarini o‘z ichiga oladi. 2006 yilda tashkil etilgan bu jamg‘arma 2019 yilgacha hukumatning kapital qo‘yilmalari hamda oltin, mis va gaz sotishdan tushgan daromadlarning prognozdan yuqori qismi hisobidan moliyalashtirilgan. S&P hukumatning likvid aktivlari hisobiga faqat TTJning tashqi aktivlarini qo‘shgan. Bu – davlat sektori korxonalari va banklar kapital qo‘yilmalardan iborat aktivlarning ichki qismi yetarli darajada nolikvidligi va zaruriyat tug‘ilganda qarzga xizmat ko‘rsatish uchun foydalanilishi ehtimoldan yiroqligi bilan izohlangan.

“Bizning taxminimizcha, O‘zbekiston Markaziy bankining foydalanishi mumkin bo‘lgan zaxiralari joriy yildagi eng yuqori cho‘qqisidan 2028 yilgacha pasayib boradi, bu qisman oltin narxlarining kutilayotgan tushishi bilan bog‘liq. Markaziy bankning monetar oltin zaxiralari umumiy valuta zaxiralarining taxminan 77 foizini tashkil qiladi, bu oltin narxlari pasayishi holatida konsentratsiya xavfini keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, foydalanish mumkin bo‘lgan zaxiralar 2025-2028 yillarda joriy hisob to‘lovlarini taxminan yetti oy davomida qoplash imkonini beradi. Biz Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ) tashqi aktivlarini Markaziy bank zaxiralaridan chiqarib tashlaymiz, chunki bu aktivlar birinchi navbatda fiskal maqsadlarda saqlanadi, monetar yoki to‘lov balansi ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash uchun emas. Bunga so‘nggi to‘rt yilda mazkur aktivlarning davlat budjeti uchun ishlatilgani dalil bo‘ladi”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro ekspertlar energiya tariflari oshganini hisobga olgan holda, inflatsiya 2025 yildagi o‘rtacha 10,1 foiz bo‘lishini prognoz qilgan. 2028 yilga borib inflatsiya darajasi 8,6 foizga tushishi mumkin.

Bank tizimida ham umumiy aktivlarning 67 foizi davlat banklariga tegishli bo‘lib, hukumatning imtiyozli kreditlash dasturlari bilan birgalikda samaradorlikka ta’sir qiladi. 2023 yilda Ipotekabank xususiylashtirilgach, rasmiylar Asakabank va Sanoatqurilishbankni xususiylashtirishni rejalashtiryapti. S&P buni vaqt talab qiladigan jarayon deb hisoblaydi. Chunki davlat banklari investorlar uchun jozibador bo‘lishi uchun rentabellik va samaradorligini oshirishi kerak.

Dollarlashuv pasaygan bo‘lsa-da, 2024 yilning oxiriga kelib umumiy kreditlarning 41 foizi, depozitlarning 26 foizi hamon dollar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

S&P tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 128 mlrd dollar, 2026 yilda 142 mlrd dollar, 2027 yilda 156 mlrd dollar, 2028 yilda esa 173 mlrd dollarni tashkil etishi mumkin.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.

Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.

Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.

Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.

Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.

Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi

Published

on


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.

«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi

Published

on


Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.

«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti

Published

on


Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).

Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi

Published

on


Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).

Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.