Iqtisodiyot
«Avtooyna» MChJ va «Yoshlik» sport majmuasi sotildi. Xaridorlar kim?
Avtomobillar uchun oyna ishlab chiqaruvchi «Avtooyna» korxonasidagi 100 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi. Bitim qiymati – 200,5 mlrd so‘m. Shuningdek, 2024 yilgacha «Milliy bank» tasarrufida bo‘lgan «Yoshlik» sport majmuasidagi davlat ulushi boshqa bir xususiy bank «Kapitalbank» ixtiyoriga o‘tdi. Bitim qiymati – 298 mlrd so‘m. Har ikkala xaridorga aktivlarning amaldagi faoliyat yo‘nalishini kamida 10 yil davomida saqlash majburiyati yuklatildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi avtomobillar uchun oyna ishlab chiqaruvchi «Avtooyna» MChJdagi 100 foiz davlat ulushi sotilganini e’lon qildi.
Davaktivga ko‘ra, «Avtooyna» MChJdagi davlat ulushini sotib olishga 8 ta kompaniya qiziqish bildirgan, lekin ulardan faqat 4 tasi majburiyatga ega takliflar yo‘llagan. Xususiylashtirish jarayoniga konsultant sifatida «Portfolio Investmens» jalb etilgan.
Yakunda 200,5 mlrd so‘m miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan «Uet Invest» MChJ savdo g‘olibi deb topilgan.
«Aktivning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida saqlab qolish, mahsulotlarning lisenziati bo‘lgan “General Motors” kompaniyasi (AQSh) tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya kelishuvlariga va General Motors texnologiyalari bilan bog‘liq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi «Bosh Alyans» kelishuvida o‘rnatilgan talablar hamda boshqa tegishli kelishuv va cheklovlarga qat’iy rioya qilish kabi shartlar xaridor tomonidan qabul qilingan», deyiladi Davaktiv xabarida.
Shu bilan birga, «Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasida belgilangan imkoniyatdan foydalangan holda xaridor tomonidan sotib olish to‘lovining dastlabki 35 foizi 1 oy davomida amalga oshirilishi kerak.
«Uet Invest» MChJ haqida
Xaridor – «Uet Invest» MChJ 2024 yilning yanvar oyida Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – fondlar va trastlarni boshqarish. Ustav fondi – 52 mln so‘m. Kompaniyaning qariyb 77 foiz ulushi Xurdiyor Ortiqboyevga, qolgan 23 foizi «UET Construction»ga tegishli. Boshqaruvchi –Hayot Fayziyev.
O‘z navbatida, 2023 yil aprel oyida tashkil etilgan UET Construction ta’sischilari orasida Xafizjon Anvarovich G‘ofurov (63 foiz) va Akmalxon Haydarxonovlar (37 foiz) bor.
Davaktiv ma’lumotlariga ko‘ra, «Uet Invest» elektr energiyasi, qayta tiklanadigan energiya, sanoat obektlari, yo‘llar, nasos stansiyalari, aeroportlar, ko‘priklar, ko‘chmas mulk va fuqarolik infratuzilmasi kabi sohalarda loyihalash, xarid qilish va qurilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi «UET Construction» kompaniyasi asoschisi ishtirokida yaratilgan. 2024 yil yakunlariga ko‘ra kompaniyaning sof foydasi qariyb 300 milliard so‘mni tashkil etgan.
Avvalroq, «UET Construction» tomonidan Chirchiq metall tuzilmalar zavodi ham 39,9 mlrd so‘mga sotib olingandi.
«Yoshlik» sport majmuasining xususiylashtirilishi
Foto: Yandeks-xaritalar
Toshkentdagi «Yoshlik» sport majmuasidagi davlat ulushi ham sotildi. Majmuani boshqaruvchi «Invest Group Centre» MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini «Kapitalbank» 297,9 mlrd so‘mga xarid qildi.
Bitimga ko‘ra, «Kapitalbank» to‘lovni bir oy ichida to‘liq amalga oshirishi shart. Shuningdek, sport majmuasining amaldagi faoliyat yo‘nalishi kamida 10 yil davomida saqlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, xaridorga sport majmuasi hududida yangi binolar qurish taqiqlandi. Faqat rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari shaharsozlik kengashi ruxsati bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, «Yoshlik» sport majmuasi 2024 yilga qadar «Milliy bank» tasarrufida bo‘lgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklarga martda go‘sht va sut hamda energetika mahsulotlari qimmatlashgani eng ko‘p sezildi
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovlarda Toshkent shahrida yashovchilar oxirgi 12 oyda narx-navo 13,3 foizga oshganini aytgan bo‘lsa, qashqadaryoliklar 11,6 foizlik inflatsiyani sezganliklarini bildirgan. Namanganda sezilgan inflatsiya ko‘rsatkichi esa eng past – 10 foiz. Daromadlari 2 mlndan 4 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi qatlami eng kam – 9,9 foizlik inflatsiyani sezgan bo‘lsa, 30 mln so‘mdan ko‘proq daromad topuvchilar narx-navo 16,4 foizdan ko‘proqqa oshdi deb hisoblayapti.
2026 yil mart oyida O‘zbekiston aholisi sezgan yillik inflatsiya darajasi fevral oyiga nisbatan 0,5 foiz bandga pasayib, 11,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
So‘rovnomada 3239 nafar respondent ishtirok etgan. Ular bergan javoblarga qaraganda, sezilgan inflatsiya Toshkent shahrida eng yuqori – 13,3 foizni, Qashqadaryo viloyatida 11,6 foizni, Sirdaryo viloyatida 11,5 foizni tashkil etgan.
Namanganliklar esa narx-navo oshishini hammadan ham kamroq sezgan – 10 foiz. Xorazm viloyatida yashovchilar 10,5 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi 10,6 foizlik inflatsiyani his etgan.
Mart oyida aholi tomonidan narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgan asosiy tovar va xizmatlar quyidagilar: go‘sht va sut, benzin va yoqilg‘i, elektr va tabiiy gaz, meva va sabzavotlar,dorilar, shuningdek, yo‘lkira va tashish xizmatlari.
Daromadlari 2 mlndan 4 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi qatlami eng kam – 9,9 foizlik inflatsiyani sezgan bo‘lsa, 30 mln so‘mdan ko‘proq daromad topuvchilar oxirgi 12 oyda narx-navo 16,4 foizdan ko‘proqqa oshdi deb hisoblayapti.
Iqtisodiyot
Parvarish xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030 yilgacha soliqdan ozod etiladi
Yangi qonunga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030 yil 1 yanvarga qadar barcha turdagi soliqlardan (ijtimoiy soliqdan tashqari) ozod qilinadi.
O‘RQ–1129-sonli qonun bilan Soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga muvofiq, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar belgilangan muddatgacha soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi.
Shuningdek, farzandlari xususiy maktab yoki bog‘chaga boradigan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangan ota-onalar tomonidan har bir bola uchun oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod qilinishi belgilandi.
Bundan tashqari, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar tegishli tartibda ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklar ikki oyda ta’lim olish uchun 6,8 trln so‘m sarfladi
2026-yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari hajmi 6,8 trln so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,8 foizga oshgan.
Qayd etilishicha, ta’lim xizmatlari hajmida hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 3,6 trln so‘mni tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Samarqand (445,7 mlrd so‘m) va Farg‘ona viloyati (413 mlrd so‘m) qayd etilgan. Andijon viloyati, Namangan viloyati ham yuqori ko‘rsatkichlar qatorida.
Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, 67,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga 2 oyda 6,6 ming tonna shokolad import qilindi
2026-yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonga 34 ta davlatdan qariyb 6,6 ming tonna shokolad mahsulotlari import qilindi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, importning umumiy qiymati 27,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan.bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 ming tonnaga kamaygan.
2026-yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonga eng ko‘p shokolad yetkazib bergan davlat Rossiya bo‘lib, 4 407 tonna mahsulot import qilingan.
Shuningdek, Ukraina 607 tonna, Turkmaniston 209,1 tonna, Qozog‘iston 201,8 tonna va Turkiya 190,7 tonna hajmda shokolad yetkazib bergan.
Polsha ham 124,4 tonna bilan yetakchi eksportchilar qatoriga kirgan. Qolgan 825,9 tonna mahsulot boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Yaqin Sharqdagi mojaro O‘zbekistonga ham ta’sir ko‘rsatadi – Timur Ishmetov
Timur Ishmetov regulyatorning asosiy vazifasi o‘z siyosatini ishlab chiqish uchun xatarlarni to‘g‘ri baholash ekanini ta’kidladi.
Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro O‘zbekistonga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda Spot nashri Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetovning Uzreport TV telekanaliga bergan intervyusiga tayanib yozmoqda.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat nafaqat mintaqaviy, balki global xarakterga ega. Asosiy omil neft narxining oshishi bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida narxlarning umumiy oshishi orqali jahon inflyasiyasiga ta’sir qilishi mumkin. Vaziyat narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazayotgan transport-logistika qiyinchiliklari bilan ham murakkablashmoqda.
Ishmetovning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda har bir markaziy bankning asosiy vazifasi bir qator chuqur jihatlarga ega bo‘lgan ushbu xatarlarni to‘g‘ri baholashdir. Regulyator vaziyatning har bir mamlakat iqtisodiyotiga qay darajada va qaysi kanallar orqali uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishini aniqlab, shunga mos siyosat yuritishi lozim.
«Markaziy bankka, albatta, narxlar barqarorligi, lekin shu bilan birga, moliyaviy barqarorlik, ya’ni bank tizimining barqarorligiga ham e’tibor qaratish tavsiya etilmoqda. Nega deganda, ko‘p bizneslarda eksport-import operatsiyalari bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lsa, bu bizneslarning banklar oldidagi kreditlari bo‘lsa, bu kreditlarga xizmat ko‘rsatishga ham ta’sir qilishi mumkin», – dedi u.
Mojaroning O‘zbekiston uchun oqibatlari haqida gapirar ekan, Markaziy bank rahbari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir sezilarli bo‘lmasligini, ammo bilvosita ta’sirlar bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, salbiy oqibatlarning oldini olish uchun hukumat allaqachon bir qator choralarni ko‘rgan, xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda transport xarajatlari uchun subsidiyalar taqdim etgan.
Shu bilan birga, u bunday qo‘llab-quvvatlash maqsadli va qisqa, oldindan e’lon qilingan muddatga joriy etilishi va shaffof subsidiyalash mexanizmlari bilan birga amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
Bu Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalariga muvofiq bo‘lib, unda umumiy subsidiyalar va narxlarni tartibga solishdan qochish tavsiya etilgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash choralarini tasdiqladi. 2026 yil 1 apreldan 1 avgustgacha tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir kilogramm uchun 0,8 AQSh dollaridan oshmagan qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, yil oxirigacha xorijiy davlatlardan samolyotlarda import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10 foizi, biroq har bir bosh qoramol uchun 4 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
-
Siyosat3 days ago
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
-
Iqtisodiyot5 days ago21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
-
Dunyodan3 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Jamiyat5 days ago
Reklama qonunchiligini buzgan qurilish kompaniyalari jarimaga tortildi
-
Jamiyat2 days ago
Afg‘onistonda farzandlari halok bo‘lgan ota-onalarga imtiyoz beriladi
-
Siyosat3 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
-
Jamiyat3 days ago«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi
-
Jamiyat3 days ago16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi
