Jamiyat
Firibgarlar odamlarni aldash uchun sun’iy intellektni qanday qo‘llashadi?
Octobank eng keng tarqalgan firibgarlar tomonidan aldov usullari haqida so‘zlab beruvchi, ularning alomatlarini tanishni o‘rgatadigan hamda moliyaviy va shaxsiy ma’lumotlaringizni qanday himoya qilish bo‘yicha amaliy maslahatlar beradigan materiallar turkumini ishga tushirmoqda. Hushyor bo‘ling – aldanib qolmang.
Ko‘zga ko‘rinmas firibgarlik tahdidlari har qadamda. Octobank’ning birinchi materialida sun’iy intellektdan foydalangan holda yaratilgan sxemalar, jumladan, ovozni o‘xshatib nusxalash, yozishmalarni tahlil qilish va ishonarli dipfeyklarni yaratish ko‘rib chiqiladi. Bu sxemalar qanday ishlashini va qanday himoya usullari mavjudligini aytib o‘tamiz.
Firibgarlar bank mijozlarini aldash uchun sun’iy intellektdan foydalanishmoqda
1. Telegram-akkauntni o‘zlashtirib olish
— Firibgarlar .apk kengaytmasi va foydalanuvchiga ularni ochishga undashi mumkin bo‘lgan iboralar yozilgan fayllarni yuboradi. Ko‘pincha bu “Salom, suratdagi senmisan?” degan matnli xabar. Stiller-virus (zararli dasturiy ta’minot) firibgarlarga qurilmaga, shu jumladan SMS xabarlarga, qo‘ng‘iroqlar, kontaktlar, galereya va boshqa ta’sirchan ma’lumotlarga to‘liq kirish imkonini beradi, bu esa foydalanuvchini hamda uning bank va boshqa ilovalarini keyinchalik komprometatsiya qilish mumkin.
— Qurilma muvaffaqiyatli komprometatsiya qilingandan so‘ng buzg‘unchilar chatlar va barcha ovozli xabarlarga kirish huquqiga ega bo‘ladi, jabrlanuvchining akkauntiga kirish uchun buzg‘unchilar bulutli parolni o‘rnatadi va qurbonning barcha faol seanslarini yakunlaydi.
2. Qalbaki ovoz yaratish
— Ovozli xabarlar yozuvlarini olgandan so‘ng firibgarlar sun’iy intellektdan foydalanib, jabrlanuvchining ohanglari va nutq uslubini taqlid qiluvchi soxta ovozni yaratadi.
3. Jabrlanuvchining qarindosh va do‘stlarini aldash
— Firibgarlar jabrlanuvchining qarindoshlari yoki do‘stlariga qo‘ng‘iroq qiladi yoki Telegramʼda xabar yozadi.
— Oldindan tayyorlangan ovozli iboralardan foydalanadi, masalan: “Menga shoshilinch pul kerak, yordam qiling” yoki “Muammoga duch keldim, mana shu hisobraqamiga pul o‘tkazing”.
— Avvalgi yozishmalarni tahlil qilish orqali muloqot uslubini hisobga oladi.
4. Soxta videoqo‘ng‘iroqlar
— Yuqori darajali firibgarlar real vaqt rejimida dipfeyklardan foydalanib, jabrlanuvchining oldin chatda yozilgan yuzi va ovozli xabarlarini sinxronlashi mumkin.
— Messenjerlarda qalbaki videoqo‘ng‘iroqlar paydo bo‘lmoqda. Ularda sun’iy intellekt oldindan yozib olingan iboralarga mos ravishda lab harakatlarini va yuz ifodalarini moslashtirmoqda.
Sun’iy intellekt firibgarligidan qanday himoyalanish mumkin
— Ovozli xabarlar va qo‘ng‘iroqlarga e’tiborli bo‘ling: agar sizdan zudlik bilan pul o‘tkazish so‘ralsa, albatta, ma’lumotlarni qayta tekshiring.
— Telegramʼda ikki bosqichli autentifikatsiyani sozlang va murakkab parollardan foydalaning.
— Notanish manbalardan fayl va ilovalarni yuklab olmang, hatto ularni do‘stingiz yuborgan bo‘lsa ham.
—Bank va yaqinlaringizning rasmiy kontaktlarini saqlab qo‘ying va pul yuborishdan oldin raqamlar va ma’lumotlarni solishtiring.
— Ovoz va muloqot uslubini tekshiring: agar sizga “tanish” inson yozsa yoki qo‘ng‘iroq qilsa, lekin sizga xos bo‘lmagan iboralarni aytsa yoki o‘zini g‘alati tutsa, bu firibgar bo‘lishi mumkin..
Bu Octobankʼdan firibgarlik haqida tayyorlangan materiallar turkumidagi sxemalardan biri hisoblanadi. Keyingi nashrlarida bank firibgarlikning boshqa usullarini tahlil qiladi, firibgarlarni dastlabki bosqichdayoq qanday aniqlash mumkinligini tushuntiradi va o‘zingizni moliyaviy yo‘qotishlardan qanday himoya qilish yo‘llarini ko‘rsatib beradi.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
