Jamiyat
“8,5 ball ham yetadi deyishgandi” – 17 yoshidayoq IELTS’dan 9 ball olgan Nozima Qadamova hikoyasi
Nozima hozirda Toshkent shahridagi 357-maktabning 11-sinf o‘quvchisi. U ingliz tilini chuqurroq o‘rganishni atigi ikki yil avval boshlagan. Qisqa vaqt ichida boshlang‘ich darajadan yuqori bosqichga ko‘tarilgan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Nozima imtihonlarga qanday tayyorgarlik ko‘rgani va maksimal natijaga erishishida unga nimalar yordam bergani haqida so‘zlab berdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Nozima IELTS imtihonini to‘rt marta topshirgan. Birinchi urinishda 8, ikkinchisida 8,5 ballni qayd etgan.
“Ota-onam va ustozlarim “8,5 ball – zo‘r, shuning o‘zi yetarli”, deyishdi. To‘g‘ri, bu ham o‘quvchi uchun katta yutuq. Biroq men o‘zimdan qoniqmadim, eng yuqorisini olaman deb niyat qilgandim. Shu sababli imtihonni yana qayta topshirishga qaror qildim”, – deydi u.
Nozima qisqa vaqt ichida tayyorlanib, imtihonni qayta topshirdi. Biroq bu safar uning natijalari kutilganidek chiqmadi — 7,5 ballga tushib ketdi.
“Imtihon natijasi faqat tayyorgarlik emas, balki omadga ham bog‘liq. Savollarning oson yoki qiyin tushishi yakuniy ko‘rsatkichga ta’sir qiladi. Uchinchi marta topshirganimda atrofimdagi hamma narsa teskarisiga ishlagandek tuyuldi: test yechayotgan kompyuterim ishlamay qoldi. Boshqasiga ko‘chirishguncha vaqtdan yutqazdim. Diqqatim chalg‘idi, fikrimni jamlash qiyin bo‘ldi. Ayniqsa o‘qish (reading) qismi murakkab tushdi”, – deya eslaydi Nozima.
Uchinchi urinishdagi omadsizlik uning ruhiyatiga salbiy ta’sir etgan bo‘lsa-da, o‘quvchi qiz harakatdan to‘xtab qolmadi.
“7,5 ball chiqqanida “balki, endi to‘xtash kerakmikin”, deb o‘ylab qoldim. Lekin ustozim “bu tabiiy hol, yiqilishdan keyin o‘sish bo‘ladi”, deb kuch berdi. Shundan keyin yana urinib ko‘rdim”, – deydi u.
Nozima kamida avvalgi natijalarini tiklash uchun ham imtihonni to‘rtinchi marta topshirishga qaror qiladi. Test kuniga qadar u o‘z ustida yanada ko‘proq ishlab, avvalgi xatolarini tahlil qiladi.
“Darslarni soatlab o‘tirib emas, kun davomida vaqt topilgan paytda muntazam qilib borganman. Eng samarali usullarimdan biri — ovoz yozish va o‘zimni tinglash bo‘lgan. Nutqimni diktofonga yozib olardim, keyin eshitib, xatolarimni topardim. Talaffuz va mazmun yaxshi chiqmaguncha, o‘sha mavzuda takror mashq qilardim. Lug‘atlarni yozib, ularni gaplar orasida ishlatardim.
Ko‘pchilik inglizchani til sifatida emas, IELTS olish vositasidek o‘rganadi. Aslida esa avval tilning o‘zini puxta o‘rganish kerak. Tabiiy tilda fikrlay olmasangiz, maksimal natijaga erishish qiyin”, – deydi u.
Nozima to‘rtinchi urinishda yana 8,5 ball olgan, o‘qish (reading) bo‘limida 8 chiqqani uchun umumiy natija 9 ballga yetmagan. Ustozining maslahatiga ko‘ra, u imtihonning aynan shu qismini qayta topshirgan va yakunda eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan.
“Aslida javob bir kundan keyin chiqishi kerak edi. Bizda esa natijalarni olish 21 kunga kechikdi. Har yarim soatda ustozim bilan elektron pochtani tekshirib turardik. 20 kun o‘tdi ham, ammo hech qanday xabar yo‘q. Umidim so‘nib borayotgandi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, rasm bilan bog‘liq texnik muammo tufayli natijalar kechikkan ekan. 21-kuni elektron pochtadan xabar keldi. Ochguncha qo‘llarim qaltirab ketdi. Qarasam — yakuniy natija 9. Ota-onam bilan hammamiz yig‘lab yubordik. Bu men uchun oddiy ball emas, ustozim va ota-onam ishonchini oqlash tuyg‘usi edi”, – deydi Nozima.
Suhbat davomida Nozima imtihonning har bir bo‘limidan yuqori ball olish uchun qanday usullardan foydalangani va nimalarga ko‘proq e’tibor qaratgani, ya’ni shaxsiy layfxaklari haqida gapirib bergan.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Muallif: Diyoraxon Nabijonova
Operator: Abdulloh Hasanov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat5 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Sport3 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
