Iqtisodiyot
6,5 mlrd dollarlik oltin sotuvi, keskin oshib borayotgan gaz eksporti – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi
2025 yilning 5 oyida O‘zbekiston 288 mln dollarlik gaz eksport qilib, 285 mln dollarlik importni amalga oshirdi. Gaz sotish 62 foizga oshgan bo‘lsa, sotib olish 2,3 barobarga kamaygan. Hisobot davrida 6,5 mlrd dollarlik oltin sotildi. Bu umumiy eksportning qariyb 44 foizini tashkil etadi.
2025 yil yanvar-may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 31,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 4 mlrd 93 mln dollarga yoki 15 foizga ko‘p.
Bunda eksport hajmi 14,82 mlrd dollar (+31,1 foiz), import hajmi esa 16,49 mlrd dollar (+3,7 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 1 mlrd 677 mln dollargacha qisqargan.
Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (17,2 foiz), Rossiya (15,4) Qozog‘iston (5,7 foiz), Turkiya (3,5 foiz) va Janubiy Koreya (2,3 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 5 oylikda yirik hamkor davlatlardan Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkmaniston, Italiya va Litva bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Xitoy, Afg‘oniston, Fransiya, Germaniya, Hindiston, BAA kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.
Eksport
Hisobot davrida 6 mlrd 492 mln dollarlik (+54,8 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 43,8 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (10,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (6,2 foiz), kimyoviy vositalar (5,3 foiz), mineral yoqilg‘ilar (4 foiz) va turli xil tayyor buyumlar (3,6 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.
Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (10,8 foiz), XXR (5,1 foiz), Afg‘oniston (3,5 foiz), Qozog‘iston (3,5 foiz), Turkiya (2,9 foiz), Fransiya (2,7 foiz), BAA (1,5 foiz), Tojikiston (1,4 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,4 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 33,8 foizni tashkil etadi.
Yanvar-may oylarida 288 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 62,7 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 212 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-6,2 foiz), 95 mln dollarlik elektr toki (+72,6 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.
Hisobot davrida qariyb 102 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 26,9 foizga kam.
Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,6 foiz), sanoat tovarlari (16,1 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,9 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Umumiy importning 2/3 qismi 7 ta davlatdan amalga oshirilgan:
Xitoy – 28,1 foiz;
Rossiya – 19,6 foiz;
Qozog‘iston – 7,7 foiz;
Janubiy Koreya – 4,2 foiz;
Turkiya – 4,1 foiz;
Germaniya – 3,1 foiz;
Hindiston – 2,7 foiz.
Gaz importi keskin qisqargan. Hisobot davrida 285 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 44 foizini tashkil etadi. Shuningdek, avtomobil olib kirish ham sezilarli darajada qisqarib ketgan. Jumladan, yanvar-may oylari davomida 1 mlrd 245 mln dollarlik (-14,8 foiz) mashina import qilingan. O‘z navbatida, avtomobillarning qismlari va anjomlari importi 31 foizga oshib, 671 mln dollarga yetgan.
Iqtisodiyot
«Milliy sanoat zanjiri» ko‘rgazmasi – Transport tizimida 12,8 milliard dollarlik 36 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda
Samarqand viloyatida transport sohasiga bag‘ishlangan «Milliy sanoat zanjiri» ko‘rgazmasining birinchi kuni yakunlandi. Ko‘rgazma mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yirik davlat buyurtmachilari, tarmoq korxonalari, investorlar va ilmiy tashkilotlarni yagona maydonda birlashtirdi.
Bugungi kunda transport tizimida 12,8 milliard dollarlik 36 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, ushbu loyihalarda 407,3 million dollarlik mahsulotlarni mahalliylashtirish salohiyati mavjud.
Aynan shu imkoniyatlarni amaliy loyihalarga aylantirish maqsadida ko‘rgazmada transport sohasi uchun mo‘ljallangan minglab mahsulotlar, butlovchi qismlar, innovatsion ishlanmalar va texnologik yechimlar namoyish etildi.
Kun davomida yirik davlat buyurtmachilari o‘zlarining mavjud va istiqboldagi xarid ehtiyojlarini taqdim etdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa o‘z mahsulot va texnologik imkoniyatlarini bevosita buyurtmachilarga namoyish qildi.
Birinchi kun yakunlariga ko‘ra, ko‘rgazma 1200 nafar nafar ishtirokchini jamladi. Davlat xaridlari orqali umumiy qiymati 490 mlrd so‘m bo‘lgan 4778 ta dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Iqtisodiyot
Kimlar foyda solig‘ini ikki barobar kam to‘lashi mumkin?
Soliq kodeksining 337-moddasiga muvofiq, foyda solig‘i to‘lovchilarining ayrim toifasi belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida pasaytirilgan stavkani qo‘llash huquqiga ega.
Ushbu imtiyoz 2022-yil 1-sentyabrdan keyin joriy soliq davrida jami daromadi ilk bor 10 mlrd so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilarga beriladi.
Pasaytirilgan stavka joriy soliq davrida hamda undan keyingi soliq davri mobaynida amal qiladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun pasaytirilgan stavka qo‘llanilayotgan davrlarda soliq to‘lovchining jami daromadi 100 mlrd so‘mdan oshmasligi shart. Agar ushbu chegaradan oshib ketilsa, pasaytirilgan stavkani qo‘llash huquqi bekor bo‘ladi.
Mazkur imtiyoz yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilari va aksiz solig‘i to‘lovchilariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, soliq to‘lovchi tugatilayotgan hollarda yoki imtiyoz olish maqsadida bir nechta tadbirkorlik subyekti o‘rtasida daromad sun’iy ravishda bo‘lingani aniqlansa, pasaytirilgan stavkadan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Mazkur tartib Soliq kodeksining 337-moddasida belgilangan bo‘lib, tadbirkorlik subyektlarini halol soliq to‘lash va biznesni qonuniy kengaytirishga rag‘batlantirishga qaratilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Iqtisodiyot
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Foto: Adam Gray/Bloomberg
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.
17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.
Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.
Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».
«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
-
Dunyodan2 days ago
Vengriya prezidenti isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy oʻzgartirishni imzoladi
-
Jamiyat5 days agoXalqaro qidiruvdagi fuqaro Varshavadan Toshkentga olib kelindi
-
Siyosat5 days agoRustam Jo‘layev Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik agentligi rahbari etib tayinlandi
-
Jamiyat4 days agoKoreyada ish va’dasi ortidagi firibgarlik fosh etildi
-
Jamiyat4 days agoPoytaxtda qalbaki valuta savdosi fosh etildi
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi
-
Jamiyat4 days agoHujjatsiz qolgan ayol va uch nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi
-
Jamiyat3 days agoMehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
