Jamiyat
6 tonnadan ziyod sifati talabga javob bermaydigan osh tuzi aniqlandi
O‘zbekistonda 2025 yil boshidan buyon sifati talabga javob bermaydigan 6 tonnadan ortiq osh tuzi aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar qildi.
Joriy yil boshidan buyon jami 4411 ta osh tuzi namunalari tekshirildi, shundan 1306 tasi talabga javob bermadi. Ushbu namunalarning 19 tasi ishlab chiqarish korxonalariga, 182 tasi savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan hamda 1105 tasi Maktabgacha ta’lim tashkiloti, maktablar va DPMga to‘g‘ri keladi.
Sifati talabga javob bermaydigan 6042,5 kg osh tuzi realizatsiya qilishdan to‘xtatilib, osh tuzini ishlab chiqaruvchi korxonalarga qayta yodlashga jo‘natildi. Shuningdek, 1 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Ushbu holatlar doirasida jami 31ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
Jamiyat
Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi
Hukumatning 18-avgustdagi 443-son qarori bilan turistik startaplarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Reglamentga ko‘ra, subsidiya Turizm qo‘mitasi tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.
Startapni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda qoplanadi. Mablag‘ har yili eng yaxshi 10 tagacha turistik startap uchun ajratiladi.
Subsidiya olish uchun loyihalar maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Komissiya tarkibi Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan shakllantiriladi.
Talabgorning arizasi kelib tushganidan keyin komissiya unga 5 ish kuni ichida suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboradi.
Suhbatdan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida talabgorning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Bu jarayonda startapning turizm sohasi uchun ahamiyatiga alohida e’tibor beriladi.
Xususan, loyihaning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, bu xizmatga turistlar ehtiyoji va talabining dolzarbligi baholanadi.
Shuningdek, startap avval mavjud bo‘lmagan yoki mavjud yechimni sezilarli darajada takomillashtirgan yangi xizmatni taklif etayotgani ham hisobga olinadi.
Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng Turizm qo‘mitasi mablag‘ni talabgorning xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga o‘tkazadi. Mablag‘lar qaror qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida ajratiladi.
-
Mahalliy5 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Jamiyat5 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
