Jamiyat
4 davr muzeyi, minglab noyob eksponatlar, kutubxona va Qur’on zali – Islom sivilizatsiyasi markazida nimalar bor?
Toshkentda qad rostlagan mahobatli bino qariyb 9 yil davomida qurildi. Islom sivilizatsiyasi markazi mart-aprel oylarida jamoatchilik uchun ochilishi kutilmoqda. Ushbu fotoreportajda Markaz va uning faoliyati bilan tanishtiramiz.
Toshkentda qad rostlagan muhtasham bino – Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 23 iyuldagi qaroriga asosan tashkil qilingan. O‘sha yilda boshlangan qurilish ishlari qariyb 9 yildan so‘ng – 2026 yilga kelib yakunlandi. So‘nggi oylarda markaz nufuzli xorijiy delegatsiyalar uchun ochildi.
Kun.uz Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi. Ushbu maqolamizda markaz qurilishi haqida faktlar, uning ichida saqlanayotgan qadimiy artefaktlar va jamoatchilik uchun tayyorlab qo‘yilgan ajoyibotlarni ko‘rsatamiz.
Kirish va yer osti qismi
Bugunga kelib Markazdagi so‘nggi jizohlash ishlari yakunlanmoqda: Islom sivilizatsiyasi markazi keng jamoatchilik uchun shu yil mart aprel oylarida ochilishi kutilmoqda.
Markaz rasmiylarining aytishicha, ayni vaqtda muzeyga kirish tartibi ishlab chiqilmoqda va hukumatga taklif kiritiladi. Katta ehtimol bilan muzeyga kirish pulli bo‘ladi. Lekin, uning summasi aniq emas. Shuningdek, keluvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi bir necha toifadagi gidlar xizmati, planshet va quloqchinlar orqali sayohat qilish imkoni ham yaratiladi.
Ma’lum qilinishicha, markaz binosining minus 1-qavatida (podval) bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya va elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlarini saqlash fondlari, zamonaviy kafeteriy, muzey vestibyullari mavjud. Pastki qismda ta’mirlash ishlari davom etayotgani uchun rasmlarga olishning imkoni bo‘lmadi.
Mahobatli bino va 4 darvoza
Islom sivilizatsiyasi markazi mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektarlik maydonda barpo etilgan. Binoning o‘zi esa 1,8 gektar maydonda joylashgan, foydalanish hududi 42 ming kv.metrni tashkil etadi. Bino uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etib, uch qavat va yer osti qismidan iborat. Markazidagi gumbaz balandligi 65 metrni tashkil etadi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Markaz binosiga to‘rt tomondan to‘rt asosiy portal – darvozalar orqali kirish mumkin. Markaz binosining asosiy darvozasi – Ulug‘bek portali muzeyga kirish eshigi hisoblanadi. Ushbu portal Registon maydonidagi Ulug‘bek madrasasi bezaklariga uyg‘un holda loyihalashtirilgan. Uning peshtoqida Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyati – «Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi» kalomi bitilgan.
Markazning qolgan uchta darvozasi Xorazm, Buxoro, Qo‘qon portallari, deb nomlangan. Ular ham o‘sha hududlarga xos uslub va naqshlardan foydalanilib bezatilgan.
Binoning tashqi tarafidagi asosiy, katta hamda kichik peshtoqlari, shuningdek, 44 ta ravoqda ilmga targ‘ib qiluvchi, bag‘rikenglik, insonparvarlikka undovchi Qur’oni karim oyatlari va hadislar o‘rin olgan.
Birinchi qavat. Shon-sharaf zali
Markazning birinchi qavatida – bebaho ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosi namunalarini o‘z ichiga olgan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi joylashgan. Ulug‘bek darvozasidan Markazga kirishda foyesida juda katta «Shon-sharaf zali» sizni kutib oladi. Zalning perimetri bo‘ylab 14 ta yarim oval ravoq joylashgan.
Ushbu ravoqlarda boy tariximiz, buyuk allomalarimiz va tarixiy shaxslar faoliyati rangtasvir uslubida mikro-mozaika toshlari yordamida aks ettirilgan. Unda Xorazmiy, Farg‘oniy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Ibn Sino, Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, ma’rifatparvar jadidlar siymolarining tasvirlari va faoliyatlari aks etgan.
Bundan har bir ravoq ostida maxsus sensorli ekranlar o‘rnatilgan bo‘lib, ularda buyuk ajdodlarimizning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan siymolari o‘ndan ortiq tilda o‘z hayoti va faoliyati haqidagi «gapirishi mumkin».
Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilgan. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – VII asrda qo‘lda ko‘chirilgan Usmon mushafi va yana 114 dona turli davrlarda ko‘chirilgan mushaflar joylashtirilgan.
65 metrli gumbazga ega, eng jozibali va mahobatli Qur’on zali haqida alohida hikoya qilamiz.
Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi: 4 davrga bo‘lingan
Muzeydagi birinchi qismi – «Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari» ekspozitsiyasi. Bu yerda 250 metr uzunlikdagi «Vaqt devori» tashkil qilingan.
Unda eng kamida 3000 yillik davlatchilik tarixi miniatyuralar va mahobatli rangtasvir asarlari ko‘rinishida aks ettirilgan.
Shuningdek, ushbu devor bo‘ylab turli davrlarga oid yuzlab eksponatlar, numizmatika namunalari, xaritalar, videoroliklar, interaktiv o‘yinlar joylashtirilgan.
Birinchi Renessans zali VIII–XIII asrlarni qamrab olib, ekspozitsiyada Islomning Movarounnahrga tarqalishi, uning mahalliy aholi madaniyatiga ta’siri, Islom ilmlari rivojiga hissa qo‘shgan Movarounnahr olimlari merosi ko‘rsatiladi.
Zal markazida Birinchi renessans davrida yaratilgan Somoniylar maqbarasi, Mag‘oki Attoriy masjidi, Chashmai Ayyub yodgorligi, Qusamiya madrasasi singari yodgorliklar maketi bor.
Zal to‘rida muqaddas Ka’baning eshigi nusxasi va 1988 yilda ishlatilgan ka’bapo‘shning asl nusxasi joylangan. Shuningdek, bu yerda 13-14 asrlarda Misrda mamluklar davrida yasalgan ka’ba kalitlarini, 2023 yilda Saudiya podshohi O‘zbekistonga tuhfa qilgan Kisva parchasini ko‘rish mumkin.
Zalda birinchi renessansga aloqador va Islomning tarqalishi bilan bog‘liq ma’lumotlar, sahifalar va qo‘lyozmalar o‘rin olgan.
Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida Amir Temur hukmronligi davri va O‘zbek xonliklari davridagi madaniy-ma’rifiy hayot aks ettirilgan. Unda Amir Temur davriga oid kashfiyotlar va ilmiy yutuqlar xaritasi ilk bor namoyish qilingan.
«Vaqt devorida» Amir Temur va temuriylar yaratilgan qo‘lyozmalardan olingan miniatyuralar, ularda aks etgan tarixiy shaxslar siymosini ko‘rish mumkin.
Shayboniylar, Ashtarxoniylar va boshqa sulolalar ham temuriylar davri madaniyatini davom ettirgan. Muzeyda qurdirgan obidalar, shu davrda yaratilgan madaniy meros namunalari ham joy olgan.
So‘nggi qismda «Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans» ekspozitsiyasi joylashgan. Unda O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar, erishilgan yutuqlar, davlatning tashqi va ichki siyosati ustuvor yo‘nalishlari, amalga oshirilgan islohotlar yoritilgan.
Markaz rasmiylariga ko‘ra, ushbu zaldagi interaktiv panellar orqali murojaat yo‘llash, huquqiy savollarga javoblar, yuridik maslahatlar olish mumkin.
Bulardan tashqari, Markaz binosining birinchi qavatida 550 o‘ringa mo‘ljallangan Anjumanlar zali joylashgan. Zalga binoning g‘arbiy tomonidan, Buxoro darvozasidan kiriladi. Milliy va zamonaviy arxitektura an’analari asosida qurilgan ushbu zalda 2025 yil 14 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan ta’sis etilgan «Kelajak merosi» xalqaro mukofotlari topshirilgandi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Umuman olganda noyabr oyida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari ham ushbu muhtasham binoning ilk faxriy mehmonlari bo‘ldi.
2-qavat. Kutubxona va boshqa ofislar
Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ikkinchi qavatidagi innovatsion kutubxona joylashgan. 226 o‘rinli bu kutubxonaning kitob fondi 350 ming bosma kitob sig‘imiga ega, undan 100 mingi qo‘lyozma va toshbosma, 250 ming zamonaviy nashrlar. Ularning 50 mingi ochiq fonddan joy olishi aytilmoqda.
Kutubxonaning elektron fondi 5 million resursga mo‘ljallangan. Ayni paytda joylashtirilgan kitoblarning umumiy fondi 35 mingdan oshgan. Bu respublikada eng katta sig‘im, ekani aytilmoqda.
Bundan tashqari, kutubxonada xalqaro ilmiy va ta’limga oid nashrlarga obuna bo‘lingan. Xorijiy kutubxonalar bilan umumiy platformalar tashkil etilgan. Qo‘lyozma manbalar umrini uzaytirish maqsadida konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasi tashkil etilgan.
Markaz binosining ikkinchi qavatiga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ham to‘liq ko‘chib chiqishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, UNESCO, ISESCO, IRCICA, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, “Al-Furqan”, Oksford Islom tadqiqotlari markazi, Turkiya, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarining ilmiy institutlari, markazning administratsiyasi ham ikkinchi qavatdan joy oladi.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda e’lon qilingan investitsiya dasturida Islom sivilizatsiyasi markaziga 119 million dollar investitsiya kiritilishi haqida yozilgandi. 2021 yil oxirida loyiha quruvchisi Trest-12 bilan tuzilgan shartnoma qiymati 161 million dollarga yetkazilgan.
Farrux Absattarov – Kun.uz muxbiri.
Rasmlar muallifi: Muhammadjon G‘aniyev.
Jamiyat
Qashqadaryoda o‘nlab fuqaroning kreditga olingan mashinalari g‘oyib bo‘ldi
Qashqadaryoda kredit botqog‘idan chiqishni istab avtomobilini sotmoqchi bo‘lgan fuqarolar aldanib qoldi. Ularga mashina uchun shu paytgacha to‘lagan mablag‘larini qaytarib berish va qolgan kreditni o‘z zimmasiga olishni va’da qilishgan. Kelishuvdan keyin esa na mashina topilgan, na kredit to‘langan.
Qashqadaryo viloyatida kreditga mashina olgan o‘nlab odamlar firibgarlar tuzog‘iga tushib qoldi. Jabrlanganlar Kun.uz’ga murojaat qilib, vaziyat qanday bo‘lganini aytib berishdi.
Sxema qanday ishlagan?
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlik sxemasi asosan avtokredit bo‘yicha to‘lov qilayotgan, ammo moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan fuqarolarga qaratilgan. Ularga mashina uchun shu vaqtgacha to‘langan mablag‘ni qaytarib berish, kredit to‘lovlarining qolgan qismini har oy o‘zlari so‘ndirib borish, kredit muddati yakunlanganidan keyin esa avtomobilni yangi egasi nomiga rasmiylashtirish va’da qilingan.
Ishonch uyg‘otish maqsadida mashinani qabul qilib olish jarayoni videoga olingan. Tasvirga olish vaqtida ma’lum miqdorda pul berilgan. Biroq videotasvir tugashi bilan berilgan mablag‘ qaytarib olingan hamda to‘lov ertasi kuni notariusda rasmiylashtirish vaqtida amalga oshirilishi aytilgan. So‘ngra mashina olib ketilgan.
Shu tariqa, mashina g‘oyib bo‘lgan, berilgan va’da bajarilmagan: aldanganlar esa kreditdan qutulmagani yetmaganday mashinadan ham ayrilib qolavergan.
“Bankka bir so‘m ham to‘lanmagan”
Aldanganlardan biri Nurbek Shodmonov. Uning ta’kidlashicha, firibgarlar aynan kreditga mashina olib, to‘lovlarni to‘lay olmay qolganlarni “ovlagan”.
“Qarshi shahriga kelishyapti va avtokreditga olingan mashinalarni izlashyapti.
2024 yil iyul oyida kreditga yangi Gentra olganman. 54 mln so‘m boshlang‘ich to‘lov qilganman. Mashinaning tannarxi 191 mln 600 ming so‘m edi. Oyiga 4 mln so‘mdan to‘lov chiqqan. Men buni to‘lashga qiynalyapman desam “1000 dollar boshlang‘ich to‘lov sizga beramiz, qolgan to‘lovlarni o‘zimiz davom ettiramiz. Mashinani Toshkentga olib borib, Rent-car’ga ishlatamiz. 1-2 yildan keyin xohlasangiz mashinani o‘zingizga qaytarib beramiz. Sizga bankdan, hech joydan so‘rab kelmaydi, oyma-oy kreditlaringizni yopamiz o‘z vaqtida”, degan.
Uch oydan keyin men ularni izlashga tushdim. Erta deyapti, indin deyapti, xullas bir yil bo‘ldi, bir so‘m pul to‘lamagan bankka”, deydi jabrlanuvchi.
“Pul berib, keyin qaytarib olishdi”
Yana bir jabrlanuvchi Charos Oripovaning ta’kidlashicha, uning oldiga 8 kishi borgan.
“Zokir ismli shaxs bilan 5 yildan keyin mashinani uning nomiga o‘tkazib berishim uchun o‘rtada shunchaki kelishuv bo‘ldi. Men mashinani olib ketishlariga ruxsat ham, ishonchnoma ham bermadim. Bizga 800 dollar pul berishdi, ammo videos’yomka o‘char-o‘chmas uni qaytarib olishdi. Nega unday qilishganini so‘rasam, notariusda hamma xarajatlarni hal qilishini aytdi. Shu bilan mashinani haydab ko‘rishlarini aytib chiqib ketishdi. O‘shandan beri mashinani ham, ularning o‘zini ham ko‘rmadim”, deydi u.
Biri qamaldi…
Murojaatchilarga ko‘ra, holat yuzasidan 4 kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Muzaffar Shodmonovga oid jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilgan.
JIB Qarshi shahar sudining 2026 yil 18 maydagi hukmi bilan Muzaffar Shodmonov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “”a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Muzaffar Shodmonov va boshqalardan 13 nafar jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zarar summalarini undirish belgilangan.
Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, qolgan gumondorlar bo‘yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
“Zarafshon daryosida suv sarfi keskin oshgani sabab bo‘ldi” – Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirilganiga izoh berildi
Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining keskin oshishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan dambani mustahkamlash ishlari boshlangan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 3 iyul kuni Samarqand viloyati Toyloq tumani hududidan o‘tuvchi “Samarqand – Urgut” temir yo‘l uchastkasining ma’lum qismiga shikast yetgan.
“So‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin kuchaydi. Buning oqibatida daryo qirg‘oqlarini yuvib ketib, ayrim hududlarda o‘zan yo‘nalishi o‘zgardi.
Hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining me’yoriy 80–100 m³/s o‘rniga keskin oshib, 300 m³/s gacha yetgani sabab bo‘ldi. Oqibatda daryo o‘zani temir yo‘lga yaqin hududlarda 30–40 metrgacha kengayib, o‘zanga yaqin joylashgan temir yo‘lning ma’lum qismiga zarar yetdi. Mazkur gidrologik holat so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan”, deyiladi jamiyat munosabatida.
Ayni paytda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilayotgani bildirilgan.
“Ishlarga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. 30 ta dumpkar vagon orqali xarsang toshlar yetkazib berildi. Shuningdek, zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirda temir yo‘l qatnovini imkon qadar qisqa muddatda to‘liq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Toyloq tumani hududidan o‘tgan yangi temiryo‘l tarmog‘ida favqulodda holat ro‘y bergani xabar qilingandi. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videoda daryo suvi temiryo‘l o‘tkazilgan dambani yuvib ketgani, natijada relslar tayanchsiz qolganini ko‘rish mumkin.
Jamiyat
Oliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
Oliy sud Plenumi majlisida inson huquqlarini himoya qilish, sud amaliyotida qonunlarni bir xil qo‘llash hamda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta muhim qaror qabul qilindi. Mazkur hujjatlar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sud amaliyotida yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish va qonunchilik normalarini to‘g‘ri qo‘llashni ta’minlashga xizmat qiladi.
3 iyul kuni Toshkentda Oliy sud Plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi. Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova raislik qilgan yig‘ilishda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud va quyi sudlarning sudyalari, Bosh prokuror, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Sudyalar assotsiatsiyasi va Advokatlar palatasi raislari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha va Bola huquqlari bo‘yicha vakillari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Robaxon Mahmudova majlisni ochar ekan, «Bugun amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida odil sudlov izchil raqamlashtirilmoqda, sud jarayonlari ochiq, shaffof va nazoratli bo‘lib bormoqda. Prezidentimiz qayta-qayta ta’kidlaganlaridek, odamlar sudga oxirgi umid sifatida keladi va sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson Yangi O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga ishonch hosil qilishi kerak. Bunday ishonchni qozonish uchun sud amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda qonuniy, adolatli va asoslantirilgan qaror qabul qilinishini ta’minlash talab etiladi. Shu sababli, Oliy sud Plenumi tomonidan beriladigan tushuntirishlar katta ahamiyatga ega», dedi.
Yig‘ilishda Oliy sud Plenumining «Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida», «Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida» hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilindi.
Oliy sud Plenumining bugun qabul qilingan «Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida»gi Qarori bu toifadagi ishlarni ko‘rishda sudlar tomonidan qonunchilik hujjatlarini bir xil va to‘g‘ri qo‘llashni ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Konstitutsiyada inson huquqlari oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, hech kim insonning huquq va erkinliklarini sud qarorisiz cheklashga yoki ulardan mahrum etishga haqli emas. Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar, ayniqsa, ruhiy holati tufayli o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan shaxslarning huquqlarini muhofaza qilishda alohida ahamiyatga ega. Zero, fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish yoki uning muomala layoqatini cheklash insonning eng muhim huquq va erkinliklariga bevosita daxl qiluvchi masaladir. Shu ma’noda, qabul qilingan Plenum qarori inson huquqlariga bevosita daxl qiluvchi ushbu toifadagi ishlarni ko‘rib chiqishda sudlar uchun yagona va aniq huquqiy yondashuvlarni belgilashga qaratilgan. Bu esa fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim kafolatidir. Xususan, Plenum qarorida sub’yektlar doirasi va sudga murojaat qilish tartibi, fuqaroning muomala layoqatini cheklash asoslari, voyaga yetmaganlarning muomala layoqati masalasi, shaxsning shikoyat qilish huquqi va kafolatlari hamda prokuror va vasiylik organi ishtiroki yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.
Ma’lumki, sud qarori qonuniy va adolatli bo‘lishi bilan birga uning ijrosi ta’minlanishi, shuningdek sud hujjati qabul qilinguniga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi xavfini bartaraf etilishi ham odil sudlovga erishilishining maqsadlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) instituti huquqiy munosabatlarda qonun ustuvorligi hamda huquqlar va qonuniy manfaatlarni ta’minlanishini, sud hujjatlarining samarali va o‘z vaqtida ijrosini kafolatlovchi muhim protsessual vosita sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, «Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi Plenum qarori qabul qilindi. Plenum qarorida qayd etilganidek, ushbu choralar javobgar tomonidan mol-mulkni yashirish, boshqa shaxslarga o‘tkazish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish xavfi mavjud bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi.
Ma’muriy sudlov sohasida esa dastlabki himoya choralari sud qarori qabul qilinguniga qadar fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishining oldini olishga xizmat qiladi. Protsessual qonunchilikka binoan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishga sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida yo‘l qo‘yiladi. Sud himoyasining samaradorligini ta’minlash va protsessning muayyan bosqichida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turlicha yondoshuvlarni bartaraf etish maqsadida qarorda bunday choralarini ko‘rishga ish yuritish to‘xtatilganda ham yo‘l qo‘yilishi, bunda protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda ariza (iltimosnoma) taraflarni xabardor qilmasdan, ish yuritish tiklanmagan holda hal qilinishi haqida tushuntirish berilmoqda. Shuningdek, qonunchilikda belgilangan soddalashtirilgan ish yuritish shakli taraflarning da’voni ta’minlash choralaridan foydalanish huquqini cheklamaganligi bois qaror loyihasida soddalashtirilgan tartibda ko‘rilayotgan ishlarda ham da’voni ta’minlash choralarini qo‘llash mumkinligi alohida ta’kidlanmoqda.
Oliy sud Plenumining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaroridagi o‘zgartirishlar to‘rtta yo‘nalishni qamrab oladi: atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni hal qilish, kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash hamda sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish. Ushbu Plenum qarori qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarni inobatga olgan holda amaldagi Plenum qarorlari tushuntirishlari boyitilishi samarasi o‘laroq qonunlarni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash, yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qabul qilingan qarorlardagi tushuntirishlar kelgusida qonunchilik normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llashga xizmat qilib, odil sudlovni amalga oshirish, qonuniy va adolatli qarorlar qabul qilinishi bilan bir qatorda sudlar tomonidan qonun normalari bir xilda talqin qilinishi va yagona sud amaliyotini yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Plenum qarorlari matnlari O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi axborotnomasi» va «Kuch – adolatda» gazetasida e’lon qilinadi.
Jamiyat
Farg‘onada qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi
Jinoiy guruh a’zolari Turkiyaning qalbaki fuqarolik pasporti va haydovchilik guvohnomasini mijozga 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Farg‘onada qalbaki xorijiy davlat fuqaroligi pasportlarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida Farg‘ona shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi 31 yoshli shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 36, 29, 27 va 23 yoshli 4 nafar tanishi bilan til biriktirib, mijozga Turkiyaning qalbaki fuqarolik pasporti hamda haydovchilik guvohnomasini 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Ulardan jami 11 dona mobil telefon va 2 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
Holat poytaxtning Yakkasaroy tumanida sodir bo‘ldi. “Better Best” qurilish firmasi ko‘p qavatli uy qurilishida belgilangan shart asosida markaziy kanalizatsiya quvurini ko‘chirmasdan kotlovan qazigan. Oqibatda tuproq o‘pirilib, kanalizatsiya quvuri uzilib ketgan. “O‘zsuvta’minot” AJ vakili 10-12 soatda holat bartaraf qilinishini bildirdi.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida markaziy kanalizatsiya quvuriga shikast yetdi. Kun.uz muxbiri hodisa joyidan xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasidagi obektda “Better Best” qurilish firmasi quruvchilari markaziy kanalizatsiya quvuriga jiddiy shikast yetkazgan. Shaharning 3 ta tumanidan keladigan oqova suvlar ushbu uzilib ketgan quvur orqali “Salar” suv tozalash inshootiga quyiladigan bo‘lgan.
“O‘zsuvta’minot” AJ matbuot xizmati Kun.uz’ga holat yuzasidan ma’lumot berdi.
“Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, quvurga juda yaqin joydan kotlovan qazilgan. Aslida, bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay shart bo‘yicha quvur ko‘chirilmagan. Ya’ni, dastlab quvurni ko‘chirib, keyin kotlovan qazilishi kerak bo‘lgan.
Tuproqning o‘pirilishi oqibatida quvur ham uzilib ketgan. Hozirda katta hajmdagi quvurdan oqova suvlari chiqyapti. Buni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Hozirda qo‘shimcha kuchlar jalb etilgan”, deydi jamiyat vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, holatni uzog‘i bilan 10-12 soatda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q.
-
Dunyodan5 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Dunyodan2 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Turk dunyosi4 days agoAsaddan keyin Suriya: Turkiya yuksaladi, Eron chidaydi
-
Jamiyat3 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Jamiyat3 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
-
Jamiyat2 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan2 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Turk dunyosi4 days agoEksklyuziv – Turkiya NATO xavfsizlik muhitiga moslashishini ta’kidlamoqda, AQSh esa undan chiqmaydi
