Connect with us

Mahalliy

30 ta «begona» so‘zning o‘zbekcha muqobillari taklif qilinyapti (ro‘yxat)

Published

on


Xorijiy atamalarni o‘zbekcha muqobillariga almashtirish bo‘yicha jamoatchilik yuborgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Atamalar komissiyasining ishchi kengashi – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan ko‘rib chiqildi.

Ular hozircha 30 ta atamaning o‘zbekcha muqobilini taklif etmoqda:


Aysberg — Muztog‘
Bruschatka — Yo‘lg‘isht
Diskussiya — Bahs, munozara
Zona — Hudud
Instrument — Ish quroli
Intensiv — Jadal
Kamera — Bo‘lma
Konstruksiya — Tuzilma
Koordinator — Muvofiqlashtiruvchi
Koridor — Yo‘lak
Lider — Yo‘lboshchi, yetakchi
Marshrut — Yo‘nalish
Progress, progressiv — Ilg‘or, rivojlanish
Dostavka — Yetkazish
Probeg — Yurim
Set (ovqatlar seti bo‘yicha) — To‘plam
Oprava — Ko‘zoynak bandi
Polik — To‘shama
Balansirovka — Muvozanatlashtirish
Vnedorojnik — Yo‘ltanlamas
Chelenj — Chorlov
Navigator — Yo‘llagich
Selfi — O‘zchekim
Svetofor — Yo‘lchiroq
Ekspluatatsiya — Foydalanish
Aksiya — Yalpi harakat
Kuler — Suvlik
Keshbek — Hadya-qaytim
Poverbank — Kuchlantirgich
Karving — Meva bezakchiligi

Ta’kidlanishicha, bu yakuniy variant emas, ishchi organ taqdim etilayotgan atamalarning milliy muqobillari bo‘yicha boshqa fikr va mulohazalarni ham eshitishga tayyor.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Bugun — Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni: sayyora bizdan nimani kutyapti?

Published

on


Ongli iste’mol nima? Ongli iste’molning tabiatga qanday aloqasi bor? Ko‘pincha ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish deganda ko‘z oldimizga katta zavodlar tutuni, Orol fojiasi yoki global muammolar keladi. Biz “men oddiy bir odam bo‘lsam, tabiatni asrash uchun nima ham qila olardim?” deb o‘ylaymiz. Lekin asl haqiqat shundaki, global o‘zgarishlar katta qarorlardan emas, bizning kundalik mayda odatlarimizdan boshlanadi. Har bir insonning bugungi kichik tanlovi sayyoramizning ertangi taqdirini belgilaydi. Ya’ni iste’molchilik madaniyatimizga ongli yondashishning o‘zi tabiatni asrashga qo‘shayotgan hissamiz.

Yelim paketning xizmati atigi 12 daqiqa…

Keling, har kuni sodir etadigan, lekin tabiatga eng katta zarbani beradigan odatlarimizni ko‘rib chiqaylik. Birinchi va eng katta dushmanimiz oddiy yelim paketlardir. Do‘konga kirganimizda sotuvchining “paket kerakmi?” degan savoliga o‘ylab ham o‘tirmay “ha” deb javob beramiz. Uyga kelgach, o‘sha paketni chiqindi qutisiga uloqtiramiz.

Dunyo miqyosida bir yilda taxminan 5 trillion dona bir martalik yelim paket ishlab chiqariladi. Bu har soniyada 160 000 ta yangi paket degani! Eng achinarlisi, biz bitta paketdan o‘rtacha 12 daqiqagina foydalanamiz (do‘kondan uygacha kelishda), lekin uning tabiatda to‘liq parchalanishi uchun 400 yildan 500 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.

Biz shunchaki tashlab yuborgan o‘sha paketlar keyinchalik tuproq unumdorligini yo‘qotadi, kanalizatsiya tizimlarini to‘sib qo‘yadi va shaharlarimizdagi chang-bo‘ronlar vaqtida havoga ko‘tarilib, sog‘lig‘imizga zarar yetkazadi. Do‘konga bitta matoli eko-sumka bilan borishni odat qilish orqali birgina inson yiliga yuzlab paketlarning chiqindiga chiqishining oldini olishi mumkin.

Axlat qutisiga uloqtirilayotgan pul va suv

Ongli iste’moldan eng uzoqlashgan yana bir nuqtamiz oziq-ovqat mahsulotlarini ehtiyojdan ortiq, zahirasi bilan  sotib olish odatimizdir. Do‘kondagi chegirmalar yoki “ko‘proq olsam, anchaga yetadi” degan tuyg‘u sabab savatni to‘ldiramiz, keyin esa ular muzlatgich burchagida muddati o‘tib chiqindiga ketadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ishlab chiqariladigan barcha oziq-ovqatlarning uchdan bir qismi yeyilmasdan, chiqindixonaga uloqtiriladi. Bu nafaqat moliyaviy zarar, balki ulkan ekologik halokatdir. Ko‘rinmas zanjirga e’tibor bering, masalan bir dona axlatga tashlangan 250 gramm olma yetishtirilishi uchun 70 litr suv isrof bo‘ladi. Mahsulotni daladan do‘kongacha olib kelish uchun sarflangan yoqilg‘i, ishchilar mehnati, hammasi olma bilan qo‘shilib axlat qutisiga ketadi.

Yoki bo‘lmasa kundalik iste’molimizda eng birinchi o‘rinda turadigan non mahsulotini olaylik. Aslida bizning madaniyatimizda non eng aziz ne’mat. Uni aslo yerga tashlamaymiz, ushog‘ini ham teramiz. Ammo achchiq haqiqat shundaki, bugungi kunda chiqindixonalarda eng ko‘p uchraydigan mahsulot ham aynan nondir! To‘y-hashamlardan ortib qolgan, uyda zaxira bilan ortiqcha sotib olinib, keyin mog‘orlab, qotgan tonnalab nonlar har kuni axlatga uloqtirilmoqda.

Nonni axlatga tashlaganda, biz shunchaki yeyilmagan nonni emas, uning ortidagi ulkan mehnat va tabiat resurslarini uloqtirgan bo‘lamiz. Bir dona non (taxminan 500 gramm) daladan to dasturxonga kelguncha qancha suv talab qilishini bilasizmi? Bug‘doyni ekish, sug‘orish, uni qayta ishlash jarayonlarini hisoblaganda, 1 dona non ortida 800 litr suv isrofi turibdi!

Qolaversa, dehqonning mashaqqatli mehnati, yoqilg‘i, novvoyxonadagi elektr yoki gaz energiyasi, va albatta, o‘z hamyoningizdan chiqqan naqd pul non bilan birga axlat qutisiga tushadi.

Ongli iste’mol bu vaziyatda juda oddiy: nonni faqat bugungi kunlik ehtiyoj uchun sotib olish kifoya. Rizqni asrashning o‘zi tabiatni asrashning eng birinchi bosqichi.

Krossovkalarimiz ortidan qoladigan zararli iz…

Biz iste’mol haqida gapirganimizda nafaqat oziq-ovqat, balki kiyim-kechak, poyabzalga bo‘lgan ehtiyojimizni ham unutmasligimiz kerak. Garderobimizdagi eng yirik va xavfli ekologik xatolarimizdan biri — bu oyoq kiyimlarga bo‘lgan munosabatimizdir. Do‘konda navbatdagi yangi urfdagi oyoq kiyimni ko‘rganimizda, uni shunchaki chiroyli krossovka deb o‘ylaymiz, lekin uning ortidagi yashirin zararlardan xabarimiz bormi?

Bir juftgina oddiy sport poyabzali (krossovka) ishlab chiqarilishi jarayonida atmosferaga taxminan 14 kilogrammga yaqin karbonat angidrid gazi ajralib chiqadi. Bu bir dona lampaning haftalab tinimsiz yonib turishiga teng zarar. Dunyoda esa har yili 24 milliard juft poyabzal chiqariladi! Kiyim-kechakni qayta ishlash nisbatan osonroq, lekin oyoq kiyim butunlay boshqa masala. Krossovka tarkibida kamida 4-5 xil turli materiallar — plastik, rezina, charm, ko‘pik va kimyoviy yelimlar bo‘ladi. Ularni bir-biridan ajratib, qayta ishlashning deyarli iloji yo‘q. Eng achinarlisi, siz uloqtirgan bir juft krossovka axlatxonada 30 yildan 100 yilgacha chirimay, zaharli moddalar ajratib yotadi.

Poyabzal uchun ishlatiladigan charm va sintetik matolarni bo‘yash, ularga ishlov berish uchun minglab litr toza suv sarflanadi va ular xavfli kimyoviy oqova suvlarga aylanib, tabiatga chiqariladi.

Ongli iste’mol bu vaziyatda sizni poyabzalsiz yurishga chaqirmaydi. U shunchaki har mavsumda arzon va sifatsiz 3-4 juft oyoq kiyim sotib olgandan ko‘ra, bir marta sifatli, uzoq yillar xizmat qiladigan va klassik uslubdagi poyabzalga investitsiya qilishni taklif etadi. Eskirgan poyabzalni darrov axlatga otmay, ustaga berib ta’mirlatib kiyishning o‘zi sayyoramizga qilingan ulkan yaxshilik.

Sayyoramiz bizdan global qahramonliklarni kutayotgani yo‘q. Bugun do‘konda “paket kerak emas” deyishingiz, ekoxaltalarni ko‘tarishga odatlanishingiz, dasturxondagi nonni uvol qilmasligingiz va shkafdagi krossovkangizni qadrlashingizning o‘zi  haqiqiy atrof-muhitni asrashdir.  

 Barno Sultonova



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi

Published

on


Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida respublikaning qator hududlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Qoidabuzarlar tomonidan yetkazilgan umumiy zarar 4,1 mlrd so‘mdan oshdi.

​Xususan, eng yirik talon-torojlik holatlari quyidagicha:

​Sirdaryo tumanida «D.I.» fermer xo‘jaligi mas’ullari hududdagi suv nasoslarining elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatish orqali 1,7 mlrd so‘mlik energiyani o‘g‘irlagan.

​O‘rtachirchiq tumanida «R.A.» xususiy korxonasi suv nasosini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, davlatga 1,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazgan.

​Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan quyidagi hududlarda ham noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan:

​Asaka tumanida YaTT «S.R.» savdo do‘konida — 319,7 mln so‘m;

​Andijon tumanida fuqaro A.Z. umumiy ovqatlanish shoxobchasida — 300,1 mln so‘m;

​Yangiyo‘l tumanida «O.R.» MChJ rahbari suv nasosini tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab — 299,9 mln so‘m;

​Olmazor tumanida «M.T.» MChJ binosidagi elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatib — 278,6 mln so‘m;

​Termiz tumanida YaTT «K.O.» savdo do‘konida — 119,7 mln so‘m;

​Zomin tumanida fuqaro T.Sh. o‘z xonadonida — 115,5 mln so‘m.

​Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Chet tilidan B1 sertifikatga 75 foiz ball beriladi

Published

on


Adliya vazirligi xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlarni tan olish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi tartib oliy ta’limga qabul, pedagoglarni rag‘batlantirish hamda sertifikatlarni baholash tizimiga qator yangiliklarni olib kirmoqda.

Hujjatga ko‘ra, bakalavriatning fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga qabulda milliy yoki xalqaro tan olingan B1 darajadagi sertifikatga ega abituriyentlarga mazkur fan bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi.

Shuningdek, ingliz tili bo‘yicha beriladigan TOEFL iBT sertifikatining muvofiqlik darajasi endilikda 1–6 ballik tizim asosida belgilanadi.

Hujjatda pedagog xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qator normalar ham nazarda tutilgan. Jumladan, ingliz tilidan beriladigan TKT, TESOL, TEFL va TESL sertifikatlari uchun ustama tayinlashda ularning amal qilish muddati inobatga olinadi.

Kasbiy ta’lim tashkilotlarida xorijiy tilda maxsus fanlarni o‘qitayotgan pedagoglarga milliy yoki xalqaro tan olingan B2 sertifikati uchun lavozim maoshining 50 foizi, C1 sertifikati uchun esa 100 foizi miqdorida har oylik ustama beriladi.

Bundan tashqari, Digital SAT sertifikatining matematika bo‘limida 750 va undan yuqori ball olgan o‘qituvchilarga ham ustama belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fanlari o‘qituvchilari uchun ham yangilik joriy etildi. Endi ularga B+ va undan yuqori darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lgan taqdirda ustama to‘lanadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Islom sivilizatsiyasi markazida yangi avlod muzeyi ochildi

Published

on


Toshkent shahri madaniy va ma’rifiy hayotida 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tarixiy voqea yuz berdi. Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida tashkil etilgan interaktiv bolalar muzeyi ilk mehmonlarini qabul qildi. Ushbu maskan shunchaki ko‘rgazma maydoni emas, balki kelajak avlodni buyuk ajdodlar merosi bilan zamonaviy texnologiyalar tilida bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ta’kidlaganidek, mazkur loyiha konsepsiyasi yoshlarni yangi bilimlarga rag‘batlantirish, ularda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga nisbatan hurmat va iftixor tuyg‘usini shakllantirishni maqsad qilgan. Ibn Sino, Beruniy va Mirzo Ulug‘bek kabi allomalar o‘zlarining ilmiy faoliyatlarini aynan yoshlik davrida boshlaganlari va jahon faniga beqiyos hissa qo‘shganlari inobatga olinsa, ushbu muzey bolalar uchun haqiqiy ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Buyuk Britaniyaning nufuzli «1001 Inventions» tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur megaloyihada ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) tamoyillari milliy tarix bilan uyg‘unlashtirilgan.

7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar uchun mo‘ljallangan muzey ekspozitsiyasi to‘rtta asosiy hududni o‘z ichiga oladi:

1.Interaktiv kirish: “O‘zbekistondan dunyoga 1001 ixtiro” yorug‘lik kitobi va 8 ta sensorli ekran orqali bolalar ilk taassurotga ega bo‘ladilar.

2. Allomalar galereyasi: Raqamli avatarlar va mum haykallari orqali tarixiy shaxslar bilan jonli muloqot qilish imkoniyati mavjud.

3. Kinoteatr zonasi: Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan animatsiyalar tarixdan hikoya qiladi.

4. Ijod va fan laboratoriyasi: Bu yerda 15 dan ortiq yuqori texnologiyali stansiyalar faoliyat yuritadi. Xususan, ICAROS VR qurilmalari orqali tibbiyot va muvozanat sinovlari, raqamli teleskop orqali koinot kuzatuvi, gidro-interaktivi orqali esa fizika qonuniyatlari amalda o‘rgatiladi.

Muzey nafaqat ma’rifiy, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi. Bolalarning xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus fasilitatorlar biriktirilgan bo‘lib, barcha ta’limiy kontentlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ta’kidlaganidek, Islom sivilizatsiyasi markazining Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan mahobatli binosida ilk bolalar muzeyining ochilishi bu O‘zbekiston yoshlariga berilgan eng katta imkoniyatdir.

Islom sivilizatsiyasi markazidagi bolalar ekspozitsiyasi — bu tarix va kelajakni bir nuqtada birlashtirgan innovatsion makon. Ushbu markaz o‘quvchilarda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish bilan birga, ularni global raqobatga bardoshli, o‘z tarixini chuqur biladigan va yangi kashfiyotlarga tashna avlod sifatida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Ilmiy daraja olishda chet tilidan imtihon topshirish talabi bekor qilinadi

Published

on


Prezident farmoniga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy darajalar berish tizimida bir qator amaliyotlardan voz kechiladi. Maqsad — ilmiy tadqiqotchilar uchun ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish.

Eng e’tiborli o‘zgarishlardan biri — fan nomzodi va fan doktori darajalari uchun chet tili bo‘yicha malakaviy imtihon topshirish talabi bekor qilinishi bo‘ldi. Bu imtiyoz mustaqil izlanuvchilarga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, dissertatsiya mavzularini Oliy attestatsiya komissiyasida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda himoya haqida rasmiy e’lon berish amaliyoti ham tugatiladi.

Farmon bilan dissertatsiyalarni yetakchi tashkilotlarda muhokamadan o‘tkazish tartibi ham bekor qilindi. Shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi DSc dissertatsiyalari bo‘yicha monografiya nashr etish talabi ham amalda bo‘lmaydi.

Yana bir muhim yangilik — dissertatsiya avtoreferatini alohida chop etish amaliyoti tugatilishi hisoblanadi. Ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etilganligi haqida maxsus xulosa olish majburiyati ham bekor qilinmoqda.

Farmonga ko‘ra, Oliy attestatsiya komissiyasi huzuridagi ekspert kengashlar tomonidan dissertatsiyalarni qo‘shimcha ilmiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi ham tugatiladi. Bundan tashqari, himoya qilingan dissertatsiya bo‘yicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash amaliyoti ham bekor qilinadi.

Islohotlar faqat talablarni qisqartirish bilan cheklanmaydi. 2027-yildan boshlab ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy etiladi.

Farmon bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga jalb qilingan xorijlik olimlarning xorijda olgan ilmiy darajalarini nostrifikatsiya qilish talabi ham bekor qilindi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.