Jamiyat
30 dan ortiq mamlakatda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan o‘zbek qizi hikoyasi
50 mingdan ortiq xotin-qizlarga bilim bergan, ularning shaxsiy rivojlanishiga, til o‘rganishlarida va hayotda o‘z o‘rnini topishiga munosib hissa qo‘shgan, 30 dan ortiq mamlakatda O‘zbekiston nomidan chiqish qilgan o‘zbek qizi – Shohida Yusupova Kun.uz bilan suhbatda o‘z muvaffaqiyatlari siri bilan bo‘lishdi.
Shohida Yusupova – Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Harvard universitetining “Leadership: Creating Public Value” kursini tamomlagan. Oksford universiteti va Buyuk Britaniya Lordlar palatasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ayni paytda Italiyadagi Siyena universitetida “Xalqaro madaniy diplomatiya” yo‘nalishida magistraturada tahsil olmoqda. U 4 tilda erkin so‘zlasha oladi, sayyohlik firmasi asoschisi, 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi va u yerda o‘zbek yoshlari manfaatlarini faol ilgari surib, xalqaro loyihalari bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida shuhrat qozongan o‘zbek qizi.
Hayotimni o‘zgartirgan savol
“Hayotimning o‘zgarib ketishida bir savol jiddiy sabab bo‘ldi. 2019 yilda talabalar bilan Turkiyaga xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun borgan edik. Taqdimot tugagach, shahar aylanish uchun chiqib, bir do‘konga kirdik. Sotuvchi bizning qayerdan kelganimizni so‘radi – faxrlanib “O‘zbekistondan” dedim.
Lekin sotuvchining e’tiborsizlik bilan, ochig‘ini aytganda, hurmatsizlik bilan “ha, ishlagani kelganmisizlar?” degan savolini qalbimni ming bo‘lakka parchalab yubordi. Bunday qarash mening yuragimga juda og‘ir botgan edi. Chunki o‘zbek ayollariga u yerda sayohatchi yoki bilimli talaba sifatida emas, balki qora ishchi sifatida qarashar ekan. O‘shanda o‘ylab qolgan edim, millatimizda iste’dodli va ilmli ayollar ko‘p. Lekin nega chetda ularga oddiy ishchi sifatida qarash urf bo‘lgan ekan. Bu menga sira yoqmagan edi.
O‘shanda o‘zbek ayollari ham 3–4 ta tilni biladigan, jahon minbarlarida o‘z fikrini dadil va erkin ayta oladigan ishbilarmon, zukko shaxslar ekanini butun dunyo bilishini xohlagandim.
2021 yil Turkiyada huddi shu konferensiyada 50 ta adabiyot sohasida faoliyat olib borayotgan nihoyatda iste’dodli ayollarning ijod namunalarini saralab-jamlab, xalqaro antologiya tuzdik. U yerda ularning nafaqat ijod namunalari, balki o‘z faoliyatlari va yutuqlari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar bor edi. Va o‘sha kitobning taqdimotini milliyligimizga mos bir tarzda o‘tkazdik. Zamonaviy turk jamoatchiligi tomonidan juda yaxshi qabul qilindi.
Ochig‘ini aytaman, juda ko‘p iqtidorli ayollarimiz oddiy uy bekasi qiyofasiga yashirinib olishgan. Men ularni butun dunyo bilishini, tan olishini va e’tirof etishini istaydim”.
“Shine Qizlar Akademiyasi” – har bir qiz uchun imkoniyat maydoni
“2022 yilda ko‘plab qizlarning istaklari, talablari bilan “Shine qizlar akademiyasi”ni tashkil etdik. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazdik. Bugungi kunga qadar 50 mingga yaqin ayol-qizlarimiz loyihalarimizda qatnashdi.
O‘zim Yangibozor tumanidagi Qalandardo‘rmon qishlog‘ida tug‘ilib o‘sganim uchun u yerda juda ko‘plab, orzulari ulug‘vor, lekin ishni qayerdan boshlashni bilmayotgan, tushkunlikka tushgan, ammo g‘oyatda qobiliyatli ayol-qizlarni bilardim. Ularning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan nimadir qilgim kelardi. Vaqti kelib bu loyihaga aylandi. Shunday ayollar va qizlar uchun imtiyozli ravishda ingliz va turk tillarini o‘rgatadigan kurslar tashkil qildim.
Eng avvalo, o‘zim 4 ta tilni puxta o‘rgandim, ularda erkin so‘zlasha olganim uchun alohida xalqaro til kurslarida o‘qib, xalqaro metodlarni o‘zlashtirdim. Har bir yoshdagi insonga mos keladigan o‘z uslublarimni ishlab chiqdim. Bu yondashuv tez orada natijasini berdi.
Kurslarimizda 3 oy o‘qib, C1 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritgan qizlar ham bo‘ldi. Loyihalarimizda ishtirok etib, xalqaro forumlarda qatnashayotgan, grant va stipendiyalar yutib olayotgan qizlarimiz soni tobora ko‘payib bormoqda.
Bizda ota-onasi bo‘lmagan, ajrashgan, kam ta’minlangan oilalar qizlari imtiyozli ravishda o‘qishlari mumkin. Talabalik yillarimda til o‘rganish bilan birga yangi kasblar bo‘yicha bilim olishni xohlaganman. Harvard universitetining rahbarlik va boshqaruv yo‘nalishida, Germaniyaning Berlin-biznes xalqaro institutining marketing va kommunikatsiyalar yo‘nalishida qo‘shimcha masofaviy ta’lim oldim.
Har bir ayolning shaxsiy brendi bo‘lsa…
Bugungi kunda bu bilimlarning hayotimdagi foydasi juda katta. Har bir ayol uchun o‘z shaxsiy brendini yaratishda, salohiyatini to‘liq namoyon qilishida bu kabi ilmlarning o‘rni beqiyos. Biz xalqaro miqyosda ilmli, o‘z ustida to‘xtovsiz ishlaydigan, orzularidan sira voz kechmaydigan va har qanday qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan betakror o‘zbek qizlarining kuchli obrazini yaratmoqdamiz. Bu faqat mening emas, butun jamiyatimizning umumiy yutug‘i.
Akademiyada 4 ta tildagi o‘quv dasturlar, xalqaro metodika asosida kurslar, imtiyozli dasturlar va C1 darajagacha bilim beriladigan mukammal tizim mavjud. Ko‘plab ishtirokchilar bu orqali xalqaro tanlovlar, konferensiyalar va stipendiyalar g‘olibiga aylanmoqda, dunyo ko‘rmoqda, dunyoqarashi o‘zgarmoqda.
24 yoshimda 30 davlatni ko‘rdim. Aytishim kerakki, men hamisha moliyaviy mustaqil bo‘lishni xohlaganman. Dadamga doim hali zo‘r bo‘lib ketaman, sizga mashinalar olib beraman der edim.
Shunday kun keldiki, men bu aytganlarimning barchasini uddaladim. 21 yoshimda dala bilan tillashgan, doim halol mehnat ortidan biz farzandlarni katta qilgan dadamga avtomobil sovg‘a qildim. Uy bekasi bo‘lgan, menga va ukamga faqat o‘qishimimiz kerakligini uqtirib yashagan onamga ham Turkiya, Amirliklar, Ozarboyjon, Saudiyaga yo‘llanmalar olib berdim.
Bir paytlar o‘zimning shaxsiy uyim bo‘lishini orzu qilar edim, bugun poytaxtdan tashqari Dubaydan ham xonadon sotib olish nasib qildi. Men bularni nega aytyapman? O‘zining katta hayot yo‘lini boshlashga ikkilanayotgan, baland marralar sari dastlabki qadamlarni tashlashga cho‘chiyotgan qizlar jur’atli bo‘lishi uchun ularga ilhom berishni asosiy vazifam deb bilaman”.
Dunyoni qalbimda mehr bilan aylanaman
Shohidaning orzusi hamisha katta bo‘lgan: Qaysi xorijiy davlatga bormasin ona yurtini iftixor bilan namoyon etdi, o‘sha yurtlar xalqlarida o‘zbek nomiga ehtirom uyg‘otishga intildi.
Uning tashabbuslari – Turkiyada “O‘zbekistonning umidli chechaklari”, Ozarboyjonda “Iste’dodli qizlar”, Misrda “Ilhomlantiruvchi ovozlar”, Xitoyda “O‘zbekiston adabiy antologiyasi” va “Amazon” platformasida “O‘zbekiston qo‘shig‘i” kabi xalqaro loyihalarda o‘z ifodasini topdi. Bu e’tiborli izlanishlar ayol-qizlarimizning yuksak ma’naviy kuchi va dilbar qiyofasini butun dunyoga yaqqol ko‘rsatdi.
Xalqaro maydondagi chiqishlari — O‘zbekiston imiji uchun xizmat
Shohida Yusupova so‘nggi yillarda dunyoning yetakchi telekanallari, xalqaro forumlari va media platformalari orqali Yangi O‘zbekiston va o‘zbek ayol-qizlari haqida turkum suhbatlar berib kelmoqda.
Bu chiqishlari orqali u yurtimizning boy tarixi, betakror go‘zalligi, turizm salohiyati, ta’lim va ma’rifat sohalaridani o‘zgarishlari haqida jahon ahlini tanitishga hissa qo‘shmoqda.
Yakun: bir yurak, bir el, bir missiya
Shohida uchun bu faqat shaxsiy muvaffaqiyatlar emas – bu bir umrlik missiya. Uning orzusi: 100 minglab qizlarimizning ko‘zlarida porlagan umid va ishonch uchqunlarini reallikka aylantirishga chin sababchi bo‘lishdir.
“Har bir ayol agar qo‘llab-quvvatlash va ishonch, mehr va e’tibor bo‘lsa, qalblarni yayratadigan go‘zal bo‘stonga o‘xshaydi.
Menga ishonishdi. Men esa ularning ishonchini yurakda saqlab, butun dunyoga o‘zbek qizining bilimda, iymonda va orzuda qanday qudratga ega ekanini ko‘rsataman.
Har bir xalqaro chiqish, har bir yozilgan kitob, har bir o‘tkazilayotgan loyiha bu aziz va mo‘tabar Vatanimiz imiji uchun qo‘yilgan xayrli qadamdir.
Qayerda bo‘lmaylik, O‘zbekistonning jahonga qanday tanilishi – aynan bizga, yurt farzandlariga bog‘liq”, – deydi u.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Jamiyat
Zamon sarhadlariga sig‘magan Parfyonov
Bizning ajdodlar ilgari zamonlardan Zarautda yashashgan. 45 yillik umrini shu yerda o‘tkazgan otam usta Rahmonberdi o‘tgan asrning 30-yillarida Zarautni eng so‘ng tark etganlardan biri bo‘ldi. Qayerda bo‘lmasin, Zaraut haqida gap ketar ekan, u o‘zgacha ruh olar va bir-biridan qiziq hikoyat-rivoyatlarni zavq-shavq ila aytib berardi: Zarautsoyning tillarang do‘ngliklarida sayr etuvchi zar kokilli parilar, Boburxon (otam tasvirida Movurxon) tilsimlab ketgan qirq xachirga yuklangan boylik, mazkur xazina tilsimini ocholmay, quruq qo‘l bilan qaytib ketgan hindiy, xazinani haqiqiy sohibi uchun avloddan-avlodga saqlagan zarautliklar…
Oradan ko‘p yillar o‘tganda tushundimki, Zarautsoyda ilgaridan tosh qizil suratlarining mavjudligi odamlar xayolini o‘g‘irlab tilsimlangan xazina haqidagi afsonalar to‘qilishiga olib kelgan.
Ibtidoiy ajdodlar mezolit (o‘rta tosh), neolit (yangi tosh) va bronza davrlarida – bir necha o‘n mingyilliklar mobaynida – Zarautsoy tasvirlarini yaratganlar, ushbu g‘aroyib maskanga odamlar tashrifi haqidagi keyingi bir necha yuz yilliklarning xabarlari ham bugun bizning ixtiyorimizda. X–XIII asrlarga oid arab yozuvlari, XV asrda hazrat Alisher Navoiy shu yerlardan o‘tib, o‘z taassurotlarini «Sab’ai sayyor» dostonida aks ettirgani, XVI asrga oid Mirzo Bobur Zarautsoyda qoldirgan izlar, 1912-yilda harbiy topograf Fyodorov Zarautkamar suratlaridan nusxalar olgani va boshqalar…
Ammo, Zarautsoyning ilmiy o‘rganila boshlangani va uning dunyoga mashhur bo‘lishi haqli ravishda Gavriil Vasilevich Parfyonovning nomi bilan bog‘lanadi.
Parfyonov birinchi bo‘lib Zarautsoy rangtasvirining bebaho ekanini aniqladi, ilmiy jamoatchilik e’tiborini unga qaratdi, o‘rganilishi, muhofazasi va saqlab qolinishi uchun zarur ishlarni amalga oshirdi. O‘sha payt mutaxassis olimlarning umumiy fikriga ko‘ra: «Bu O‘rta Osiyoda eng qadimiy qizil qoya rasmlarining birinchi bor topilishi edi».
Parfyonovning tashabbusi va tashkilotchiligi bilan Zarautsoyga 1940, 1943 va 1945-yillarda ekspeditsiya uyushtirildi va u jahonda mashhur bo‘ldi. Mazkur qoya suratlari bugungi kunda ham mamlakatimizning eng qadimiy tarix va san’at yodgorligi hisoblanib turibdi. U ma’naviyatimizning ilk beshigi, fan uchun tabiiy-tarixiy manba, ijodkorlarga ilhom chashmasi, yosh avlodlarga ta’lim-tarbiya o‘chog‘i…
Parfyonov 1944-yili viloyat o‘lkashunoslik muzeyida maxsus Zarautsoy zalini jihozladi, viloyat ijroiya qo‘mitasining qarori bilan Zarautsoy kompleks qo‘riqxonasi tashkil etilishiga erishdi, 1946-yil 8-iyulda Zarautsoy Davlat kompleks qo‘riqxonasi chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risida Sherobod rayoni ijroiya qo‘mitasining qarorini chiqartirdi…
Afsus, G.V.Parfyonovning «Zarautsoy qoya rangtasviri» deb nomlangan asosiy ilmiy ishi nashr etilmay qoldi.
Xullas, Zarautsoy Parfyonovning asosiy xizmati bo‘lgan edi.
Shu bilan birga, Parfyonov o‘tgan asrning 30–50 yillarida yurtimiz moddiy madaniyat yodgorliklarini o‘rganish, ularni saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish, Surxondaryo viloyat o‘lkashunoslik muzeyi va hayvonot bog‘ini tashkil etish, xalqimiz, ayniqsa yosh avlodni o‘tmish merosiga muhabbat ruhida tarbiyalash va boshqa shu kabi ishlarda matonat, fidoyilik, kerak bo‘lsa jasorat ko‘rsatib, ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish yo‘lida beminnat, beg‘araz xizmat qilib, zahmat chekib faoliyat yuritgan insondir. Shuningdek, bu inson tashabbusi bilan tuzilgan Sheroboddaryo kompleks arxeologik ekspeditsiyasi Boysun tog‘larida 25 ta g‘or va kamar (shularning ichida Teshiktosh va Amir Temur g‘orlari ham bor edi) topdi, Ko‘hitangda 7 ta g‘orni aniqladi. Zarautsoy ulardan biri. Uning kuch-g‘ayrati bilan viloyat muzeyi qoshida boy ilmiy kutubxona tashkil topdi. Jasoratli va fidoyi insonning qat’iyligi tufayli viloyat hududidagi ko‘pgina yodgorliklar buzib yuborilishdan saqlab qolindi. Masalan, Sulton Saodat me’moriy majmuasi Parfyonov bo‘lmaganida yo‘q bo‘lib ketishi shubhasiz edi.
Gavriil Vasilevich Parfyonov yagona tabiat, tarix, madaniyat va san’at kompleks yodgorligi sifatida qaragan Zarautsoy va uning yon-atrofidagi hudud o‘sha paytlardanoq insonning yovuzlarcha aralashuvidan ozor chekardi. Masalan, Ko‘hitang tog‘larida brakonerlarning yovvoyi burama shoxli echki va arxarlar hamda jayronlarga qiron keltiruvchi harakatlariga tegishli idoralarning e’tiborini jalb etdi, jalb etdigina emas, balki bong urdi. U matbuotda suvni tejash, yerlarni buzilishdan saqlash masalalarida ko‘plab chiqishlar qilgan…
Parfyonov viloyatimizda ommaviy-o‘lkashunoslik harakatini avj oldirdi. Uning eng yaqin yordamchilari maktab o‘quvchilari edi. To‘garaklardan birining ishini shaxsan Parfyonov olib borardi. Termiz shahridagi ana shunday to‘garak a’zolaridan biri jahonga taniqli rassom bo‘lib yetishdi. Bu Ro‘zi Choriyev edi va uning ijodkor rassom sifatidagi birinchi qadami Parfyonov boshchiligida chiqib borishgan Zarautsoy suratlarini chizishdan boshlangandi.
Familiyasi qadimda o‘ggan davlat Parfiyaga kelishib ketishi, turgan-turishi g‘ayrioddiy insonning beqiyos ishlarini afsonadek hayratomuz eshitib, ulug‘dan ulug‘ sarhadlarga yondashgan kabi anglab, shunday odamlar ham bo‘lib o‘tganini ajib bir tug‘yonlar aro sezib yurganmiz. Ammo ming eshitgandan ko‘ra bir ko‘rgan afzal, deydilar. Shu ma’noda «Zarautsoy tilsimlari» kitobi uchun material yig‘ib kutubxona, muzey fondlari, eski davriy nashrlar taxlamlarini varaqlaganda, Parfyonov nomiga shunchalar ko‘p duch keldimki, bunday xizmatlarni bajo etishga har kim ham qodir emasligini anglaganman.
Parfyonovning hayoti hazrati inson har qanday sharoit, har qanday holatda ham ma’naviy kamolot yo‘lida charchamasligini anglatuvchi o‘rnak-namuna bo‘lib tuyuladi mening nazarimda.
Ushbu satrlar muallifi ancha vaqtlardan beri Zarautsoy bo‘yicha izlanishlar olib boraman, mavzuga oid o‘nlab maqolalar yozdim, maxsus kitob chiqardim, tarix va san’at yodgorligini targ‘ib etish, muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan «Zarautsoy» jamoatchilik markazini boshqaryapman, O‘Zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat Fondining Zarautsoyga oid davlat grantini amalga oshirgan odam o‘z tajribamda bunga iymon keltiraman.
Yurtimiz madaniyati va ma’naviyati uchun eng bebaho xizmatlar qilgan, olamshumul kashfiyotlarning boshida turgan, osori atiqalarimizning qo‘riqchisi bo‘lgan, Sulton Saodatdek muqaddas ziyoratgohni saqlab qolgan, zamon sarhadlariga sig‘magan orzular sohibi Gavriil Vasilevich Parfyonovning tarjimai holini tuzukroq bilmadik, u haqdagi ma’lumotlarni uzoq yillar izladik.
Toshkentlik yozuvchi Yuriy Fliginning qo‘limizga tushgan kitobi orqali Gavriil Vasilevich Parfyonov 1897-yil 23-mart kuni Rossiyaning Smolensk shahrida tug‘ilgani, gimnaziyada o‘qigani, armiyada xizmat qilgani, 1927-yildan Smolensk o‘lkashunoslik muzeyida ishlagani, yoshlik orzusini amalga oshirib, 1930-yilda Samarqandga va keyin esa Surxondaryoga kelganini bildik. Surxondaryodagina uning chin tadqiqotchilik va tashkilotchilik qobiliyatlari ochiladi, pedagogik mahorati namoyon bo‘ladi, faqat shu yerdagi xizmatlari uchun G.V.Parfyonovga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» faxriy unvoni beriladi, «Shavkatli mehnati uchun» medali bilan ham mukofotlanadi.
Parfyonov 1967-yili og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etadi.
Gavriil Vasilevich Parfyonovdek insonning xotirasi biz uchun ta’zim bajo keltirishga arzigulikdir.
Abdulla Xolmirzayev.
Jamiyat
Avtohalokatga uchragan mashinadan katta miqdordagi dori topildi
Ko‘p miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari egalariga yetib bormadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida Andijon viloyatida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda dorifurushlar tomonidan Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasining noqonuniy muomilasi oldi olindi.
Xususan, Andijon shahri hududida avtohalokatga uchragan «Changan CL03» rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina salon qismida 5071 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi vositasi borligi aniqlanib, prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 251 prim 1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 nafar O‘zbekiston fuqarolari gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilindi.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Bugun ikki hududda yomg‘ir yog‘ishi kutiladi
Bugun kunduzi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ba’zi joylarda qor yog‘adi. Toshkent viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.
Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 10-15° iliq, shimolda 3-8° iliq bo‘ladi.
Poytaxtimizda kunning birinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat 11-13° iliq bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Toshkent, Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor. Tuman tushishi mumkin Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 2-7° iliq bo‘ladi.
Jamiyat
Sobiq deputat, multi-millioner va avtobloger. Sanjar Karimov kim o‘zi?
Ijtimoiy tarmoqda Real Sanjik taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimov atrofidagi mojaro yangi bosqichga ko‘tarildi. Hashamatli hayotini ko‘z-ko‘z qilib, o‘zini juda boy inson sifatida ko‘rsatuvchi Karimovga nisbatan jiddiy ayblovlar qo‘yilib, qamoqqa olindi. Ayrimlar hibsni “toshkentlik bir qizning oilasidan uyi olib qo‘yilishi voqeasi” bilan bog‘lashyapti. Xo‘sh, Real Sanjik kim va nima ish bilan shug‘ullangan?
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Real Sanjik kim?
Xalq orasida Real Sanjik nomi bilan tanilgan tadbirkorning asl ismi – Sanjar Karimov. U 1990 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Intervyularidan birida yoshligida professional karate bilan shug‘ullangani, hatto O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi tarkibiga ham jalb qilingani haqida aytib o‘tgan. Talabalik yillarida bir muddat AQShda yashagan.
Uning omma e’tiboriga tushishi bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga “Bunyodkor” stadionida baxosi taxminan 300 ming dollar turadigan Bentley Continental avtomobilini sovg‘a qilishidan boshlanadi. O‘sha voqeadan so‘ng uning shaxsi bilan qiziquvchilar ko‘payadi.
Karimov, shuningdek, bir muddat Bektemir tumani deputati ham bo‘lgan.
4 mln dollarlik villa va 35 ta mashinali “garaj”
2024 yilda bloger Jahongir Latipovga bergan intervyusida Real Sanjik 4 million dollarlik villa va 35 ta mashinadan iborat avtoparki borligini aytgan.
Shov-shuvli suhbat davomida 35 yoshli Karimov asosan avtomobillari, qimmatbaho saotlar, ko‘chmas mulk ta’miri, hashamatli hayot tarzi va shunga o‘xshash narsalar haqida gapirgan.
Jahongir Latipov uni “O‘zbekistonning eng boy fermeri” deya ta’riflagan.
Ko‘rsatuvda boylik va xashamatga yo‘g‘rilgan hayot tarzini ko‘z-ko‘z qilarkan, hikoyamiz qahramoni aynan nima ish qilishi va asosiy daromadi qayerdan kelishi haqida aniq ma’lumot bermagan.
Sanjar Karimov qanday boyigan?
Ochiq manbalarga ko‘ra, Karimov Sanjar Baxrom o‘g‘li O‘zbekistonda tashkil etilgan bir qancha korxona va tashkilotlarning ta’sischisi va rahbari hisoblanadi.
Xususan, u g‘alla, urug‘lar va hayvonlar uchun ozuqalarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Agro Export Group Incorporation” MChJda 99,9 foiz, “Agro Martis” MChJda 100 foiz, yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Property Clouds” MChJda 50 foiz ulushga egalik qiladi.
Bundan tashqari, Karimov Agro Export Group orqali Trade&Production International’da 24 foiz, PetroGroup NRG’da 52,5 foiz, shuningdek, Agro Export Group va Agro Martis’lar orqali O‘zbekiston Urug‘chilar assotsiatsiyasida 33,3 foiz ulushni nazorat qilib keladi.
Tadbirkor asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ozuqalar, qurilish mahsulotlari hamda yoqilg‘i ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda ta’sischi yoki ulushdor sifatida keltirilgan.
Nizoli uy voqeasi
Shu yilning oktyabr oyida Toshkentda yashovchi Jamila Olimboyeva o‘zi va oilasi firibgarlik qurboni bo‘lganini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat qoldirdi. Qizning so‘zlariga ko‘ra, yigiti Shahzod Rismatov qariyb 70 yoshga kirgan ota-onasini uyni 12 kunga vaqtincha “garovga qo‘yishga” ko‘ndirgan, shundan so‘ng turar joy oldi-sotdi sifatida rasmiylashtirilib, Sanjar Karimov nomiga o‘tkaziladi.
Oradan ko‘p o‘tmay Shahzod Rismatov yo‘qolib qolgan. Keyinchalik uning qochib ketgani ma’lum bo‘ladi. Olimboyevaning ushbu da’vosidan so‘ng Sanjar Karimov uyni egalaridan 240 ming dollar naqd to‘lov evaziga sotib olganini aytib chiqdi.
Rismatovga nisbatan firibgarlikning bir nechta epizodlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qochoq “kuyov” 21 noyabr kuni 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Nizoli uy masalasi fuqarolik ish yuritish tartibida hal etilishi belgilandi.
Gazeta’ning yozishicha, jabrlanuvchi Aliboyevlar oilasi advokatlari ish doirasida Sanjar Karimovning harakatlariga ham huquqiy baho berishni talab qiladi. Sudya iltimosnomani qanoatlantirib, prokurorni xabardor qilishga qaror qilgan.
Sud hukmidan keyin Jamila Olimboyeva barcha bosimlarga qaramay, uni qo‘llab-quvvatlagani va adolat uchun kurashgani uchun Diyora Usmonovaga minnatdorchilik bildirib, post joyladi
Real Sanjik’ning qamoqqa olinishi
Shahzod Rismatovning qamalishidan bir necha kun o‘tgach, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 28 noyabrdagi ajrimi bilan Sanjar Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. U o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari tayyorlash yoki saqlashda gumonlanyapti.
Uni qamoqqa olish haqidagi iltimosnomani Mirobod tuman sudiga Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari kiritgan. Sudning 2025 yil 28 noyabrdagi ajrimi bilan, iltimosnoma qanoatlantirilib, ayblanuvchi Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.
Jamiyat
Buxoroda dorixona mudirining uyidan qariyb 335 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topildi
Olot tumanidagi ijtimoiy dorixona mudiri 17 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini fuqaro A.J.ga sotgan vaqtida ushlangan.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olot tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida tumandagi ijtimoiy dorixona mudiri S.B. chakana realizatsiya uchun litsenziyaga ega bo‘lmasa-da 17 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini fuqaro A.J.ga sotgan vaqtida ushlangan.
S.B.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 73 turdagi umumiy bahosi 334,6 mln so‘mlik dori vositalarini saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Jamiyat5 days agoСаида Мирзиёева атмосфера ҳавосининг ифлосланиши бўйича йиғилиш ўтказмоқда
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonga eng ko‘p dengiz mahsulotlarini yetkazib bergan davlatlar ma’lum qilindi
-
Jamiyat4 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Dunyodan4 days agoIndoneziyada bir necha kun ichida 700 dan ortiq kishi halok bo’ldi.
-
Sport3 days ago«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
-
Sport4 days agoShavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi
