Mahalliy
22 mart — Butunjahon suv kuni. Oltindan qimmat ne’mat…
22 mart — Butunjahon suv kuni. Oltindan qimmat ne’mat…
Source link
Mahalliy
Ko‘rgazmabozlik soyasidagi bayram yoxud sahnadan haydalgan bolalar
— O‘-o‘, bor, chetga chiq, sahna «chegarasi»dan o‘tma. O‘zi shunday-da ham sahna gilami oyoqlar tala-to‘pidan abjag‘i chiqdi. Bor, bor, nariroqqa o‘yna!— Navro‘z bayram dasturi tashkilotchilarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerda to‘shalgan gilamga chiqib, raqsga tushayotgan bolajonlarni turtkilab chetga surib chiqarishi birpasda ularning yuzidagi zavq-shavqniyam uchirib yubordi.
— E-e, bayraming bilan, xo‘pmi? Shunaqa siltaydimi bolani?!
— Gilaming toza bo‘lsayam, mayli edi. Bola-da, o‘ynaydi-da!
— O‘zi bayramni kim uchun qilyapsan, bor-e, o‘sha…! — deya bir nechta xotin-xalajlar jovrashib, sahna oldidan bolalariniyam olib, qo‘l siltab ketishdi.
Sahna oldidan haydalgan bolalar
To‘g‘ridan-to‘g‘ri yerda to‘shalgan yashil katta gilamda «Navro‘z» sayli tomoshasi. Shou-dasturi boshlangan. Sahna milliy an’ana va urf-odatlar aksi tushirilgan ko‘rgazmalar bilan bezangan. Sahna o‘rtasida esa sumalak ramziy qozonda «qaynab» turibdi. Atrofida ramziy kapkir tutgan odamlar fonogrammada qo‘shiq va laparlarni, go‘yo, avjga mindirishgan. Milliy o‘yinlar esa faqat ssenariyda. Amalda zamonaviy qo‘shiq va raqslar. Estrada xonandalari biri qo‘yib, biri oladi. Orada xorij musiqalari ham yangraydi: yoshlar almoyi-aljoyi raqslarga tushishgan, bolajonlar esa qanday musiqa ekanini farqlashmay, zavqlanishadi. Raqslar avjida bolajonlar sahna gilami «chegarasi»ni bosib qo‘yishgani uchun tashkilotchi chetga surib, o‘dag‘aylamoqda. Ota-onalar tajang. Sahna oldidan haydalgan bolalar esa xarxashada…
Hisobot uchun tashkil qilingan bunday sahna chiqishlari asl Navro‘z haqida yosh avlodga betakror taassurot qoldirmasligi ayon. Bu holatni kuzatib, dilimiz bir qadar og‘riydi. Negadir, hammamiz yaxshi bilsak-da, ssenariyli tomoshalardan to‘xtamaymiz.
Navro‘z — xalqimiz hayotida yangilanish, tabiat uyg‘onishi va odamlar qalbini birlashtiruvchi bayram sifatida nishonlanib keladi. Qadimda Navro‘z katta sahnalardan yoki rasmiy konsertlardan boshlanmagan. Bayram oddiy mahallalarda, qo‘shnilar orasida boshlangan. Ayollar va bolalar birga sumalak qaynatgan, erkaklar hashar qilib, ko‘cha va hovlilarni tozalagan, yoshlar milliy o‘yinlar uyushtirgan. Kechga borib esa qo‘shiq, lapar va raqslar bilan bayram davom etgan.
Ammo, bugungi bayram dasturlarini kuzatib, Navro‘z haqiqiy milliy qadriyat sifatida yashayaptimi, u o‘zining asl ruhini saqlab qoldimi yoki u sahnaviy shou va ko‘rgazmali tadbirlarga aylanib bormoqdami, degan savollar tug‘iladi. Asosiy maqsad Navro‘zni tomosha sifatida nishonlashmi yoki uning haqiqiy ma’nosini saqlab qolishdami?
Ko‘rgazmabozlik soyasida…
«Bizning yoshligimizda Navro‘z yasama sahnalarda emas, odamlar orasida bo‘lardi. Keng dalalarda, lozim bo‘lsa, yaylovlarda o‘tkazilardi. Qozonlarda sumalak qaynar, halisalar pishirilar, mahallalar ahli birlashardi. Qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilishardi. Bu bayramning go‘zalligi esa odamlarning dasturxon atrofida o‘tirib, bir-birini duo qilishda edi.
Bu qadriyatlar qishloqlarimizda hozir ham bor. To‘g‘ri, tomoshalarning bugun katta-kichik sahnalarda ramziy ashyolar bilan o‘tkazilayotgani biroz erish bo‘lsa-da, soz-navolar har joy har joyda yangrab turibdi. Ammo, bolalar zavqu-shavqiga go‘yoki, ssenariy tomoshalarini «buzib» qo‘ygan sifatida qarash juda xunuk holat. Bu bayramning asl ruhi dillarni zavqlantirish, qalblarni quvontirishdan iborat bo‘lsa… O‘zim ham bu holatni ko‘rib, o‘ylanib qoldim-da…»-deydi shofirkondan Buxoro shahrida uyushtirilgan Navro‘z bayrami sayllaridan biriga nevaralari bilan kelgan otaxon.
Darhaqiqat, Navro‘zning asosiy mazmuni ham ana shu: dillarga zavq ulashish, biri-biridan arazlamaslik, gina-quduratni unutish, birdamlik, mehr va yangilanish. Salkam 35 yil bo‘lyaptiki, biz Navro‘zning qayta tiklanganidan mamnunligimizni takror-takror so‘zlaymiz. Agar bu milliy bayram faqat sahna va ko‘rgazmaga aylanib qolayotgan bo‘lsa, Navro‘zning asl mazmuni yana soyada qolib ketishi mumkin.
To‘g‘ri, madaniy dasturlar bayramga fayz bag‘ishlaydi. Biroq, ba’zan tadbirlar shunchalik rasmiy va ssenariy asosida tashkil etiladiki, u xalqona ruhdan biroz uzoqlashgandek tuyuladi. Hamma ko‘rinishlar ramz va ko‘rgazmalar orqali «boshqariladi». Milliy raqs va milliy o‘yinlar qisqa namoyish etiladi.
«Mutasaddilar kelib-ketguncha, qo‘l tekkizmang…»
Navro‘z, deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga mo‘l-ko‘l dasturxon keladi. Bu mehmondo‘stlik va saxovat belgisi. Biroq, og‘riqli jihat: Navro‘z dasturxonlari milliy taomlar va milliy pishiriqlar namoyishida kimo‘zarchilik avjga minadi. Tuman, shaharlar nomi yozilgan dasturxonlarni bezash — xuddi an’anaviy «bellashuv»ga aylanib ketgan. Saylga chiqqan mahalliy odamlaru xorijlik sayyohlar bu milliy taomlardan yo xarid qilishni yoki tatib ko‘rishni istaydi. Yo‘q. Toki, mutasaddilar dasturxonlarga «baho» berib o‘tishmaguncha, qo‘l tekkizish yo‘q. Bu bayram odamlar uchunmi, yoki mutasaddilar uchunmi?
Bir tadbirda bo‘lib o‘tgan voqea bunga misol bo‘la oladi. Navro‘z kuni dasturxonlar ko‘rik-tanlovi uyushtirilmoqda. Bir tuman o‘n xil milliy taom tayyorlagan bo‘lsa, ikkinchisi salkam yigirma xil milliy taom va pishiriqlar bilan qatnashdi. Dasturxonlar haqiqatan to‘lib-toshgan. Ammo, «qo‘l tekkizish»ga ruxsat berilmagan dasturxon ne’matlari, deyarli, yeyilmay qolib ketdi.
Sun’iy dabdaba ortidagi «majburiyat»
Qorovulbozor tumani vakili: «Navro‘zning fayzi dasturxonning ko‘p yoki liq to‘laligida emas, aslida, niyatning tozaligida. Ammo, ko‘rgazma uchun shuncha pishiriqlarni tayyorlab kelishga majburmiz», — deydi.
Milliy bayram va sayl ortida yotgan isrofgarchilik «bellashuvi» majburiyati ko‘z-ko‘z qilishga asoslangan sun’iy dabdabaning belgisi, xolos. Ammo, bu ko‘proq ma’naviy qadriyatlardan yiroqlashib borayotgan odatga aylanib qolayotgani bilan xavotirli.
Xalq orasida Navro‘z dasturxoniga oid bir rivoyat bor. Bir qishloqda Navro‘z kuni bir boy katta dasturxon yozgan. Hil-hil taomlar, shirinliklar – hammasi bor. Qo‘ni-qo‘shnilar ham boydan qolishmay, deyishib, katta-katta laganlarda turli xil noz-ne’matlar olib chiqishibdi. Shu payt bir kambag‘al dehqon faqat bitta kosada oddiygina osh olib kelibdi. Odamlar hayron.
— Nega buncha kam?
— Bu osh halol mehnatimdan tayyorlangan. Navro‘zning barakasi shu kosada ham yetarli.
Aytishlaricha, o‘sha kuni katta dasturxon yoygan boy ham, boshqa odamlar ham aynan, o‘sha oshdan yeyishibdi.
Maqsad, milliy bayramda urchib ketayotgan ko‘rgazmabozligu isrofgarchiliklarni tanqid qilish emas, balki, bayram mazmunini saqlash, uni boricha kelajak avlodga yetkazish.
Mutaxassislarning fikricha, Navro‘zning asl g‘oyasi tabiatni asrash, insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish va yangi umidlar bilan hayotni boshlashdir. Shuning uchun so‘nggi yillarda ba’zi joylarda yaxshi tashabbuslar ham paydo bo‘lmoqda. Navro‘z kuni ko‘chat ekish aksiyalari o‘tkazilmoqda, mahallalarda hasharlar tashkil etilmoqda, milliy o‘yinlar qayta tiklanmoqda. Bu izchil harakatlar, albatta, xayrli.
Navro‘z odamlarni birlashtirish, dillarni yaqinlashtirish, tabiat bilan birga yangilanish bayrami. Shu bois, uning haqiqiy quvonchi baland sahna yoki dabdabali dasturxonlarda emas, bolalarning beg‘ubor kulgisida, qo‘shnilar duosida va odamlar qalbidagi samimiylikda yashaydi.
Shunday ekan, Navro‘zni bezakli va ko‘rgazmabozli tomosha emas, qadriyat sifatida asraylik. Zero, bayramning eng katta bezagi odamlar qalbidagi mehr va samimiyatdir.
Laylo Hayitova
Mahalliy
Ro‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
Ramazon oyi davomida inson organizmi odatiy hayot ritmidan chiqib, mutlaqo boshqa kun tartibiga moslashadi. Aynan shu bosqichda qilingan xatolar sog‘liqqa jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Bu davrda nafaqat ovqatlanish vaqti, balki metabolizm, gormonal muvozanat va hazm tizimi faoliyati ham o‘zgaradi.
Shuning uchun ro‘za tugagandan keyingi davr oddiy eski kun tartibiga qaytish emas, balki organizmni ehtiyotkorlik bilan qayta moslashtirish bosqichi hisoblanadi.
Bu bosqichda tana «iqtisod rejimi»da ishlaydi. Shu sababli ro‘za tugaganidan keyin organizmni birdaniga og‘ir ovqatlar bilan siylash uni shok holatiga olib kelishi mumkin.
Eng ko‘p uchraydigan xato — bu bayramona ovqatlanish. Nafsi buzuq — hayitda o‘lar deganlaridek, ko‘p miqdorda shirinlik, yog‘li taomlar va tartibsiz ovqatlanish qisqa vaqt ichida quyidagi muammolarga sabab bo‘ladi: vaznning tez oshishi, oshqozon og‘riqlari, holsizlik va hatto qon bosimining o‘zgarishi.
Organizmni to‘g‘ri tiklash uchun eng avvalo ovqatlanishni asta-sekin yo‘lga qo‘yish kerak. Birdaniga ko‘p yemaslik, balki kam-kamdan, lekin tez-tez ovqatlanish tavsiya etiladi. Oqsil va sabzavotlarga boy taomlar oshqozonni yengil ishga tushiradi va ortiqcha yuklamaning oldini oladi.
Suv iste’moli ham juda muhim. Ro‘za paytida organizm ma’lum darajada suyuqlik tanqisligiga uchraydi. Shuning uchun kun davomida yetarlicha suv ichish metabolizmni tiklaydi, organizmni tozalaydi va umumiy holatni yaxshilaydi.
Yana bir muhim jihat bu ichaklar faoliyati. So‘nggi ilmiy izlanishlarga ko‘ra, ichaklar inson salomatligining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Ichaklar — ikkinchi miya, deb ham bejiz aytilmagan. Ro‘zadan keyin qatiq, kefir va tolaga boy mahsulotlar iste’moli ichak mikroflorasini tiklashga yordam beradi.
Shu bilan birga, uyqu va dam olish rejimiga ham e’tibor qaratish lozim. Tabiiyki, Ramazon oyi davomida ko‘pchilikda uyqu tartibi buzilgan, bu esa stress gormonlarining oshishiga olib keladi. Ro‘zadan keyin uyquni me’yorga keltirish organizmning tezroq tiklanishiga xizmat qiladi.
Jismoniy faollikni ham unutmaslik kerak. Birdaniga og‘ir mashqlar emas, balki oddiy yurish yoki yengil harakatlar orqali tanani asta-sekin faol holatga qaytarish maqsadga muvofiq.
Xulosa qilib aytganda, ro‘za — bu faqatgina och qolish emas, balki organizmni yangilash jarayoni. Ammo bu yangilanishni saqlab qolish uchun ro‘zadan to‘g‘ri chiqish ham juda muhim.
Mahalliy
Davlat grantida o‘qigan bitiruvchilar uchun majburiy ishlab berish muddati o‘zgarishi mumkin
Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi bakalavriat va magistraturada davlat grantlari asosida o‘qigan taqdirda, «uning ishlab berish majburiyati davomiyligini ta’lim yo‘nalishi xususiyatini hisobga olgan holda» Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilash rejalashtirilmoqda.
Mazkur tartib amaldagi qonunchilikda «kamida uch yil deb hisoblanadi».
Ya’ni bu borada e’lon qilingan tegishli idoraviy qo‘shma qaror loyihasi bilan davlat grantida o‘qigan bitiruvchilar uchun kamida 3 yil majburiy ishlab berish talabi bekor qilinyapti va bu muddatni belgilash tegishli vazirlikka berilyapti.
Shuningdek, majburiy ishga taqsim qilinishda bitiruvchilarning doimiy yashash joyiga qo‘yilgan talab ham bekor qilinadi.
Hujjat loyihasi tasdiqlangan taqdirda, har o‘quv yilining boshida oliy ta’lim muassasalariga bakalavriat va magistratura bo‘yicha davlat grantlari asosida qabul qilingan talabalarga oliy ta’lim muassasasi bilan o‘qishni tamomlagandan so‘ng ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda majburiy ishlab berish to‘g‘risidagi shartnomani tuzish talabi qo‘yiladi.
Mahalliy
Ichimizdagi Shekspirning singlisi yoxud “ayolning o‘z xonasi”
Virjiniya Vulfning “Ayolning o‘z xonasi” essesini o‘qiganimda maqola yozishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Ammo uni boshlashim uchun nafaqat qulay sharoit, balki ichimdagi “ideal uy bekasi” bilan jang qilishimga to‘g‘ri keldi.
Virjiniya Vulfning 100 yil avvalgi orzusi, ayolning o‘z xonasi bo‘lishi bugun nega hali ham muammo? Nega biz ijod qilayotganda tozalanmagan uy yoki yuvilmagan idishlar uchun o‘zimizni aybdor his qilamiz? Nahotki ichimizdagi “Shekspirning singlisi”ni qutqara olmasak?
Xayollarim Virjiniya Vulfning o‘sha essesiga ketadi: “Tasavvur qiling-a, agar Shekspirning Judit ismli iste’dodli singlisi bo‘lganida nima bo‘lar edi, Shekspirdek o‘zini namoyish qilishi uchun sharoit yaratilarmidi?”
Maqolani yozishga kirishdim, ammo shu bilan birga miyamda kechki ovqatning menyusini tuzayapman: “nima ovqat qilsam ekan, kecha sho‘rva edi, bugun-chi…” yana xayollarimni yozayotgan maqolaga yo‘naltiraman… Aytaylik, Judit ham sarguzashtlarga moyil, xayolparast, dunyoni akasi kabi ko‘rishga intilardi. Lekin uni maktabga yuborishmadi. Uning grammatika va mantiqni o‘rganish imkoniyati yo‘q edi, Shekspirdek Goratsiy va Vergiliyni o‘qishni ham. Qizaloq ehtimol akasining kitobini olib o‘qirdi, lekin ota-onasi unga yirtilgan paypoqni tikishni yoki ovqatga unnashni va kitobu qog‘ozlar bilan ovora bo‘lmaslikni aytishdi.
Shekspirning singlisi sahnaga ham chiqa olmadi, chunki ayollarga teatrda ishlash taqiqlangan edi. Uni turmushga uzatib yuborishdi. Va nihoyat, u o‘zini o‘ldirdi — ulkan iste’dod bilan, lekin hech qanday imkonsizlikda.
Vulf bu obrazi orqali ayollarning iqtidori asrlar davomida qanday tarzda uvol qilinganini ko‘rsatadi. Bugungi kunda, qariyb bir asr o‘tgach, vaziyat o‘zgardimi? Ko‘plab qizlar ta’lim olmoqda, ishlaydi, hatto moliyaviy mustaqillikka erishdi. Lekin hali ham ko‘pchilikda o‘sha Juditning taqdiri takrorlanmoqda, faqat endi to‘siqlar ko‘proq ichki va noyob shaklda.
O‘zbek jamiyatida bu muammo yanada kuchliroq seziladi. Ko‘p qizlar ta’lim oladi, lekin turmush qurib, farzand ko‘rgandan keyin o‘z orzularini “keyinroq”ga qoldiradi. “Qiz bola uchun birinchi o‘rinda oila”, “ijodkorligini ko‘rsatish shart emas” degan gaplar hali ham o‘z kuchida. Erkak kishi uchun ijod kasb, ayol kishi uchun esa uy ishlaridan ortsagina amalga oshirish mumkin bo‘lgan xobbi yoki iltifot kabi ko‘riladi. Natijada, rassomlik, yozuvchilik, musiqa, tadbirkorlik — bularning hammasi “hozir vaqti emas” deb ortga suriladi. Vaqt o‘tib, iste’dod uvol bo‘ladi. Bugungi ayolning iqtidori nega hali ham “o‘z xonasi”ni topa olmayapti?
Ichki qulf va “mukammal ayol” sindromi
Vulf aytganidek, “paypoq yamash” va “ovqatga unnash” bugungi ayol uchun maishiy yumushlardan ko‘ra kattaroq ruhiy yukka aylangan. Ko‘pchilik iqtidorli ayollar o‘z xonasiga kirib, ijod qilish yoki loyiha ustida ishlash uchun avval ideal uy bekasi va fidoiy ona degan maqomlarni yuz foiz qoyillatib bajarib qo‘yishi kerak deb hisoblaydi. Muammo shundaki, ayol o‘zining shaxsiy rivojlanishi uchun sarflaydigan vaqtini oilasidan o‘g‘irlangan vaqt deb biladi.
Natijada o‘z xonasiga kirganda ham xayolida “kechki ovqat”, “bolalarning darsi” yoki “mehmonni ko‘ngildagiday kutib olish” turadi. Bu esa psixologlar fikriga ko‘ra, iqtidorning to‘liq ochilishiga yo‘l bermaydigan diqqat tarqoqligini keltirib chiqaradi.
Demak, ayolning o‘z xonasi faqat to‘rtta devor va stol-stul emas, balki bu daxlsizlik huquqi. Bugungi ayolda xona bo‘lishi mumkin, lekin o‘sha xonaning eshigini taqillatmay kiradiganlar, uning vaqtini arzimas, deb biladiganlar ko‘p. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi ayollar guruhidagi bahslardan bilish mumkinki, kelinlarning xonasini taqillatmay kirish va shaxsiy chegarasini buzish ko‘pchilik uchun odatiy hol. Kelin biror loyiha ustida ishlayotgan bo‘lsa u haqida bosh qotirmaydi, balki miyasini qaynonasiga va boshqalarga kelinni xonasiga kirish mumkin emasligini xafa qilmay qanday aytish muammosi band qilgan bo‘ladi. Ya’ni bugungi Juditlarning xonasi bor, lekin kaliti yo‘q. Ularning vaqti ijtimoiy majburiyatlar, qarindosh-urug‘chilik rishtalari va ayol bo‘sh o‘tirmasligi kerak, degan qarashlar bilan bo‘lib tashlangan. Demak ayolning o‘z xonasi bu shunchaki mebellar to‘plami emas, bu — atrofdagilarning uning vaqtiga va fikriga bo‘lgan hurmatini ham anglatadi.
Maqola tugashiga ozgina qoldi, yana xayolimni Vulfning Juditi emas, balki oshxonadagi rejalar band qiladi: “go‘shtni muzxonadan olishim kerak”… Shunda anglaymanki, biz xonamizga kirib, eshikni qulflaganimiz bilan, mas’uliyat hissini tashqarida qoldira olmaymiz, xayolimizda qaynayotgan qozon, yuvilishi kerak bo‘lgan kiyimlar va ertangi kunning maishiy tashvishlari qoladi.
Toki ayolning xayoli har doim oshxona va mehmonxona o‘rtasida ekan, uning ichidagi Shekspirning singlisi baribir sukut saqlashga majbur.
Lekin Vulf faqat fojiani ko‘rsatmaydi, u yechimni ham taqdim etadi. Uning mashhur formulasi bor: “Ayol kishi badiiy asar yozishi uchun yiliga 500 funt daromad va o‘z xonasiga ega bo‘lishi shart”. Nega iqtisodiy mustaqillik va shaxsiy chegara bu qadar muhim? Chunki shaxsiy mablag‘i bo‘lmagan ayol o‘ziga vaqt ajratishni, kitob sotib olishni yoki kovorkingga borishni “oila budjetiga xiyonat” yoki “erkalik” deb biladi. Moliyaviy erkinlik esa ayolga nafaqat istaganini xarid qilish, balki o‘z vaqtini sotib olish imkonini beradi.
Bugun bu “xona”ni yaratish uchun imkoniyatlar ko‘p: onlayn kasblar, grantlar, masofaviy ish. Ammo eng muhimi, ichki ruxsat. “Mening ijod qilish huquqim bor va buning uchun sarflagan pulim yoki vaqtim xudbinlik emas, balki shaxsiy kapitalimga kiritilgan investitsiyadir” degan qarash shakllanishi kerak.
Xullas, ushbu maqolani yakunlar ekanman, shuni anglayman: bu maqola shunchaki yozilmadi. Bu qaynayotgan qozon va yuvilishi kerak bo‘lgan kiyimlardan o‘g‘irlangan daqiqalar emas, balki maishiy turmush shiddatidan yulib olingan, himoya qilingan va g‘alaba qozonilgan vaqt hosilidir.
Siz ushbu satrlarni xonangizda o‘qiyotganingizga va o‘zingiz uchun kerakli xulosani chiqarganingizga ishonaman. Nima bo‘lganda ham, ichingizdagi o‘sha iste’dodni — Shekspirning singlisini o‘ldirmang! Bizning Juditdan farqimiz shundaki, endi bizda tanlov bor: iqtidorimizni maishiy turmush qa’rida uvol qilishda davom etamizmi yoki nihoyat o‘zimiz uchun daxlsiz “xona” yaratib, uni ozod qilamizmi?
Barno Sultonova
Mahalliy
O‘zbekistonlik ikki nafar o‘quvchi AQShning MIT universiteti grantini yutib oldi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning iki nafar bitiruvchisi – Zohidjonov Elbek va Sunnatov Asilbek dunyoning eng nufuzli texnik oliygohlaridan biri sanalgan Massachusetts Institute of Technology (MIT) universitetiga 100 foizlik grant asosida qabul qilindi.
Elbek va Asilbek butun O‘zbekiston bo‘yicha MIT universitetiga to‘liq grant asosida o‘qish imkonini qo‘lga kiritgan sanoqli va noyob iqtidor egalaridan.
QS World University Rankings reytingiga ko‘ra, MIT ketma-ket 13 yildan buyon dunyoda 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Shuningdek, MIT 100 dan ortiq Nobel mukofoti sovrindorlarini yetishtirgan nufuzli ta’lim dargohi hisoblanadi.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Iqtisodiyot4 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat3 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Dunyodan5 days ago
Xakerlar Isroil va Rizo Pahlaviyning maxfiy hujjatlarini qo’lga kiritadilar
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Siyosat5 days agoOnlayn suiiste’mollik va zararli kontentga qaratilgan qonun loyihasi Senatga kiritiladi
