Iqtisodiyot
2030-yilgacha rasmiy band aholi soni 14 millionga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sohada prokuror nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Keyingi yillarda bu borada tizimli ishlar amalga oshirildi, xususan, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus va hududiy komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, soliq va bojxona organlarida xavf tahlili hamda segmentlash tizimlari joriy etilib, qonunchilikdagi yashirin aylanmalarga yo‘l ochayotgan bir qator “tuynuk”lar yopildi, qonunga itoatkor tadbirkorlarni rag‘batlantirish choralari esa kuchaytirildi.
Amalga oshirilgan choralar natijasida so‘nggi ikki yilda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 35 foizdan 23 foizgacha kamaydi, budjetga qo‘shimcha 38 trillion so‘m undirildi, rasmiy band aholi soni 8,5 million nafardan oshdi, rasmiy o‘rtacha ish haqi esa 6,5 million so‘mga yaqinlashdi.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushi hali ham yuqoriligicha qolmoqda. Statistik baholashlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qishloq xo‘jaligida 81,1 trillion so‘mni, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 24,5 trillion so‘mni, qurilishda 23,9 trillion so‘mni, sanoatda esa 6,7 trillion so‘mni tashkil qilmoqda.
Yashirin iqtisodiyot budjet daromadlarini kamaytirish bilan bir qatorda mamlakatdagi sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatish, norasmiy bandlik tufayli fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganlik darajasini pasaytirish, aholi (iste’molchilar) hamda tadbirkorlik subyektlarining qonun bilan belgilangan kafolat va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan to‘liq foydalana olmaslik kabi oqibatlarga olib keladi.
Mamlakatimizda 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobar qisqartirish, rasmiy band aholi sonini 14 million nafarga, naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari tomonidan sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda sohalar va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi, ehtimoliy budjet yo‘qotishlari va qo‘shimcha daromad manbalarini aks ettiradigan yagona raqamli platformani yaratish, ushbu platforma yordamida xufiyona aylanmalarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash hamda bartaraf etish zarurligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.
Taqdimotda aynan shu maqsadda Bosh prokuratura tomonidan yaratilgan va sinov tariqasida ishga tushirilgan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasining imkoniyatlari haqida axborot berildi.
Platforma iqtisodiyotning 22 ta asosiy tarmog‘i, 85 ta soha, 14 ta ma’muriy hudud va 208 ta tuman-shahar kesimida yashirin aylanmalar xavfini aniqlash va mas’ullar tomonidan ularning bartaraf etilishini nazorat qilish orqali budjet daromadlarini oshirish hamda sog‘lom raqobatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Platformani ishlab chiqishda soliq, bojxona, moliya, iqtisodiyot, statistika, ekonometrika va ehtimollar nazariyasi yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator malakali mutaxassislar jalb qilinib, yuzdan ortiq xavf mezonlari ishlab chiqilgan hamda ularga hudud va tarmoqlarning o‘ziga xos xususiyatlari, soliq rejimi, tovar aylanmasi, budjet uchun ahamiyati va boshqa omillarni inobatga olgan holda individual koeffitsiyentlar belgilangan.
Soha va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy budjet yo‘qotishlarini aniqlash maqsadida platformaga 16 ta mas’ul vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilingan va barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida qayta ishlash imkoniyati yaratilgan.
Platforma tahlillari asosida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy budjet yo‘qotishi miqdoridan kelib chiqib, soha va hududlar avtomatik tarzda “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifalarga ajratiladi.
Mazkur platforma orqali litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy aylanma, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini yashirish, rentabellik va foydani kamaytirish kabi xavflar avtomatik aniqlanadi.
Taqdimotda platformaning imkoniyatlaridan foydalangan holda sohada prokuror nazoratini raqamlashtirish orqali uni yangi bosqichga olib chiqish taklif etildi.
Mazkur jarayonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga mas’ul vazirlik va idoralarning kuch va vositalari platforma tahlillari asosida manzilli yo‘naltiriladi, ularni nazorat qilishda esa inson omili yanada kamaytiriladi. Yashirin iqtisodiyot xavfi yuqori bo‘lgan soha va hududlar avtomatik tarzda aniqlanadi, sabablar tahlil qilinadi, mas’ul idoralarga manzilli topshiriqlar beriladi, ijro nazorat qilinadi va natijalar baholab boriladi.
Agar tuman yoki shahar darajasida muammo hal etilmasa, masala viloyat bosqichiga, zarur hollarda respublika darajasiga olib chiqiladi. Tizim orqali muammoning ildiz sabablari aniqlanib, uni bartaraf etish, qonunchilikni takomillashtirish va budjet daromadlarini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Davlatimiz rahbari yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda asosiy e’tibor raqamlashtirish, ma’lumotlar almashinuvini kuchaytirish, inson omilini kamaytirish va nazoratni manzilli tashkil etishga qaratilishi zarurligini yana bir bor ta’kidladi.
Mas’ullarga 1-oktyabrga qadar 70 dan ortiq axborot tizimini platformaga integratsiya qilish, 1 yanvarga qadar barcha hududlar va sohalarni ushbu platforma bilan qamrab olib, to‘liq ishga tushirish topshirildi.
Shuningdek, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda mutasaddilarning mas’uliyatini oshirishda prokuror nazoratini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
