Iqtisodiyot
Ipoteka bank’ni o‘z tarkibiga olgan OTP Group ilk bor Forbes Global 2000 reytingida dunyoning eng yirik 400 ta kompaniyasi safiga qo‘shildi
OTP Group muhim natijaga erishdi: guruh to‘rt yillik barqaror o‘sish ortidan ilk bor Forbes Global 2000 reytingida dunyoning TOP-400 yetakchi kompaniyalari safiga kirdi.
2026 yil 26 iyun, Budapesht (Vengriya) — Forbes Global 2000 har yili dunyoning eng yirik ommaviy kompaniyalari reytingini e’lon qiladi. Reyting to‘rtta asosiy moliyaviy ko‘rsatkich — tushum, foyda, aktivlar va bozor kapitallashuvi asosida shakllantiriladi. Barcha ko‘rsatkichlar teng darajada hisobga olinadi. Metodikaga ko‘ra, har biri bo‘yicha alohida 2000 talik ro‘yxat tuzilib, yakuniy o‘rin umumiy natijalar asosida aniqlanadi.
«OTP Group Forbes Global 2000 reytingida dunyoning eng kuchli 400 ta kompaniyasi safiga kirdi. Bu — Vengriyada bosh qarorgohga ega mintaqaviy bank guruhi sifatida xodimlarimiz, mijozlarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda qo‘lga kiritilgan muhim yutuqdir. OTP Groupʼning izchil rivoji barqaror strategiyamiz hamda mijozlarga yo‘naltirilgan biznes modelimizning mustahkamligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bugun 11 mamlakatda faoliyat yuritayotgan qariyb 40 ming nafar xodimimiz 17,5 millionga yaqin mijozlarimiz hayotini yanada qulay va xavfsiz qilish yo‘lida har kuni xizmat qilmoqda hamda Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yetakchi o‘rnimizni mustahkamlab bormoqda.
Barcha jamoamizga umumiy muvaffaqiyatimizga qo‘shgan hissasi uchun, mijozlarimizga esa bizga bildirib kelayotgan ishonchi uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Aynan mana shu ishonch barqaror o‘sishimizning asosidir», — dedi OTP Bank bosh direktori Peter Chani.
2026 yilda OTP Group Forbes baholaydigan barcha asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha dunyoning yetakchi TOP-1000 kompaniyalari safidan o‘rin oldi: foyda bo‘yicha — 360-o‘rin, aktivlar bo‘yicha — 313-o‘rin, daromad bo‘yicha — 993-o‘rin, bozor qiymati bo‘yicha — 658-o‘rin. Yakunda esa guruh umumiy reytingda 398-pog‘onani egalladi.
Bu natija ayniqsa e’tiborga molik, chunki atigi to‘rt yil avval OTP Group hatto dunyoning TOP-1000 kompaniyalari qatoridan ham joy olmagan edi. Shundan buyon guruh yil sayin o‘z pozitsiyasini izchil va sezilarli darajada mustahkamlab bormoqda.
OTP Group haqida
OTP Group Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi yetakchi va jadal o‘sib borayotgan bank guruhlaridan biri bo‘lib, yuqori daromadliligi, shuningdek, kapital va likvidlik bo‘yicha barqaror ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi. Bugungi kunda guruh Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyoning 11 mamlakatida faoliyat yuritib, qariyb 40 ming nafar xodimi orqali 17,5 millionga yaqin mijozga keng qamrovli moliyaviy xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.
OTP Group Markaziy va Sharqiy Yevropa bank sektorida kengayish va qo‘shib olish jarayonlarini faol amalga oshirayotgan yetakchi moliyaviy guruhlardan biri hisoblanadi. 2000 yillar boshidan buyon guruh 25 ta bankni muvaffaqiyatli qo‘shib olib, ularni o‘z tizimiga samarali moslashtirgan.
OTP Group bosh qarorgohi Vengriyada joylashgan bo‘lib, guruh ochiq va shaffof mulkchilik tuzilmasiga ega. Bank guruhi aksiyalari 1995 yildan buyon Budapesht fond birjasida erkin savdoga chiqarilib, investorlarga ochiq tarzda taklif etib kelinmoqda.
Sayt: Website
LinkedIn: We are proud to share that OTP Group has been ranked among the TOP 400 companies globally in the Forbes Global 2000 ranking.
Sayt: OTP Group, tarkibiga Ipoteka bank kiruvchi guruh, ilk bor dunyoning eng yirik 400 ta kompaniyasi qatoriga kirdi.
Reklama huquqi asosida
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
Fermer va klasterga har bir tonna paxta uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksport logistikasi xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilandi.
Paxtani birja orqali sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya berish belgilandi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanadi. Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar ham belgilandi.
«Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarish qilinib, aholiga tayyor holda taklif etiladi.
Bu maqsadlarga 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish ishlariga esa 200 mlrd so‘m ajratiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 16 foizdan 30 foizga yetkazish va eksportni 500 mln dollarga oshirish vazifasi ham qo‘yildi.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish belgilandi. Kichik qayta ishlash uskunalarini aholiga lizing asosida berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchi tumanida 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona loyihasini respublika bo‘ylab ommalashtirish belgilandi. Bu maqsadga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijon uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.
