Iqtisodiyot
2026 yilning ilk oyida O‘zbekistonda energoresurslar ishlab chiqarish qanday o‘zgardi?
Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish 7,5 foizga, neft qazib olish 1,8 foizga qisqardi. O‘z navbatida, benzin ishlab chiqarish 11,7 foizga, dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish qariyb 2,5 barobarga oshdi. Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish ham ko‘paydi. Bunda yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi 2 foizga kamaygan bo‘lsa, kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 46,5 barobarga oshdi. Avtomobil ishlab chiqarishda ham keskin o‘sish kuzatildi.
Foto: Getty Images/RIA Novosti
Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yilning yanvar oyidagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.
Joriy yilning dastlabki oyida gaz qazib olish hajmi 3,7 mlrd kub metrni tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 0,3 mlrd kub metrga yoki 7,5 foizga qisqargan.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda gaz qazib olish dinamikasi quyidagicha o‘zgardi:
Ma’lumot uchun, yanvar oyida gaz eksporti to‘xtagan, import hajmi esa qariyb 167 mln dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,9 barobar yuqori ko‘rsatkich.
«O‘zbekiston-2030» strategiyasiga ko‘ra, joriy yilda 40,2 mlrd kub metr gaz qazib olinishi kutilyapti. Bu 2025 yilga nisbatan 3,6 foizga yoki 1,5 mlrd kub metrga kam.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi 4 yil davomida gaz qazib olish ko‘rsatkichlari quyidagicha o‘zgaradi:
2027 yil – 42,9 mlrd kub (+6,7 foiz);
2028 yil – 44,5 mlrd kub (+3,7 foiz);
2029 yil – 45,5 mlrd kub (+2,2 foiz);
2030 yil – 48,5 mlrd kub (+6,6 foiz).
Hisobot davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan neft qazib olish 55,1 ming tonnadan 54,1 ming tonnaga (-1,8 foiz), gaz kondensati ishlab chiqarish 99,7 ming tonnadan 83,4 ming tonnaga (-16,3 foiz) qisqargan.
O‘z navbatida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 33,2 ming tonnadan 81 ming tonnaga (+144 foiz), benzin ishlab chiqarish 99 ming tonnadan 110,6 ming tonnaga (+11,7 foiz) oshgan.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish ham umumiy hisobda oshgan. Xususan, 2025 yilning yanvar oyida 7,57 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 8,18 mlrd kWh’ni tashkil etgan. Bunda yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmi 2 foizga kamaygan bo‘lsa, kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 46,5 foizga oshgan.
2026 yilning dastlabki oyida O‘zbekistonda 22 ming 99 dona yengil mashina ishlab chiqarilgan. Bu 2025 yilning yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan 6 ming 486 donaga yoki 41,5 foizga ko‘p. Ishlab chiqarishning o‘sishi barcha avtomobil modellari bilan kuzatilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi kompaniyalar aksiyalarini sotib olishi osonlashadi
Jismoniy shaxslar yiliga 10 ming dollargacha, yuridik shaxslar esa yiliga 200 ming dollargacha mablag‘ni alohida ruxsat olmasdan investitsiya maqsadida xorijga jo‘natishiga yo‘l ochilmoqda. Markaziy bankning tegishli qarori 2026 yil 17 sentabrdan kuchga kiradi.
Nyu York fond birjasi / Foto: REUTERS / Brendan McDermid / File photo
O‘zbekistonda kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi soddalashtirildi.
Markaziy bank boshqaruvining 2 iyun kuni qabul qilinib, 15 iyunda ro‘yxatdan o‘tkazilgan qaroriga asosan, 2026 yil 17 sentabrdan boshlab O‘zbekiston rezidentlari ayrim holatlarda xorijga investitsiya maqsadida pul chiqarish uchun oldindan alohida ruxsat olishi talab etilmaydi.
Xususan, jismoniy shaxslar bir kalendar yil davomida 10 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishi, ya’ni chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etishi (kompaniya aksiyasini sotib olishi) mumkin.
Bunda, jismoniy shaxslar tomonidan chet eldagi brokerlik yoki investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirish uchun pul mablag‘larini o‘tkazish 18.12.2025 yildagi PF-254-son prezident farmoniga muvofiq faqat tegishli litsenziyaga ega investitsiya vositachilari ishtirokida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, bir kalendar yil davomida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning shu’ba tashkilotlari 100 000 AQSh dollari, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar esa 200 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishiga ham ruxsat etilmoqda. Gap – chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etish, chet elda filiallar, vakolatxonalar va savdo uylari faoliyatini tashkil etish haqida ketmoqda.
Shuningdek, bir kalendar yil davomida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning shu’ba tashkilotlari 50 000 AQSh dollari, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar esa 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet eldagi o‘z filiallari va vakolatxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish huquqiga ega bo‘ladi.
Rezidentlar chet eldagi investitsiya faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi bankka taqdim etishi lozim. Rezidentlar tomonidan chet eldagi investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan tartib va muddatlarda taqdim etilmagan taqdirda, ularning ushbu turdagi keyingi operatsiyalari to‘xtatib turiladi.
Iqtisodiyot
Inflatsiya pasayishi sekinlashsa, monetar siyosatni yanada qat’iylashtirishga tayyor turish kerak
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga bir qator muhim tavsiya va xulosalar berdi. Qayd etilishicha, prognozlar bo‘yicha noaniqliklar hanuz yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Asosiy xatarlar global iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi tashqi talabning qisqarishiga, eksport narxlarining pasayishiga va xalqaro moliya bozorlaridagi sharoitlarning qattiqlashishiga olib kelishi mumkin.
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonni ichki talabning yuqoriligicha saqlanib qolayotgani, ijobiy ishlab chiqarish tafovuti, shuningdek Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq ehtimoliy inflyatsion bosimni hisobga olgan holda, pul-kredit siyosatining yetarlicha qat’iy yo‘nalishini saqlab qolishga chaqirdi. Bu haqda XVJ va O‘zbekiston o‘rtasidagi 2026 yilgi maslahatlashuvlar yakunlangani yuzasidan tashkilot e’lon qilgan bayonotda keltirib o‘tilgan.
2025 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi iqtisodiy faollikning yuqori bo‘lishi hamda oltin narxlarining qimmatligi hisobiga 2,1 foizgacha qisqardi. Oltin narxlarining yuqori bo‘lishi, pul o‘tkazmalari o‘sishining saqlanib qolishi va oltinsiz eksportning oshishi joriy operatsiyalar hisobi taqchilligini ham YaIMga nisbatan 3,9 foizgacha kamaytirishga yordam bergan. Shuningdek, xalqaro zaxiralar ham yetarli darajada saqlanib qolyapti.
«Asosiy iqtisodiy prognoz ijobiyligicha qolmoqda. Hozircha Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq ikkilamchi ta’sirlar cheklangan darajada kuzatilmoqda. XVJ prognoziga ko‘ra, real YaIM 2026 yilda taxminan 6,8 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sadi. Bunga xususiy iste’molning yuqori darajada qolishi, investitsiyalar hajmining ko‘payishi va tarkibiy islohotlarning izchil davom etishi yordam beradi. Prognozlarga ko‘ra, oltin narxlarining yuqori bo‘lishi hisobiga 2026 yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YaIMga nisbatan 3,2 foizgacha qisqaradi. Xalqaro zaxiralar ham qulay darajada saqlanib qoladi va 2026 yil oxiriga kelib 12 oylik import hajmini qoplash imkonini beradi.
Prognozlar bo‘yicha noaniqliklar hanuz yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Asosiy xatarlar global iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi tashqi talabning qisqarishiga, eksport narxlarining pasayishiga va xalqaro moliya bozorlaridagi sharoitlarning qattiqlashishiga olib kelishi mumkin. Ichki xatarlar qatoriga budjet xarajatlarining iqtisodiy siklga mos ravishda ortib ketishi, maqsadli va imtiyozli kreditlash amaliyotining davom etishi hamda tarkibiy muammolarni bartaraf etishdagi kechikishlar kiradi. Bundan tashqari, tarkibiy islohotlar kutilganidan tezroq amalga oshirilsa, iqtisodiy o‘sish prognoz qilingan darajadan ham yuqori bo‘lishi mumkin», deyiladi XVJ hisobotida.
Xalqaro ekspertlarning ta’kidlashicha, mavjud sharoitlarda ehtiyotkor iqtisodiy siyosat yuritish, shu bilan birga, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun taklif tomonidagi islohotlarni davom ettirish muhim.
Fiskal siyosat
Fiskal siyosatda asosiy e’tibor iqtisodiyotning qizib ketishi xavfini kamaytirish va moliyaviy zaxiralarni tiklashga qaratilishi lozim. 2026 yilda, ayniqsa, budjet daromadlari rejalashtirilganidan yuqori bo‘lishi ehtimoli mavjud ekanini hisobga olib, talab bosimini kuchaytirishga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Yil davomida xarajatlarni oshirishni cheklash inflatsiyani pasaytirishga va iqtisodiy siyosatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
«Kelgusida foydali qazilmalar sektoridan olinadigan daromadlar tebranishining budjet xarajatlariga ta’sirini samaraliroq cheklaydigan fiskal tizimni takomillashtirish makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi. Qo‘shimcha operatsion mo‘ljalni joriy etish (masalan, foydali qazilmalardan olinadigan daromadlarni hisobga olmagan holdagi birlamchi budjet taqchilligining maksimal chegarasini belgilash) iqtisodiy siklga bog‘liq xarajatlarning ortib ketishini kamaytirib, zarur hollarda moslashuvchan choralar ko‘rish imkonini saqlab qoladi», deyiladi bayonotda.
Shuningdek, ayrim aksiz soliqlarini oshirish, imtiyozlar va soliq ta’tillarini qisqartirish, shuningdek, soliq va bojxona ma’murchiligini kuchaytirish so‘nggi yillarda kuzatilayotgan soliq tushumlarining YaIMga nisbatan ulushi pasayishini to‘xtatishga yordam beradi.
Pul-kredit siyosati
Pul-kredit siyosati Markaziy bankning inflatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichiga erishishga qat’iy yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Ichki talabning yuqori darajada saqlanib qolayotgani, iqtisodiyotda ijobiy ishlab chiqarish tafovuti mavjud bo‘lishi ehtimoli hamda Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq inflyatsion bosimlar xavfini hisobga olib, yetarlicha qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab turish maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga, inflatsiyaning pasayish sur’atlari sekinlashgan taqdirda siyosatni yanada qat’iylashtirishga tayyor turish zarur.
Valuta kursi moslashuvchanligining erishilgan darajasini saqlab qolish iqtisodiy zarbalarni yumshatish, xalqaro zaxiralarni himoya qilish va inflatsiyani targetlash tizimining samarali ishlashi uchun muhim ahamiyatga ega. Valuta bozorlarini rivojlantirish, likvidlikni boshqarishni kuchaytirish va maqsadli hamda imtiyozli kreditlashdan bosqichma-bosqich voz kechish pul-kredit siyosatining iqtisodiyotga ta’sir mexanizmini yanada kuchaytiradi.
«Davlat banklarini restrukturizatsiya qilish va xususiylashtirishni jadallashtirish, aktivlar sifatini yaxshilash hamda Markaziy bank mustaqilligini ta’minlash resurslarni samaraliroq taqsimlash va fiskal xatarlarni kamaytirish uchun muhim ahamiyatga ega. Moliyaviy inklyuziya bo‘yicha tashabbuslar maqsadli va imtiyozli kreditlashga yoki ma’muriy tartibga solish choralariga emas, balki raqobat, shaffoflik va xatarlarni to‘g‘ri boshqarish tamoyillariga asoslanishi kerak. Aks holda, bunday choralar moliya institutlari balanslarini zaiflashtirishi mumkin», deyiladi XVJ bayonotida.
Davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish va bozor institutlarini mustahkamlash mehnat unumdorligi hamda xususiy sektorning o‘sish salohiyatini oshirishning asosiy omillari bo‘lib qolyapti. Davlat korxonalarini isloh qilishni davom ettirish — imkon qadar ularni xususiylashtirish va davlat mulki saqlanib qolgan hollarda korporativ boshqaruvni kuchaytirish — barcha bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratishga va xususiy investitsiyalarni jalb etishga yordam beradi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda Yangi taraqqiyot bankining yirik tadbirlari o‘tkazilishi mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur xalqaro moliya instituti bilan hamkorlikni, birinchi navbatda, avvalgi uchrashuvlar davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Dilma Rusef O‘zbekistondagi islohotlarni yuksak baholab, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga a’zo davlatlar safiga qo‘shilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Energetika, suv xo‘jaligi, transport va muhandislik infratuzilmasi bo‘yicha hamda xususiy sektor va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida bank ekspertlari ishtirokida o‘rta muddatli qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olindi. Yangi taraqqiyot bankining mintaqaviy ahamiyatga ega yirik transport-logistika loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi muhimligi ta’kidlandi.
Bankning yurtimizda ekologik transformatsiya bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalardagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.
Kelgusida O‘zbekistonda Yangi taraqqiyot bankining yirik tadbirlarini o‘tkazish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiyot
Soliqdan eng ko‘p qarzi bor qurilish kompaniyalari ma’lum qilindi
Soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori qurilish kompaniyalarining umumiy qarzi 2,5 trln so‘mga yetdi. Shundan 618,6 mlrd so‘mi 10 ta kompaniya hisobiga to‘g‘ri keladi.
2026 yil 1 iyun holatiga soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori qurilish korxonalari soni 1964 tani tashkil etyapti, deya xabar berdi Soliq qo‘mitasi.
Ularning umumiy qarzdorligi 2,5 trln so‘mga yetgan. Shundan 618,6 mlrd so‘mi, ya’ni 24,1 foiz soliq qarzi eng yirik bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi:
“AZIYA INVEST FAVORITI” MChJ – 140,2 mlrd so‘m;
“TASH CONSTRUCTIONS HOUSE” MChJ – 102,4 mlrd so‘m;
“OQBULOQ OBOD GUZARI” MChJ – 92 mlrd so‘m;
“TAMIRLASH QURISH SERVIS” MChJ – 76,7 mlrd so‘m;
“AGRO ASIA TRADE SERVIS” MChJ – 39,8 mlrd so‘m;
“GRAND ROAD TASHKENT” MChJ QK – 38,2 mlrd so‘m;
“USTA OBID BREND” MChJ – 37,9 mlrd so‘m;
“OLTIN BALIQ” MChJ – 33,2 mlrd so‘m;
“NATIONAL ROAD INVEST” MChJ – 29,4 mlrd so‘m;
“DSK BINOKOR” MChJ – 28,8 mlrd so‘m.
Hududlar kesimida korxonalarning soliq qarzdorligi ko‘rsatkichi Toshkent shahrida 817,4 mlrd so‘mni, Andijon viloyatida 329,1 mlrd so‘mni, Toshkent viloyatida 304,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiyot
Jahon banki O‘zbekistonga qishloq infratuzilmasini rivojlantirish uchun 150 mln dollar ajratadi
«Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturi ikkinchi bosqichining umumiy budjeti 340 mln dollarni tashkil etadi. Dastur Jahon banki (150 mln dollar), OIIB (120 mln dollar) va O‘zbekiston hukumati (70 mln dollar) tomonidan moliyalashtiriladi.
Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) O‘zbekistonga imtiyozli moliyalashtirish shaklida 150 mln dollar ajratilishini ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘lar «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Ushbu dastur mamlakatning oltita viloyatidagi qishloq hududlarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
«O‘zbekistonning 38 millionlik aholisidan qariyb yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Biroq ko‘plab qishloqlar hanuzgacha sifatli yo‘llar, maktablar, tibbiyot muassasalari, shuningdek, suv va elektr ta’minoti xizmatlaridan foydalanishda ishonchli imkoniyatga ega emas. Ushbu kamchiliklar mahalliy ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni ham cheklab qo‘ymoqda. Ushbu muammolarni hal etish uchun O‘zbekiston hukumati 2019 yilda Jahon bankining XTU (100 million dollar) va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (82 million dollar) moliyaviy ko‘magida «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturini amalga oshirishni boshlagan edi. Dastur 2026 yilning iyun oyida yakunlanishiga qadar, uning doirasida Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining qishloq tumanlaridagi 306 ta mahallada 900 dan ortiq subloyihalar moliyalashtirildi», — deyiladi xabarda.
Ushbu subloyihalar, xususan, 340 dan ortiq yo‘llar, 220 ta elektr ta’minoti tizimi, 160 ta suv ta’minoti tizimi, 100 ga yaqin maktab, 40 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 10 ta ko‘prikni qurish yoki modernizatsiya qilish ishlarini o‘z ichiga olgan. Alohida ta’kidlanishicha, ushbu yaxshilanishlar umumiy hisobda 1 millionga yaqin qishloq aholisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda keltirdi, ularning yarmini xotin-qizlar tashkil etdi.
Shu bilan birga, Jahon banki infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha subloyihalarni tanlab olish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish bevosita mahalliy aholi tomonidan, mahallani rivojlantirish guruhlari orqali amalga oshirilishini qayd etdi. Bunday guruhlar ishtirokchilarining kamida 50 foizini ayollar tashkil etadi. «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturi ikkinchi bosqichining umumiy budjeti 340 mln dollarni tashkil etadi. Dastur Jahon banki (150 mln dollar), OIIB (120 mln dollar) va O‘zbekiston hukumati (70 mln dollar) tomonidan moliyalashtiriladi.
Dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada amalga oshiriladi. Jahon banki tomonidan moliyalashtirish mablag‘lari aniq natijalarga va dastur ijrosining asosiy bosqichlariga erishilishiga qarab transhlar shaklida ajratib boriladi. Dastur 2031 yilga borib transport infratuzilmasi, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tarmoqlari hamda boshqa obektlarni rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar hisobiga oltita viloyat mahallalarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Ushbu o‘zgarishlardan qariyb 1,2 mln qishloq aholisi, jumladan, 600 ming ayollar va 300 ming yoshlar naf ko‘radi.
Bundan tashqari, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda mahsulotlarini sotish bozorlarini diversifikatsiya qilishda ko‘maklashadi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida 1500 ga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rinlari yaratilishi va mahalliy biznes muhitini rivojlantirishga hissa qo‘shilishi kutilmoqda. Jahon bankining moliyaviy ishtirokida qishloq xo‘jaligi hamda mikro, kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirishga qaratilgan boshqa loyihalar bilan bir qatorda, ushbu dastur loyiha amalga oshiriladigan hududlardagi mahallalarda yana 25 mingga yaqin yangi va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratilishiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.
-
Sport5 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Iqtisodiyot1 day agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Iqtisodiyot2 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Dunyodan4 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
-
Iqtisodiyot4 days ago“Asosiy stavka ta’sirchanligini oshirish choralarini ko‘ramiz” – Ishmetov
-
Iqtisodiyot4 days ago2027 yilda 5 foizlik inflatsiya maqsadiga erishish yo‘lida jiddiy xatarlar ko‘rmayapmiz
-
Jamiyat1 day agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
