Iqtisodiyot
2026 yilning ilk oyida O‘zbekistonda energoresurslar ishlab chiqarish qanday o‘zgardi?
Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish 7,5 foizga, neft qazib olish 1,8 foizga qisqardi. O‘z navbatida, benzin ishlab chiqarish 11,7 foizga, dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish qariyb 2,5 barobarga oshdi. Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish ham ko‘paydi. Bunda yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi 2 foizga kamaygan bo‘lsa, kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 46,5 barobarga oshdi. Avtomobil ishlab chiqarishda ham keskin o‘sish kuzatildi.
Foto: Getty Images/RIA Novosti
Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yilning yanvar oyidagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.
Joriy yilning dastlabki oyida gaz qazib olish hajmi 3,7 mlrd kub metrni tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 0,3 mlrd kub metrga yoki 7,5 foizga qisqargan.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda gaz qazib olish dinamikasi quyidagicha o‘zgardi:
Ma’lumot uchun, yanvar oyida gaz eksporti to‘xtagan, import hajmi esa qariyb 167 mln dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,9 barobar yuqori ko‘rsatkich.
«O‘zbekiston-2030» strategiyasiga ko‘ra, joriy yilda 40,2 mlrd kub metr gaz qazib olinishi kutilyapti. Bu 2025 yilga nisbatan 3,6 foizga yoki 1,5 mlrd kub metrga kam.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi 4 yil davomida gaz qazib olish ko‘rsatkichlari quyidagicha o‘zgaradi:
2027 yil – 42,9 mlrd kub (+6,7 foiz);
2028 yil – 44,5 mlrd kub (+3,7 foiz);
2029 yil – 45,5 mlrd kub (+2,2 foiz);
2030 yil – 48,5 mlrd kub (+6,6 foiz).
Hisobot davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan neft qazib olish 55,1 ming tonnadan 54,1 ming tonnaga (-1,8 foiz), gaz kondensati ishlab chiqarish 99,7 ming tonnadan 83,4 ming tonnaga (-16,3 foiz) qisqargan.
O‘z navbatida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 33,2 ming tonnadan 81 ming tonnaga (+144 foiz), benzin ishlab chiqarish 99 ming tonnadan 110,6 ming tonnaga (+11,7 foiz) oshgan.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish ham umumiy hisobda oshgan. Xususan, 2025 yilning yanvar oyida 7,57 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 8,18 mlrd kWh’ni tashkil etgan. Bunda yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmi 2 foizga kamaygan bo‘lsa, kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 46,5 foizga oshgan.
2026 yilning dastlabki oyida O‘zbekistonda 22 ming 99 dona yengil mashina ishlab chiqarilgan. Bu 2025 yilning yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan 6 ming 486 donaga yoki 41,5 foizga ko‘p. Ishlab chiqarishning o‘sishi barcha avtomobil modellari bilan kuzatilgan.