Connect with us

Jamiyat

20 yil o‘tib… Buxoroda 13 yoshli ona

Published

on


Bunday xabar har qanday kishini sarosimaga solmay qo‘ymaydi. Og‘riqlisi, oradan 20 yil vaqt o‘tibdi. Lekin, sahifalardagi sarlavhalar o‘zgarmadi. Faqat raqamlar «yoshardi»: 15 emas, 13… Bu shunchaki statistika emas, bu – bolalikning barvaqt yakunlanishi…

2005 yilda «Turkiston» (hozirgi «Yoshlar ovozi») gazetasi muxbiri vazifasida ishlardim. Gazeta sonlaridan birida «15 yoshli ona» sarlavhasi ostida yoritilgan maqola shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ushbu maqola qattiq qarama-qarshiliklar bilan qarshilandi. Maqola e’lon qilinishi hamona bosh muharrir ayrim buxorolik mansabdorlarning turli bosimli qo‘ng‘iroqlari qurshovida qoldi. Biroq, manbaaning to‘g‘riligi, prokuratura tergovchisi taqdim etgan asosli ma’lumot bunday qo‘ng‘iroqlarning haqiqatan ham bosim ekanini oshkor qilib qo‘ydi. Shunda o‘z davridagi viloyat rahbari tomonidan «xotin-qizlar qo‘mitasi» oyoqqa turg‘azilib, o‘smir qizlarning har biri uchun javobgar va mas’ul bo‘lishi qat’iy talab ostiga qo‘yilgan edi.

Bugun negadir, «Turkiston»ning o‘tgan yillar sahifalarini shunchaki varaqladim. «15 yoshli ona» sarlavhali maqolaga ko‘zim tushib, beixtiyor shu voqealar ko‘z oldimdan o‘tib turgandi. Maqolaga ko‘ra, shofirkonlik 15 yoshli qiz qonuniy nikohdan o‘tmay turib, 23 yoshli yigitga turmushga chiqqan. Hali na jismonan, na ma’nan onalikka tayyor bo‘lmagan qiz 16 yoshida farzand ko‘rgandan keyingina «FXDYo» uni qonuniy nikohdan o‘tkazgan. Holatga esa mahalla-ko‘y, xotin-qizlar kengashlari tomoshabin bo‘lib turavergan.

20 yil avvalgi voqealarni bir-bir xayoldan o‘tkazib turganimda, qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. «G‘ijduvon tumanidan 13 yoshli qiz ona bo‘libdi. Hali tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bola qizning o‘gay otasidan emish…»

Manbaaga yanayam oydinlik kiritish uchun Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili bilan bog‘landik. Vakil bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilar ekan, holat o‘tgan yil sodir etilganini, voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlikka oid dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini, hech bir jinoyat jazosiz qoldirilmasligini bildirdi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukrullayevning bildirishicha, Buxoro viloyatida voyaga yetmagan qizga jinsiy zo‘ravonlik sodir etilishi holati bo‘yicha 2025 yilning noyabr oyida Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Uning aytishicha, DNK testi (genetik test) o‘tkazilib, otalikni isbotlash va sud-tibbiy ekspertizasi qo‘llaniladi. Va DNK testi natijalariga ko‘ra, aybdor qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi.

Ayni paytda, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxs esa protsessual tartibda ushlanib, unga tegishli tartibda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Asli g‘ijduvonlik bo‘lgan, 2013 yilda tug‘ilgan M.R. joriy yilning 23 fevralida Respublika ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialiga qabul qilingan. Tug‘ruq natijasida M.R. vazni 2900 gramm bo‘lgan o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Bizni esa, aynan, shu – 13 yoshli «ona» va uning dunyoga kelgan bolasining salomatligi tashvishlantirardi. Shu yuzasidan Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyevga murojaat qildik.

«Bolaning ham, onaning ham salomatligi nazoratda. Shifokorlar qarayapti. Ahvoli yaxshi. Barcha sharoitlar yaratib berilgan. Jinoyat bilan bog‘liq masalalar tergov organlari tomonidan amalga oshiriladi. Biz, tibbiyot xodimlarining vazifamiz esa har qanday vaziyatda ham inson salomatligini saqlash bo‘yicha mas’uliyat bilan yondoshish. Uning kelib chiqishi yoki boshqa jihatlariga e’tibor bermaymiz. Biz yosh ona-bola hayotini saqlab qoldik, biz uchun shunisi muhim. Chunki, bu yoshda ular hayotini saqlab qolish juda qaltis va nozik»,-dedi Elyor Oltiyev.

***

13 yoshli ona… O‘zi hali qo‘g‘irchoq yoshidan chiqmagan. Hali orzu-havaslari, maktab daftari, sinfdoshlari bilan bolalik sho‘xligi bo‘lishi kerak edi. Ammo, u ona bo‘ldi. Qanday sharoitda, qanday og‘riqlarda va qanday ruhiy iztiroblarda… javobdan ko‘ra, savollar og‘irroq.

To‘g‘ri, shifokorlar ona va bola hayotini qiyin vaziyatlarda, soniyalarda saqlab qolishgan. Bu juda katta jasorat.

Ammo, jamiyatning beparvoligi yana bir 13 yoshli bolaning bolaligini saqlab qola olmadi. Tergov o‘z ishini qiladi. Qonun ishlaydi. Jinoyatchi jazosini oladi. Ammo, mahalla-ko‘y, oilasi, atrofdagilar, qo‘ni-qo‘shnilar, maktab… Bir bolaning taqdirini saqlab qolish uchun nega e’tiborsizlik qilishgan?

O‘ziga o‘zi suyana olmaydigan yoshda qo‘lida go‘dagi bor go‘dakni yana qanday sinovlar kutmoqda? Bu yerda gap faqat bitta 13 yoshli qiz haqida emas, bolalik haqida. Bolalarining bolaligini asray olmagan jamiyat ularning kelajagini qanday asraydi? Shuning uchun bu voqea faqat bir hudud yoki bir oilaning dardi emas. Bu barchamizning dardimiz. Bolalikni asrashga qodir bo‘lgan jamiyatgina o‘z kelajagini mustahkam qila oladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Sankt-Peterburgda eri ko‘chaga haydab yuborgan ayol va farzandlari O‘zbekistonga qaytarildi

Published

on


Ayolning so‘zlariga ko‘ra, oilaviy janjaldan so‘ng turmush o‘rtog‘i uni va 4 nafar farzandini yashab turgan joyidan chiqarib yuborgan.

O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsulxonasiga M.B. (ayol) murojaat qilib, o‘zi va to‘rt nafar farzandining yashash joyi yo‘qligi hamda og‘ir vaziyatga tushib qolganini ma’lum qilgan.

Bosh konsulxona vakillarining aniqlik kiritishicha, oilaviy kelishmovchiliklar sababli ushbu muammo yuzaga kelgan.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, oilaviy janjaldan so‘ng turmush o‘rtog‘i uni va 4 nafar farzandini yashab turgan joyidan chiqarib yuborgan.

Migratsiya agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakili bilan hamkorlikda ona va uning farzandlari vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlandi hamda O‘zbekistonga qaytarildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Farg‘onada fuqaroni qo‘rqitib pul undirmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi

Published

on


Ular jabrlanuvchini sharmanda qilish bilan qo‘rqitishgan va undan 8 mln so‘m talab qilishgan.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati

Farg‘ona shahrida bir guruh shaxslar fuqaroni xilvat joyga olib borib, unga tan jarohati yetkazgani va sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, pul talab qilgani aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi besh nafar yigit Quva tumanida yashovchi fuqaroni “Beshbola” mahallasida joylashgan karerga olib borgan.

U yerda fuqaroga tan jarohati yetkazilib, sir saqlanishi lozim bo‘lgan holatda uyali telefonga tasvirga olingan. So‘ngra ushbu videotasvirlarni jabrlanuvchining yaqin qarindoshlariga tarqatib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitishgan va undan 8 mln so‘m talab qilishgan.

Guruh a’zolari jabrlanuvchidan talab qilingan pulning 2 mln so‘mini olayotgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Farg‘onada kutubxonalar soni keskin kamaydi

Published

on


Respublikada kutubxonalar soni bir yilda 14 999 tadan 17 763 taga ko‘paydi. Shunga qaramay, 4 ta hudud – Farg‘ona, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida kutubxonalar kamaygan. Eng ko‘p kamayish Farg‘ona viloyatida – 533 ta.

O‘zbekistonda 2026 yil 1 yanvar holatiga 17 763 ta kutubxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda jami 89,2 mln nusxada kitob va jurnallar mavjud. Bu haqda Statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Hududlar kesimida kutubxonalar soni quyidagicha:

·  Samarqand viloyati — 2 044 ta;

·  Qashqadaryo viloyati — 1 767 ta;

·  Surxondaryo viloyati — 1 600 ta;

·  Farg‘ona viloyati — 1 575 ta;

·  Namangan viloyati — 1 477 ta;

·  Toshkent viloyati — 1 446 ta;

·  Toshkent shahri — 1 217 ta;

·  Xorazm viloyati — 1 100 ta;

·  Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1 058 ta;

·  Andijon viloyati — 1 058 ta;

·  Buxoro viloyati — 1 049 ta;

·  Sirdaryo viloyati — 887 ta;

·  Jizzax viloyati — 810 ta;

·  Navoiy viloyati — 675 ta.

Respublikada kutubxonalar soni 2025 yil 1 yanvardagidan (14 999 ta) 2 764 taga ko‘paygan. Biroq, shunga qaramay 4 ta hudud – Farg‘ona (-533 ta), Jizzax (-58 ta), Toshkent (-21 ta) va Andijon (-7 ta) viloyatlarida ular kamaygan.

Kutubxonalar ko‘payishi bo‘yicha Toshkent shahri (+516 ta), Namangan (+586 ta), Surxondaryo (+441 ta), Xorazm (+412 ta) va Sirdaryo (+361 ta) viloyatlari yetakchilik qilgan.

Ma’lumot uchun, ushbu ko‘rsatkichga respublika hududidagi barcha kutubxonalar, ta’lim muassasalari, tashkilotlarga qarashli axborot-resurs markazlari hamda axborot-kutubxona markazlari kiritilgan.

Jahon shaharlari reytingi: aholi uchun eng ko‘p kutubxona qayerda?



Source link

Continue Reading

Jamiyat

davlat bog‘chasida bir oilaning ikki farzandi ham zo‘ravonlikka uchragani aytilmoqda

Published

on


Tahririyatga murojaat qilgan onaning iddaosiga ko‘ra, Olmazor tumanidagi davlat bog‘chasida egizak farzandlaridan biri og‘ir ahvolda komaga tushgan, ikkinchisi esa ko‘ziga jarohat yetgan holda uyga qaytgan. Vaziyatga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari esa har ikki holatda ham taqdim etilmagan.

Rayyan kids xususiy bog‘chasidagi bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar jamoatchilikni larzaga soldi. Ammo tahririyatga murojaat qilgan ona bunday xavotirlar faqat xususiy bog‘chalar bilan cheklanmasligini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat bog‘chasida egizak farzandlaridan biri komaga tushgan, ikkinchisi esa ko‘kargan ko‘ziga pudra surtilgan holda uyga qaytgan. Har ikki holatda ham voqeaga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari taqdim etilmagan.

Bog‘chaga sog‘lom ketgan bola komaga tushdi

Shahnoza Qurbonovaning egizak farzandlari Olmazor tumanidagi 201-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga boradi.

“Bog‘cha opasi telefon qilib kelayotganimni so‘rab, “Umar yaxshimidi, negadir mazasi bo‘lmayapti, og‘irlashib qoldi”, dedi. Yaxshiligini aytib, nima bo‘lganini so‘radim. Yonida ovozlar eshitilyapti: “Bolaning yuragi to‘xtab qolyapti, nafas beringlar” deb baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Menga yana boshqa bog‘cha opa chiqib baqiryapti “qanaqa onasanlar, kasal bolangni uyda qarasang bo‘lmaydimi? Nogiron bolalaringniyam bog‘chaga berasanlar”, deb. Bu menga yomon ta’sir qildi. Bir tomonda bolamning o‘layotganini eshitib turibman. Bolam kasal emasdi, tushunmay shok holatda qoldim. Tez yordam chaqirib turinglar desam “bog‘chamizning obro‘yiga to‘g‘ri kelmaydi. Bizga gap tegadi, chunki bolang bog‘cha yoshida emas deb telefonni o‘chirishdi. Kelsam bolamni bog‘chadan olib chiqib, ro‘paradagi xonadonga olib kirishgan. Bolam bitta nuqtaga qarab gapirmayapti. O‘lib qoldi deb o‘yladim. Odeyalga o‘rab qo‘yishgan. Menga suv berishdi, bog‘cha opa tinimsiz mendan kechirim so‘rayapti.

Bolam shifoxonada uch kun komada yotdi, 10 kun jonlantirish bo‘limida yotdik. Juda og‘ir ahvolga tushib qoldi, hozirgi kunda bolamning nutqiga ta’sir qilgan bu narsa. Yaxshi gapira olmaydi. Ko‘zini juda ko‘p pirpiratadi. U holatda nima bo‘lganini bilmaymiz, lekin shifokorlar bola sog‘lom, shok holatida, yurak yorilish darajasiga yetib kelgan deb tashxis qo‘yishdi. Bolani yoki qattiq qo‘rqitishgan, yoki qattiq yiqitishgan, yoki qattiq baqirishgan deyishdi”.

Darhaqiqat, Kun.uz’ga taqdim etilgan shifokor xulosalarida bolaning ahvoli juda og‘ir bo‘lgani aytilgan, lekin ikkala tomon uchun ham oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari o‘chirib yuborilgan. Holat yuzasidan ona hech qayerga shikoyat qilmagan.

Bolaning ko‘ziga ayollar “tonalniy” pudrasi surtilgan

Shahnoza Qurbonovaning aytishicha, oradan ko‘p o‘tmay ikkinchi farzandi ham jarohat bilan uyga qaytgan.

“12 may kuni egizaklarimning kichkinasi sog‘lom holda bog‘chaga ketdi. 18:00 larda uyga kelganda bitta ko‘zi shishib ketgan, ochilmayapti, ovozi chiqmayapti, gapira olmayapti. Nima bo‘lganini so‘rasam zo‘rg‘a “bog‘cha opam urdi”, dedi. Shifokorga olib borsak, bolaga katta inson tarafidan yaxshigina zarba bo‘lganini aytdi. Chunki qovoqlari bilan shishib ketgandi. Ko‘zini ichini ko‘raman deb yaxshiroq ochsam, bolani ko‘ziga ayollar “tonalniy” pudrasi surtilgan.

Ular qilar ishni qilishyapti, har doimgiday kamera yozuvlari yo‘q. Doim bola jarohatlansa, kamera yozuvlari bo‘lmaydi. Bu 6- yoki 7- holat bo‘ldi bizda. O‘rtada tirnog‘i uzilib chiqdi bir marta, “eshikka siqib oldi, uzr”, deyishdi. Bog‘chaga borib baqir-chaqir qilib yomon ko‘rinmay dedim, bolalarim shu bog‘chaga o‘rgandi deb ko‘p joyda yuz-xotir qilganman. Chunki o‘sha hududda yashaymiz, bog‘cha yonimizda. Ertaga “onasi shallaqi”, degan gapni olmaslik uchun yuz-xotir qilib keldim”.

Shu holatdan keyin ona kamera yozuvlari talab qilgan, biroq o‘sha paytda bog‘chada “svet” o‘chganligini aytib yozuvni berishmagan. Ammo tuman elektr tarmoqlari bu paytda hududda elektr uzilishlar bo‘lmaganini aytgan.

Mazkur holat yuzasidan Olmazor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tarbiyachiga intizomiy jazo qo‘llangan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham muassasa faoliyati o‘rganilganini va onaning vajlari qisman o‘z tasdig‘ini topganligini ma’lum qilgan.

“Bolangiz tirikligiga shukur qiling”

Onaning aytishicha, u vaziyat yuzasidan bir qator davlat idoralariga murojaat qilgan.

“Boshimga tushib, ko‘p joyga yugurdim: Ta’lim vazirligi, RAYONO, guno, ko‘p joylarga bordim. Yaxshi ishlaydigan odamlar ham bordir, lekin ko‘p joyda tanish-bilish rol o‘ynarkan. Ona sifatida bordim, hech kim eshitmadi. “Bolam komaga tushdi, kaltaklanib chiqdi, kamera yozuvlarini berishmayapti” desam, RAYONOdagi xodim bolam tirikligiga shukur qilishim kerakligini aytyapti. Qachongacha bog‘chalarda bu holat davom etadi, bola o‘lsa keyin chora ko‘riladimi?

Biz bog‘chaga bolamizni majburlikdan beramiz, men majburlikdan berganman: ishlaganim uchun, uyda qaraydigan odamim yo‘qligi uchun. Hech kim bekorchilikdan bermaydi. Ota-onalar kamerani ko‘rib nazorat qilib turishlarini xohlardim. Bolamizning nima bo‘lganini bilishimiz uchun, kerak bo‘lganda shunga qarab davolatish uchun”.

Oxirgi yillarda davlat bog‘chalarida videokuzatuv tizimlari bosqichma-bosqich joriy etildi. Ammo bola jarohat olganida aynan shu tizimlar haqiqatni aniqlash vositasiga aylanishi kerak bo‘lgan bir paytda, ota-onalar ko‘p hollarda yozuvlarni ololmayotganini aytmoqda. Xo‘sh, agar kameralar voqeani yoritib bermasa, ularning mavjudligidan maqsad nima?

O‘zbekistonda minglab ota-onalar farzandlarini har kuni bog‘chaga ishonch bilan topshiradi. Ular bolalari bog‘chada xavfsiz bo‘lishini xohlaydi.

Eslatib o‘tamiz, maktab va bog‘chalarda bolalarga zo‘ravonlik qilgan tarbiyachi-pedagoglar 1 yilgacha bu muassasalarda ishlashdan mahrum qilinadi. Mazkur qonun Senatda tasdiqlandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Hujjatsiz qolgan ayol va uch nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi

Published

on


Rossiyada uzoq yillar davomida qonuniy maqomsiz yashab, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan vatanga qaytarildi. Bu jarayon O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, Migratsiya agentligi va Rossiyaning tegishli davlat idoralari hamkorligida amalga oshirildi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ko‘magida og‘ir ahvolga tushib qolgan A.S. uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan O‘zbekistonga qaytarildi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro elchixonaning konsullik bo‘limiga murojaat qilib, 15 yildan ortiq vaqt davomida Rossiya hududida qonuniy maqomsiz yashab kelgani, shaxsiy hujjatlari va moliyaviy imkoniyatlari yo‘qligi sababli farzandlariga munosib sharoit yaratib bera olmayotganini bildirgan hamda vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.

Konsullik bo‘limi xodimlarining tezkor chora-tadbirlari natijasida Rossiyaning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ayolning uch nafar farzandi uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, konsullik yig‘imlari undirilmagan holda ularga O‘zbekistonga qaytish uchun zarur bo‘lgan qaytish guvohnomalari berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi ko‘magida ayol va uning farzandlari uchun Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskva–Urganch yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalari xarid qilinib, ularning vatanga xavfsiz qaytishi ta’minlandi.

Qayd etilishicha, ushbu amaliy yordam xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash va ularning vatanga xavfsiz qaytishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida amalga oshirildi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.