Sport
15:15 Afrikacha master-klass: Kabo-Verdedan nimalarni o‘rganish kerak?
15:15
Afrikacha master-klass: Kabo-Verdedan nimalarni o‘rganish kerak?
Source link
Sport
Jaloliddin Masharipov milliy jamoa tarkibidan chiqarildi
Futbolchi jamoa bilan turnirga yo‘l olgandi, ammo jarohatidan tiklana olmadi. Endi uning yakuniy tarkibdagi o‘rnini Ruslanbek Jiyanov egalladi.
Foto: O‘FA matbuot xizmati
O‘zbekiston milliy jamoasining uzoq yillik yetakchilaridan biri, yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok eta olmaydi. O‘FA matbuot xizmati u jarohati tufayli tarkibdan chiqarilganini ma’lum qildi.
«Jaloliddin Masharipov uzoq muddat o‘yin amaliyotisiz qoldi va mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok etolmadi.
Futbolchini tezroq safga qaytarish va tiklash maqsadida tibbiy shtab tomonidan zarur choralar ko‘rildi va individual tayyorgarlik dasturi asosida ish olib borildi.
O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar tahlili FIFA tibbiy qo‘mitasiga taqdim etildi. Qo‘mita holat yuzasidan o‘rganish olib bordi va futbolchimizning Jahon chempionatida ishtirok etolmasligini ma’lum qildi. Uning o‘rniga yakuniy ro‘yxatga Ruslanbek Jiyanov kiritildi.
Jaloliddin Masharipovga tezroq sog‘ayib, safga qaytishini tilab qolamiz», – deyiladi O‘FA xabarida.
Jaloliddin Masharipov mundialdan oldingi yig‘inga olib ketilgan, ammo jarohati tufayli Kanada va Niderlandiya milliy jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnasha olmagandi.
Shundan keyin OAVda u jamoa mashg‘ulotlarida ham qatnashmayotgani va tarkibdan chiqarilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
O‘FA matbuot xizmati bu borada izoh berib, so‘nggi vaqtlarda futbolchini bel qismidagi og‘riqlar bezovta qilgani, dori-darmonlar va fizioterapiya muolajalari yordamida uning holati yaxshilangani, biroq keyinchalik og‘riqlar yana qayta bezovta qila boshlagani, futbolchining sog‘lig‘i bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi tibbiy shtabi tomonidan zarur muolajalar olib borilayotgani haqida ma’lumot bergandi.
Futbolchining o‘zi esa o‘zidagi bu muammo (umurtqalararo disk churrasi – grija) 5-6 yildan beri borligi, o‘yinlarga ukol olib chiqqani haqida aytgan va tez orada umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarga qo‘shilishga umid qilayotganini bildirgandi.
Sport
O‘zbekistonlik hakamlar Shotlandiya – Marokash o‘yiniga tayinlandi
Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar jamoasi mundialdagi ilk tayinlovni oldi.
AQSh, Kanada va Meksikada o‘tayotgan Jahon chempionati doirasidagi Shotlandiya — Marokash o‘yiniga o‘zbekistonlik hakamlar guruhi tayinlandi.
O‘FA xabariga ko‘ra, bahsni Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga qanotlarda Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin yordam beradi.
O‘yin 20 iyun kuni soat 3:00 da boshlanadi.
Ilgiz Tantashev jahon chempionati o‘yinini boshqargan o‘zbekistonlik ikkinchi hakam bo‘lishi kutilmoqda.
Undan oldin Ravshan Ermatov 2010, 2014 va 2018 yilgi turnirlarda bosh hakam bo‘lib ishlagan va jami 11 ta o‘yinni boshqargan edi. Bu dunyo miqyosidagi rekord hisoblanadi.
Sport
Mundialda 5-kun. Ispaniyani to‘xtatgan «buvijon» va yo‘qotishsiz borayotgan Osiyo jamoalari
Kunning to‘rt o‘yinida ham durang qayd etildi.
Jahon chempionatining navbatdagi kunida to‘rtta uchrashuv o‘tkazildi va bu o‘yinlarning birortasida g‘olib jamoa topilmadi. Ispaniya Kabo-Verde bilan o‘yinda sensatsion ravishda ochko yo‘qotdi (0:0), Belgiya Misrni (1:1), Urugvay Saudiya Arabistonini yenga olmadi (1:1), Eron esa turnirni Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynash bilan boshladi (2:2). Maydondan tashqarida ham e’tiborli voqealar bo‘lmoqda: Tunis birinchi o‘yindan keyinoq bosh murabbiyini iste’foga chiqardi, portugallar esa mashg‘ulot o‘tkaza olmadi.
Vozinya endi jahon miqyosidagi yulduz!
Ispaniya – Kabo-Verde 0:0
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Liorente, Rodri (Uilyams, 87), Pedri, Ruis (Merino, 71), Gavi (Yamal, 71), Torres (Olmo, 81), Oyyarsabal
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Lopesh Kabral (Juan Paulu, 76), Moreyra, Lenini, Monteyru (Telmu Arkanju, 79), L. Duarte (D. Duarte, 61), Kabral (Semedu, 61), Mendesh da Grasa, Livramento (Da Koshta, 61)
Ogohlantirishlar: Pedri, 90 – Lopesh Kabral, 16
Kabo-Verde – JCh debyutanti, ispanlar esa Yevropa chempionatining amaldagi g‘olibi va hozirgi turnirning asosiy favoritlaridan biri. Ammo ushbu juftlikda ham sensatsiya ro‘y berdi: afrikaliklar «Qizil furiya» hujumlariga dosh berdi va darvozasi daxlsizligini saqlab qolib, ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.
Kaboverdiliklar safidagi asosiy qahramon 40 yoshli darvozabon Vozinya bo‘ldi – u ishonchli harakat qilib, raqiblarning umidlarini chippakka chiqardi va o‘yin davomida yetti bor seyv amalga oshirdi. Jozimar Diashning (darvozabonning haqiqiy ismi) perfomansi tomoshabinlarda shu qadar katta taassurot qoldirdiki, u o‘yindan keyin jahon miqyosidagi yulduzga aylandi: uning instagramdagi sahifasiga bir necha soat ichida besh milliondan ortiq o‘quvchi obuna bo‘ldi (o‘yindan oldin uning kuzatuvchilari soni atigi bir necha o‘n ming kishi edi).
Vozinyaning o‘zi (uning laqabi portugalchadan tarjimada «buvijon» ma’nosini beradi – u bolaligida o‘yinlarda o‘ziga qilingan nohaqlikdan keyin buvisining oldiga shikoyat qilib boravergani uchun boshqa bolalar tomonidan shunday laqab olgan) o‘yindan keyin yig‘ladi.
«Shuning uchun yig‘layapmanki, men buvim va bobom bilan o‘sganman, ular esa, afsuski, bu yerda emas… Ular bir necha yil oldin vafot etib ketishgan. Ular men uchun barcha narsa edi, men uchun barcha ishni qilishgandi. Va yana onam uchun…u bu yerga qila olmadi – viza juda qimmatlik qildi. Biz vaqtida to‘lov qila olmadik. Men u bu yerda bo‘lishini juda xohlagandim, ammo baribir juda xursandman. Juda baxtiyorman», – dedi futbolchi.
Jamoaning boshqa futbolchilari ham bu natijada o‘z hissasini qo‘shishdi. Kabo-Verde hozircha turnirning eng tartibli jamoasi bo‘lib turibdi. Butun o‘yin davomida hakam ular tomonidan atigi bitta fol qayd etdi.
Lukaku chiqdi va hal qildi
Belgiya – Misr 1:1
Gollar: Ashur, 19 (0:1). Xani, 66 – avtogol (1:1)
Belgiya: Kurtua, Mehele, Ndoy, Kastan (De Keyper, 56), Mene, Tilemans, Onana (Raskin, 56), De Bryuyne (Vanaken, 86), Doku (Fernandes-Pardo, 86), Trossar, De Ketelare (Lukaku, 66)
Misr: Shobeir, Yosir Ibrohim, Fati (Hafiz, 89), Ahmad Fotih (Odil, 89), Xani, Lashin, Ateya, Saloh (Sayid, 76), Ashur (Rabia, 71), Ziko (Abdulkarim, 76), Marmush
Ogohlantirishlar: Kastan, 14. De Keyper, 75 – Ateya, 13. Ahmad Fotih, 34
Jahon chempionati – doim ham quvnoq o‘yinlar degani emas. Belgiya va Misr o‘rtasidagi uchrashuv bunga yaqqol misol. Yaqin vaqtlargacha Yevropaning eng yorqin jamoasi hisoblangan belgiyaliklar va Afrikaning gegemon jamoalaridan biri bo‘lgan misrliklar o‘rtasidagi uchrashuvda g‘olib jamoa aniqlanmadi.
Lekin ular ispanlardan farqli ravishda gol ura olishdi. 19-daqiqada Muhammad Salohning uzatmasidan keyin Imom Ashur hisobni ochdi. Belgiyaliklar faqat ikkinchi bo‘limda muvozanatni tiklashga erishishdi. Romelu Lukaku maydonga tushganiga 22 soniya bo‘lganida Muhammad Xanini avtogol urishga majbur qildi.
Umuman olganda, bu natija hech kimni qoniqtirmadi: ikki jamoa futbolchilarini ham, ularning muxlislarini ham va betaraf tomoshabinlarni ham.
Saudlar Urugvay shturmiga dosh berdi
Saudiya Arabistoni – Urugvay 1:1
Gollar: Al-Amri, 41 (1:0). Arauxo, 80 (1:1)
Saudiya Arabistoni: Al-Uvays, Al-Amri, Al-Tumbukti, Al-Arbi (Lajami, 90), Abdulhamid (Hoji, 90), Al-Haybari, Kanno, S. Ad-Dovsariy, Abulshamat (Al-Bushal, 81), Al-Juvayr (N. Ad-Dovsariy, 63), Al-Buraykan (Al-Hamdon, 90)
Urugvay: Muslera, Kaseres, Olivera, Vinya (Sanabriya, 46), Varela, Ugarte (De la Krus, 72), Bentankur, Vinyas (Agirre, 90), Arauxo (Rodriges, 81), Valverde, Nunes (Kanobbio, 46)
Ogohlantirishlar: Al-Amri, 44
Ispaniya va Belgiya ortidan yana bir grand jamoa ochko yo‘qotdi. Urugvay bu turnirga Luis Suares va Edinson Kavani kabi yetakchilarisiz kelgan (ikkisi ham terma jamoadagi faoliyatini yakunlashgan), ammo janubiy amerikaliklar har qanday holatda ham guruh favoritlari qatorida bo‘lishadi.
Saudiyaliklar o‘yinning birinchi bo‘limida nomdor raqib qarshisida shoshib qolishmadi. Urugvayliklar esa jismoniy jihatdan horg‘in ko‘rinishdi. Osiyo vakillari standart vaziyatlarga urg‘u qaratishdi va bo‘lim yakunida aynan shunday vaziyatlardan biri golga olib keldi: Fernando Musler birinchi zarbani qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Al-Amri darvozani ishg‘ol etdi.
Biyelsa tanaffusda ikki futbolchini almashtirdi, jumladan, Darvin Nunesni maydondan olib tashladi. Uning shogirdlari ikkinchi bo‘limda tetikroq harakat qilishdi, yigirmadan ortiq zarba berishdi, ammo Saudiyaning quyi ligasida o‘ynovchi Al-Uvays darvozasiga ancha vaqtgacha yo‘l topilmadi. Faqat o‘yin oxirlariga borganda Maksimiliano Arauxo darvozabondan qaytgan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi va jamoasini sharmandali mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi – 1:1.
Bu durangdan keyin H guruhida yaqqol yetakchi yo‘q. Keyingi turda kuni Urugvay Kabo-Verde bilan, Ispaniya Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.
O‘yin oldidan namoyish
Eron – Yangi Zelandiya 2:2
Gollar: Jast, 7 (0:1). Rizoyan, 32 (1:1). Jast, 54 (1:2). Muhibiy, 64 (2:2)
Eron: Beyranvand, Xalilzoda, Ne’matiy, Muhammadiy, Rizoyan, Izzatullohiy, G‘addos (Hojisafiy, 65), Yusufi (G‘ayidiy, 46), Muhibiy, Torimiy (Husaynzoda, 80), Muganlu (Alipur, 53)
Yangi Zelandiya: Krokomb, Boksall, Sarmen, Kakache (Old, 68), Peyn (Elliot, 78), Bell, Stamenich (Bindon, 90), Singh (Rendell, 90), Jast, Makkovatt (Tomas, 68), Vud
Ogohlantirish: Hojisafiy, 89
Bu hozircha jahon chempionatining eng siyosiylashgan o‘yini bo‘ldi. Eron hamon AQSh bilan urush holatida: islom respublikasi jamoasi turnirgacha yo‘lda katta qiyinchiliklar va mojarolarni boshdan kechirdi: Amerika rasmiylari jamoani o‘z hududiga faqat o‘yin kuni kirgizdi (ungacha jamoa bazasi Meksika hududiga ko‘chirilgandi), shuningdek, delegatsiyaning 14 nafar a’zosiga viza berilmadi. Eronliklar jamoasida ichki muammolar ham yetarli edi. Masalan, mamlakat futboli tarixidagi eng mashhur futbolchilardan biri Sardor O‘zmun muxolifcha qarashlari tufayli tarkibga kiritilmadi. O‘yin boshlanishi arafasida ham keskin muhit hukm surayotgandi. Amerikada istiqomat qiluvchi yuzlab eronliklar stadiong atrofida hozirgi rejimga qarshi namoyish o‘tkazishdi. Ular mamlakatning shoh boshqaruvi davridagi bayroqlarini hilpiratishdi va Donald Trampning portretlarini ko‘tarishdi.
O‘yinning o‘zi esa tinch kechdi. Shu kuni Los-Anjyelesdagi 70 ming kishilik stadion liq to‘ldi. Eronliklar o‘yinni faollik bilan boshlagandi, ammo 7-daqiqadayoq gol o‘tkazib yuborishdi: Elayja Jast hisobni ochishdi. Ammo Okeaniya vakillari hisobdagi ustunlikni tanaffusgacha saqlab qola olishmadi – Ramin Rizoyan muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda ssenariy takrorlandi. Yangi zelandiyaliklar yana Jastning sa’y-harakatlari evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi, ammo bu safar ham javob golini o‘tkazib yuborishdi. «Rostov» yarimhimoyachisi Muhammad Muhibiy jarima maydoniga oshirilgan to‘pga barchadan ildamroq harakat qilib, bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Endi G guruhida ham barcha jamoalarda bittadan ochko bor va ikkinchi tur oldidan vaziyat chigallashdi. Keyingi turda Belgiya Eron bilan, Misr Yangi Zelandiya bilan o‘yinda maydonga tushadi.
Dastlabki iste’fo
Jahon chempionati davomidagi iste’folar – kamdan kam kuzatiladigan holat, ammo bu safargi turnir o‘zgacha bo‘lmoqda. Jahon tarixida ilk bor turnir startidayoq bosh murabbiy iste’foga chiqarildi — tunisliklar ustozi Sabri Lyamushi jabrlanuvchi rolida.
Insaydlarga ko‘ra, 54 yoshli fransuzni ikki narsa uchun kechirishmagan. Birinchisi – Shvetsiyadan uchralgan 1:5 hisobidagi mag‘lubiyat. Ikkinchisi – uning o‘g‘lining (murabbiylar shtabi a’zosi) o‘yindan keyin fanatlar bilan mushtlashgani.
Lyamushi Tunis milliy jamoasi boshqaruviga ko‘p vaqt bo‘lmagandi va natijalar ham yaxshi emasdi: u jamoa bilan besh o‘yin o‘tkazib, uchtasida yutqazdi (jumladan, Belgiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini 0:5 hisobida yakunlangan) va faqat bittasida g‘alaba qozondi. Mish-mishlarga ko‘ra, uni jamoa futbolchilari ham, muxlislar ham yoqtirishmagan. Endi tunisliklarni turnirning qolgan o‘yinlarida Muxtor Kebayyer boshqarib turishi aytilmoqda, u milliy jamoada 2019 yildan 2022 yilgacha ham ishlagandi. Boshqa variant ham bor: jurnalist Romen Molinaga ko‘ra, «Karfagen burgutlari»ni qutqarish missiyasi muqaddam Saudiya Arabistoni, Marokash va Kot-d’Ivuar kabi jamoalarda ishlagan Erve Renarga topshiriladi.
Tunisni oldinda Niderlandiya va Yaponiyaga qarshi o‘yinlar kutmoqda.
Portugallar bo‘rondan aziyat chekdi
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtidayoq ma’lum edi: AQShdagi ob-havo sharoiti o‘yinlarga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu mamlakatda tez-tez tornado va bo‘ronlar bo‘lib turadi, shu tufayli xavf tug‘ilgan taqdirda har qanday tadbirni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiluvchi qat’iy reglament mavjud.
Hozircha bunday sabab bilan o‘yinlarni to‘xtatishga to‘g‘ri kelmadi. Ammo tabiiy ofat bilan bog‘liq hodisalar ko‘payib bormoqda – 15 iyun kuni Portugaliya milliy jamoasi bo‘ron haqidagi ogohlantirish tufayli avvaliga matbuot anjumanini, keyin esa kechki mashg‘ulotlarni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Kongo Demokratik respublikasiga qarshi o‘yin uchun Krishtianu Ronaldu va jamoadoshlari yopiq pavilionda tayyorgarlik ko‘rishiga to‘g‘ri keldi.
Portugallar uchun bu turnirdagi ilk muammo emas. Bir kun oldin Robert Martines shogirdlariga plyajda dam olishga ruxsat berilmagandi. A Bola nashri yozishicha, xavfsizlik xizmati xodimlari muxlislar ko‘payib ketgani uchun futbolchilarni mehmonxonadan chiqarmagan. Faqat Ruben Diash, Bernardu Silva va Joau Konselu kabi futbolchilar ularning to‘sig‘idan o‘tib, suvga tushishga muvaffaq bo‘lgan.
16-17 iyun kunlari uchun taqvim
Jahon chempionatida qiziq o‘yinlar hali oldinda. 16 iyun kuni kechqurun va 17-iyunga o‘tar kechasi quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi:
00.00. Fransiya — Senegal
03.00. Iroq — Norvegiya
06.00. Argentina — Jazoir
09.00. Avstriya — Iordaniya
Sport
Eron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
Shimoliy Amerikada futbol bo‘yicha 23-jahon chempionati o‘yinlari davom etmoqda. Oldindi kundaligimizdan keyin ko‘p o‘yinlar o‘tkazildi. Muhojirlar hushlanmayotgan Amerikada muhojirlar farzandi mezbon jamoaga g‘alaba keltirdi. Osiyo jamoalari yevropaliklarning tazirini berishda davom etmoqda. Nemislar bearmon gol urdi. Birinchi turda gol urgan arab yigit allaqachon Yevropa top jamoasiga o‘tdi. Asosiy favorit Ispaniya va eng diqqat markazidagi jamoa Eron yurishini boshlamoqda.
Amerikada muhojir qahramon
Birinchi turning eng yirik natijalaridan biri Los Anjyelesda qayd etildi. Mezbon Amerika Paragvayni 4:1 hisobida yengdi. O‘yin startida paragvaylik futbolchi o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi. O‘yinning oxirgi soniyalarida «Borussiya» Myunhengladbax futbolchisi Jovanni Reyna yana bir gol urdi. O‘yin taqdirini esa amalda birinchi bo‘limda Folarin Balogan tomonidan urilgan ikki gol hal qildi. «Arsenal» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bu yigit hozirda «Monako»ning ishongan hujumchisi.
Amerikada hozir muhojirlarga qanday munosabatda bo‘lishlarini bilasiz. Vaholanki, Amerikada tub aholi degan tushunchaning o‘zi yo‘q, hamma qayerdandir ko‘chib kelgan. «Korenniy» amerikaliklar o‘ldirib yuborilgan. Lekin ana shu muhojirlar davlati Amerikada bugun muhojirlar hushlanmay qoldi, xuddi shunaqa muhojirlar tomonidan.
Amerikaga JChdek katta musobaqada g‘alaba keltirgan Folarin Balogan ham nigeriyalik muhojirlar farzandi. Uning oilasi Londonda yashagan, bo‘lajak yulduz ota-onasi Amerikada safar qilayotgan vaqtda Nyu-Yorkda tug‘ilib qolgan. Shu-shu bolakay Amerikadan pasportli bo‘lib qaytadi. Oila keyinchalik Angliyada yashashda davom etadi, u «Arsenal»da futbol sirlarini o‘rganadi, Angliya yoshlar jamoasida ham o‘ynaydi. Lekin inglizlarda raqobat kattaligi uchun Amerika milliy jamoasi safida o‘ynashga qaror qiladi.
Amerikaliklarning to‘rtinchi golini urgan Jovanni Reyna ham Angliyada tug‘ilgan. U kelib chiqishi argentinalik bo‘lgan Klaudio Reynaning o‘g‘li. Reynada Portugaliya fuqaroligi ham bor. Otasi unga niderlandiyalik ajoyib futbolchi Jovani van Bronxorstning ismini qo‘ygan. Muhojirlar hushlanmay qolgan Amerikada muhojirlar farzandlari gol urib yurgani qanday ajoyib.
Birinchi turning kutilmagan natijalaridan biri biz saralashda guruhda qoldirib ketgan, lekin keyin bir amallab JChga chiqqan Qatar Yevropa vakili Shveytsariyadan ochko olgani bo‘ldi. Avvaliga Shveytsariya Emboloning golidan keyin oldinga chiqib olgandi, lekin qatarliklar markaziy himoyachisi Bualem Huki 90+4-daqiqada hujumga o‘tib jamoasiga durang natijani keltirdi.
Qatar amiri xursand bo‘lib himoyachimizni mukofotlang, deb yuborgan ko‘rinadi, unga 3 million dollar va Rolls Royce Phantom mashinasi sovg‘a qilingani haqida xabarlar chiqdi. Qizig‘i, o‘sha gol aslida shveysariyalik futbolchi nomiga avtogol sifatida yozildi. Hali bitta avtogolga shuncha mukofot. Otabek Shukurovning o‘yin oxirida Meksikaga urgan golidan ursa, kim biladi qatarlik futbolchi qanaqa mukofot olardi.
Braziliya qoqildi
Braziliya birinchi turda Marokashni yenga olmaganini ko‘pchilik sensatsiya deb atamoqda, lekin men bunaqa demagan bo‘lardim. Braziliya har qancha kuchli bo‘lmasin, Mag‘rib oxirgi yillarda Afrikaning eng zo‘r jamoasi. Tarkib Yevropada o‘ynaydigan top futbolchilardan tuzilgan. O‘sha o‘yinda Braziliyaga Diasning super uzatmasidan keyin gol urgan Ismoil Saybari bugun «Bavariya»ga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. JCh ana shunaqa musobaqa, birgina gol sening jamoangni PSVdan «Bavariya»ga o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bizning yigitlar ham ana shuni unutmagan holda maydonga tushishlari kerak.
Braziliya va Marokash guruh favoritlari deb qaralayotgandi, lekin guruhdagi ikkinchi o‘yinda Haitini qiyinchilik bilan bo‘lsa ham mag‘lub etgan Shotlandiya hozircha birinchi o‘ringa chiqib oldi. Topingchi shotlandlarning g‘alaba golini kim urdi? Skott Maktominay deb o‘yladingiz, lekin u emas, Che Adams ham emas, Jon MakGin gol urdi. Jon juda omadli yigit, klubda ham hech kim kutmagan joylardan gol urib ketadi. Bu gal «Aston Villa» sardorining zarbasi rikoshet bilan darvozaga borib tushdi.
Mezbon Amerika yetakchilik qilayotgan «D» guruhining ikkinchi o‘yinida Avstraliya kutilmaganda Turkiyani mag‘lub etdi 2:0. Men turklar biz uchun Avstraliyadan qaror oladi deb yurgandim, lekin jismonan juda kuchli kengurular Arda va sheriklariga gol urish imkonini berishmadi. Butun o‘yin davomida turklar hujum qilgan bo‘lishi mumkin, lekin himoyada to‘g‘ri o‘ynagan Avstraliya ikkita vaziyatni golga aylantirib g‘olib bo‘ldi.
Musobaqaning hozircha eng yirik natijasi «E» guruhida qayd etildi. Germaniya Kyurasao degan ko‘pchilik birinchi marta eshitayotgan davlar darvozasiga 7 ta gol urdi. Nemislar kerak bo‘lsa 17 ta ham gol urardi, lekin intriga juda tez o‘ldi, Germaniya zerikib qoldi. Ma’lumot uchun aytib ketay, Kyurasao Niderlandiya qirolligi tarkibiga kiruvchi karib dengizidagi orol davlat. Bu jamoani niderlandiyalik mashhur murabbiy Dik Advokat boshqaradi. Kechagi o‘yindan keyin 78 yoshli Advokat JChda ishlagan tarixdagi eng yoshi katta murabbiyga aylandi.
Nemislar 7:1 hisobida g‘alaba qozonganini eshitgan braziliyaliklar bir xo‘rsinib qo‘ygan bo‘lishsa kerak. Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Kot-d’Ivuar «MYu» yulduzi Amad Dialoning goli evaziga Ekvadorni mag‘lub etdi.
Osiyo jamoalari yevropaliklar uchun boshog‘riq bo‘lishda davom etmoqda. Koreya va Avstraliyadan keyin Yaponiya ham yevropaliklarni qiynadi. Niderlandiya ikki marta hisobda oldinga chiqib oldi, lekin har safar yaponlar javob berdi. Hal qiluvchi golni Daichi Kamada 88-daqiqada urdi. Shu tariqa Yaponiya 2019 yildan buyon Yevropa jamoalariga mag‘lub bo‘lmaslik seriyasini davom ettirdi. Bu vaqt davomida yaponlar ko‘hna qit’aning to‘rtta jahon chempioni bo‘lgan jamoasini mag‘lub etishni uddaladi.
Shvedlarni «Brayton»dagi yaxshi faoliyatidan keyin «Chelsi» va «Vest Hem»da ishlari yurishmagan Grem Potter boshqarmoqda. Tunisga qarshi o‘yinda shvedlar juda tartibli yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Bu o‘yindan keyin ko‘pchilik muxlislar bir narsani bilib olishdi: Aleksandr Isaak haliyam futbol o‘ynayotgan ekan. «Liverpul» tarixidagi hozircha eng omadsiz transferlardan biriga aylangan mojaroli hujumchi bitta gol urdi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
Ispaniya yomon boshladi
Bugun tundan ertaga tonggacha mundialda yana to‘rtta zo‘r o‘yin bo‘ladi. Bu JCh birinchi turining eng zo‘r o‘yin kuni bo‘ladi. Afishalar juda qiziqali: Ispaniya – Kabo Verde, Belgiya – Misr, Saudiya – Urugvay, Eron – Yangi Zelandiya. Ispaniya ko‘pchilik tomonidan haqli tarzda JChning asosiy favoriti deb qaralmoqda. Chunki amaldagi Yevropa chempionlari doim keyingi mundial favoriti hisoblanadi, bu yozilmagan qonun. Ispaniya yirik hisobda yengishi kutilgandi, lekin Yamal ham o‘ynagan bahsda Ispaniya debyutant Kabo Verdeni mag‘lub etolmadi.
Eron Yangi Zelandiya o‘yini ham ko‘pchilik diqqat markazida bo‘ladi. Urush sabab Eron mundialdagi eng ko‘p kuzatilayotgan jamoalardan bo‘lishiga shubha yo‘q. O‘yindan oldingi matbuot anjumanida ham eronlik futbolchilardan asosan siyosiy mavzularni so‘rashdi. Mehdi Torimiy futbol haqida so‘ramaysizlarmi, deb xafa ham bo‘ldi.
Eronliklar qanaqa qiyinchilik bilan yetib kelgani ma’lum. Ular Amerikaga o‘yin kuni borishi, o‘yin tugashi bilan ortga qaytishi kerak. Eronliklar bir necha soat avval Amerikadagi Los Anjyeles aeroportiga borib qo‘ndi. Ularning jiddiy qo‘riqlab mehmonxonaga olib borishgan. Mehmonxona ham tabiiyki politsiya tomonidan noodatiy tarzda qattiq qo‘riqlanadi. Shu tariqa JCh tarixida ilk marta urush holatidagi mamlakat jamoasi mundialga, buning ustiga dushman davlat yurtiga futbol o‘ynash uchun bordi. Futbol tinchlik elchisi ekaniga bundan ortiq isbotni qidirib ham o‘tirmang…
Sport
O‘zbekistonning mundialdagi o‘yinlari qaysi maktablarda namoyish etiladi – to‘liq ro‘yxat
O‘z tarixida ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqqan O‘zbekiston milliy jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hududlardagi umumta’lim maktablarida «Muxlislar maydoni» loyihasi tashkil etiladi. O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlari katta ekranda namoyish etiladigan 220 ta maktab ro‘yxati e’lon qilindi.
Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumta’lim maktablarida «Muxlislar maydoni» loyihasi tashkil etiladi. Loyiha doirasida har bir tumandan bittadan maktab tanlab olingan. To‘liq ro‘yxat quyidagicha:
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga izoh berishicha, «Muxlislar maydoni» loyihasi doirasida faqat O‘zbekiston milliy jamoasining o‘yinlarini namoyish etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tayotgan jahon chempionati 11 iyun kuni boshlanib, 19 iyulda yakunlanadi. Turnirda ilk bor 48 jamoa ishtirok etyapti. O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichida Kolumbiya (18 iyun, Toshkent vaqti bilan soat 7:00), Portugaliya (23 iyun, 22:00) va Kongo DR (28 iyun, 4:30) bilan o‘ynaydi.
-
Iqtisodiyot5 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Jamiyat4 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot4 days agoMevalar nega qimmat?
-
Jamiyat5 days agoAQShdan deportatsiya qilingan 24 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga qaytarildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Qaysi hududlar aholisi eng ko‘p keshbekka ega bo‘ldi?
-
Siyosat1 day ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Jamiyat3 days agoToshkentda fuqarodan ming dollar talab qilgan tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi ushlandi
