Sport
Mundialda 5-kun. Ispaniyani to‘xtatgan «buvijon» va yo‘qotishsiz borayotgan Osiyo jamoalari
Kunning to‘rt o‘yinida ham durang qayd etildi.
Jahon chempionatining navbatdagi kunida to‘rtta uchrashuv o‘tkazildi va bu o‘yinlarning birortasida g‘olib jamoa topilmadi. Ispaniya Kabo-Verde bilan o‘yinda sensatsion ravishda ochko yo‘qotdi (0:0), Belgiya Misrni (1:1), Urugvay Saudiya Arabistonini yenga olmadi (1:1), Eron esa turnirni Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynash bilan boshladi (2:2). Maydondan tashqarida ham e’tiborli voqealar bo‘lmoqda: Tunis birinchi o‘yindan keyinoq bosh murabbiyini iste’foga chiqardi, portugallar esa mashg‘ulot o‘tkaza olmadi.
Vozinya endi jahon miqyosidagi yulduz!
Ispaniya – Kabo-Verde 0:0
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Liorente, Rodri (Uilyams, 87), Pedri, Ruis (Merino, 71), Gavi (Yamal, 71), Torres (Olmo, 81), Oyyarsabal
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Lopesh Kabral (Juan Paulu, 76), Moreyra, Lenini, Monteyru (Telmu Arkanju, 79), L. Duarte (D. Duarte, 61), Kabral (Semedu, 61), Mendesh da Grasa, Livramento (Da Koshta, 61)
Ogohlantirishlar: Pedri, 90 – Lopesh Kabral, 16
Kabo-Verde – JCh debyutanti, ispanlar esa Yevropa chempionatining amaldagi g‘olibi va hozirgi turnirning asosiy favoritlaridan biri. Ammo ushbu juftlikda ham sensatsiya ro‘y berdi: afrikaliklar «Qizil furiya» hujumlariga dosh berdi va darvozasi daxlsizligini saqlab qolib, ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.
Kaboverdiliklar safidagi asosiy qahramon 40 yoshli darvozabon Vozinya bo‘ldi – u ishonchli harakat qilib, raqiblarning umidlarini chippakka chiqardi va o‘yin davomida yetti bor seyv amalga oshirdi. Jozimar Diashning (darvozabonning haqiqiy ismi) perfomansi tomoshabinlarda shu qadar katta taassurot qoldirdiki, u o‘yindan keyin jahon miqyosidagi yulduzga aylandi: uning instagramdagi sahifasiga bir necha soat ichida besh milliondan ortiq o‘quvchi obuna bo‘ldi (o‘yindan oldin uning kuzatuvchilari soni atigi bir necha o‘n ming kishi edi).
Vozinyaning o‘zi (uning laqabi portugalchadan tarjimada «buvijon» ma’nosini beradi – u bolaligida o‘yinlarda o‘ziga qilingan nohaqlikdan keyin buvisining oldiga shikoyat qilib boravergani uchun boshqa bolalar tomonidan shunday laqab olgan) o‘yindan keyin yig‘ladi.
«Shuning uchun yig‘layapmanki, men buvim va bobom bilan o‘sganman, ular esa, afsuski, bu yerda emas… Ular bir necha yil oldin vafot etib ketishgan. Ular men uchun barcha narsa edi, men uchun barcha ishni qilishgandi. Va yana onam uchun…u bu yerga qila olmadi – viza juda qimmatlik qildi. Biz vaqtida to‘lov qila olmadik. Men u bu yerda bo‘lishini juda xohlagandim, ammo baribir juda xursandman. Juda baxtiyorman», – dedi futbolchi.
Jamoaning boshqa futbolchilari ham bu natijada o‘z hissasini qo‘shishdi. Kabo-Verde hozircha turnirning eng tartibli jamoasi bo‘lib turibdi. Butun o‘yin davomida hakam ular tomonidan atigi bitta fol qayd etdi.
Lukaku chiqdi va hal qildi
Belgiya – Misr 1:1
Gollar: Ashur, 19 (0:1). Xani, 66 – avtogol (1:1)
Belgiya: Kurtua, Mehele, Ndoy, Kastan (De Keyper, 56), Mene, Tilemans, Onana (Raskin, 56), De Bryuyne (Vanaken, 86), Doku (Fernandes-Pardo, 86), Trossar, De Ketelare (Lukaku, 66)
Misr: Shobeir, Yosir Ibrohim, Fati (Hafiz, 89), Ahmad Fotih (Odil, 89), Xani, Lashin, Ateya, Saloh (Sayid, 76), Ashur (Rabia, 71), Ziko (Abdulkarim, 76), Marmush
Ogohlantirishlar: Kastan, 14. De Keyper, 75 – Ateya, 13. Ahmad Fotih, 34
Jahon chempionati – doim ham quvnoq o‘yinlar degani emas. Belgiya va Misr o‘rtasidagi uchrashuv bunga yaqqol misol. Yaqin vaqtlargacha Yevropaning eng yorqin jamoasi hisoblangan belgiyaliklar va Afrikaning gegemon jamoalaridan biri bo‘lgan misrliklar o‘rtasidagi uchrashuvda g‘olib jamoa aniqlanmadi.
Lekin ular ispanlardan farqli ravishda gol ura olishdi. 19-daqiqada Muhammad Salohning uzatmasidan keyin Imom Ashur hisobni ochdi. Belgiyaliklar faqat ikkinchi bo‘limda muvozanatni tiklashga erishishdi. Romelu Lukaku maydonga tushganiga 22 soniya bo‘lganida Muhammad Xanini avtogol urishga majbur qildi.
Umuman olganda, bu natija hech kimni qoniqtirmadi: ikki jamoa futbolchilarini ham, ularning muxlislarini ham va betaraf tomoshabinlarni ham.
Saudlar Urugvay shturmiga dosh berdi
Saudiya Arabistoni – Urugvay 1:1
Gollar: Al-Amri, 41 (1:0). Arauxo, 80 (1:1)
Saudiya Arabistoni: Al-Uvays, Al-Amri, Al-Tumbukti, Al-Arbi (Lajami, 90), Abdulhamid (Hoji, 90), Al-Haybari, Kanno, S. Ad-Dovsariy, Abulshamat (Al-Bushal, 81), Al-Juvayr (N. Ad-Dovsariy, 63), Al-Buraykan (Al-Hamdon, 90)
Urugvay: Muslera, Kaseres, Olivera, Vinya (Sanabriya, 46), Varela, Ugarte (De la Krus, 72), Bentankur, Vinyas (Agirre, 90), Arauxo (Rodriges, 81), Valverde, Nunes (Kanobbio, 46)
Ogohlantirishlar: Al-Amri, 44
Ispaniya va Belgiya ortidan yana bir grand jamoa ochko yo‘qotdi. Urugvay bu turnirga Luis Suares va Edinson Kavani kabi yetakchilarisiz kelgan (ikkisi ham terma jamoadagi faoliyatini yakunlashgan), ammo janubiy amerikaliklar har qanday holatda ham guruh favoritlari qatorida bo‘lishadi.
Saudiyaliklar o‘yinning birinchi bo‘limida nomdor raqib qarshisida shoshib qolishmadi. Urugvayliklar esa jismoniy jihatdan horg‘in ko‘rinishdi. Osiyo vakillari standart vaziyatlarga urg‘u qaratishdi va bo‘lim yakunida aynan shunday vaziyatlardan biri golga olib keldi: Fernando Musler birinchi zarbani qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Al-Amri darvozani ishg‘ol etdi.
Biyelsa tanaffusda ikki futbolchini almashtirdi, jumladan, Darvin Nunesni maydondan olib tashladi. Uning shogirdlari ikkinchi bo‘limda tetikroq harakat qilishdi, yigirmadan ortiq zarba berishdi, ammo Saudiyaning quyi ligasida o‘ynovchi Al-Uvays darvozasiga ancha vaqtgacha yo‘l topilmadi. Faqat o‘yin oxirlariga borganda Maksimiliano Arauxo darvozabondan qaytgan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi va jamoasini sharmandali mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi – 1:1.
Bu durangdan keyin H guruhida yaqqol yetakchi yo‘q. Keyingi turda kuni Urugvay Kabo-Verde bilan, Ispaniya Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.
O‘yin oldidan namoyish
Eron – Yangi Zelandiya 2:2
Gollar: Jast, 7 (0:1). Rizoyan, 32 (1:1). Jast, 54 (1:2). Muhibiy, 64 (2:2)
Eron: Beyranvand, Xalilzoda, Ne’matiy, Muhammadiy, Rizoyan, Izzatullohiy, G‘addos (Hojisafiy, 65), Yusufi (G‘ayidiy, 46), Muhibiy, Torimiy (Husaynzoda, 80), Muganlu (Alipur, 53)
Yangi Zelandiya: Krokomb, Boksall, Sarmen, Kakache (Old, 68), Peyn (Elliot, 78), Bell, Stamenich (Bindon, 90), Singh (Rendell, 90), Jast, Makkovatt (Tomas, 68), Vud
Ogohlantirish: Hojisafiy, 89
Bu hozircha jahon chempionatining eng siyosiylashgan o‘yini bo‘ldi. Eron hamon AQSh bilan urush holatida: islom respublikasi jamoasi turnirgacha yo‘lda katta qiyinchiliklar va mojarolarni boshdan kechirdi: Amerika rasmiylari jamoani o‘z hududiga faqat o‘yin kuni kirgizdi (ungacha jamoa bazasi Meksika hududiga ko‘chirilgandi), shuningdek, delegatsiyaning 14 nafar a’zosiga viza berilmadi. Eronliklar jamoasida ichki muammolar ham yetarli edi. Masalan, mamlakat futboli tarixidagi eng mashhur futbolchilardan biri Sardor O‘zmun muxolifcha qarashlari tufayli tarkibga kiritilmadi. O‘yin boshlanishi arafasida ham keskin muhit hukm surayotgandi. Amerikada istiqomat qiluvchi yuzlab eronliklar stadiong atrofida hozirgi rejimga qarshi namoyish o‘tkazishdi. Ular mamlakatning shoh boshqaruvi davridagi bayroqlarini hilpiratishdi va Donald Trampning portretlarini ko‘tarishdi.
O‘yinning o‘zi esa tinch kechdi. Shu kuni Los-Anjyelesdagi 70 ming kishilik stadion liq to‘ldi. Eronliklar o‘yinni faollik bilan boshlagandi, ammo 7-daqiqadayoq gol o‘tkazib yuborishdi: Elayja Jast hisobni ochishdi. Ammo Okeaniya vakillari hisobdagi ustunlikni tanaffusgacha saqlab qola olishmadi – Ramin Rizoyan muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda ssenariy takrorlandi. Yangi zelandiyaliklar yana Jastning sa’y-harakatlari evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi, ammo bu safar ham javob golini o‘tkazib yuborishdi. «Rostov» yarimhimoyachisi Muhammad Muhibiy jarima maydoniga oshirilgan to‘pga barchadan ildamroq harakat qilib, bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Endi G guruhida ham barcha jamoalarda bittadan ochko bor va ikkinchi tur oldidan vaziyat chigallashdi. Keyingi turda Belgiya Eron bilan, Misr Yangi Zelandiya bilan o‘yinda maydonga tushadi.
Dastlabki iste’fo
Jahon chempionati davomidagi iste’folar – kamdan kam kuzatiladigan holat, ammo bu safargi turnir o‘zgacha bo‘lmoqda. Jahon tarixida ilk bor turnir startidayoq bosh murabbiy iste’foga chiqarildi — tunisliklar ustozi Sabri Lyamushi jabrlanuvchi rolida.
Insaydlarga ko‘ra, 54 yoshli fransuzni ikki narsa uchun kechirishmagan. Birinchisi – Shvetsiyadan uchralgan 1:5 hisobidagi mag‘lubiyat. Ikkinchisi – uning o‘g‘lining (murabbiylar shtabi a’zosi) o‘yindan keyin fanatlar bilan mushtlashgani.
Lyamushi Tunis milliy jamoasi boshqaruviga ko‘p vaqt bo‘lmagandi va natijalar ham yaxshi emasdi: u jamoa bilan besh o‘yin o‘tkazib, uchtasida yutqazdi (jumladan, Belgiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini 0:5 hisobida yakunlangan) va faqat bittasida g‘alaba qozondi. Mish-mishlarga ko‘ra, uni jamoa futbolchilari ham, muxlislar ham yoqtirishmagan. Endi tunisliklarni turnirning qolgan o‘yinlarida Muxtor Kebayyer boshqarib turishi aytilmoqda, u milliy jamoada 2019 yildan 2022 yilgacha ham ishlagandi. Boshqa variant ham bor: jurnalist Romen Molinaga ko‘ra, «Karfagen burgutlari»ni qutqarish missiyasi muqaddam Saudiya Arabistoni, Marokash va Kot-d’Ivuar kabi jamoalarda ishlagan Erve Renarga topshiriladi.
Tunisni oldinda Niderlandiya va Yaponiyaga qarshi o‘yinlar kutmoqda.
Portugallar bo‘rondan aziyat chekdi
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtidayoq ma’lum edi: AQShdagi ob-havo sharoiti o‘yinlarga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu mamlakatda tez-tez tornado va bo‘ronlar bo‘lib turadi, shu tufayli xavf tug‘ilgan taqdirda har qanday tadbirni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiluvchi qat’iy reglament mavjud.
Hozircha bunday sabab bilan o‘yinlarni to‘xtatishga to‘g‘ri kelmadi. Ammo tabiiy ofat bilan bog‘liq hodisalar ko‘payib bormoqda – 15 iyun kuni Portugaliya milliy jamoasi bo‘ron haqidagi ogohlantirish tufayli avvaliga matbuot anjumanini, keyin esa kechki mashg‘ulotlarni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Kongo Demokratik respublikasiga qarshi o‘yin uchun Krishtianu Ronaldu va jamoadoshlari yopiq pavilionda tayyorgarlik ko‘rishiga to‘g‘ri keldi.
Portugallar uchun bu turnirdagi ilk muammo emas. Bir kun oldin Robert Martines shogirdlariga plyajda dam olishga ruxsat berilmagandi. A Bola nashri yozishicha, xavfsizlik xizmati xodimlari muxlislar ko‘payib ketgani uchun futbolchilarni mehmonxonadan chiqarmagan. Faqat Ruben Diash, Bernardu Silva va Joau Konselu kabi futbolchilar ularning to‘sig‘idan o‘tib, suvga tushishga muvaffaq bo‘lgan.
16-17 iyun kunlari uchun taqvim
Jahon chempionatida qiziq o‘yinlar hali oldinda. 16 iyun kuni kechqurun va 17-iyunga o‘tar kechasi quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi:
00.00. Fransiya — Senegal
03.00. Iroq — Norvegiya
06.00. Argentina — Jazoir
09.00. Avstriya — Iordaniya
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
-
Iqtisodiyot1 hour ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
