Iqtisodiyot
1 dollar ≠ 1 so‘m ≠ 1 rubl. Valutalar qiymati nega har xil?
“Dollar mustahkamlandi”, “rubl quladi”, “so‘m qadrsizlandi” kabi jumlalar tez-tez quloqqa chalinadi. Nega ayrim davlatlarning puli juda qadrli, boshqalariniki esa qadrsiz? Valuta kursining ko‘tarilishi yoki pasayishi nimalarga bog‘liq? Kursni oldindan prognoz qilish mumkinmi? Hamma bitta valutadan foydalansa bo‘lmaydimi?
Valuta kursi shunchaki Markaziy bank yoki ayirboshlash shoxobchasida kunlik yangilab boriladigan raqam emas. Bu qaysidir ma’noda iqtisodiyotning oynasi va mamlakatga bo‘lgan ishonch ko‘rsatkichidir. Masalan, so‘m kursining dollar yoki rublga nisbatan o‘zgarishi bevosita va bilvosita narxlarga, tashqi savdoga, inflatsiyaga, umuman butun iqtisodiyotga ta’sir qiladi.
Xo‘sh, valuta kursining ko‘tarilishi yoki pasayishi nimalarga bog‘liq? Kursni oldindan prognoz qilish mumkinmi?
Kun.uz “Sodda iqtisodiyot” ruknida shu kabi savollarga oddiy tilda javob beradi.
Nega dollar so‘mdan qadrli?
Germaniyada ish bilan yuribsiz. Kundalik xarajatlar uchun pul kerak. Cho‘ntagingizdagi 100 dollarni maydalamoqchi bo‘lganingizda uning qiymati taxminan 85 yevroga teng ekaniga guvoh bo‘lasiz. Keyin Viyetnamga sayohatga bordingiz: 100 dollar 2 mln 635 ming dongga teng ekan. Shunda o‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi: nimaga 1 dollar 1 so‘m yoki 1 rubldan bir necha barobar qimmatroq, yevro yoki funt sterlingga nisbatan esa arzonroq?
Valuta bozori ham iqtisodiyotdagi talab va taklif qonuniyatlari asosida ishlaydi. Agar so‘mni dollarga almashtirmoqchi bo‘lganlar soni ko‘payib ketsa, dollar kursi oshadi. Aksincha, dollarni sotmoqchi bo‘lganlar ko‘paysa, so‘m mustahkamlanadi. Odatda kuchli iqtisodiyotlarga ega davlatlar, masalan AQSh valutasiga global bozorda kuchli talab bo‘ladi, bu esa uning qadri tushib ketmasligini ta’minlaydi.
Agar valuta kursi iqtisodiyotning yuzi bo‘lsa, unda nima uchun 1 AQSh dollari qo‘shni davlatlarda, masalan Qirg‘izistonda taqriban 87 som atrofida, Qozog‘istonda 460 tenge atrofida turadi-yu, O‘zbekistonda uning qiymati 12 000 so‘mdan ham oshib ketgan? Nahotki O‘zbekiston iqtisodiyoti ushbu mamlakatlar iqtisodiyotidan minglab barobar kuchsizroq bo‘lsa? Yo‘q, bunday emas. Valutaning “nominal qiymati” bilan uning “real makroiqtisodiy qobiliyati”ni bir-biridan qat’iy farqlash zarur. Ko‘p holatlarda valuta kupyurasining yuzidagi nollar soni uning qanchalik kuchsiz ekanligini anglatmaydi, balki ushbu mamlakatning o‘tmishda og‘ir inflatsiya davridan o‘tgani yoki Markaziy bank tomonidan nollarni texnik olib tashlash islohoti – denominatsiya qilingan-qilinmaganini ko‘rsatuvchi belgilardan biridir.
O‘zbek banknotalarida nollar sonining ko‘pligi ham yuqoridagi omillar bilan bog‘liq. O‘zbekiston 1991 yilda mustaqillikka erishgach, ma’lum muddat sobiq ittifoqning yagona “rubl zonasi”da qolib ketdi. Buning eng katta fojiasi shunda bo‘ldiki, pul emissiyasi, ya’ni yangi qog‘oz pullarni bosib chiqarish ustidan nazorat mutlaqo O‘zbekiston hukumati qo‘lida emasdi. Rossiya va boshqa markazlar tomonidan amalga oshirilgan boshboshdoq emissiya tufayli sobiq ittifoq respublikalari hududiga qadrsiz qog‘oz pullar yopirilib kira boshlaydi. Rubl zonasida bo‘lish pul massasini nazorat qilish imkonini bermaydi.
Shu bilan birga, ittifoq davrida shakllangan yagona xo‘jalik va ta’minot aloqalarining birdaniga uzilishi bozorlarda tovarlarning o‘tkir tanqisligini yuzaga keltiradi. Ortiqcha chiqarilgan pul va tovarlarning yo‘qligi giperinflatsiyaga, ya’ni narxlarning kundan kunga qimmatlashib borishiga olib keladi.
Monetar qaramlikdan qutulish uchun 1994 yildan boshlab milliy valuta – so‘m muomalaga kiritildi. Bu tarixiy qadam mamlakatga pul-kredit siyosatini to‘liq, mustaqil ravishda o‘z nazoratiga olish imkonini bergan bo‘lsa-da, keyingi yillarda ham yuqori inflatsiyaning saqlanib qolishi qiymat jihatdan so‘mning ham dollarga nisbatan qadrsizlanib borishiga zamin yaratdi. Masalan, so‘m muomalaga kiritilgan kunda valuta birjasida 1 dollarning qiymati roppa-rosa 7 so‘mga teng bo‘lgan. Keyinchalik mamlakatdagi asosiy eksport tovarlari narxining jahon bozorida tushib ketishi va ichki bozorda valutaga nisbatan talabning oshishi fonida so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi tezlashdi. Jumladan, 1 dollarning qiymati 1998 yilda 100 so‘mdan, 2000 yilda 300 so‘mdan, 2002 yilda 900 so‘mdan, 2006 yilda 1200 so‘mdan oshib ketadi. Shu tariqa, kurs o‘zbek so‘mida 5 xonali raqam chegarasigacha kengayib ketdi.
Umuman olganda, dollar, yevro, funt kabi valutalar jahon moliya tizimining asosiy “qon tomiri” hisoblanadi va neft, oltin va boshqa asosiy resurslar savdosi shu valutalarda amalga oshiriladi. Bu Amerika yoki Yevropa puliga bo‘lgan doimiy va ulkan global talabni yaratadi. So‘m esa faqat O‘zbekiston ichki bozorida va cheklangan doiradagi mintaqaviy savdolarda ishlatiladi.
Shuningdek, valutaning qadri uning xarid qobiliyatiga bog‘liq. Inflatsiya qanchalik yuqori bo‘lsa, pulning qadri shunchalik tez tushadi. Tarixan O‘zbekistonda inflatsiya darajasi baland bo‘lib kelganini yuqorida ham ta’kidlab o‘tdik. Bu esa so‘mning ichki xarid qobiliyati yemirilishiga olib keldi.
Boshqa davlatlar, masalan, Rossiya 1998 yilda 1000 eski rublni 1 yangi rublga, Turkiya 2005 yilda 1 million eski lirani 1 yangi liraga, Turkmaniston esa 2009 yilda 5000 eski manatni 1 yangi manatga almashtirdi. Aslida bu texnik jarayon bo‘lib, butun pitssani 20 ta mayda bo‘lakka kesish o‘rniga, kattaroq qilib 5 ta bo‘lakka bo‘lishga o‘xshaydi. Bu pitssaning, ya’ni iqtisodiyotning umumiy hajmini, valutaning real xarid qobiliyatini zarracha ham o‘zgartirmaydi, shunchaki kundalik hisob-kitoblarni osonlashtiradi, xolos.
Valuta kursi nega o‘zgaradi?
Nima sababdan dollarning so‘mga nisbatan narxi kecha tushib, bugun yana ko‘tarilayotganini tushunish uchun tarozining talab va taklif pallalarini harakatga keltiradigan omillarga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.
Bunda eng asosiy jihatlardan biri – eksport va import balansi. Agar mamlakat ko‘p eksport qilsa, unga chet el valutasi, ya’ni dollar kirib kelishi ham oshadi. Masalan, O‘zbekiston har yili oltin, uran va mis kabi xomashyo mahsulotlarini milliardlab dollarga sotadi. Bu pullar eksportchi kompaniyalar hisobiga valutada tushadi. Lekin ish haqi, soliqlar va ichki xarajatlar so‘mda amalga oshiriladi, shuning uchun eksportyorlar valutani ichki bozorda sotadi, ya’ni dollarni so‘mga almashtiradi. Bu esa milliy valuta kursini mustahkamlaydi. Aksincha, agar mamlakat importni eksportdan ko‘proq qilsa, valutaga bo‘lgan talab taklifdan oshadi va so‘m qadrsizlanadi.
Ikkinchi muhim omil – investitsiyalar va davlatga bo‘lgan ishonch. Agar xorijiy investorlar mamlakatga pul olib kirib, ishlab chiqarish faoliyatini boshlasa yoki aksiyalar, ko‘chmas mulk sotib olsa, dollarni so‘mga almashtiradi va milliy valuta kursi rag‘batlantiriladi. Agar ular aksincha, pullarini olib chiqib ketishga qaror qilsa, so‘mni sotib, dollarni qaytarib ola boshlaydi. Yorqin misol, 2022 yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi fonida g‘arb investorlari va kompaniyalari yuzlab milliard dollar kapitalni olib chiqib ketdi va rubl deyarli ikki barobar qadrsizlandi.
O‘zbekiston har yili jahon bozorlariga sotayotgan mahsulotlaridan ko‘ra sezilarli darajada ko‘p hajmdagi va qiymatdagi tovarlarni xorijdan sotib oladi. Ya’ni mamlakatimiz doimi ravishda manfiy savdo balansiga ega (va bu aslo salbiy holat emas). Masalan, importning eksportdan ko‘pligi 2022 yilda 11 mlrd dollarni, 2023 yilda 13,7 mlrd dollarni, 2024 yilda 12 mlrd dollarni, 2025 yilda esa 13,5 mlrd dollarni tashkil qilgan. Albatta, rivojlanayotgan, modernizatsiya bosqichida bo‘lgan iqtisodiyot uchun yangi texnologiyalar, ishlab chiqarish zavodlari uchun dastgohlar va og‘ir uskunalar olib kirish mutlaqo tabiiy va strategik jihatdan o‘ta zarur jarayon hisoblanadi.
Xo‘sh, mantiqan o‘ylaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston har yili bir o‘n milliardlab dollar ko‘proq xarajat qilayotgan ekan, yetishmayotgan xorijiy valuta qayerdan olinyapti? Nega dollarning narxi so‘mga nisbatan kosmik darajada o‘sib ketmayapti? Bunda eng asosiy qutqaruvchi faktor: mehnat migrantlari tomonidan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari. 2025 yilda mamlakatga yuborilgan o‘tkazmalar miqdori 18,9 mlrd dollarni yoki butun YaIMning qariyb 13 foizini tashkil etdi. Millionlab vatandoshlar yuborayotgan pullarni ularning oila a’zolari qabul qilib olgach, xorijiy valutani so‘mga ayirboshlaydi. Bu esa ichki valuta bozorida qo‘shimcha taklif yaratib, milliy valutaning keskin qadrsizlanib ketishini sug‘urtalab turadi.
Bundan tashqari, hukumat hamda davlat va xususiy kompaniyalar xorijiy moliya tashkilotlaridan katta miqdorda qarz jalb qilyapti. Bu ko‘rsatkich 2025 yilda 17,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Shuningdek, O‘zbekistonga kiritilayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi ham ichki bozorda valuta taklifini yaratadi.
Qolaversa, valuta kursining barqarorligi bevosita Markaziy bank olib boradigan monetar siyosatga ham chambarchas bog‘liq. Agar regulyator asosiy foiz stavkasini oshirishga qaror qilsa, aholi va tadbirkorlar uchun so‘mdagi mablag‘larni bankda omonatga qo‘yish daromadliligi oshadi. Bu esa xorijiy va mahalliy sarmoyadorlarni, oddiy fuqarolarni o‘z mablag‘larini milliy valutada serdaromad tarzda saqlashga undaydi. Natijada so‘mga bo‘lgan ichki talab ortib, uning qadri mustahkamlanadi.
Aksincha, stavkalar tushirilsa, iqtisodiyotga pul ko‘proq kiritiladi va inflyatsion bosim hamda dollarga talab ortishi mumkin.
Bundan tashqari, Markaziy bank bevosita valuta bozoriga to‘g‘ridan to‘g‘ri intervensiya qilish, ya’ni kunlik birjada xorijiy valutani katta hajmda sotish yoki sotib olish operatsiyalari orqali ham kursning keskin, vahimali sakrashlarini yumshatish imkoniyatiga ega.
Qadrli valuta: yaxshimi yoki yomon?
Saylovoldi kampaniyalari va prezidentlik yillarida Donald Tramp bitta gapni juda ko‘p takrorlagan: “Kuchli dollar bizni o‘ldiryapti!”
Sababi oddiy: dollar qanchalik qimmat bo‘lsa, Amerika tovarlarining ham tashqi bozordagi narxi mutanosib tarzda baland bo‘ladi. Bu esa xaridorlarning Xitoy yoki Yevropada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tanlashiga olib keladi.
Qimmat dollar Amerikaning savdo taqchilligini oshirib, sanoat kompaniyalariga o‘z zavodlarini arzon ishchi kuchi va arzon valutasi bor davlatlarga ko‘chirishga turtki bo‘ladi. Masalan, Xitoy – bu borada eng agressiv siyosat yurituvchi davlat. O‘n yilliklar davomida Xitoy Xalq banki yuanning dollarga nisbatan bozor kursida erkin o‘sishiga sun’iy ravishda to‘sqinlik qilib keladi. AQSh hukumatining “valuta manipulyatori” degan ayblovlariga qaramay, Pekin o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgani yo‘q. Chunki arzon yuan – Xitoy tovarlarining butun dunyoda raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlaydigan asosiy quroldir.
Tasavvur qiling, agar yuan erkin qo‘yib yuborilsa va uning qadri 20-30 foizga oshsa, peshtaxtalarni to‘ldirib turgan “Made in China” tovarlari ham avtomatik ravishda xuddi shuncha foizga qimmatlashadi. Bu Xitoy eksport mashinasini to‘xtatib qo‘yishi va millionlab odamlarning ishsiz qolishiga olib kelishi mumkin.
Milliy valutaning qadri oshishi ba’zan ulkan muammoga aylanishi mumkinligiga eng yorqin misol – Yaponiya. 1985 yilda Nyu Yorkdagi “Plaza” mehmonxonasida AQSh, Buyuk Britaniya, G‘arbiy Germaniya, Fransiya va Yaponiya moliya vazirlari to‘planib, kelishuvga erishadi. Maqsad – dollarni qadrsizlantirish bo‘ladi. Shundan keyin Yaponiya bilan hammasi teskari tomonga o‘zgarib ketadi. Iyenaning dollarga nisbatan 2 barobargacha mustahkamlanishi tufayli Tokioning eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyoti jiddiy aziyat chekdi.
O‘shanda Yaponiya hukumati ichki talabni rag‘batlantirish uchun foiz stavkalarini pasaytirish siyosatini boshlaydi. Bu esa ko‘chmas mulk va aksiyalar bozorida pufak hosil bo‘lishiga olib keladi. 1990 yillarga kelib, bu pufak yorildi va Yaponiya “Yo‘qotilgan o‘n yil” deb ataluvchi uzoq iqtisodiy turg‘unlik davriga kirdi. Shu bois ko‘plab iqtisodchilar Yaponiya iqtisodiy muammolarining ildizini aynan “Plaza” kelishuviga bog‘lashadi.
2025 yilda ham O‘zbekistonda hech kuzatilmaydigan holat yuz berdi: milliy valutamiz yil davomida dollarga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlandi. Albatta, so‘m qadrining oshishi – mamlakat iqtisodiyotiga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ijobiy jihati – import arzonlashadi, inflatsiya sekinlashadi. Shuningdek, davlat qarzining qariyb 90 foizi chet el valutasida jalb qilingan – so‘mning mustahkamlanishi qarzlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini ham kamaytiradi.
Milliy valuta qadri oshishining salbiy jihatiga kelsak, bu holatda O‘zbekiston eksport tovarlarining tashqi bozorlardagi raqobatdoshligi kamayadi. Kuchsiz so‘m esa o‘zbek mahsulotini xorijiy xaridorlar uchun arzonlashtiradi, chunki tannarx pasayadi.
Kurs o‘zgarishini oldindan bilish mumkinmi?
Markaziy bank raisi ishtirokidagi matbuot anjumanlarida jurnalistlar kurs istiqbolda qanday bo‘ladi, oshadimi yoki tushadimi degan savolni ko‘p beradi. Qisqa javob: valuta kursini kelajak uchun 100 foiz aniqlik bilan oldindan prognoz qilib bo‘lmaydi. Valuta bozori dunyodagi eng yirik, eng likvid va eng murakkab moliyaviy tizim. Hatto yirik investitsion banklar va Nobel mukofoti sovrindorlari bo‘lgan makroiqtisodchilar ham uzoq muddatli valuta prognozlarida tez-tez xatoga yo‘l qo‘yishadi.
Masalan, S&P xalqaro reyting agentligi o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan kursi 2025 yilning oxirida 13 600 so‘mga yetishini taxmin qilgandi, davlat budjeti parametrlarida ham kurs o‘rtacha yillik 13 250 so‘mdan hisoblangandi, amalda esa dollar 12 000 so‘mgacha arzonlashdi.
Buning asosiy sababi shundaki, valuta kursiga ta’sir qiluvchi omillar soni haddan tashqari ko‘p va ularning aksariyatini matematik modelga kiritib bo‘lmaydi. Shu sabab ham iqtisodchilar valutaning umumiy harakatlanish trendini ehtimollik asosida taxmin qilishga harakat qilishadi.
Hamma bitta valutadan foydalansa bo‘lmaydimi?
Tasavvur qilib ko‘ring, butun dunyo mamlakatlari kelishib, “Global” degan yagona valuta joriy qilishdi. Xuddi yevrohududga o‘xshab, dunyoning istalgan qismida bitta puldan foydalanish mumkin. Bu hamma uchun qulay, shunday emasmi? Valuta ayirboshlash xarajatlari yo‘qoladi: eksport va import bilan shug‘ullanadigan zavodlar, shuningdek, sayohatchilar kurslaridagi farqdan yutqazmaydi. O‘zbekistondagi mashina bilan Qozog‘istondagi mashinaning narxini solishtirish osonlashadi. Hech qaysi davlatning valutasi “qadrsizlanib” ketmaydi, chunki hamma bitta pul ishlatadi.
Lekin amaliyotda bunday qilish juda qiyin va xavfli. Hozirda har bir davlatning o‘z Markaziy banki bor. Agar davlatda inqiroz boshlansa, regulyator foiz stavkalarini tushiradi yoki bozorga ko‘proq pul chiqarib, iqtisodiyotni rag‘batlantiradi. Aksincha, inflatsiya oshib ketsa, foiz stavkalarini ko‘tarib, pullarni “yig‘ishtirib oladi” va narxlarni tushiradi.
Endi, butun dunyoda yagona Markaziy bank va bitta valuta bor deb olaylik. Xitoy iqtisodiyoti tez o‘sib, inflatsiya kuchayib ketdi. Ularga yuqori foiz stavkasi kerak. Shu vaqtda Braziliya iqtisodiyoti chuqur inqirozga yuz tutdi. Ularga esa past foiz stavkasi kerak. Global Markaziy bank nima qiladi? U hammaga birdek yoqadigan foiz stavkasini belgilay olmaydi. Bir davlatni qutqaraman deb, ikkinchisini botqoqqa botirib qo‘yishi hech gap emas.
Bundan tashqari, davlatlarning iqtisodiyoti turli narsalarga asoslanib qurilgan. Masalan, neft narxi keskin tushib ketsa, Rossiya yoki Saudiya Arabistoni kabi eksportyor davlatlar iqtisodiyoti jiddiy zarar ko‘radi. Bunday holatda milliy valuta qadrini tushirib, zararni biroz yumshatish imkoniyati bor. Agar yagona valuta bo‘lsa, inqirozli vaziyatlarga munosabat bildirish imkonsiz holatga kelib qoladi.
Shuningdek, budjet taqsimoti muammosi ham bor. Jumladan, Amerikaning hamma shtatida bitta valuta ishlatiladi – dollar. Agar biror shtatda, masalan, Missisipida iqtisodiy muammo bo‘lsa, federal hukumat Kaliforniyaga o‘xshash boy shtatlardan olingan soliqlarni Missisipiga yordam sifatida jo‘natadi. Global miqyosda esa hech qaysi boy davlat kambag‘al davlatlardagi iqtisodiy inqirozlarni doimiy ravishda o‘z cho‘ntagidan to‘lashga rozi bo‘lmaydi.
Iqtisodiyotlari bir-biriga juda o‘xshash va har qanday sharoitda bir-biriga yordam berishga tayyor Yevroittifoqqa o‘xshash hududlardagina yagona valuta ishlashi mumkin. Butun dunyo uchun esa bu – imkonsiz.
Iqtisodiyot
Islomiy investitsiya – u nima? Har bir inson investor bo‘la oladimi?
O‘zbekistonga islomiy investitsiyalarni olib kelish umidida yurgan insonlar bor. Bunday investitsiya uchun mamlakatda shart-sharoit yaratilayotgani ularni ruhlantirgan. Shu bilan birga, milliardlarni jalb qilishimiz uchun hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor, deydi ular.
Al-Azhar universiteti doktoranti Mahmud Usmon hamda Qatardagi Lesha Bank investitsion banki katta vitse-prezidenti Habibullo Ibragimov Kun.uz’ga bergan intervyusida islomiy investitsiyalar haqidagi savollarga oddiy tilda javob berishdi.
Mahmud Usmon: Sarmoya va sarmoyaga oid mahsulotlar islom moliyasining eng chiroyli mahsulotlari hisoblanadi. Deylik, masalan, bir odam chet el bankidan, kredit olib keldi. “Men investitsiya olib keldim falon davlatdan” deydi. Yo‘q, kredit bo‘lsa, investitsiya emas bu. Chunki u kredit, u sizga shartlari bilan berildi, 100% qaytarib oladi. Investitsiya bu – sheriklik, go‘zal mahsulot.
O‘zbekistonning ichida investitsiya jalb qilsangiz bo‘ladi hamda tashqaridan investitsiya jalb qilsangiz bo‘ladi. Islomiy banklar o‘zining faoliyatini boshlagandan keyin, tashqaridagi islomiy banklar bilan aloqa o‘rnatib, ularning ishonchi qozonilsa, O‘zbekistondagi bizneslarga pul kiritish: murobaha shaklidami, musharaka shaklidami, pul kiritish bo‘yicha shartnomalarga erishsa bo‘ladi. Mana bu tashqaridan kirishi mumkin bo‘lgan bitta investitsiya turi.
Bu bo‘yicha harakatlar bor, urinishlar bor, turli bizneslar tomonidan. Biz o‘zimiz mana Habibulloh aka bilan Qatarda edik, u yoqda harakat qilish bo‘yicha ba’zi uchrashuvlar bo‘ldi.
Ikkinchi yo‘nalish, bu – O‘zbekistonning ichidagi pullarni investitsiyaga aylantirish. Ya’ni O‘zbekistonning ichida odamlarning ta’bir joiz bo‘lsa, yostiqlari ostida turgan pullarni. O‘zbekiston bizneslarining chanqog‘ini qondira oladigan, O‘zbekistonning ichida ko‘plab pul bor deyishadi mutaxassislar. O‘sha pullarni investitsiya sifatida bizneslarga jalb qila olganimizda, katta g‘alaba bo‘lardi. Ichki investitsiyalar qanaqa tarzda bo‘ladi?
Deylik, boy odam, xos investor bo‘lishi ham mumkin. 100 ming, 200 ming, 500 ming dollar, million dollar puli bor odamda. Yoki deylik oddiy o‘qituvchi, doktor. Oyligidan 20%, 10% o‘zining xarajatlaridan tejab, investitsiya qilishni xohlashi mumkin. Mana shu pulni olib, birorta bir biznesdan ulush sotib olishi, tushadigan daromadlarga sherik bo‘lishi, shu biznesning o‘sishidan, kapitalizatsisi o‘sishidan manfaatlashishi mumkin. Kapitalni birga o‘stirish bu. Bu ichki investitsiyaning bir chiroyli ko‘rinishi.
Shokir Sharipov: Ya’ni qaysidir ma’noda G‘arb olami aynan investitsiya instituti evaziga rivojlanyapti-da, biz esa hozir to‘xtab turibmiz, chunki islomiy shakli yo‘q, cheklovlar bor, men misol uchun istamayman foiz bo‘layotgan joyga ishtirok etishga, siz ham istamaysiz, natijada iqtisodiyot qafas ichida turgandek, shunaqami?
Habibullo Ibragimov: To‘ppa-to‘g‘ri. Masalan, ikkita narsaga men ulagan bo‘lardim shu narsani. Birinchidan, islomiy moliya. Islomiy moliyada, masalan, taxminlarga ko‘ra 10-20 milliard pul bor ichkarida (O‘zbekistonda – tahr.). Katta pul bor odamlarning qo‘lida, hali sistemaga kirib kelmagan. Islomiy moliya ochilishi bilan, shu pullar sistemaga kirib kelgandan keyin, o‘z-o‘zidan, masalan, banklarning qo‘lida ko‘proq pul paydo bo‘lgandan keyin, bozordagi kredit ajratish yoki, masalan, moliyalashtirish stavkalari ham ancha tushadi o‘z-o‘zidan. 2030-yilgacha, masalan, qayta moliyalash stavkasini 5% ga tushirish rejalashtirilgan.
Islomiy banklarning ochilishi bu narsani yana ham tezlashtirib yuborishi mumkin. Chunki tashqarida hali bank sistemasiga kirib kelmagan pullarni sekin olib kirishga yo‘l ochib beradi. Ikkinchisi, kapital bozor hali O‘zbekistonda yaxshi rivojlanmagan. Bu narsa rivojlanishi kerak.
Arab mamlakatlarida investitsion banklar bor. Investitsion banklar kompaniyalarga sheriklikka kirishga yordam beradi, o‘rtada turadi. Biz Qatarda xuddi shu ish bilan shug‘ullanamiz. Masalan, tez o‘sayotgan kompaniyani topamiz, o‘rganamiz, strategiyasi bilan tanishib chiqamiz, moliyaviy holatini o‘rganamiz. Shu kompaniya bir necha yil ichida biz kutgan moliyaviy natijaga erishishiga ko‘zimiz yetadigan bo‘lsa, bir qismini sotib olamiz va investorlarga taklif qilamiz. Hali shu narsa O‘zbekistonda rivojlanmagan, rivojlantiriladigan bo‘lsa, odamlarda faqat bankka depozit qo‘yishi emas, qo‘shimcha investitsiya qilishi uchun mahsulotlar ham ko‘p bo‘ladi.
Shokir Sharipov: Investitsiya so‘zi hadislarda yo‘q, to‘g‘rimi? Lekin bu iqtisodiyotning bir muhim unsuri – investitsiya. Men bir ish qilyapman, tijorat qilyapman yoki korxona ochdim yoki startap qilyapman. Siz hissangizni qo‘shyapsiz, menga ishonganingiz uchun. Bu yerda ijtimoiy yaqinlik ham hosil bo‘ladi, to‘g‘rimi? Ishonyapsiz-da menga chunki, shuning uchun investitsiya kirityapsiz. Shu ma’noda, investitsiyaning islomiy jihatdan mohiyatini ochib beraylik. Nimasi bilan u qadrli? Chunki islomda, bilamiz, hamma yaxshi narsalarga ruxsat etilgan, to‘g‘rimi? Uning nimasi yaxshi ekanligini ochib berishimiz kerak.
Mahmud Usmon: Ajoyib tomoni, hozir masalan, shu suhbatni o‘tkazasiz, suhbat tamomlangandan keyin chiqib bir joyda, deylik, kechki ovqat yemoqchi bo‘lasiz. O‘sha oshxona uchun siz iste’molchisiz, oshxonaning egasi daromad ko‘radi bundan. Jurnalist sifatida yoki boshqa bir kasb egasi sifatida siz ishlaysiz, vaqtingizni pulga almashtirasiz. Keyin haligi pulni olib borib o‘sha oshxonada yoki boshqa joyda sarflaysiz. Natijada vaqtingiz go‘yo ovqat yeyishga sarflanyapti, yo‘q bo‘lib ketyapti. Umringizni shu narsaga sarflagandek bo‘lib qolyapsiz. O‘z-o‘zidan “shu oshxonaning 1% iga yoki 0, 1% iga bo‘lsa ham men ega bo‘lsam bo‘lmaydimi”, degan savol savol paydo bo‘ladi.
Tasavvur qiling, men oyligimdan oz-oz tejasam-da, shu oshxonaning 0, 1% ini yillar davomida, mayli, sotib olsam. Oxir-oqibat shu oshxonaga kirib ovqatlanayotgan odamlarning xarajatlaridan menga qanaqadir daromad kelib tursa. Shu ma’noda investitsiyaning mohiyati bo‘lgan sheriklikning yaxshi tomoni, u tadbirkor bilan oddiy xalq vakilini va kerak bo‘lsa, uning o‘zining mijozi bo‘lgan xalq vakilini uning sherigiga aylantiradi!
Natijada xalq orasida bo‘layotgan mana shu siz ko‘rib turgan bizneslar, masalan, mashhur supermarketlar bo‘lsin, ishlab chiqarish joylari bo‘lsin, xizmat ko‘rsatish joylari bo‘lsin, bular xalqning biznesiga aylanadi.
Oxirgi besh yil ichida, ayniqsa, juda keskin o‘sish bo‘ldi ko‘p bizneslarda. Va bu o‘sish oqibatida biznes egalarining hammasida paydo bo‘lgan savol: qayerdan sarmoya topsam bo‘ladi, qayerdan investitsiya jalb qilsam bo‘ladi? Xorijdan jalb qilishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Banklardan olishda ba’zi odamlarda qadriyat bilan bog‘liq, masalan, to‘siqlar bor. Mana shunday holda u qarab o‘zining mijozlaridan o‘sha pulni olsa bo‘ladi. Va mijozlarini o‘zining biznesiga sherik qilsa bo‘ladi.
Sheriklikning mohiyatini, go‘zalligini to‘rtta narsada jamlasak.
Birinchi ijobiy nuqtasi, odam o‘zining biznesiga o‘zining mijozlarini va xalq vakilini, o‘qituvchini, doktorni jalb qiladi. Qaysidir ma’noda hamma jamiyat uchun ishlayapti, jamiyat uchun bu kasblar ham kerak. Mana shu kasb egalarini o‘zining biznesiga sherik qiladi. Oqibatda ularni ham manfaatlantiradi o‘zining muvaffaqiyatidan.
Ikkinchi nuqta, ularning pullari buning biznesiga kirib kelishi oqibatida bu o‘zi halol va deyarli tugamaydigan investitsiya manbayiga ega bo‘ladi. Masalan, siz hozir, deylik, orttirib, tejab, boshqa qilib, deylik, bir yillik, yarim yillik pulingizdan muayyan bitta restoranga investitsiya kiritdingiz. Ulush oldingiz shu restorandan. Va qanaqadir foyda ko‘rishni boshladingiz. Keyingi yilga yana kiritaman deysiz. Chunki birinchi yil foyda ko‘rdingiz-ku. Ayniqsa, agar o‘sha restorandan pulingizni kerak paytda yechib ola olsangiz. Oqibatda yana ham xotirjam bo‘lib, kelajakda pul kiritasiz. Oqibatda restoran doim pul kelib turadigan bitta manbaga ega bo‘ldi. Doimiy sherigi bor. Qachon pul kerak bo‘lsa, o‘zining investorlariga e’lon qila oladi. Hozir yangi filial ochishimiz kerak, bizga shuncha pul kerak. Hamma o‘rtaga pul tashlaydi, bir pastda pul jamlanib qoladi va bitta yangi filial ochib olasiz. Daromadga sherik qilasiz.
Uchinchi ijobiy tomoni, mijozlar biznesni o‘zining biznesi deb ko‘rishni boshlaydi. Oqibatda o‘sha biznesga bo‘lgan mijozning munosabati o‘zgaradi. Masalan, men bir kuni bu restoranda ovqatlanaman, bir kuni bu restoranda ovqatlanaman. Lekin endi agar mana bu restoranning 0, 01% iga bo‘lsa ham, ulushdor bo‘lsam, endi men faqat shu restoranda ovqatlanaman, chunki mening restoranimda bu. Tushunyapsizmi? Men nafaqat doimiy mijoz, balki reklamachi, balki qattiq mudofaachiga aylanib qolaman bu biznesga. “Direct celling” deydi buni, yuzma-yuz sotish. Bu doimo samaradorroq bo‘ladi. Mana hozir qanchadir pul berib, televideniye, radioda e’lon berasiz. Bilmaysiz, o‘sha reklama foyda beradimi, yo‘qmi. Foydaning hajmidan qat’iy nazar, siz baribir o‘sha pulni sarflaysiz. Lekin “direct celling”da, ya’ni bir odam sizga reklama qilib berishida, manfaat ko‘rasiz va manfaatga qarab pul to‘laysiz. Shuning uchun Google va boshqalar rivojlanib ketdi. Klikiga qarab pul to‘laydi, masalan. Tekinga sizni reklama qiladi mijozingiz. Ya’ni xalqning sizga nisbatan alohida sadoqati va alohida chiroyli bir munosabati, muhabbati bo‘lishi.
To‘rtinchisi, odamlarda mana shunday madaniyat paydo bo‘ladi: birga o‘saylik, bir narsa ulashaylik degan madaniyat.
Masalan, birorta bankdan kredit oladigan bo‘lsangiz, u yerda mavsumlar bor. Ba’zi mavsumlarda daromad topmaysiz, lekin baribir o‘sha pulni berishingiz kerak, to‘lov jadvali bor. Pul topmaysiz ba’zi holatlarda, baribir to‘lashingiz kerak. Ba’zi holatlarda o‘sib ketasiz, o‘sha miqdorni to‘laysiz. Bank o‘sishingizdan manfaat ham topmaydi.
Bu yerda esa mavsum yomonmi, pul to‘lamaysiz. Yoki kamroq pul to‘laysiz. Mavsum yaxshimi, ko‘proq pul to‘laysiz. Natijada sherigingiz siz bilan birga harakatlanadi. Va siz bilan harakatlanuvchi sherigingizda o‘z o‘rnida investorlik mentaliteti paydo bo‘ladi. Ya’ni u endi o‘zini nafaqat o‘qituvchi, balki investor deb biladi. Va natijada o‘z puliga qarashi o‘zgaradi. Ya’ni u endi biladi – vaqtni pulga almashtirish kerak emas, vaqtni hayotidagi eng qimmat kapital – vaqtga almashtirsa bo‘ladi.
Shokir Sharipov: Har bir inson investor bo‘lsa, o‘sha jamiyat muvaffaqiyatli, samarali jamiyatga aylanadi. Shunday desak bo‘ladimi?
Mahmud Usmon: Shunaqa. Buning ikkita tomoni bor. Bir videoda ikkita odam suhbatlashyapti. Bittasining qo‘lida AirPod degan narsa bor. Bittasi 399 dollarga manaqa narsa chiqdi, muzika eshitsa bo‘lar ekan, deb maqtayapti. Ikkinchisi “qaysi kompaniya chiqaribdi” shuning aksiyasini olaman deyapti. Oradan uch-to‘rt yil o‘tgandan keyin, yana uchrashishdi, haligi AirPod olgan kishi “bu kompaniya endi iPhone chiqarishdi, knopkalari bo‘lmas ekan, ekranning o‘zida boshqarilar ekan” deyapti. Besh yil o‘tgandan keyin bu kishi “iPhone 5-chisi chiqdi, 10 yil o‘tgandan keyin iPhone 10-chisi chiqdi, sening aksiyang nima bo‘ldi” deb so‘rasa, unisi “aksiyam 300 ming dollarga yetdi” deyapti. Ya’ni birinchi kishi iste’mol, iste’mol, iste’mol, qilish bilan shug‘ullanyapti. Ikkinchi kishi fikrlayapti, qanaqa qilib mana shu – iste’mol qilayotganim narsadan foyda ko‘rsam bo‘ladi?
Birinchi yo‘l, bu iste’molchilik botqog‘i. Mana shu narsani xohlayman. Olaman. Keyin 10 yil to‘lab yuraman. 10 yil davomida yana bir narsani xohlayman. Keyin uni olaman. Keyin uni to‘lab yuraman. Doimiy ravishda uni to‘lab, buni to‘lab, shu botqoqda yuraveraman.
Ikkinchisi, shuni xohlayman, lekin shuning yarmicha pulim bor. Shu pulni olay-da, mana bu joyga investitsiya qilay. Natijada sekin-sekin pul ko‘payishni boshlaydi va qolgan pullarni ham shunga qo‘yaman, sabr qilaman, sabr qilaman va sekin-sekin menda investitsiya uchun kapital jamlanishni boshlaydi. Keyin o‘z-o‘zidan menda bu bo‘yicha tajriba ham paydo bo‘ladi: “Bu kompaniya yaxshiroq ekan, bunaqa shaklda qilsam yaxshiroq ekan, mana bu narsani ertaga men o‘ndan birini, 10 barobar ko‘prog‘ini olishim mumkin”. O‘zimning bulog‘im bo‘ladi, menga pul keltirib turadigan manbayim bo‘ladi.
Men xohlardim Habibulloh aka Qatarni misol keltirib berishlarini.
Habibullo Ibragimov: Qatarda investitsion bankda ishlayman, katta vitse-prezident bo‘lib.
Shokir Sharipov: Ikki og‘iz shu banklaringiz haqida, qancha oborot qilinadi?
Habibullo Ibragimov: 5 milliard dollardan oshiq pul aylantiramiz.
Shokir Sharipov: Asosan katta-katta obektlarga investitsiya kiritasizlarmi?
Habibullo Ibragimov: Bizning yo‘nalishimiz, biz faqat investitsiya qilamiz. Bizning investitsiyamiz faqat Qatarning o‘zida emas, jahon bo‘yicha, masalan, Amerikada, Yevropada, Saudiyada hozir. Bir nechta yo‘nalish bo‘yicha ishlaymiz. Masalan, yo‘nalishlardan birinchisi aviatsiya yo‘nalishi. Samolyotlarni sotib olamiz, qiymatini shu fondning ichiga tashlab olamiz har safar. U fondning yunitlarini investorlarga bo‘lib-bo‘lib sotamiz. Investorlar u fonddan yunit sotib oladigan bo‘lsa, doimiy, masalan, ijaradan kelgan puldan dividend olib turishadi.
Investorlarga o‘zlari borib to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilish imkoniyati bo‘lmagan investitsiyalarni qilamiz. Chunki katta investitsiyalar bo‘ladi, 100 million, 200 million, 300 million dollarlik investitsiyalar bo‘ladi.
Mahmud Usmon: Aytganimizdek, bitta odam borib bir restorandan ulush oladi dedik. Muammo shundaki, voqelikda shu odam shu yaxshi restoranni topa olmaydi. O‘sha ulushni olishda yaxshi shartnoma tuza olmaydi. Yoki bir odam borib, deylik, ko‘chmas mulkka investitsiya qilmoqchi. Unga ko‘chmas mulkka yetarli puli bo‘lmasligi mumkin. Ko‘chmas mulk bozoridagi stabillik, bozordagi o‘sish yoki boshqaga sherik bo‘lishi uchun unda yetarli pul yo‘q. Yoki puli bo‘lsa ham, u o‘zining manfaati uchun qulay bo‘lgan shartnoma tuzish darajasida moliyaviy, huquqiy bilimlarga, ko‘nikmalarga, malakalarga ega emas. U boradi, odatda shuncha narx yozilgan deydi, talashadi, tortishadi, qo‘lidan kelgancha shu narxga oladi. O‘tirib, bozorni o‘rganib, kelajakda shaharning qaysi tomoni yaxshiroq bo‘ladi, qayerda ko‘chmas mulkni oladigan bo‘lsam, narx tushib ketmaydi, qayerda oladigan bo‘lsam, menga ko‘proq foyda keltiradi degan o‘rganishlar qiladi.
Habibullo Ibragimov: Juda ko‘p, besh-olti yilda o‘sib qolgan kompaniyalar bilan gaplashdik. Ular kompaniyalarini o‘zlari o‘stirib, rivojlantirishgan. Katta kompaniyalarni boshqarish bo‘yicha ularda tajriba yetishmasligi mumkin. Investitsion banklar bilan sheriklikka kirgandan keyin esa ulardan tegishli tavsiyalarini ola boshlaydi, direktorlar kengashiga odamini qo‘yadi, doimiy hisobotlarini audit qildirib turadi. Ko‘plab kompaniyalarda muammo bo‘ladi – bitta odamga bog‘liq bo‘lib qoladi. Agar u odam ketadigan bo‘lsa, kompaniyaning kelajagi yo‘q. Investitsion kompaniya bu joyda ham qo‘l keladi, “butun kompaniya sizga bog‘lanib qolibdi, sizdan keyingi odam kim, qanaqa qilib shu muammoni hal qilsak bo‘ladi?” deb tergaydi.
Iqtisodiyot
tadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
Toshkent shahrida dizayn-kod kuchga kirgach, Raqamli rivojlanish departamenti ko‘p qavatli uylar tomiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha tadbirkorlarga talabnomalar yubora boshladi. Tadbirkor Kun.uzʼga yuborgan murojaatida reklama joylari uchun davlatga yuz millionlab so‘m to‘laganini, reklama pasportlari esa yana bir necha yil amal qilishi kerakligini aytmoqda. Biznes yangi talablar sabab bu huquqlardan muddatidan oldin mahrum bo‘lmoqda. Masala atrofida tadbirkor, Toshkent shahar hokimligi va Adliya vazirligi turlicha huquqiy talqinlarni ilgari surmoqda.
Single Media Group MChJning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, kompaniya 2025 yilda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentidan ko‘p kvartirali uylar tomiga reklama konstruksiyalarini joylashtirish bo‘yicha ikki reklama joyi pasportini olgan. Ulardan biri 2030 yilgacha, ikkinchisi esa 2034 yilgacha amal qilishi belgilangan.
Biroq 2026 yil may oyida kompaniyaga yuborilgan bildirishnomada Toshkent shahrining dizayn-kodi kuchga kirgani, unga ko‘ra ko‘p kvartirali uylar tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirish taqiqlangani sabab reklama konstruksiyalarini 10 kun ichida demontaj qilish talab qilingan. Departament reklama joyi pasportlarini bekor qilish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.
Tadbirkor: «Biz qonuniy ruxsatnoma asosida investitsiya qilganmiz»
Kompaniya vakilining aytishicha, reklama joylari uchun davlatga katta miqdorda to‘lovlar amalga oshirilgan. Xususan, Shota Rustaveli ko‘chasidagi reklama joyi uchun shu kungacha 270,4 mln so‘m, Chilonzor tumani, Olmazor dahasidagi reklama joyi uchun esa 69,4 mln so‘m to‘langan.
Tadbirkor reklama pasportlari 2030 va 2034 yilgacha amal qilishiga ishonib investitsiya kiritganini, yangi dizayn-kod esa amalda ilgari berilgan huquqlarni bekor qilayotganini ta’kidlamoqda.
Kompaniya Ombudsmanga yo‘llagan murojaatida bir nechta huquqiy asoslarni keltirgan.
Birinchidan, tadbirkor prezidentning 2026 yil 5 fevraldagi PQ-48-son qaroriga tayanmoqda. Mazkur hujjat bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilgan bo‘lib, unda uylarning umumiy mol-mulkidan olinadigan daromadlar qatorida reklama joylashtirishdan tushadigan mablag‘lar ham ko‘rsatilgan. Qarorga ko‘ra, reklama, mobil aloqa antennalari va boshqa umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushadigan daromadlar ko‘p kvartirali uyning bank hisobraqamiga yo‘naltiriladi hamda mulkdorlarning daromadi hisoblanadi.
Shuningdek, qarorning 9-ilovasida ishchi guruhlarga ko‘p kvartirali uylarning reklama joylashtirish mumkin bo‘lgan joylarini aniqlash vazifasi yuklatilgan.
Tadbirkor aynan shu normalarga tayanib, Prezident qarorida reklama konstruksiyalarini, jumladan tom qismida reklama joylashtirishni taqiqlovchi norma mavjud emasligini, aksincha reklama joylashtirish daromad manbayi sifatida e’tirof etilganini ta’kidlamoqda.
Ikkinchidan, kompaniya “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga murojaat qilib, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligini eslatmoqda. Uning fikricha, dizayn-kod kuchga kirishidan avval qonuniy ravishda berilgan reklama pasportlariga yangi cheklovlar tatbiq etilmasligi kerak.
Yana bir e’tiroz Vazirlar Mahkamasining 104-son qaroriga taalluqli. Tadbirkor reklama joyi pasportlarini bekor qilishdan oldin maxsus ishchi guruh xulosasi bo‘lishi kerakligini, biroq bunday xulosa taqdim etilmaganini bildirgan.
Hokimlik pozitsiyasi
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti esa aksincha fikrda.
Departament yuborgan bildirishnomada Vazirlar Mahkamasining 104 va 428-son qarorlari hamda Toshkent shahrining dizayn-kodi talablariga muvofiq barcha tashqi reklama obektlari shaharsozlik normalari va dizayn talablariga mos bo‘lishi shartligi qayd etilgan.
Bildirishnomada, shuningdek, reklama tarqatuvchi bilan tuzilgan ommaviy oferta shartnomasiga havola qilinib, qonunchilik yoki shaharsozlik vaziyati o‘zgargan taqdirda reklama konstruksiyalarini demontaj qilish tadbirkorning majburiyati ekani ko‘rsatilgan. Shu asosda reklama konstruksiyalarini 10 kun ichida olib tashlash, aks holda ular majburiy tartibda demontaj qilinishi hamda xarajatlar tadbirkordan undirilishi haqida ogohlantirilgan.
Adliya vazirligi nima deydi?
Mazkur masala yuzasidan Adliya vazirligi ham tadbirkorning murojaatini ko‘rib chiqdi.
Vazirlik javobida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Toshkent shahar Kengashi dizayn-kodni qabul qilish vakolatiga ega ekanini qayd etgan.
(Muharrirga: Fotogalereyada adliya vazirligining javobi va hokimiyat xatidan skrinshot bor, shuni qo’ya olmadim)
Shuningdek, vazirlik bahs markazida turgan prezidentning 2026 yil 5 fevraldagi PQ-48-son qaroriga ham izoh berib, unda ko‘p kvartirali uylar tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirishga ruxsat beruvchi norma mavjud emasligini bildirgan.
Biroq vazirlik tadbirkorning huquqiy manfaatlari masalasiga ham e’tibor qaratgan. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga ko‘ra, manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi. Shu bois vazirlik tadbirkorga Toshkent shahar Kengashi qarori yuzasidan sudga murojaat qilish huquqi mavjudligini ma’lum qilgan.
Bahs nimada?
Tomonlar bir hujjatni turlicha talqin qilmoqda. Tadbirkor prezidentning PQ-48-son qarori reklama joylashtirishni ko‘p kvartirali uylarning daromad manbayi sifatida tan olganini, shu bois dizayn-kod bilan bunday reklama konstruksiyalarini to‘liq taqiqlash prezident qaroriga zid ekanini ta’kidlamoqda.
Adliya vazirligi esa boshqa yondashuvni ilgari suradi: vazirlikka ko‘ra, PQ-48 qarorida reklama joylashtirishdan daromad olish nazarda tutilgan bo‘lsa-da, unda aynan ko‘p kvartirali uylarning tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirishga ruxsat beruvchi norma mavjud emas. Shu sababli dizayn-kodning mazkur taqiqi prezident qaroriga zid deb baholanmagan.
Natijada bahsning asosiy savoli ochiqligicha qolmoqda: davlat tomonidan 2030 va 2034 yilgacha amal qilishi belgilab berilgan reklama pasportlari yangi mahalliy normativ hujjat asosida muddatidan oldin bekor qilinishi mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, reklama joylari uchun yuz millionlab so‘m to‘lagan tadbirkorning investitsiyalari va mulkiy manfaatlari qanday himoya qilinadi?
Kun.uz bu borada Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasiga so‘rov yubordi.
Iqtisodiyot
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Belarusning Grodno viloyati Lida tumanida joylashgan «LidaTexmash» MChJ korxonasi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Andijon viloyatida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi quvvatlarni ishga tushirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik doirasida bog‘dorchilik va dehqon xo‘jaliklari uchun arzon va ixcham texnikalar, shuningdek, kartoshka ekish hamda hosilni terib olishga mo‘ljallangan zamonaviy agrotexnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvga erishdi.
«Mazkur istiqbolli loyiha viloyat agrar tarmog‘ini hamyonbop va zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash orqali qishloq xo‘jaligida ish unumdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi», — deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
Iqtisodiyot
«Anorbank»ka nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Anorbank» jarimaga tortildi.
Qo‘mita tomonidan Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida «ANOR BANK» AJ tomonidan Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan reklama axboroti o‘rganildi.
Xususan, mazkur murojaatda bank tomonidan aksiya doirasida e’lon qilingan axborotlarda aksiya shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berilmaganligiga e’tiroz bildirilgan.
O‘rganishlarda reklamada moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda shartnomaning muhim shartlaridan biri — aksiyaning amal qilish shartlari, unga qo‘llanilgan limit hamda limitdan oshgan hollarda komissiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 16, 21 va 43-moddalari talablari buzilishi alomatlari yuzasidan «ANOR BANK» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Iqtisodiyot
Yil boshidan beri tadbirkorlarga 97 mlrd so‘m QQS qaytarildi
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va soliq yukini kamaytirish maqsadida budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismi ayrim sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga qaytarilmoqda.
2026-yil 6-iyul holatiga ko‘ra, mazkur mexanizm doirasida korxonalarga jami 97 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qaytarildi.
QQS qaytarish tartibi turoperatorlar, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish korxonalari, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari hamda zargarlik korxonalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, eng katta mablag‘ 828 ta umumiy ovqatlanish korxonasiga qaytarilgan bo‘lib, ular 63,8 mlrd so‘m QQS kompensatsiyasini olgan.
Shuningdek, 323 ta zargarlik korxonasiga 26,2 mlrd so‘m, 145 ta mehmonxonaga 4,7 mlrd so‘m mablag‘ qaytarildi.
Bundan tashqari, 23 ta turoperatorga 1,1 mlrd so‘m, 28 ta chorvachilik va parrandachilik xo‘jaligiga ham 1,1 mlrd so‘m QQSning bir qismi qaytarilgan.
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev ICESCO bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
