Iqtisodiyot
1 apreldan chet elliklar uchun tax free tizimi ishga tushadi
2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish – tax free tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida amal qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan QQSni naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi. Bunda belgilangan QQS stavkasi miqdorining 85 foizi xaridorga qaytariladi, 15 foizi esa tax free tizimi operatorining xizmatlari uchun yo‘naltiriladi.
Shuningdek, QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan kechiktirilmagan holda amalga oshiriladi.
QQSni qaytarish uchun minimal xarid qiymati, qo‘shilgan qiymat solig‘ini inobatga olgan holda, 300 ming so‘m etib belgilandi.
Bundan tashqari, tax free tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan ro‘yxati bekor qilindi. Mazkur qoida oziq-ovqat mahsulotlariga tatbiq etilmaydi.