Iqtisodiyot
AQSh Eronga zarbalarni qo‘llab-quvvatlamagan Ispaniya bilan savdoni to‘xtatadi
AQSh Ispaniya bilan savdo munosabatlarini to‘liq uzish niyatida, chunki mamlakat Eronga zarba berish uchun o‘z bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagan, dedi Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp.
Yaqin Sharqdagi urushda Yevropa mamlakatlarining ishtiroki haqida gapirar ekan, Tramp ayrimlari “ajoyib” bo‘lib, AQShga yordam berganini, boshqalari esa “juda yomon” bo‘lganini aytdi.
U, shuningdek, Madrid mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirishdan bosh tortganini eslab o‘tdi. “Ular NATOda 5 foizgacha oshirishga rozi bo‘lmagan yagona mamlakat bo‘ldi. Menimcha, ular umuman hech qanday darajagacha oshirishga ham rozi bo‘lmasdi. Ular 2 foizni qoldirmoqchi bo‘ldi, lekin o‘sha 2 foizni ham to‘lamaydi”, — dedi Tramp Oq uyda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda.
“Shuning uchun biz Ispaniya bilan barcha savdoni to‘xtatmoqchimiz. Biz Ispaniya bilan hech qanday ish qilishni istamaymiz”, — dedi AQSh rahbari. U, shuningdek, “Buyuk Britaniyadan ham noroziligini” qo‘shimcha qildi: u ham AQSh—Isroilning Eronga zarbalarida yordam bermagan. “Biz Uinston Cherchill bilan ishlayotganimiz yo‘q”, — dedi u Britaniya bosh vaziri Kir Starmer haqida gapirib.
Shu bilan birga, Trampning aytishicha, agar xohlasa, AQSh baribir Ispaniya bazalaridan foydalanishi mumkin edi. “Ispaniya amalda bizga o‘z bazalaridan foydalanish mumkin emasligini aytdi. Biz xohlamaymiz. Biz istasak, ularning bazasidan foydalanishimiz mumkin edi. Biz shunchaki uchib kelib, undan foydalanishimiz mumkin. Hech kim bizga ‘foydalanma’ deb ayta olmaydi, lekin bizga bu kerak emas”, — dedi AQSh prezidenti.
Ispaniya hukumati esa, o‘z navbatida, AQShni xalqaro huquq va Yevroittifoq bilan ikki tomonlama savdo kelishuvlariga rioya qilishga chaqirdi. U, shuningdek, Ispaniya AQSh tomonidan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan savdo embargosining ehtimoliy oqibatlarini yumshatish uchun yetarli resurslarga ega ekanini bildirdi.
Ispaniya va AQSh Ispaniyaning janubida, mamlakat yurisdiksiyasi ostida joylashgan Morondo va Rotadagi harbiy aviabazalaridan birgalikda foydalanadi. Ispaniya hukumati bu bazalar Eronga zarbalar uchun ishlatilmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng AQSh aviatsiyasi Germaniyaga ko‘chirilgan, deb xabar bergan edi Reuters. Biroq Ispaniya matbuotidagi manbalar, Isroil va AQShning Eronga qarshi urushda Ispaniyada doimiy joylashgan harbiy xizmatchilar, kemalar va samolyotlar ishtirok etayotganini ham aytgan.
Buyuk Britaniya hukumati esa, The Times xabar berishicha, AQShga Eronga zarbalar uchun Angliyadagi Glostershir grafligida joylashgan Ferford bazasi va Hind okeanidagi Diyego-Garsiya orolidagi bazadan foydalanishga ruxsat bermagan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Oq uy Eronga zarba berish rejasini ishlab chiqqan bo‘lib, unda aynan shu bazalardan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Buyuk Britaniyaning zarbalarda ishtirok etmaslik qarori puxta o‘ylab chiqilganini, chunki London vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish to‘g‘ri, deb hisoblashini aytgan. The Times ma’lumotiga ko‘ra, Britaniya hukumati AQSh bilan birga ularni xalqaro huquqni buzishda ayblashlaridan xavotirlangan.