Connect with us

Jamiyat

Zamonaviy tibbiyot qo‘rquvni yo‘qotib, chiroyli tabassumga erishmoqda

Published

on


Yaqinda facebook tarmog‘ida bir tish do‘xtirining ajoyib postlariga guvoh bo‘ldim. U yozayotgan mavzular shunchaki tish sog‘lomligi haqidagi shifokor maslahati emas edi.

Har bir postida qiziqarli va o‘ziga tortadigan fikrga duch kelish mumkin.

 

O‘yladim, bu tish shifokori bilan suhbat ham qiziqarli bo‘lsa kerak. Toki unga murojaat qilmagunimcha qayerda yashashini ham bilmasdim. U suhbatga bajonidil tayyor ekanligini va qayerda ishlashini aytganda hammasini tushundim. Odatda intervyu uchun xorijda yashaydigan hamyurtlarimiz doimo ikki qo‘lini ko‘tarib tayyor ekanligini aytishadi. Shahbozbek Homidov hozirda Amerikada yashaydi. Toshkent davlat stomatoligiya institutini tamomlagan. Toshkent shahridagi “Shokh Dentist” klinikasi asoschisi. 2016 yildan buyon instagram, facebook, Twitter, telegram ijtimoiy tarmoqlarida stomatologiyaga oid mavzularni jamoatchilikka ulashib keladi. Tish shifokori bilan suhbat ham o‘ylaymizki, barcha uchun birdek qiziqarli va muhim…

– Nima uchun odamlar hali ham stomatolog qabuliga kelishdan qo‘rqishadi va zamonaviy tibbiyot bu qo‘rquvni qanday yengmoqda?

– Tish shifokoriga borishga bo‘lgan qo‘rquvning asosiy sabablaridan biri sobiq sovet davrida materiallar yetarli emas edi, muolaja ko‘pincha tish sug‘urish bilan cheklangan, hatto bu juda og‘riqli jarayon bo‘lgan. Yoki kimdir boshidan kechirgan noxush holatni boshqalarga aytgan va tish shifokorining oldiga borish vahimaga aylangan. Ko‘pincha odamlar tishi og‘rimaguncha shifokorga bormaydi. Natijada kasallik og‘irlashadi va davolash qiyinlashadi. Murakkab muolaja esa qo‘rquvni yanada oshiradi.

Endilikda zamonaviy stomatologiya og‘riqsiz va sifat darajasi yuqorilashgan sohalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bugun ko‘plab muolajalar paytida bemor deyarli og‘riq sezmaydi. Hatto tishni davolash yoki olishdan oldin milkka igna sanchish muolajasi ham sezilmas darajada qilinadi. Chunki endilikda ninalar juda ingichka. Qolaversa, texnologiyaning rivojlanishi stomatologiya sohasiga katta o‘zgarish olib keldi. 3D rentgen, lazer, mikroskop va raqamli skanerlar yordamida davolash tezroq, aniqroq va xavfsizroq bo‘ldi. Yana bir tomoni psixologik yondashuv o‘zgardi. Hozir shifokor bemor bilan suhbatlashadi, muolajani oldindan tushuntiradi, qo‘rquvni kamaytirishga harakat qiladi. Bu esa bemorda ishonch uyg‘otadi. Zamonaviy stomatologiya og‘riqni emas, profilaktika va qulaylikni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Eng katta qo‘rquv og‘riqni kutish. Chunki vaqtida ko‘rikdan o‘tib turgan odamda tish muammosi oson, tez va qo‘rquvsiz hal bo‘ladi. Tish og‘rimasa ham stomatologga borib turish lozim. Har olti oyda bir marta. O‘zbekistonda ko‘plab klinikalarda konsultatsiya bepul, lekin ko‘pchilik shunga ham borishga hafsalasiz. Axir zamonaviy tibbiyot qo‘rquv uchun emas, sog‘lom tabassum uchun xizmat qiladi. Qolaversa sog‘lom tish nafaqat chiroyli tabassum, balki umumiy sog‘likning poydevoridir.

 – Stomatologiya xizmatlari narxi chindan ham yuqorimi va narxni belgilovchi asosiy omillar nimalardan iborat?  

– Bu narxlar tasodifan qo‘yilmaydi. Ularning ortida bir nechta muhim omillar yotadi. Birinchi omil bu bilim va mas’uliyat. Stomatolog bo‘lish oson emas. Bu kasb doimiy o‘qish, o‘rganish va katta mas’uliyat talab qiladi. Shifokor faqat tishni emas, balki inson sog‘lig‘ini, tashqi ko‘rinishini va hayot sifatini ham o‘z zimmasiga oladi. Bitta xato keyinchalik katta muammolarga olib kelishi mumkin.

Ikkinchi omil zamonaviy texnologiyalarning kirib kelishi. Bugungi stomatologiya bu oddiy kreslo emas. 3D rentgen, mikroskop, fotoapparat, raqamli skanerlar, bir martalik steril asboblar bularning barchasi qimmat uskunalar. Ular davolashni aniqroq va xavfsizroq qiladi, lekin xizmat narxiga ham ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekistonda deyarli stomatologiya uchun kerakli bo‘lgan mathsulotlar ishlab chiqarilmaydi. Ularning katta qismi chet eldan kirib keladi. Sifatli materiallar —  plomba, implant, koronka yoki breketlar oddiy buyum emas. Ular biologik mos, xavfsiz va uzoq yillar xizmat qiladigan materiallardan tayyorlanadi. Sifatsiz material arzon bo‘lishi mumkin, ammo uning oqibati qimmatga tushadi.

To‘rtinchi omil sterilizatsiya va xavfsizlik. Stomatologiyada infeksiya xavfi yuqori. Shuning uchun sterilizatsiya tizimlari, bir martalik asboblar, maxsus dezinfeksiya vositalari doimiy xarajat talab qiladi. Bu bemor xavfsizligi uchun to‘lanadigan haq.

Qimmat degan tushuncha haqida qiziq bir haqiqat bor: odamlar qimmat kiyim telefon yoki mashina xarid qilishda pulni o‘ylashmaydi, ammo sog‘lig‘i haqida gap ketganda ikkilanadi. Aslida esa tish qiyofaning ko‘rinishida ham, sog‘liqda ham eng muhim a’zolardan biri. Kiyim eskiradi, telefon yangilanadi, ammo tishlar bir umrga beriladi.

Shahbozbek Homidovning ijtimoiy tarmoqlardan olingan iqtiboslari

Arzimagan narsalarga pulni o‘ylamay sarflashimiz mumkin, ammo yetti, o‘n yillab xizmat qiladigan rangli plomba qo‘ydirishdan qochamiz. Agarda kimda kim 60 yoshimda ham men o‘z tishlarim bilan ovqatlanishni xohlayman desa, yoshlikdan har olti oyda stomatolog qabuliga borish kerak. Qancha muammolarning oldi erta olinsa, muolaja shuncha og‘riqsiz, qo‘rquvsiz va arzon bo‘ladi. Aslida stomatologiya xizmatlari qimmat emas, balki sifatli, xavfsiz va mas’uliyatli xizmatdir.  

– “Gollivud tabassumi”, ya’ni vinirlar… tishlarning tabiiy umrini qisqartirmaydimi?  

– So‘ngi paytlarda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan   vinir qo‘yish tishlarga zarar qilmaydimi, degan savol bugun juda aktual. Avvalo, vinir nima, keling, shu haqda gaplashamiz. Vinir bu tishning old yuzasiga yopishtiriladigan juda yupqa qoplama bo‘lib, u keramik yoki kompozit materiallardan tayyorlanadi. Asosiy maqsad tashqi ko‘rinishni davolash, ya’ni bu muolajada estetika birinchi o‘ringa chiqadi, funksiya esa ikkinchi o‘rinda qoladi.

Qachon sog‘lom tishlarga vinir qo‘yish noto‘g‘ri (bemor xohlasa bu mustasno)hisoblanadi, degan savol tug‘ilishi mumkin.

Agar tish butunlay sog‘lom bo‘lsa, kariyes bo‘lmasa, estetik nuqson yo‘q bo‘lsa, tishlarning rangi va shakli bemorning o‘ziga yoqsa, unda men bunday holatda vinir qo‘yishni to‘g‘ri deb hisoblamayman.

Sababi oddiy: vinir — bu ortopedik davo, minimal invaziv usulda tish emali juda yupqa charxlanadi. Eng muhim jihati bu jarayonni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Masalan siz vinir qo‘ydirdingiz, lekin o‘n yildan keyin yoqmadi, deb voz kecha olmaysiz.

Bir marta vinir qo‘ydingizmi, umrbod u bilan yurasiz, o‘rtacha hisobda 15-20 yilda ularni almashtirib turish kerak bo‘ladi.

– Qachon vinir o‘zini oqlaydi?

– Oqartirish bilan ketmaydigan rang o‘zgarishlari, tishlar orasidagi ochiqliklar — diastema yoki tremalar, tug‘ma shakl nuqsonlarida  kerakli estetik natija chiqmagan holatlarda,  tishlarning yengil qiyshiqligi va albatta, shou biznes vakillari uchun (kamera, sahna, omma oldida doimiy ko‘rinish muhim bo‘lsa) foydali bo‘lishi mumkin. Xulosa shuki, sog‘lom tishlar uchun vinir oxirgi variant bo‘lishi kerak.

Avval har doim kam invaziy usullar (tozalash, oqartirish, kompozit retavratsiyalar) ko‘rib chiqilishi lozim. Vinir esa faqat haqiqatdan ham zarur bo‘lganda va to‘g‘ri ko‘rsatma bilan qo‘yilgani maqul.

– Tish pastasi va cho‘tkasini tanlashda odamlar eng ko‘p yo‘l qo‘yadigan xatolar nimada?  Yana siz doimo takrorlaydigan tish ipi haqida ham…  

– Birinchi navbatda tish pastasini tanlashda odamlar har doim ham reklamalarga uchmasliklarini maslahat beraman. Har qanday tish pastaga shunchaki gigiyenik vosita sifatida qarashimiz lozim. Har bir bemor uchun individual tish pastasi tanlanadi va bu tanlov milk hamda tishlarning sog‘lomlik darajasiga qarab shifokor tomonidan belgilanadi.

Agar bemorda allaqachon tish toshlari yoki kariyes mavjud bo‘lsa, har qanday turdagi tish pastasi bu muammoni hal qilib bera olmaydi. Bunday holatlarda faqat professional davolash yordam beradi.

– Ota-onalarga tish parvarishi bo‘yicha qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Ikki yoshgacha bolalarda ftor saqlamagan tish pastalaridan foydalanish tavsiya etiladi. Agarda ftorli tish pasta ishlatmoqchi bo‘lishsa, albatta stomatologd bilan maslahatlashish lozim. Tish yuvish vaqti esa 2-3 daqiqadan kam bo‘lmasligi kerak. 6-7 yoshgacha ota-onalar bolalarni tishini yuvishga yordam berishlari lozim.

Tish cho‘tkasini tanlashda eng katta xatolardan biri — qattiq tish cho‘tka ishlatish va undan uzoq vaqt foydalanishdir. Qattiq tish cho‘tkalari emalga va milkka zarar yetkazadi. Odatda stomatologlar yumshoq yoki o‘rtacha qattiqlikdagi tish cho‘tkalarini tavsiya qilishadi. Tish cho‘tkasi 3 oyda bir marta almashtirilishi kerak, uni uzoq vaqt ishlatish mumkin emas.

Eng muhim, ammo ko‘pchilik etibor bermaydigan gigiyenik vosita — bu floss (tish ipi). Juda ko‘pchilik undan foydalanishmaydi. Aslida esa ikki tish orasidagi ovqat qoldiqlarini tish cho‘tkasi tozalay olmaydi. Floss ishlatilmasa, kariyes ham, milk muammolari ham aynan shu joylardan boshlanadi.

Xulosa qilib aytganda, tishlarni sog‘lom saqlash uzluksiz odatga bog‘liq. Agar gigiyenik vositalardan to‘g‘ri va to‘liq foydalanilmasa, tish bilan bog‘liq muammolar vaqt o‘tgan sari ko‘payib boraveradi.

– Tishlarni oqartirish, toshlarni olib tashlash muolajasi tish emaliga haqiqatan ham zararlimi?

– Keling, men o‘quvchilarga shunday savol bersam: tishlarni qachon oxirgi marta tozalatishga borgandingiz?

Bu savolni ko‘p odam o‘ziga bermaydi. Lekin aynan shu savol tish salomatligining asosiy kaliti hisoblanadi. Avvalo bitta muhim narsani aniqlab olish kerak: tishlarni oqartirish va tish toshlarini tozalash bu ikki xil muolaja. Ko‘pchilik bu ikkisini bir deb o‘ylaydi. Aslida esa ular mutlaqo boshqa-boshqa muolaja. Masalan tish oqartirish bu kimyoviy muolaja. Unda maxsus gel yordamida tish rangi oqartiriladi.  Bu faqat bemor xohishiga ko‘ra qilinadi, ya’ni estetik maqsadda qo‘llaniladi. Tish oqartirish to‘g‘ri va me’yorda qilinsa, sog‘lom emalga jiddiy zarar yetkazmaydi. Lekin, tish toshlari bor holatda, milk yallig‘langan bo‘lsa yoki emal allaqachon zaif bo‘lsa oqartirish tavsiya etilmaydi.

Tish toshlarini tozalash bu har bir inson uchun zarur bo‘lgan gigiyenik muolaja. Har olti oyda yoki bir yilda tish toshlari va yumshoq karashlar olib tashlanadi. Shunda milk kasalliklarining oldi olinadi.

Amerika tajribasidan misol keltirsam: agar bemor 1-2 yildan ortiq stomatologga bormagan bo‘lsa, birinchi navbatda davo buyuriladi. Sababi tish toshlari uzoq vaqt tozalanmasa milk kasalligi allaqachon boshlangan bo‘ladi.

– Tish toshlarini oldirmasa oqibati nima bilan tugashini ham aytib o‘tsangiz?

– Agar tish toshlari bor va ular tozalanmasa og‘izdan noxush hid keladi, yuvsa-yuvmasa milk qonaydi, milk sekin-asta chekinadi, oxir-oqibat parodontoz rivojlanadi va yillar o‘tib tishlar o‘z-o‘zidan qimirlab, tushib ketishi mumkin. Ba’zida tishimni tozalatdim, orasi ochilib qoldi, degan gaplarni ham juda ko‘p eshitamiz. Tish orasi ochilib qolishi aslida u yerda to‘planib qolgan toshlar olib tashlangani uchun bo‘ladi. Tish toshlari olingach issiq-sovuqqa sezuvchanlik 5-7 kun davomida ayrim bemorlarda kuzatilishi mumkin va bu tabiiy hol o‘tib ketadi. Bu holatlar tishga emas, balki ilgari tozalanmagan tish toshlariga va milkka bog‘liq bo‘ladi.

Xulosa shuki, tish oqartirish estetik, xohishga bog‘liq muolaja. Tish toshlarini tozalash esa har kim uchun shart. Hech qanday og‘riq, muammo bo‘lmasa ham har olti oyda yoki bir yilda tish toshlarini tozalatib turishni tavsiya qilaman…

P/S: Shifokor bizga yana inplantant tishlar, bruksizm (tishlarni g‘ijirlatish), ba’zilarda muammo genetik xususiyatga ega ekanligi, ba’zilarda esa noto‘g‘ri parvarish natijasida tishlar shikastlanishi, genetik xususiyatga ega muammolarni kamaytirish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqidagi savollarga ham javob berdi. Bu haqda batafsil keyingi maqolalar orqali yoritishni lozim topdik.

Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Bir guruh mahalla xodimlari mukofotlandi

Published

on


Prezident farmoni bilan bir guruh mahalla tizimi xodimlari mukofotlandi. Ular mahalla xodimlari kuni sabab taqdirlangan. 

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Kalandarova Muborak Durdiboyevna – Olot tumanidagi «Buvijonlar maktabi» jamoatchilik kengashi raisi, Buxoro viloyati

Xudaybepganov Madpaxim Xudaybepganovich – Bog‘ot tumanidagi «Kattabog‘» mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi raisining o‘rinbosari, Xorazm viloyati

«Do‘stlik» ordeni bilan

Bulokova Dilfuza Xotamovna – Oqdaryo tumanidagi «Chorbog‘» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Samarqand viloyati

Janisboyeva Aliya Mexmonkulovna – Bo‘ka tumani 9-oilaviy poliklinikasining «Samarqand» mahalla fuqarolar yig‘inidagi patronaj hamshirasi, Toshkent viloyati

Inagamov Jovdatxon Sultanovich – O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari

Lutfillayeva Salima Boymirzayevna – Namangan shahar obodonlashtirish boshqarmasining «Chorsu», «Ozod» va «G‘ishtko‘prik» mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ko‘kalamzorlashtiruvchi – gul ekuvchisi, Namangan viloyati

Masharipov Yusupbay Ataxanovich – Ellikqal’a tumanidagi «Sharq yulduzi» ovul fuqarolar yig‘inining Yangi O‘zbekiston ko‘chasi biyi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Raxmonov Erkin Xolliyevich – Angor tumanidagi «To‘lqin» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Surxondaryo viloyati

Haziratkulov Baxodir Mirzayevich – Guliston tumanidagi «Sharq haqiqati» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Sirdaryo viloyati 

Yuldasheva Marxabo O‘mirovna – Forish tumanidagi «Xonbandi» mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, Jizzax viloyati

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Allayeva Zulfiya Hazratqulovna – Shahrisabz tumanidagi «Miraki» mahalla fuqarolar yig‘ini maslahat guruhi rahbari, Qashqadaryo viloyati

Saatova Zulayxa Ochilovna – Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi

Toshlanova Xodisaxon Otajonovna – Paxtaobod tumanidagi «Ma’rifat» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Andijon viloyati

Enazarov Izzatilla Saibovich – «Nuroniy» jamg‘armasining Buvayda tumani bo‘limi raisi, Farg‘ona viloyati

II darajali «Salomatlik» ordeni bilan

Aydarova Juldizay Razakovna – Konimex tumani 6-oilaviy poliklinikasining «To‘qqiztepa» mahalla fuqarolar yig‘inidagi oilaviy shifokori, Navoiy viloyati

«Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan

Axmedov Sanjar Baxtiyorovich – Romitan tumani ichki ishlar bo‘limining «Qumrabot» mahalla fuqarolar yig‘inidagi profilaktika katta inspektori, Buxoro viloyati

Mamadjonov Donyorbek Ikromjon o‘g‘li – Mingbuloq tumani ichki ishlar bo‘limining «Birlashgan» mahalla fuqarolar yig‘inidagi profilaktika katta inspektori, Namangan viloyati

«Jasorat» medali bilan

Xayitov Sayitnazar Atokulovich – Ishtixon tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, temirchi usta, Samarqand viloyati

Yuldasheva Moxidil Shadmanbekovna – Andijon shahridagi «Yaxshi» mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, Andijon viloyati

«Sog‘lom turmush» medali bilan

Yodgorov Ulug‘bek Baxtiyorovich – Dang‘ara tumanidagi «Firdavs Yunusov» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Farg‘ona viloyati

Turabova Lutfiya Normuminovna – Paxtachi tumanidagi 4-oilaviy bolalar uyi rahbari, Samarqand viloyati

Yuldasheva Muyassar Tairovna – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Oqibat» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Toshkent shahri

«Kelajak bunyodkori» medali bilan

Abdullayev Yigitali Saydullo o‘g‘li – Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Young Adults» o‘quv markazi direktori, Surxondaryo viloyati

Ahmadov Sirojiddin Sodiq o‘g‘li – Guliston shahridagi «Ibratli» mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, Sirdaryo viloyati

Muxitdinov Nizomiddin Najmiddin o‘g‘li – Zangiota tumanidagi «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, Toshkent viloyati

Xolmatov Mehrojbek Erkin o‘g‘li – Chilonzor tumanidagi «Tirsakobod» mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, Toshkent shahri 

«Shuhrat» medali bilan

Axmedov Qilichbek Dadaparpiyevich – Oltiariq tumani «Zilol» mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi, Farg‘ona viloyati

Bayjanova Maqsuda Xudayberganovna – Urganch tumani soliq inspeksiyasining «Cho‘lobod», «Oyoqbog‘» va «Yangi O‘rtabog‘» mahallalariga biriktirilgan davlat soliq katta inspektori, Xorazm viloyati

Ikromov Davronbek Ilxom o‘g‘li – Piskent tumani «Navoiy» mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi, Toshkent viloyati

Kazaxbayev Polat Torebayevich – Qo‘ng‘irot tumanidagi «Talliq» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kasimova Xasiyat Ulukovna – Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi

Qodirov Asliddin Baxtiyor o‘g‘li – G‘allaorol tumanidagi «Madaniyat» qishloq fuqarolar yig‘inining kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimi, Jizzax viloyati

Kodirova Mufazzal Arslonovna – Andijon viloyati targ‘ibotchilar guruhi rahbari

Murodov Sobur G‘aniyevich – O‘zbekiston mahallalari uyushmasining milliy qadriyatlarni mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘limi bosh mutaxassisi

Soxiyeva Gulshod Jobborovna – Qamashi tumanidagi «G‘ishtli» va «Boybo‘ri» mahalla fuqarolar yig‘inlari xotin-qizlar faoli, Qashqadaryo viloyati

Usmonov Zuxriddin Muxiddinovich – Buxoro tumani «Shexoncha» mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi, Buxoro viloyati

Xakimov Davron Nurmuxamadovich – Pop tumanidagi «Vodiy trade center» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Namangan viloyati 

Xasanova Farida Raxmatullayevna – Sergeli tumanidagi «Farog‘atli» mahalla fuqarolar yig‘inining kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimi, Toshkent shahri

Xudoyqulova Munira Sunnatilloyevna – Nurota tumanidagi «Munira New Brand» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Navoiy viloyati

Egamberdiyev Farruh Usmanaliyevich – Yangiobod tumani soliq inspeksiyasining «Shodlik» va «Do‘stlik» mahallalariga biriktirilgan davlat soliq bosh inspektori, Jizzax viloyati. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Imom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)

Published

on


Samarqand viloyatining Payariq tumanida, qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasidagi 10 ming kishilik yangi masjidda ilk hayit namozi o‘qildi.

Hayit namozida muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligida O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan ulamolar, bosh imom-xatiblar, nuroniylar va bir necha ming kishilik jamoat ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: besh yil davomida qayta qurilgan masjid-majmua kecha, 19-mart kuni hayit arafasida keng jamoatchilik uchun ochilgan edi.

«Duolar ijobat bo‘ladigan saodatli lahzalarda muftiy hazratlari boshchiligidagi jamoat Haq taolodan butun olamga tinchlik-omonlik, yurtimizga qut-baraka va xalqimiz farovonligini so‘rab duo-yu iltijo qildilar», — deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarida.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

16:36 Bir guruh hatayliklar Navro‘zni O‘zbekistonda nishonlamoqda

Published

on



16:36

Bir guruh hatayliklar Navro‘zni O‘zbekistonda nishonlamoqda



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bir guruh hatayliklar (Turkiya) Navro‘z kunlarida O‘zbekistonga keladi

Published

on


Shu yilning 20–24 mart kunlari Hatay viloyatidan Turkiya fuqarolari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tadi.

«Dunyo» AAning eslatishicha, ushbu tashrif O‘zbekiston Prezidentining Navro‘z bayrami munosabati bilan ilgari surilgan va 2026-yil 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi doirasida bildirilgan tashabbusiga muvofiq tashkil etilmoqda.

Ta’kidlanishicha, tashabbus Turkiyadagi mahalliy OAVlarda keng yoritilgan. Jumladan, «Haberler», «Ensondakika», «İlkhaber Gazetesi», «Sondakika» kabi yetakchi elektron nashrlar, shuningdek, «Ülke TV» va «Bengü Türk» telekanallari bo‘lajak tashrifni faol yoritmoqda.

Xususan, Hatay viloyati gubernatori Mustafo Masatli va viloyat aholisining tashakkurnomasi e’lon qilinib, unda O‘zbekiston tomoniga taklif uchun minnatdorlik bildirilgan.

Ma’lum qilinishicha, delegatsiya tarkibidan Turkiya ommaviy axborot vositalari vakillari ham o‘rin olgan bo‘lib, ular tashrifning borishi va O‘zbekistonda Navro‘z bayrami doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida Turkiya jamoatchiligini muntazam ravishda xabardor qilib boradi. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi

Published

on


Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi «Do‘rmon» qo‘rg‘onida Abdulla Oripov uy-muzeyining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

Abdulla Oripov – o‘zbek xalqining ardoqli farzandi, atoqli shoiri, ozod O‘zbekiston madhiyasi matnining muallifi. Sobiq ittifoqning bir yoqlama mafkurasi qilichi ziyolilarimizning qutlug‘ qoni bilan bo‘yalgan va bu qon hali qurib ulgurmagan, ijodkorlarimiz boshi uzra qatag‘on siyosati ko‘lankasi solib turgan tahlikali davrda «O‘zbekiston – Vatanim manim!» deya o‘z yurtini baralla tarannum etish uchun hamma ham o‘zida jur’at topmagan. Mana shunday jasur qalam ahli eslanganida, shubhasiz, Abdulla Oripov nomi birinchilar qatorida zikr qilinadi. Qolaversa, millionlab qalblarni o‘zining lirik nazmiy asarlari orqali ezgulik va mehr-oqibat, pokiza ishq va vatanparvarlik tuyg‘usi bilan to‘ldirgan ham Abdulla Oripov edi.

Do‘rmon ijod uyiga tutash hovlida Abdulla Oripov 1996-2016 yillarda yashab, ijod qilgan. Joriy yil qahramon shoirimiz tavalludiga 85 yil to‘ldi…

— Bu uy-muzeyini tashkil etishda davlatimiz rahbarining tashabbusiga minnatdorlik bildirgan holda katta bunyodkorlik va o‘zgarishlarga beminnat ko‘mak bergan atoqli shoirimiz oilasi, jumladan, Hanifa aya Mustafoyevaga minnatdorlik bildiramiz, — dedi Toshkent viloyati hokimi, senator Zoyir Mirzayev tantanali tadbirda. — Chunki o‘z e’tibor berilmaganida, bugun bu yangi uy-muzeyining, pirovardida, kelajak avlodning madaniy mulkiga aylangan noyob eksponatlar, tarixiy qo‘lyozma va suratlar ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylanmaganida, ularning yo‘q bo‘lib ketish ehtimoli ham yo‘q emasdi.

Tadbirda davlat va jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar, xususan, Abdulla Oripovning shogirdlari so‘zga chiqdi, xalqimizning yangi madaniyat dargohi bilan samimiy tabrikladi.

Toshkent viloyatida ochilgan ushbu maskan Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosini keng targ‘ib etish, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘ururni mustahkamlash, avlodlarni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.