Iqtisodiyot
YouTube monetizatsiyasi o‘zbekistonliklar daromadini yiliga 50 mln dollarga oshirishi mumkin. Bunga nima xalal beryapti?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, YouTube monetizatsiyasining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 0,05−0,1 foizga oshirishi mumkin. Monetizatsiya natijasida mahalliy blogerlarning daromadi yiliga 30-50 mln dollargacha oshadi. Yangi kontent yaratuvchilar soni ko‘payib, kreativ sanoat rivojlanadi. Bu boradagi mavjud imkoniyatlar va to‘siqlar tahlil qilindi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi YouTube platformasining O‘zbekistonda reklama daromadlaridan foydalanish (monetizatsiya) xizmati yoqilishining iqtisodiyotga ta’siri va mavjud to‘siqlarini tahlil qildi.
YouTube monetizatsiyasining iqtisodiyotga ta’siri
YouTube monetizatsiyasi 108 ta davlatda yoqilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘istonda mavjud. Rossiya (sanksiyalar sabab) va Xitoyda xizmat yoqilmagan.
Madaniy va kreativ sohadagi mahsulotlarning dunyo yalpi ichki mahsulotidagi o‘rni 3,1 foizni tashkil etadi hamda jahonda ish bilan band aholining 6,2 foizi ushbu sohaga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonda kreativ industriya sohasiga oid 9,6 ming korxonada 84 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Kreativ iqtisodiyotning umumiy iqtisodiyotdagi ulushini 2030 yilgacha 5 foizga yetkazish maqsad qilingan.
2025 yil yanvar oyi holatiga 33,9 mln mobil aloqa foydalanuvchilari, 32,7 mln internet foydalanuvchilari mavjud. Faol ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 11,7 mln nafar bo‘lib, mobil internet o‘rtacha tezligi 37,82 mb/s, simli (o‘zgarmas) internet tezligi 79,06 mb/s.
O‘zbekistonda 2,3 mln Facebook, 11,7 mln Instagram, 2,6 mln TikTok, 250 ming X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi mavjud bo‘lib, veb trafikning 66 foizi Instagram, 13 foizi Pinterest, 8 foizi Facebook, 6,3 foizi YouTube tarmog‘iga sarflanadi.
Hozirda O‘zbekistonda oylik faol foydalanuvchilar YouTube’da 13 mln kishini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Telegram’da 20 mln, Meta (Instagram va Facebook)da 10 mln.
ITIM tahlillariga ko‘ra, monetizatsiya xizmati yoqilishi natijasida O‘zbekistonda mahalliy reklama bozori hajmi oshadi. 2024 yilda reklama bozori 2,1 trln so‘m bo‘lib, shundan 29 foizi raqamli reklamaga to‘g‘ri keladi (20 foiz tashqi reklama, 51 foiz telereklamalar).
2023 yilda Qozog‘istonda raqamli reklama bozori hajmi 100 mln dollarga oshgan (+30 foiz). Rossiyada YouTube monetizatsiyasi o‘chirilgandan so‘ng blogerlar 20 mlrd rubl (231 mln dollar) zarar ko‘rishgan.
O‘zbekistonda monetizatsiyaning kiritilishi mahalliy kompaniyalar uchun nafaqat YouTube’da reklama olish imkoniyatini ochibgina qolmay, balki blogerlarga daromad olish imkonini ham beradi
Hisob-kitoblarga ko‘ra, monetizatsiyaning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 0,05−0,1 foizga oshirishi mumkin. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich YaIMning 0,1 foizini tashkil qiladi.
Monetizatsiya natijasida mahalliy blogerlarning daromadi yiliga 30-50 mln dollarga yetishi mumkin. Yangi kontent yaratuvchilar soni oshib, kreativ sanoat rivojlanadi. Blogerlar va media agentliklar ko‘payib, IT (montaj, video, animatsiya) xizmatlariga talab ortadi, deya qayd etadi ITIM.
YouTube monetizatsiyasi uchun asosiy to‘siqlar
Shaxsiy ma’lumotlarni saqlashga doir. YouTube monetizatsiyasini yoqish uchun shaxsiy ma’lumotlar bazasini (server) O‘zbekistonda saqlash talabi to‘sqinlik qilishi mumkin.
Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga (O‘RQ-547) asosan, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlari jisman respublika hududida joylashgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan texnik vositalar hamda bazalarda saqlanishi shart.
Aksariyat xorijiy davlatlarda ham serverlarni mamlakat ichkarisida joylashtirish talabi mavjud bo‘lsa-da, yirik xalqaro IT kompaniyalarga nisbatan talablarni yumshatish va alohida shartnomalar tuzish tajribasi qo‘llangan.
Rossiya va Qozog‘istonda shaxsiy ma’lumotlarni mahalliy serverlarda saqlash bo‘yicha qattiq talablar bo‘lsa-da, Google va Meta kabi kompaniyalar bilan murosaga kelib, o‘z serverlarini mamlakat hududida joylashtirish majburiyatini yuklamasdan, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Yevropa Ittifoqida mamlakat tashqarisiga ma’lumotni chiqarish Ittifoqning o‘zidagi singari xavfsiz saqlanish sharti bilan ruxsat beriladi. Hindistonda faqat moliyaviy ma’lumotlarni davlat ichida saqlash talabi mavjud.
Mahalliy ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish va mahalliy serverlar talabini yengillashtirish uchun global bulutli xizmatlar (AVS (AVS), Google Cloud, Microsoft Azure) bilan hamkorlikni kengaytirish talab etiladi (Qozog‘iston tajribasi). YouTube serverlari asosan xalqaro Tier III standartlari asosida ishlaydi.
Mualliflik huquqiga doir. Mualliflik huquqi bo‘yicha qonuniy va amaliy nazorat bo‘yicha kamchiliklar YouTube kontent yaratish bozorining rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.
Mualliflik himoyasiga oid bir qator muammolar uchramoqda:
o‘g‘irlangan kontentlarni tarqatish keng tarqalgan. Ba’zi kichik telekanallar va blogerlar tomonidan xorijiy filmlar, musiqalar, sport translatsiyalarni ruxsatsiz yuklash holatlari kuzatiladi;
kontent mualliflarining asarlari ruxsatsiz nusxalanib, boshqa kanallarda qayta yuklanishi orqali o‘z kontentini himoya qila olmagan mualliflar motivatsiyasiz qoladi;
rasmiy litsenziyalangan kontent bozori rivojlanmagan. Masalan, YouTube’dagi musiqalar, filmlar, seriallar uchun rasmiy distribyutorlar yo‘q.
Reklama bozorida shaffoflikni ta’minlash uchun reklama faoliyatini kuzatish raqamli monitoring tizimini joriy etish, qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda yangilash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, reklama bozoridagi asosiy ko‘rsatkichlar va statistik ma’lumotlarni ochiq holda e’lon qilish talab etiladi.
Xalqaro to‘lov tizimiga doir. Hozirda Visa, Mastercard va Union Pay kabi xalqaro to‘lov tizimlari mavjud bo‘lsa-da, YouTube monetizatsiyasida keng qo‘llanadigan PayPal, Stripe va boshqa xalqaro to‘lov tizimlari O‘zbekistonda rasmiy ishlamaydi.
Mamlakatda PayPal faqat chiqim qilish (xarid) uchun ishlaydi, lekin mablag‘ qabul qilish funksiyasi yo‘q.
Mahalliy banklar (valuta hisob raqami) orqali xalqaro to‘lovlarni qabul qilish mumkin bo‘lsa-da, ularning konversiya stavkalari va qo‘shimcha cheklovlari mavjud.
YouTube monetizatsiyasi O‘zbekistonda qanday hisoblanadi?
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 26 mingdan ortiq faol videoblogerlar mavjud va ulardan 1000 nafari katta blogerlar (100 mingdan ortiq obunachi), 5000 nafar o‘rta blogerlar (10−100 ming obunachi), 20 ming nafar kichik blogerlar (1−10 ming obunachi).
Agar 1000 ta ko‘rish uchun o‘rtacha CPM (reklama to‘lovi) 0,8 –1,4 dollar deb olinadigan bo‘lsa va yillik umumiy ko‘rishlar soni 36 milliardni tashkil etsa, jami daromad 28,8 mln – 50,4 mln oralig‘ida bo‘lishi mumkin. Taqqoslash uchun: AQShda CPM 5 –15, Qozog‘istonda 0,8 – 2 dollar atrofida.
Avvalroq, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi qachon ochilishi haqidagi savolga ko‘proq inglizcha kontent tayyorlash kerakligini aytib javob bergandi. Shermatov bu tilda auditoriyaning ko‘pligi hisobiga monetizatsiya ham juda katta ekanini aytgan. “Siz o‘zbekcha kontent qilib qancha daromad topa olasiz-u, inglizcha kontent tayyorlab qancha daromad topasiz? Shuning uchun tayyor ishlab turgan monetizatsiya mexanizmidan ko‘proq foydalanish kerak”, – degandi vazir.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
