Connect with us

Iqtisodiyot

​​​​​​​YouTube monetizatsiyasi o‘zbekistonliklar daromadini yiliga 50 mln dollarga oshirishi mumkin. Bunga nima xalal beryapti?

Published

on


​​​​​​​Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, YouTube monetizatsiyasining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 0,05−0,1 foizga oshirishi mumkin. Monetizatsiya natijasida mahalliy blogerlarning daromadi yiliga 30-50 mln dollargacha oshadi. Yangi kontent yaratuvchilar soni ko‘payib, kreativ sanoat rivojlanadi. Bu boradagi mavjud imkoniyatlar va to‘siqlar tahlil qilindi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi YouTube platformasining O‘zbekistonda reklama daromadlaridan foydalanish (monetizatsiya) xizmati yoqilishining iqtisodiyotga ta’siri va mavjud to‘siqlarini tahlil qildi.

YouTube monetizatsiyasining iqtisodiyotga ta’siri

YouTube monetizatsiyasi 108 ta davlatda yoqilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘istonda mavjud. Rossiya (sanksiyalar sabab) va Xitoyda xizmat yoqilmagan.

Madaniy va kreativ sohadagi mahsulotlarning dunyo yalpi ichki mahsulotidagi o‘rni 3,1 foizni tashkil etadi hamda jahonda ish bilan band aholining 6,2 foizi ushbu sohaga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda kreativ industriya sohasiga oid 9,6 ming korxonada 84 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Kreativ iqtisodiyotning umumiy iqtisodiyotdagi ulushini 2030 yilgacha 5 foizga yetkazish maqsad qilingan.

2025 yil yanvar oyi holatiga 33,9 mln mobil aloqa foydalanuvchilari, 32,7 mln internet foydalanuvchilari mavjud. Faol ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 11,7 mln nafar bo‘lib, mobil internet o‘rtacha tezligi 37,82 mb/s, simli (o‘zgarmas) internet tezligi 79,06 mb/s.

O‘zbekistonda 2,3 mln Facebook, 11,7 mln Instagram, 2,6 mln TikTok, 250 ming X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi mavjud bo‘lib, veb trafikning 66 foizi Instagram, 13 foizi Pinterest, 8 foizi Facebook, 6,3 foizi YouTube tarmog‘iga sarflanadi.

Hozirda O‘zbekistonda oylik faol foydalanuvchilar YouTube’da 13 mln kishini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Telegram’da 20 mln, Meta (Instagram va Facebook)da 10 mln. 

ITIM tahlillariga ko‘ra, monetizatsiya xizmati yoqilishi natijasida O‘zbekistonda mahalliy reklama bozori hajmi oshadi. 2024 yilda reklama bozori 2,1 trln so‘m bo‘lib, shundan 29 foizi raqamli reklamaga to‘g‘ri keladi (20 foiz tashqi reklama, 51 foiz telereklamalar).

2023 yilda Qozog‘istonda raqamli reklama bozori hajmi 100 mln dollarga oshgan (+30 foiz). Rossiyada YouTube monetizatsiyasi o‘chirilgandan so‘ng blogerlar 20 mlrd rubl (231 mln dollar) zarar ko‘rishgan.

O‘zbekistonda monetizatsiyaning kiritilishi mahalliy kompaniyalar uchun nafaqat YouTube’da reklama olish imkoniyatini ochibgina qolmay, balki blogerlarga daromad olish imkonini ham beradi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, monetizatsiyaning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 0,05−0,1 foizga oshirishi mumkin. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich YaIMning 0,1 foizini tashkil qiladi.

Monetizatsiya natijasida mahalliy blogerlarning daromadi yiliga 30-50 mln dollarga yetishi mumkin. Yangi kontent yaratuvchilar soni oshib, kreativ sanoat rivojlanadi. Blogerlar va media agentliklar ko‘payib, IT (montaj, video, animatsiya) xizmatlariga talab ortadi, deya qayd etadi ITIM.

YouTube monetizatsiyasi uchun asosiy to‘siqlar

Shaxsiy ma’lumotlarni saqlashga doir. YouTube monetizatsiyasini yoqish uchun shaxsiy ma’lumotlar bazasini (server) O‘zbekistonda saqlash talabi to‘sqinlik qilishi mumkin.

Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga (O‘RQ-547) asosan, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlari jisman respublika hududida joylashgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan texnik vositalar hamda bazalarda saqlanishi shart.

Aksariyat xorijiy davlatlarda ham serverlarni mamlakat ichkarisida joylashtirish talabi mavjud bo‘lsa-da, yirik xalqaro IT kompaniyalarga nisbatan talablarni yumshatish va alohida shartnomalar tuzish tajribasi qo‘llangan.

Rossiya va Qozog‘istonda shaxsiy ma’lumotlarni mahalliy serverlarda saqlash bo‘yicha qattiq talablar bo‘lsa-da, Google va Meta kabi kompaniyalar bilan murosaga kelib, o‘z serverlarini mamlakat hududida joylashtirish majburiyatini yuklamasdan, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Yevropa Ittifoqida mamlakat tashqarisiga ma’lumotni chiqarish Ittifoqning o‘zidagi singari xavfsiz saqlanish sharti bilan ruxsat beriladi. Hindistonda faqat moliyaviy ma’lumotlarni davlat ichida saqlash talabi mavjud.

Mahalliy ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish va mahalliy serverlar talabini yengillashtirish uchun global bulutli xizmatlar (AVS (AVS), Google Cloud, Microsoft Azure) bilan hamkorlikni kengaytirish talab etiladi (Qozog‘iston tajribasi). YouTube serverlari asosan xalqaro Tier III standartlari asosida ishlaydi.

Mualliflik huquqiga doir. Mualliflik huquqi bo‘yicha qonuniy va amaliy nazorat bo‘yicha kamchiliklar YouTube kontent yaratish bozorining rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.

Mualliflik himoyasiga oid bir qator muammolar uchramoqda:


o‘g‘irlangan kontentlarni tarqatish keng tarqalgan. Ba’zi kichik telekanallar va blogerlar tomonidan xorijiy filmlar, musiqalar, sport translatsiyalarni ruxsatsiz yuklash holatlari kuzatiladi;
kontent mualliflarining asarlari ruxsatsiz nusxalanib, boshqa kanallarda qayta yuklanishi orqali o‘z kontentini himoya qila olmagan mualliflar motivatsiyasiz qoladi;
rasmiy litsenziyalangan kontent bozori rivojlanmagan. Masalan, YouTube’dagi musiqalar, filmlar, seriallar uchun rasmiy distribyutorlar yo‘q.

Reklama bozorida shaffoflikni ta’minlash uchun reklama faoliyatini kuzatish raqamli monitoring tizimini joriy etish, qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda yangilash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, reklama bozoridagi asosiy ko‘rsatkichlar va statistik ma’lumotlarni ochiq holda e’lon qilish talab etiladi.

Xalqaro to‘lov tizimiga doir. Hozirda Visa, Mastercard va Union Pay kabi xalqaro to‘lov tizimlari mavjud bo‘lsa-da, YouTube monetizatsiyasida keng qo‘llanadigan PayPal, Stripe va boshqa xalqaro to‘lov tizimlari O‘zbekistonda rasmiy ishlamaydi.

Mamlakatda PayPal faqat chiqim qilish (xarid) uchun ishlaydi, lekin mablag‘ qabul qilish funksiyasi yo‘q.

Mahalliy banklar (valuta hisob raqami) orqali xalqaro to‘lovlarni qabul qilish mumkin bo‘lsa-da, ularning konversiya stavkalari va qo‘shimcha cheklovlari mavjud.

YouTube monetizatsiyasi O‘zbekistonda qanday hisoblanadi?

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 26 mingdan ortiq faol videoblogerlar mavjud va ulardan 1000 nafari katta blogerlar (100 mingdan ortiq obunachi), 5000 nafar o‘rta blogerlar (10−100 ming obunachi), 20 ming nafar kichik blogerlar (1−10 ming obunachi).

Agar 1000 ta ko‘rish uchun o‘rtacha CPM (reklama to‘lovi) 0,8 –1,4 dollar deb olinadigan bo‘lsa va yillik umumiy ko‘rishlar soni 36 milliardni tashkil etsa, jami daromad 28,8 mln – 50,4 mln oralig‘ida bo‘lishi mumkin. Taqqoslash uchun: AQShda CPM 5 –15, Qozog‘istonda 0,8 – 2 dollar atrofida.

Avvalroq, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi qachon ochilishi haqidagi savolga ko‘proq inglizcha kontent tayyorlash kerakligini aytib javob bergandi. Shermatov bu tilda auditoriyaning ko‘pligi hisobiga monetizatsiya ham juda katta ekanini aytgan. “Siz o‘zbekcha kontent qilib qancha daromad topa olasiz-u, inglizcha kontent tayyorlab qancha daromad topasiz? Shuning uchun tayyor ishlab turgan monetizatsiya mexanizmidan ko‘proq foydalanish kerak”, – degandi vazir.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

2025 yilda “parkovka” xizmatlari narxi 15,5 foizga oshdi

Published

on


2025 yilda O‘zbekistonda avtomobil to‘xtash joylari (“parkovka”) xizmatlari narxlari o‘rtacha 15,5 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, avtoyuvish va texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlarida ham barqaror o‘sish kuzatildi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida transportga xizmat ko‘rsatish sohasida narxlar o‘sishi qayd etilgan. Xususan, avtomobil to‘xtash joylari xizmatlari narxlari o‘rtacha 15,5 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich mazkur segmentda xarajatlar o‘sishi va xizmatlarga bo‘lgan talab yuqori saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, shaxsiy transport vositalarini yuvish bo‘yicha xizmatlar narxlari o‘rtacha 8 foizga qimmatlashgan. Texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlari narxlari esa 7 foizga oshgani kuzatilgan.

Mutaxassislar fikricha, transport vositalari sonining ortishi, ehtiyot qismlar va materiallar narxining qimmatlashishi hamda xizmat ko‘rsatish xarajatlarining o‘sishi ushbu tendensiyaga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, 2025 yilda transport sohasidagi xizmatlar segmentida barqaror narx o‘sishi saqlanib qolgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi hamda turizm sohasi vakillari ishtirokida Andijon viloyatiga amaliy tashrif amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan tashrif davomida hududning turizm salohiyatini yanada oshirish, yangi turizm yo‘nalishlari va zamonaviy lokatsiyalarni tashkil etish, shuningdek, mavjud infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Tashrif davomida Andijon viloyati hokimligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda 80 dan ortiq tadbirkorlar, jumladan turoperatorlar, mehmonxona va restoran biznesi vakillari, transport xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar, dam olish maskanlari rahbarlari hamda madaniy muassasalar vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Ochiq muloqot jarayonida Andijon viloyatida 2025 yilda amalga oshirilgan loyihalar va erishilgan natijalar taqdim etildi, shuningdek, 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar, jumladan, hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turizm yo‘nalishlari va mahsulotlarini yaratish, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini oshirish, shuningdek, sohadagi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida Andijon viloyati bo‘yicha turizmni rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarning manzilli rejalari shakllantirildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

“Biz avariyani to‘xtatamiz” –  Prezident Boysundagi gaz koni haqida

Published

on


Boysundagi gaz koni avariyasiga yechim topilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar qo‘yilishi belgilandi.

Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan kuniga 100 ming odam viloyat markaziga yengil mashinada kelib-ketyapti. Surxondaryoga olib kelinayotgan 125 ta avtobusni birinchi navbatda ushbu yo‘nalishlarga qo‘yish topshirildi.

Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakuniga yetkaziladi.

Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihasi boshlanadi.

“Mustaqillikning 25 yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.

“Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz”, – dedi Prezidentimiz.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Mart oyidan dollar qanchaga yetish ma’lum bo‘ldi

Published

on


Markaziy bank 2025-yil 2-martdan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 35,61 so‘mga oshib, 12 172,18 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 38,36 so‘mga oshdi va 14 357,09 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 414,18 so‘m (-4,17).

Rossiya rubli 157,45 so‘m etib belgilandi (-0,25).



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanidagi 26 mln dollarlik korxonaga bordi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanida joylashgan «Surkhon Sandwich» korxonasining bazalt mahsulotlari ishlab chiqarish liniyasi bilan tanishdi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda har bir yirik loyiha va infratuzilma ob’yektlarida energiya tejamkorligiga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, bazalt xomashyosi va undan tayyorlanadigan energiya samarador plita hamda qurilish materiallariga talab ortib bormoqda.

Shu ehtiyojdan kelib chiqib tashkil etilgan korxona qiymati 26 million dollarga teng. Loyiha doirasida yiliga 30 ming tonna bazalt xomashyosini qayta ishlash quvvati yaratilgan. Bu 345 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Mahsulotlar ichki bozor bilan birga Tojikiston va Afg‘onistonga ham eksport qilinmoqda.

Ishlab chiqarish jarayoni uchun talab etiladigan xomashyoning 95 foizi viloyatning Oltinsoy tumanidagi konlardan ta’minlanadi. Korxonaga Xitoyning zamonaviy texnologik uskunalari o‘rnatilgan. Bu yerda 200 kishining doimiy bandliga ta’minlandi.

Prezident ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yanada oshirish, mahalliylashtirish darajasini kengaytirish va eksportbop yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Umuman, yurtimizda qurilish sohasining ilmiy asoslarini mustahkamlash, buning uchun qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning qurilish materiallari sanoati mahsulotlari taqdimoti bilan tanishdi.

Shu bilan Surxondaryo viloyatiga tashrif yakunlandi, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.