Connect with us

Jamiyat

Yongan mashina, “jim yurish” uchun $10 000 va ijara nizosidan yasalgan jinoyat

Published

on


Farg‘ona shahar IIB boshlig‘i Alisher Ashurov, IIB tezkor xodimi Oybek Ashurov va viloyat IIB tergovchisi Nurmuhammad Ashurov – bular farg‘onalik ikki ayolning o‘zaro ijara nizosidan yasalgan jinoyat ishi ortida turgan uchlik sifatida namoyon bo‘ladi. Kun.uz o‘rgangan navbatdagi keysda opa-singil “IIB xodimlarining qasdi” sabab tergovga tortilgani, qiynoqqa solingani va qamoqqa olingani haqida so‘z boradi. Opa-singilning qamoqqa olinishiga sabab bo‘lgan “tezkor tadbir” Farg‘ona shahar IIB binosi ichida, xodimlar ishtirokida va ularning ko‘rsatmalari bilan o‘tkazilgan.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Kun.uz’ga Farg‘ona shahrida yashovchi ayoldan ichki ishlar xodimlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari haqida murojaat kelib tushdi. Unda Farg‘ona shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Alisher Ashurov adovat tufayli opa-singilga jinoiy ish qo‘zg‘agani, viloyat ichki ishlar boshqarmasida qiynoq qo‘llangani bildirilgan. Ayolning aytayotganlari va da’volari ancha jiddiy. Shu sababli Kun.uz barcha tomonlarni tinglagan holda mavzuni o‘rganishga qaror qildi.

Ijarachi, kosmetolog va uning singlisi

Jinoyat ishi markazidagi nizoda uch ayol ismi takrorlanadi: bular Mohinur Xoliqnazarova, Mahliyo Umarova hamda Nazokat Shukurova.

34 yoshli Mohinur Xoliqnazarova kosmetologiya bilan shug‘ullanadi. 1993 yilda tug‘ilgan Mahliyo Umarova uning singlisi. 42 yoshli Nazokat Shukurova esa o‘zi yashaydigan Farg‘ona shahri, Farobiy ko‘chasidagi 9/15a-uyning bir qismini ijaraga berish orqali daromad ko‘rib keladi.

Nizoning boshlanish nuqtasi Mohinur Xoliqnazarova Nazokat Shukurovaga tegishli binoning 3 ta xonasini ijara olishi bilan bog‘liq. 2025 yil aprel oyida Mohinur Xoliqnazarova Farg‘ona shahrida kosmetolog xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida ijaraga joy izlay boshlaydi. Olx saytida Farg‘ona shahri, Farobiy ko‘chasidagi 9/15a-uyda xonalar ijaraga berilishi haqidagi e’longa duch keladi.

Mohinur manzilga borib, xonalarni ko‘radi va Nazokat Shukurova bilan 2-qavatda 2 ta, 1-qavatda bitta xonaga oyiga ming dollar ijara puli berish bo‘yicha og‘zaki kelishadi.

U 2-qavatdagi xonalarni xususiy bog‘cha qilishni, 1-qavatdagi xonada esa kosmetologiya xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtiradi. Biroq, Mohinurning aytishicha, ijaraga olingan xonalar ta’mirtalab bo‘lgan. Shu sababli, u mulk egasiga ushbu xonalarni ta’mirlab olishini, buning evaziga u bilan 5 yillik ijara shartnomasi tuzishi kerakligini aytgan. Shu tariqa, ikki ayol o‘zaro kelishuv asosida 5 yillik ijara shartnomasi tuzgan. Nazokat Shukurova garchi xonalarni oyiga ming dollar evaziga ijaraga bergan bo‘lsa ham “tekin foydalanish”ga bergani bo‘yicha ijara shartnomasi rasmiylashtirgan.

Nizoning boshlanishi

Mohinur Xoliqnazarova joyni ijaraga olgach, Nazokat Shukurovaga oldindan ming dollar bergan hamda xonalarni ta’mirlay boshlagan. U 2-qavatdagi 2 ta xonada kichik singlisiga tegishli xususiy bog‘chaning filiali sifatida bog‘cha tashkil etadi.

1-qavatdagi xonada esa kosmetologiya xizmatini yo‘lga qo‘yadi. Ammo ish u o‘ylaganchalik rivoj topmaydi.

“Joyni ta’mirlatdim va 5 may kunidan ish faoliyatimni boshladim. U ayol 1 may kuni menga Telegram orqali shartnoma tashladi. Ko‘rdim, shartnoma tekin foydalanishga 5 yil muddatga qilingandi. Men u ayoldan notarius orqali shartnoma qilishni so‘ragandim. Hayron bo‘lib, nega bunaqa desam soliq to‘lamaslik uchun shunaqa qildim, hamma bilan shunaqa shartnoma qilaman oldindan, dedi. Iloji yo‘q, xo‘p dedim.

Keyin kosmetologiyani, bolalar bog‘chasini yurgizishni boshladim. Bolalar kelishni boshladi. Lekin ko‘p bola kelmadi. Keyinchalik bilsam u ayolning atrofdagilar bilan nizolari bor ekan. Shuning uchun hech kim u joyga bolasini olib kelishni xohlamadi. Bilmagan 5-6 kishi bolalarini olib kelishdi.

Avgust oyining boshlarida Nazokat opaga joy yurmayotganini, ikkilamchi ijaraga bermoqchiligimni aytdim. Chunki oldindan, olayotgan paytimda asosiy soham bog‘cha emasligi uchun keyinchalik ikkilamchi ijaraga beraman deb kelishib olgandim. U ayol siz bilan kelishganmiz, beravering, shuncha ta’mirladingiz, ijara pulini vaqtida to‘layapsiz dedi”, deydi Mohinur Xoliqnazarova.

Shundan so‘ng u 2025 yil 3 avgust kuni xasta onasini shifokorga ko‘rsatish uchun Toshkent shahriga keladi. 4 avgust kuni Nazokat Shukurova unga qo‘ng‘iroq qilib, 2-qavatdagi xonalarni boshqa odamga ijaraga berganini, xonalardagi narsalarini olib chiqib ketishni aytadi. Bu gapni eshitgan Mohinur Xoliqnazarova Farg‘onaga qaytib, Nazokat Shukurova bilan gaplashadi. Mohinur joyni o‘z hisobidan ta’mirlaganini, sarflagan pulini qaytarsa narsalarini olib chiqib ketishini aytadi, Nazokat Shukurova esa bunga ko‘nmaydi va chiqib ketishni talab qiladi. Ikki ayol o‘rtasidagi janjal shundan kelib chiqadi.

“Xo‘p, mening “rasxodim”ni bering, chiqib ketay, siz bilan kelishuvimiz bunaqa bo‘lmagandi, deb aytdim. Mening o‘zim ijaraga berishim kerak edi bu joyni desam, o‘zining gapini gapirib turaverdi. Keyin mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, xarajatimni bering, narsalarimni olib chiqib ketaman deganimda u men aytgan summaga ko‘nmadi”, deya ta’kidlaydi Mohinur Xoliqnazarova.

Mashina ichidagi tortishuv

Mohinur va Nazokat 3-4 kun “uncha berasan, buncha beraman” shaklida tortishib kelgan. O‘zaro janjallardan so‘ng joy egasi pulni qaytarishini aytgan. 2025 yil 8 avgust kuni Mohinur Xoliqnazarova singlisi Mahliyo Umarova bilan o‘zining boshqaruvidagi Chery mashinasida Nazokat Shukurovaning yashash uyi yoniga borgan.

Mohinur Xoliqnazarova ish tafsilotining bu qismini shunday hikoya qiladi:

“Ta’mirining o‘ziga 53 mln so‘m “prorab”ga berganman. Undan tashqari yana “rasxod”lar bo‘lgan va 25 avgustgacha 3 200 dollar ijara haqini to‘lab qo‘ygandim. Shuncha “rasxod” qilgan bo‘lsam ham onamning operatsiyasiga zarurligi uchun 2 ming dollar bering, bo‘ldi, boshqa kerakmas, dedim. Yo‘q, 2 ming dollar bermayman, mening o‘rnimda boshqasi bo‘lganda sizni shunday ko‘chaga olib chiqib qo‘yardi, 1000 dollar beraman, dedi. Men rozi bo‘lmadim.

Keyin u ayol narsalarimni olib chiqib ketmaganimdan so‘ng 8 avgust kuni menga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘pti, keling, aytgan pulingizni beraman, dedi. U paytda singlim Mahliyo Umarova Xitoydan kelgandi. Singlim bilan oldi-berdimiz bo‘lgan. Mendan pul olishga kelib qoldi. Singlimga bir joydan pul olib beraman, bittasining qarzi bor, yuring, men bilan borib keling, dedim. U xo‘p, deya men bilan bordi.

Borib, ayolga qo‘ng‘iroq qildim va kelganimni aytdim. Uning yashash xonadoni men ijaraga olgan o‘sha binoning 3-qavatida edi. Tushdi pastga. Hozir yonimda 500 dollar bor, qolgan summani Quvadan tanishimdan olib beraman sizga, dedi. Xo‘p dedim, u mashinamga o‘tirdi va ketdik.

Yo‘lda kimgadir qo‘ng‘iroq qildi. Men rulda bo‘lganim uchun e’tibor bermadim. Keyin tanishim telefonni ko‘tarmayapti, pulingizni sizga keyinchalik beraman, dedi. Singlimga pul berishim kerak, o‘zimga ham zarur, pulimni berasiz deb turib oldim. Qo‘lida tilla brasleti bor ekan, shuni oling, 20 gramm chiqadi, dedi. Menga tilla kerakmasligini, pul zarurligini aytdim. Unda tilxat yozib beraman deb turib oldi. Men tilxat orqali sizdan pulimni ololmayman, ishonmayman desam ololadigan qilib yozib beraman, dedi. Tilxatni yozdi, ko‘rsam 4 800 dollarga yozgan. “Rasxodim” 4 800 dollar emas, ko‘pligini o‘zingiz bilasiz, siz menga 5 yilga shartnoma qilib, ishlashimga yo‘l qo‘ymadingiz, bu yerdan judayam ko‘p foyda qilishim kerak edi, mayli, yana 1,5 ming dollarga yozib bering dedim. Va u alohida boshqa qog‘ozga 1,5 ming dollar uchun tushuntirish xati yozib berdi. Keyin menga 400 dollar berdi va 1 mln 300 ming so‘mni kartamga o‘tkazib berdi. So‘ngra uyiga olib borib qo‘ydim”.

Shu tariqa, Nazokat Shukurova mashina ichida Mohinur Xoliqnazarovaga ikkita tilxat yozib bergan. Shundan so‘ng opa-singil ortga qaytib, uni uyi yoniga tushirib ketishgan. Biroq Shukurova aytilgan vaqtda pulni qaytarmagach, 2025 yil 11 avgust kuni Mohinur Xoliqnazarova holat yuzasidan Farg‘ona shahar ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat etgan.

“O‘zimizning mahallamizdagi “uchastkavoy”ga qo‘ng‘iroq qilib, shunaqa holat bo‘layotganini, pulimni berish niyati yo‘qligini aytdim. Xodim u bilan gaplashdi shekilli, menga qayta qo‘ng‘iroq qilib, “102”ga murojaat qiling, dedi. Xo‘p dedim va 11 avgust kuni singlim bilan birga Farg‘ona shahar IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Kamoliddin ismli xodimning oldiga bordik. U singlim bilan oldindan tanish ekan.

Xodimga bo‘lgan voqeaning hammasini aytib berdik. Ustidan ariza yozib bering, dedi. Bitta xodimini chaqirdi. Keyin 2-qavatga olib chiqib, mendan ariza oldi”, deydi Mohinur Xoliqnazarova.

IIB binosidagi tezkor tadbir

2025 yil 20 avgust kuni Mohinur Xoliqnazarovaga Farg‘ona shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimi Ulug‘bek Aminov qo‘ng‘iroq qiladi va IIBga kelishini, Nazokat Shukurova zararni qoplab berishini aytadi. Mohinur kun davomida bir necha bor xodimga qo‘ng‘iroq qiladi va qachon borishi kerakligi so‘rab turadi. U soat 20:30 lar atrofida IIB binosiga boradi. Ulug‘bek Aminov ikki ayolni o‘z xizmat xonasiga olib kiradi.

“Farg‘ona shahar IIBga borganimda taxminan 1 soatdan keyin Nazokat opa keldi. Keyin Ulug‘bek ismli xodim bizni ichkariga, xonasiga olib kirib ketdi. Xonaga kirganimizda u ayol singlisi qani, singlisi ertaga mendan yana pul talab qilsa-chi, degan gaplarni aytdi. Men hayron bo‘ldim va singlimning aloqasi yo‘qligini, men bilan oldi-berdisi borligini aytdim. U esa singlisi kelsin, deb turib oldi. 20 avgust kuni singlim qizining teri kasalligi bo‘lgani uchun muolaja olgani qizi bilan Turkiyaga ketayotgandi, Toshkentda aeroportda bo‘lgan.

Keyin xodim qancha olib keldingiz degandi, 6 ming dollar dedi. Menga 6 300 dollar berishi kerak bo‘lgan. Men 6 ming dollarligi uchun pulni olmayman, sanamayman, to‘liq berishingiz kerak edi, dedim. Mana, 6 300 dollar olib keldim, hazillashgandim, deya qo‘limga pulni tutqazdi. Pulni sanasam 6 ming dollar chiqdi. Pulni stol ustiga qo‘yib, menga kerak emas bu, to‘liq olib kelishi kerak edi, deganimda o‘sha Ulug‘bek ismli xodim tushuntirish xati yozib beravering, ertaga sizga o‘z qo‘lim bilan olib beraman, deya majburlab turib oldi. Xo‘p deb pulni olganim haqida yozib berdim. Shu payt eshik oldida 6-7 nafar xodim sizga nisbatan tadbir o‘tkazildi, deya kelib, qo‘llarimdan barmoq izlarimni olib, kishan taqqan holda meni viloyat IIBga olib ketishdi”, deya hikoya qiladi Mohinur Xoliqnazarova.

Shu tariqa, IIB binosida Mohinur Xoliqnazarovaga nisbatan tezkor tadbir o‘tkazilgan va u qo‘lga olingan. So‘ngra Farg‘ona shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Alisher Ashurovning ukasi bo‘lgan tezkor xodim Oybek Ashurov nazorati ostida viloyat ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan. Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasida Mohinurdan tazyiqlar asosida singlisi Mahliyo Umarovaga nisbatan ko‘rsatma olishadi.

Bu jarayonni Mohinur Xoliqnazarova shunday hikoya qiladi:

“Yo‘lda ketayotganda Ashurov Oybek orqa o‘rindiqda, mening yonimda o‘tirdi, rulda Sotvoldiyev Abbos bo‘lgan. Menga singlingga qarshi ko‘rsatma berasan, unga hali kunini ko‘rsatib qo‘yamiz, u qilamiz, bu qilamiz, deb rosa tazyiqlar o‘tkazishdi. Men hayronman, nima bo‘layotganini tushunmayapman. Hatto uyga qo‘ng‘iroq qilishimga ruxsat berishmadi, chaqalog‘im va 10 yoshli bolam qolib ketgan. Nima desam ham ko‘nishmadi.

Viloyat IIBga olib borishganidan keyin o‘zingizga advokat chaqiring yoki biz yollab beramiz, deyishdi. Oldin singlim tanishtirgan Hakim aka ismli bir advokat bor edi, o‘sha esimga tushib qoldi. Singlingga qarshi ko‘rsatma berasan, deyishayotgani uchun aynan singlimning tanishini chaqirdim. Soat kechasi 24:00 lar bo‘lib ketgan chamasi. Advokat kelganidan keyin alohida qolganimizda unga shunaqa holat bo‘ldi, singlingga qarshi ko‘rsatma ber deb meni majburlashyapti bular, dedim. Nima deyishsa aytganlarini qilavering, bolalaringiz uyda yolg‘iz qolibdi, uyga ketishingiz kerak-ku, dedi. Ularning aytganini qilishdan boshqa ilojim qolmadi.

Soat sahar 6:00 largacha ko‘rsatmani yozib, menga imzo qo‘ydirishdi va keyin meni qamoqxonaga olib ketishdi. Qo‘yib yubormoqchi edinglar-ku, bolalarim oldiga borishim kerak, desam ham hech narsaga quloq solishmadi. Sotvoldiyev Abbos va Ashurov Abbos meni qamoqxonaga olib ketdi.

Ertasi kuni kechga yaqin Sotvoldiyev Abbos qamoqxonadan olib chiqdi. Viloyat IIB yonida oziq-ovqat do‘koni bor ekan, o‘sha yerga olib borib, ko‘rsatmada singling haqida bir-ikkita narsalar qolib ketibdi, o‘shalarga hozir imzo qo‘yib berasan, dedi. Aynan o‘ldirmoqchi, yoqmoqchi bo‘lgan joylari qolib ketganini aytdi. Men singlimga unaqa tuhmat qilmasligimni aytdim. Qamoqxonaga qaytib borging kelyaptimi, bolalaringni ko‘rging kelmayaptimi, kamida 5 yilga qamalasan, agar qilmasang hozir yana qaytarib qamoqxonaga olib borib qo‘yaman, dedi. Imkonim qolmadi.

Kirdim. Ashurov Nurmuhammadning [Alisher va Oybek Ashurovlarning amakivachchasi – tahririyat] xonasiga olib kirishdi. U paytda Ashurov Nurmuhammad mehnat ta’tilida bo‘lgan ekan. Menga mehnat ta’tilida bo‘lsam ham aynan sening singling uchun ishga kelib o‘tiribman, dedi. Qog‘ozlarni chiqardi va advokatga imzo qo‘ydirishdi. Advokat o‘qimasdan imzo qo‘yib berdi. Mengayam imzo qo‘ying deyishganda nima yozilganini o‘qib ko‘raman, desam, yetmadimi, yana qamoqqa kirging kelyaptimi, dedi. Imzo qo‘yib berishdan boshqa ilojim qolmadi.

So‘ngra menga viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sotvoldiyev Akmal ko‘rsatmangni o‘zgartirmaysan va Nazokat Shukurovaning joyidan narsalaringni bugunoq olib chiqib ketasan, deya shart qo‘ydi”.

Shu o‘rinda, Mohinur Xoliqnazarova bu ishlar Alisher Ashurovning adovati sabab sodir bo‘ldi, degan gumonga nega borganiga to‘xtalib o‘tsak. Gap shundaki, 2-3 yil oldin Mahliyo Umarovaning mashinasi yonib ketishi bilan bog‘liq holat sodir bo‘lgan. Alisher Ashurov ushbu ish doirasida Mahliyo Umarovaga 10 ming dollar to‘lab berishga majbur bo‘lgan. Farg‘ona shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ushbu summani bo‘lib-bo‘lib, so‘nggi qismini 2025 yil iyul oylarida to‘lab bergan. Kun.uz’da ushbu ishning to‘liq tafsiloti mavjud emas.

Mahliyoning qo‘lga olinishi

Mahliyo Umarova 2025 yil 20 avgust kuni kasal farzandini davolatish uchun Turkiyaga jo‘nab ketishni rejalashtirgandi. Buning uchun u aviachipta ham sotib olgandi.

Ammo tezkor xodimlar Mahliyoni 20 avgust kuni aeroportda qo‘lga olishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining 2025 yil 22 avgustdagi ajrimi bilan Mahliyo Umarovaga nisbatan qamoqqa olish tartibidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ammo sud ajrimida Mahliyo Umarova 20 avgust emas, 21 avgust kuni soat 16:55 da ushlangani qayd etilgan.

Shikoyat uchun qiynoq

Mohinur Xoliqnazarova 2025 yil 29 avgust kuni ichki ishlar xodimlarining harakatlaridan norozi bo‘lib, viloyat prokuraturasiga shikoyat qilib boradi. Ammo prokuraturada unga e’tirozlari bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga ariza topshirishni aytishadi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasiga borgan Mohinur esa u yerda bir nechta xodimlar tomonidan qiynoqqa solinganini aytmoqda.

“Menga shuncha tazyiqlar o‘tkazishayotgani uchun viloyat prokuraturasiga ariza bilan bordim. U yerda Matmusayev degan xodim kutib oldi va arizamni o‘qib ko‘rdi. Bo‘lgan voqeani aytsam, bu ariza bilan viloyat IIBga borasiz, dedi. Keyin ichki ishlarga kimgadir qo‘ng‘iroq qildi va boring, sizni kutib olishadi deb aytdi.

Ilojim qolmay, viloyat IIBga bordim. U yerda meni arizalarni qabul qiladigan Shohrux ismli xodim kutib oldi. Qizim va o‘g‘limni ham olib borgandim. 2 soatlar atrofida kutib o‘tirdik. Keyin Toyirov degani bilan Sotvoldiyev Akmal aka kirib kelishdi. Mana boshliqlarimiz, shularga ariza qiling, dedi. Men o‘zi Sotvoldiyev Akmal va boshqa xodimlarning ustidan ariza qilib borganman. O‘zlarini o‘zlariga ariza qilamanmi, dedim. Toyirov va Sotvoldiyev Akmal bo‘pti, katta boshliqning oldiga olib kiramiz sizni, deya ichkariga olib kirib ketishdi meni. 10 yoshli qizim ko‘chada qoldi, olib kirishga ruxsat berishmadi. Chaqalog‘ingni ham qizingning qo‘liga ber, deyishgandi, lekin u eplolmaydi, deya o‘zim bilan olib kirib ketdim.

Sotvoldiyev Akmalning xonasiga kirishga rosa majburlashdi. Ammo u xonada menga qancha tazyiq o‘tkazishgan, deya kirishga rozi bo‘lmadim. So‘ngra Toyirovning xonasiga olib kirishdi. O‘tirib turing, boshliq kirsa olib kiraman, dedi. Xo‘p, deya qo‘limda bolam bilan eshikning yonida o‘tirdim. Oradan 1-2 minut o‘tdi. Toyirov telefonda gaplashdi. Keyin Sotvoldiyev Akmal boshchiligida 6-7 nafar xodim kelib, bolamni qo‘limdan yulib, senmi hali bizning ustimizdan ariza beradigan, deya tortishni boshlashdi. Men jon holatda bolamni beringlar, deya baqirdim. Qo‘rqqanimdan ishtonim ho‘l bo‘lib ketdi. Jon holatda bolamni quchoqlab Toyirovning ortiga yashirinishga harakat qildim. Bolamni qo‘limdan yulib olishdi.

So‘ngra Sotvoldiyev Abbos o‘ng qo‘limni qayirib, ushladi. Humoyun ismli “oper” bor ekan, u sochimdan yulib, Toyirovning xonasidan “koridor”ning oxiriga, Ashurov Nurmuhammadning xonasiga sudrab olib borishdi.

U yerda qo‘limga kishan solishdi, “koridor”da bolamni 2 soatdan ko‘proq yig‘latib, ushlab turishdi. Sotvoldiyev menga har xil haqoratli gaplar aytyapti, singlim haqida gapiryapti, uning kasriga sen qolyapsan deya tazyiq o‘tkazdi. Hatto bir qultum suv so‘rasam berishmadi. Ishtonim ho‘l, konditsionerni menga qaratib, o‘shaning tagiga o‘tirg‘izib qo‘yishdi. Sovuq qotyapman desam ham, hozir hushimdan ketaman, chidolmayapman desam ham konditsionerni o‘chirishmadi. Sotvoldiyev Akmal hozir bolangni oyog‘ingning tagiga yotqizib qo‘yaman, qo‘ling kishanda yig‘lashini tomosha qilib o‘tirasan, dedi. Mana, qamoqxonaga olib ketamiz hozir, deya kompyuterda nimalarnidir yozishdi. Iltimos, nima desanglar qilaman, bolamni beringlar va meni chiqaringlar, deya shunaqa yalinyapman, quloq solishmadi. Chaqalog‘im 2 soatdan oshiqroq eshikning tagida chirqirab yig‘lagani uchun hushidan ketdi. Keyin qo‘limni yechib, keltirib berishdi. Bolamni qo‘limga olgach ozginadan keyin o‘ziga keldi.

Advokatim siz kiravering, 5 minutda boraman degandi. U bemalol kelguncha hamma narsa bo‘lib bo‘ldi. Keyin yolg‘iz qolganimizda bo‘lgan voqeani aytib berdim. U meni to‘g‘ri tushuning, qo‘limdan hech narsa kelmaydi, dedi.

Tergovchi Ashurov Nurmuhammad o‘sha paytda Nazokat Shukurovaga qo‘ng‘iroq qildi va hozir keling, mening nazoratim ostida narsalarini olib chiqib ketadi, dedi. Nazokat Shukurova bir soatdan oshiqroq vaqtda keldi. Men advokatning mashinasida boradigan bo‘ldim, Ashurov Nurmuhammad o‘zining mashinasida. Men mashinaga chiqqandan keyin hushimdan ketdim. Buni ko‘rib, advokat meni ota-onamning uyiga olib borgan, hovliga”, deydi Mohinur Xoliqnazarova.

Ichki ishlar xodimlari opa-singilga ochilgan “delo”ni shishirishga shu qadar harakat qilishganki, hatto ular bilan tanish bo‘lgan fuqarolarni chaqirib, Mahliyo Umarovaga nisbatan tuhmat asosida ko‘rsatma berishni so‘ragan. Shulardan biri Botir Ergashboyev. Ichki ishlar xodimlari uni boshqarmaga aldab chaqirib, Umarovaga nisbatan ko‘rsatma olishga urinishgan. Buni uning o‘zi tasdiqladi.

“Mahliyo Umarova sherigim, hamkorlikda birga ish qilamiz, sahna bezaklari bilan shug‘ullanamiz. Uni 8 yildan beri taniyman. 19 avgust kuni birga Toshkentga bordik, gullarimiz kam edi, o‘shalarni oldik. Keyin men ketdim.

Bir haftadan keyin ichki ishlardan menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Farg‘ona shahrida o‘g‘rilik bo‘libdi, deya yolg‘ondan chaqirishdi meni. Xo‘p, deya kechga viloyat IIBga bordim. Xodim o‘zini tanishtirmasdan telefonimni olib qo‘ydi. So‘ngra ichkariga olib kirib, telefonimda shaxsiy narsalarimni ko‘rishni boshladi. Keyin opaning profiliga kirib, menga siz yetib keldingiz, dedi. Qayerga yetib keldim, dedim. Mahliyo Umarova sizga kim bo‘ladi, deb so‘radi. Opam bo‘ladi, deya javob berdim. Mahliyo Umarova opasi bilan bir ayolni qayergadir olib borib, qo‘rqitishibdi, dedi. Nima deyishibdi, desam, bolalaring bolalarimning qo‘lida, agar mana shu narsani tan olsang qo‘yib yuborishadi, yo‘q desang o‘ldirishadi, deb aytgan, dedi menga. Bo‘lishi mumkin emas, anchadan beri taniyman, xodim bo‘laturib (Mahliyo Umarova oldin Milliy gvardiyada ishlagan – tahririyat) birovni shantash qilmaydi-ku dedim.

Senga qo‘ng‘iroq qilib, bolalaringiz mening qo‘limda, deya gapirib berishni so‘raganini aytasan, dedi. Bu mavzuda gaplashmaganmiz, menga buyruq shaklidayam, iltimos ko‘rinishida ham unaqa demagan, dedim. Unda o‘tirasan, yaxshilab o‘yla, dedi. Unaqa demagan, desam ham bir soatdan ortiq olib o‘tirdi. Unda olib kirib, qamab qo‘yaman, dedi. Qamasangiz qamayvering, lekin unaqa gaplar bo‘lmagan, dedim. Ertaga chaqiraman unda, yaxshilab o‘ylab kel, deya jo‘natib yubordi. Shundan keyin menga qaytib qo‘ng‘iroq qilishmadi”, deydi Botir Ergashboyev.

Ichki ishlar xodimlari boshqa shaxslarga ham chiqib, opa-singilga nisbatan ko‘rsatma berishni so‘ragan. Kun.uz’da bunga doir audiolar ham mavjud.

Opa-singil tovlamachimi?

Mohinur Xoliqnazarova va Mahliyo Umarovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi, ya’ni tovlamachilik jinoyatining bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilishi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Xo‘sh, opa-singil tovlamachimi? Albatta, buni tergov organi va sud hal qiladi. Ammo ularning harakatida tovlamachilik jinoyatiga yopishmayotgan bir nechta jihatlar bor.

Gap shundaki, tovlamachilik bu jabrlanuvchiga yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, egallab olish yoki to‘sib qo‘yish, yoki jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘zining mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yishdir.

Oliy sud plenumi qaroriga ko‘ra, tovlamachilikda o‘zganing mulkini yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni taqozo qilishini sudlar e’tiborga olishlari kerak. Shu sababli, qarzdordan qarzni talab qilish Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan tavsiflanishi mumkin emas, lekin ayrim hollarda o‘zboshimchalik tariqasida baholanishi lozim.

Mahliyo Umarovaga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llash haqida sud ajrimida keltirilishicha, Nazokat Shukurova 11 avgust kuni Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, Mohinur va Mahliyo “uning mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida Chery mashinasida Quva tumanida joylashgan Karkidon suv ombori yaqinidagi ovloq joyga olib borishib, avtomashina ichida zo‘rlik ishlatishib, uyini farzandlariga qo‘shib yoqib yuborishlarini, o‘zini shu yerda o‘ldirib yuborishlarini aytib qo‘rqitib, mulkni topshirish yoxud mulkiy manfaatlar berishni talab qilishib, jabrlanuvchini o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yishgan”ini bildirgan. Mohinurning IIB binosida tezkor tadbirda ushlanishiga, Mahliyoning farzandini davolatish uchun Turkiyaga olib ketayotgan bir paytda aeroportda qo‘lga olinishiga Nazokat Shukurovaning mana shu arizasigina asos bo‘lgan.

Mohinur Xoliqnazarovaning so‘zlariga ko‘ra u Nazokat Shukurovadan o‘z pulini so‘ragan. Va Mohinur Xoliqnazarova Shukurovaning joyini ijaraga olgani va ta’mirlagani fakt. Buni hatto Nazokat Shukurovaning o‘zi ham inkor qilmayapti. Qolaversa, agar Mohinur Nazokat Shukurovadan o‘z pulini emas, tovlamachilik yo‘li bilan uning mulkini qo‘lga kiritishni maqsad qilganida pulni olish uchun hech qanday shubha qilmasdan aynan IIB binosiga o‘z oyog‘i bilan borarmidi, degan savol ham o‘rtaga chiqadi.

Bundan tashqari, tergovchi Nurmuhammad Ashurov hamda tezkor xodim Oybek Ashurov tergov davrida Mohinur Xoliqnazarovaga qo‘ng‘iroq qilib, ijaraga olingan joydan narsalarini olib chiqib ketishni aytgan hamda janjalga “shu narsa sabab bo‘lganini” ta’kidlagan.

Qolaversa, Nazokat Shukurova fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga kiritgan da’vo arizasida ham Mohinur Xoliqnazarovaga 3 ta xonani oyiga ming dollarga ijaraga berganini, u xonalarni ta’mirlaganini, o‘rtada nizo kelib chiqqach Mohinur unga ta’mir uchun 3-4 ming dollar ishlatganini aytib, boshqa ijarachidan pulini olib berishni so‘raganini va u bunga ko‘nmaganini bildirgan. Bundan kelib chiqadiki, ikki ayol o‘rtasidagi nizoga sabab bo‘lgan pul oldi-berdisi haqiqatan xonalarning ta’mir qilingan harajati bilan bog‘liq.

Nazokat Shukurova nima deydi?

Kun.uz ikkinchi tomonni ham eshitish maqsadida Nazokat Shukurova bilan bog‘landi. Ammo u tahririyatning intervyu berish haqidagi taklifini hozirda “ahvoli og‘irligi”ni aytib, rad etdi.

Nazokat Shukurovaga ko‘ra, Mohinur va Mahliyo ismli ayollar unga tuhmat qilishgan va “o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitib”, tilxat yozdirib olishgan.

“Yolg‘onchi, tuhmatchi bu qizlar. Bekordan bekorga qamab qo‘ymaydi-ku. Mening ijara joyimda turishgan. Keyin bir-ikki oy ishlagandan keyin bahonaga o‘tdi. Ular faqat shunaqa ekan, borib kimlarningdir binosini ijaraga olib, 5-6 mln so‘m sarflab qo‘yar ekan-da, keyin buncha pul sarfladim deb shantaj qilishga tusharkan.

Asosan ularning «kliyenti» erkaklar bo‘lgan. Endi menga ro‘para kelgani uchun to‘g‘risi bunaqa pulni bera olmadim ularga. Men o‘zim kreditga qurganman. Ming dollar olganman boshida «zaklad» uchun. Uchta xonani ming dollarga bergandim-da. Oyma-oy berishmadi.

Orada qarasam, o‘sha “remont» qilib, boshqa qilib, opa, qo‘yib bering, boshqa-boshqa deydi. Bor desam bo‘larkan, rahmdillik qilib, bir yarim oy olmadim o‘rtada. Keyin iyun oyida menga 10 mln so‘m plastik kartamga o‘tkazib berdi. Keyin yana bahona qilishga tushdi, ishim yurmayapti, men umuman ishlamayman, u-bu. Nima qilay, desam ijaraga qo‘yaylik, men o‘zim o‘sha pulni olib, sizga beraman, dedi. Ha, qo‘y, dedim. Qo‘ya olmadi. 2-3 odam keldi, ularga 2-3 ming berasan, men shuncha pul sarflaganman degan ekan, ketib qolishdi.

Keyin yana menga yalinishga tushdi o‘zingiz qo‘ying deb. So‘ng e’lon berdim, birpasda odam keladi-da, yaxshi joy. Bir qiz kelib, olaman, dedi. Keyin bu bitta xonani bermayman, deyishga tushib oldi. O‘zimda olib qolaman, dedi. Nimaga men sizga tekinga berishim kerak, dedim. Bo‘lmasam pulimni berasiz, chiqib ketaman, dedi. Necha pul beray desam, 2 ming dollar dedi. Xullas shantaj qilishga tushdi. Buncha berasan, deyishga tushgandi, bermayman, bor dedim.

Keyin bir kun chaqirdi. Ungacha Telegram’dan yozdi buncha berasiz deb. Oxiri 2 800 ga chiqdi. Yana bir balolar deyishga tushdi. E’tibor bermabman to‘g‘risi, men endi ular unchaligini bilmaganman.

Bir kun soat 12:00 larda opa, men keldim, tushing, narsalarimni olib ketaman, bo‘pti o‘sha ming dollarga roziman, dedi. Mening qo‘limda hozir 500 dollar pul bor, olsangiz o‘shani beraman, bo‘lmasam bemalol, qayerga borsangiz boravering, dedim.

Tushsam, chiqing mashinaga, hozir o‘sha 500 dollarni beraverasiz, dedi. Keyin shunday mashinasiga chiqsam, meni olib ketib yuborishdi. Qayerga olib ketyapsizlar, desam, hozir boramiz, gaplashib olamiz siz bilan, yaxshi gapga ko‘nmas ekansiz, deya meni qo‘rqitishga tushdi. O‘ldirib tashlaymiz, u-bu qilamiz, deb erkaklarga telefon qilishdi. Yosh bolam uyda qolgandi. Bittasiga telefon qilib, «bolasi uyda qolibdi, borib kirib, o‘ldirib, yoqib tashla uy bilan», dedi. Keyin yana bir erkak kishiga telefon qilib, tayyorlanib turinglar, «kliyent» olib boryapmiz, deb aytdi. Keyin men qo‘rqishni boshladim, chunki o‘zi yuragim yaxshi emasdi.

Ovloq, bitta dala joyga olib borishdi. Qayerga ekanini eslolmayman, chunki o‘zimda emasdim. Ungacha menga rosa tazyiq qilishdi eringga telefon qilamiz deb. Mening xo‘jayinim rosa qo‘rqoq, to‘g‘risi, nimaga desangiz «normalniy» joyda ishlaydi, o‘zidan qo‘rqadi.

Bo‘pti, men nima qilay, dedim. Tilxat yozib berasan, shuncha pulni bizga to‘laysan 3 kun ichida, deyishdi. Ha, bo‘pti, deb yozib berdim, rozi bo‘ldim. Keyin qo‘limdagi 500 dollarimgacha olib qo‘yishdi. Shu bilan keyin meni tashlab ketishdi.

To‘g‘risi, shunaqa charchadim bu ifloslardan. Shunaqa yozishyapti. Ichki ishlar xodimlari ustidan ham yozyapti. Jiyanlarim ishlashadi, bezor bo‘ldik, opa, boshliqlarimiz bezor bo‘ldi, deyapti”, deydi Nazokat Shukurova.

“Delo” Toshkentga o‘tkazilgan

Mohinur Xoliqnazarova holat yuzasidan sayyor qabulda ichki ishlar vaziriga murojaat etgan. Uning murojaatidan so‘ng jinoyat ishi tergovi Farg‘ona viloyatidan Toshkent shahrining Mirobod tumani IIBga o‘tkazilgan. Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kun.uz vakillari ushbu holat yuzasidan ichki ishlar vazirligida bo‘lib, tegishli mas’ullar bilan uchrashdi. U yerda Mohinur Xoliqnazarova aytayotgan dalillarning hech biri inkor qilinmadi. Aksincha, Farg‘onada ichki ishlar xodimlari u va singlisiga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llashda oshirib yuborishgani, tergovda xatoliklar borligi, shu sababli jinoiy ish tergovi Toshkent shahriga o‘tkazilgani bildirildi.

Ma’lum qilinishicha, ichki ishlar vaziri tomonidan mazkur jinoyat ishining har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilinishini ta’minlash maqsadida uni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi hududiy tergov bo‘limiga o‘tkazish haqida ko‘rsatma berilgan. Hozirda jinoyat ishi Mirobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi ish yurituviga olingan bo‘lib, Tergov departamentining alohida nazorati ostida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov jarayonida barcha dalillar sinchkovlik bilan o‘rganilayotgani, fuqarolar tomonidan bildirilgan vajlar tekshirilayotgani hamda natijasiga ko‘ra qonuniy va adolatli qaror qabul qilinishi ta’minlanishi bildirildi.

Kun.uz mavzuni kuzatib boradi.

Ruslan Saburov,

Kun.uz



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

5 kilogrammdan ortiq gashish, marixuana va minglab dori vositalari aniqlandi

Published

on


Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda 5 kilogrammdan ortiq gashish, 7 kilogrammdan ziyod marixuana hamda minglab kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan bir qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Qarshi – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina YPX maskanida tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning qo‘l sumkasidan jami 5 kilogramm 32 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi aniqlandi.

Yana bir holatda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z tomorqasida 33 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotgani fosh etildi. Shuningdek, uning xonadondan 7 kilogramm 79 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi ham olindi.

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon – Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtomashina to‘xtatilib, undagi ikki yo‘lovchiga tegishli qoplardan 1200 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topildi.

Tadbir davomida ular bilan bog‘liq bo‘lgan yana uch nafar shaxs ushlanib, ulardan jami 345 dona «Tropikamid» hamda 15 dona «Regapen» dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tergov davomida mazkur shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelib, sotish bilan shug‘ullangani aniqlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi

Published

on


Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Hayot Davlatov 1979-yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1999-yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006-yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi – menejment, iqtisodchi. 

U ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investisiya bosh boshqarmasi boshlig‘i, Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 

Shuningdek, u 2021-2024-yillarda Kogon shahar hokimi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 2024-yildan ayni vaqtga qadar Peshku tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

3 oyda bolalar kontentiga oid 1068 ta qonunbuzilish aniqlandi

Published

on


Bolalarning sog‘ligi va ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilish holati aniqlangan OAVlar ogohlantirilib, ko‘rsatmalar yuborilgan.

O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida internet nashrlari, telekanallar, bosma OAV va nashriyot mahsulotlarida bolalarning sog‘ligi hamda ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborot mahsulotlariga oid 1068 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Ularning aksariyati kontentni yoshga qarab tasniflash va markirovka qilish talablariga rioya etilmagani bilan bog‘liq.

Bu haqda 23 iyun kuni Axborotlashtirish va kommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi o‘tkazgan «Raqamli davrda bolalarning axborot xavfsizligi: OAV mas’uliyati, kiberhimoya va etik mezonlar» mavzusidagi treningda ma’lum qilindi.

Inspeksiya boshlig‘i maslahatchisi Asad Xo‘jayevning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan hozircha jazo choralari qo‘llanmagan.

«Bu qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan biz ko‘rsatma xatlari yubordik. Xatda har bitta holatni mutaxassislar ishtirokida tahlil qilib, takrorlanmasligi uchun profilaktika ishlari olib borishlarini so‘radik. Hozircha bu masalada jazolash bo‘yicha biror chora ko‘rmadik.

Maqsadimiz — bu zararli kontentlarni to‘g‘ri baholay oladigan ekspertlar hamjamiyatini shakllantirish va malakasini oshirish. Agar shundan keyin ham shunday holatlar kuzatiladigan bo‘lsa, ularga nisbatan chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», dedi Asad Xo‘jayev.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Farg‘ona va Samarqandda kredit uchun pora talab qilgan bank boshliqlari aniqlandi

Published

on


Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida kredit ajratib berish uchun pul talab qilgan bank xodimlari ushlandi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda tijorat banki BXM boshlig‘i R.S. tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun kredit ajratishni so‘rab murojaat qilgan fuqaro F.R.ning ishonchiga kirib, unga 2,5 mlrd so‘m kredit ajratib berishi evaziga ushbu kredit miqdorining 5 foizini, ya’ni 125 mln so‘mini oldindan berishini aytib, ushbu pullar hisobidan 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Samarqand viloyati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tijorat banki BXM boshlig‘i D.I.«D.D.» MChJ rahbari D.M.ga 75 000 AQSh dollari kredit mablag‘i ajratib berganligi evaziga olgan 2 150 AQSh dollari hisobidan 10,7 mln so‘mini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

“Nogironligi bor bolalarimizni sarson qilishyapti” – Farg‘onadagi Muruvvat uyida maxsus guruh yopildi

Published

on


Farg‘ona shahar nogironligi bor bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazidagi (avvalgi Muruvvat uyi) kunduzgi parvarishlash guruhlari yopilib, tarbiyalanuvchilar xususiy muassasaga yo‘naltirilgan. U yerda esa malakali mutaxassis yo‘q. Oqibatda o‘ttizga yaqin nogironligi bor bola qayerga borishni bilmay sarson bo‘lyapti.

Kun.uz muxbiri “G‘amxo‘rlik” maskanida bo‘lib, ota-onalar bilan suhbatlashdi, mas’ullardan izoh so‘radi.

Yangi tartibdan norozi bo‘layotgan ota-onalar farzandlarini Muruvvat uyiga qaytarishni so‘rab, mutasaddilardan iltimos qilib qolishdi.

“Yangi joyda bunday bolalarni eplay olishmadi”

Sayyora Yormatova:

— Ikki nevaram: 16 va10 yoshli nogiron opa-uka sarson bo‘lishyapti. Muruvvat uyining xodimlari nevaralarimga yaxshi qarashayotgan edi. Nima bo‘ldiki, sohani tadbirkorlarga beramiz deb maxsus kunduzgi guruhni yopib qo‘yishdi. Nogironligi bor nevaralarim yangi muassasaga borgandan beri kasal. U yerda mutaxassislar yo‘q ekan. Nogironligi bor bolalarim sarson bo‘lgani qoldi. Eski Muruvvat uyiga qaytarishsin ularni.

“Yangi bog‘chaga olib borasizlar, bu yer yopildi” deyishdi. Yangi joyda esa biz bunday bolalarni eplay olmaymiz deb, hujjatlarimizni qo‘limizga tutqazishdi. O‘sha kuni kasal bo‘ldi nevaralarimdan biri.

Farg‘ona shahridagi Murruvvat uyining sharoitlari zo‘r bo‘lgan. U yerda haqiqiy mutaxassislar bo‘lgan. Hech qanaqa kamchilik bo‘lmagan. Bizga shu eski Murruvvat uyini ochib berishsin. Sarson bo‘lib ko‘chada qolgan bolalarimizni Muruvvat uyi yana olsin.

“Nogironligi bor farzandim azobda qoldi”

Saida Mirzaazizova:

— Farzandim 9 yildan beri Muruvvat uyidagi maxsus kunduzgi guruhda tarbiyalanardi. Farg‘ona shahridagi Muruvvat uyining nomini o‘zgartiramiz deb, yopib qo‘yishdi. Nogironligi bor bolalarimizning hammasi sarson bo‘lib ko‘chada qoldi.

Muruvvat uyidagi maxsus guruh yana ochilsin. Chunki biz budjet tashkilotida ishlaymiz-da, bolani qayerda qoldirishni bilmay shu yerga kelganmiz.

Farzandim mustaqil yura oladigan darajada emas. Holati og‘ir. Muruvvat uyidagi guruhga o‘rgangan bola kasal bo‘lib qoldi. Bog‘chaga boraman deb tinmay yig‘laydi. Nogironligi bor bolalarimizga rahm qilinglar. Muruvvat uyida yopilgan maxsus guruhni joyiga qaytaringlar, iltimos.

“Komissiya xulosasidan so‘ng hal bo‘ladi”

Farg‘ona shahar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazi direktori Abdug‘ani Turdiboyev:

— Shu kungacha kunduzgi guruhda 28 nafar bola tarbiyalanar edi. Vazirlar Mahkamasining 271-sonli qarorida 2026 yil 1 maydan muassasamiz nomidagi “muruvvat” degan so‘z olib tashlandi, endi “G‘amxo‘rlik” markaziga aylantirildi.

“G‘amxo‘rlik” markazining asosiy vazifasi – ijtimoiy moslashuv orqali mehnat terapiyasiga, sportga jalb qilish, bolaning o‘zidagi bor imkoniyatlarini yuzaga chiqarib berish. Endi hozirgi paytda Muruvvat uyining nomi “G‘amxo‘rlik” markazi bo‘lganligi uchun bolalar qayta pedagogik-tibbiy-psixologik komissiyadan o‘tishi kerak. Komissiya xulosadan keyin bola yangi tizimga yo‘naltiriladi.

Muruvvat uyidan tashqarida tashkil qilingan yangi muassasalarga o‘zimizning xodimlarimizdan beradigan bo‘lganmiz. Yangi joyda bolalarning ijtimoiy moslashuvi uchun ularga vaqt kerak bo‘ladi. Balki o‘rganishar, balki ota-onasining o‘zida xohish bo‘lmayotgan bo‘lishi mumkin. Qulaylik taraflari bor: bizda qanday sharoit yaratilgan bo‘lsa, ularda ham ijtimoiy xizmat turlari mavjud.

Pedagogik-tibbiy-psixologik komissiya a’zolari nogironligi bor bolalar holatini bir qator ko‘rib, tashxisi bo‘yicha individual yondashgan holatda xulosa berishadi. Nizomga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa,, “G‘amxo‘rlik” markazlariga yoki o‘ziga yaqin hududda bo‘lgan kunduzgi qatnov xizmatlariga ham jalb qilishimiz mumkin bolalarni.

“Yangi muassasaga mutaxassislar jalb qilamiz”

Diyor Abdullayev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi:

“Ota-onalarning e’tirozi o‘rinli. Sababi, yangi tashkil etilgan muassasaga hali mutaxassislar jalb etilmagan edi. Shuning uchun ota-onalar qoniqish hosil qilmadi. Biz boshqa kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etyapmiz.

Muruvvat uyidan xodimlar, ya’ni qisqartirishga tushgan xodimlar yangi tashkil etilayotgan muassasamizga ishga jalb qilinyapti. Yaqin kunlarda nogironligi bo‘lgan bolalarga qaray oladigan mutaxassislar kelib, shu yerda faoliyatini boshlashadi”.

Yangi tartib haqida qisqacha

Ma’lumot uchun, tegishli farmonga asosan, mo‘’tadil, og‘ir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoki demensiya tashxisi qo‘yilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oilaviy muhitga yaqin shakldagi quyidagi yangi xizmatlar ko‘rsatilishi joriy qilinishi belgilangan:


“Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
uy sharoitida qarab turish xizmati;
kichik hajmli “Madad” uylari xizmati;
“Ijtimoiy ta’til” qisqa muddatli joylashtirish xizmati.

Sanab o‘tilgan to‘rtta xizmat davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida xususiy tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” internat uylari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “G‘amxo‘rlik” markazlari sifatida qayta nomlandi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.