Sport
YeChLning yangi mavsumi boshlanmoqda. 1-tur intrigalari
«Liverpul» ilk turdayoq kuchli raqibga to‘qnash keladi, de Bryuyne sobiq jamoasiga qarshi, Myunxenda 2012 yilgi final remiksi, «Barselona»ni esa Angliyaga qiyin safar kutmoqda.
Bugundan klublar futbolida Yevropaning eng katta turniriga start beriladi. Ikkinchi yildirki, yangi formatda o‘tadigan musobaqaning muxlislar uchun avvalgilariga qaraganda yaxshi tomonlari ko‘p. Birinchidan, format va taqvimdan kelib chiqib, deyarli har turda biz top-darajadagi raqiblar to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz. Ikkinchidan, o‘yinlar endi uch kun davom etadi va har kuni ikki vaqt slotiga ega. Ya’ni bemalol har turda 6 uchrashuvni to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rish imkoniyati bo‘ladi. Quyida 1-turning asosiy intrigalari haqida.
Mikel Arteta yana Baskoniyada
Mikel Arteta Baskoniyada, San Sebastyanda tug‘ilgan. Do‘sti Habi Alonso bilan birgalikda «Real Sosiyedad» klubining asosiy tarkibida to‘p surishni orzu qilishgan. Do‘stidan farqli ravishda, Mikelning nihoyat «Sosiyedad»da o‘ynashi biroz aylanma yo‘l – «Barselona», «PSJ», «Reyndjers» orqali sodir bo‘lgandi. Arteta sevimli jamoasida uzoq qolmaydi – bir mavsum ham to‘liq o‘ynamagan futbolchi taqdiriga avval «Everton», keyin «Arsenal» yozilgan ekan.
Bugun Mikel Arteta endi murabbiy sifatida Baskoniyaga qaytmoqda. Ha, «Sosiyedad» emas, «Atletik», lekin basklar o‘z farzandlariga qanday munosabatda bo‘lishini juda yaxshi bilamiz. O‘tgan mavsumda Ispaniyaning to‘rtinchi jamoasi sifatida mustahkam o‘rnashib, yangi mavsumni ham shu maqomda davom ettirayotgan «Atletik» uchun ham «Arsenal» raqib sifatida juda ahamiyatli sinov. Axir klub 11 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor Chempionlar Ligasida ishtirok etyapti.
Yana bir muhim jihati, bu o‘yinni tomosha qilish uchun bir nechta qiziq o‘yinlar ichida tanlov qilish shart emas. Uchrashuv umumiy slotdan ikki soat avval, Toshkent vaqti bilan soat 21:45 da boshlanadi.
Alonso – de Dzerbi dueli
Roberto de Dzerbi «Brayton»da shu qadar muvaffaqiyatli ishlaganki, hatto Pep Gvardiola futbol etaloni sifatida aynan shu jamoani ko‘rsatgan edi. Italiyalik mutaxassis biror top-klubni boshqarishi aytilar, nomzodlar qatorida «Real» ham tilga olinardi. Ammo uning «Brayton»ni tark etishi biroz noto‘g‘ri vaqtga to‘g‘ri keldi – «Liverpul» Slot bilan, «Barselona» Flik bilan kelishib bo‘lgan, «MYu» Erik ten Hagga yana bir bor imkoniyat berishga qaror qilgan, «Real» esa Anchelotti bilan shartnomasini uzaytirgandi. Natijada de Dzerbi «Marsel» variantiga ko‘nishga majbur bo‘ldi.
Murabbiy Angliyadan ketgach, e’tibordan chetda qolgan bo‘lsa-da, unga baho berishda Fransiyadagi faoliyati ko‘proq ahamiyat kasb etadi, zero mamlakatning kuchli jamoalaridan biri, deyarli barcha raqiblarga qarshi birinchi raqamda to‘p surishi talab etiladi – de Dzerbini biror top-klubda tasavvur qilib, qanday futbol ko‘rsatishini taxmin qilish uchun ayni muddao. De Dzerbining ilk mavsumida «Marsel» 2-o‘rinni oldi, buni «PSJ» va boshqalar chempionati hisoblanadigan Fransiyadagi eng yuqori o‘rin desa ham bo‘ladi. Jamoa joriy mavsum startida «Lion»dan mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, qolgan ikki o‘yinni yirik hisobda o‘z foydasiga hal qildi. «PSJ» bor ligada ko‘pgina hujum ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham, to‘p nazorati bo‘yicha ham yetakchilik qilmoqda.
Xullas, de Dzerbini yana katta Yevropada, ayniqsa «Real»ga qarshi ko‘rish ancha qiziq bo‘ladi. O‘tgan mavsumda «Real» aynan murabbiylik jamoalariga qarshi muammolarga duch kelgan, ancha noqulay bo‘lgan. Lekin yangi mavsumdan «Real»da ham boshqa bir tizimli murabbiy Habi Alonso ish boshlagan. U ham faqat g‘alaba qozonish emas, jamoasining mukammal o‘ynashini istaydigan mutaxassislardan biri. Chempionlar Ligasi 1-turida Alonso – de Dzerbi qarama qarshiligini ko‘rish juda qiziq bo‘ladi.
Futbol o‘yinmi yoki jang?
«Nyukasl» Angliyada eng «brutal» futbol ko‘rsatadigan jamoalardan biri. Raqibga bosim qilish, podkatlar, jismoniy kurashlar «Sent Jyeyms»da shu qadar qadrlanadiki, muxlislar har bir shunday harakatni xuddi gol kabi nishonlashga tayyor turadi. Ikki yil oldin «Nyukasl»ning «PSJ»ga qarshi o‘yini turnirning eng esda qolardi bahslaridan biri bo‘lgandi.
«Barselona» esa aksincha. Tarkibning aksariyat qismi maktab bolalarini eslatib yuboradi. «Nyukasl»ga qarshi o‘yin go‘yoki biror maktabda paydo bo‘lib qolgan iste’dodli sinfning yuqori sinf o‘quvchilariga qarshi to‘qnashuvini eslatib yuborsa ajab emas. To‘g‘ri, Ispaniyada ham o‘zining qo‘polligi bilan tanilgan «Xetafe» kabi jamoalar bor, ammo «Nyukasl» farqli ravishda, qoida buzishlar orqali emas, ruxsat berilgan chegara doirasida raqib futbolchilariga bosim qilishni juda yaxshi o‘zlashtirgan. Bundan tashqari, «Nyukasl» tarkibi ijro mahorati bo‘yicha Ispaniya o‘rtamiyonalaridan ancha yuqori ekanini ham ta’kidlash kerak.
«Barselona»ning yosh futbolchilari mana shu sinovdan qanday o‘tishadi? Kurash va bosimga qarshi o‘z chiroyli futboli bilan javob bera oladimi? O‘zi umuman futbolda nima muhim – yaxshi o‘ynashmi yo qattiq kurashish? Bu uchrashuv mana shunday savollarga javob izlaydi.
Qo‘shnilarning eng uzoq safari
«Qayrat»ning o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasiga chiqishi qanday qahramonliklar evaziga sodir bo‘lgani hali esdan chiqqani yo‘q. Jamoa Qozog‘istonning «Astana»dan keyin ushbu turnir guruh bosqichiga chiqqan ikkinchi jamoasiga aylangandi. Dastlabki o‘yin esa Portugaliyada, mamlakat chempioni «Sporting»ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Lekin «Seltik»ka qarshi o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida 3 ta seyv amalga oshirib, «Qayrat»ni YeChL asosiy bosqichiga olib chiqqan darvozabon Temirlan Anarbekov bu o‘yinda jarohat tufayli qatnasha olmaydi.
Qozog‘istonliklar Lissabondagi uchrashuvga borish uchun salkam 7 ming km masofani bosib o‘tishiga to‘g‘ri kelar ekan. Bu Chempionlar Ligasi tarixidagi eng uzoq masofa sifatida qayd etiladi.
De Bryuynening «Etihad»ga qaytishi
Manchester derbisidagi chiroyli g‘alabadan so‘ng Pep Gvardiola shogirdlari Italiya chempioniga qarshi saflanadi. «Etihad» navbatdagi raqib jamoadan ko‘ra, Kevin de Bryuynening qaytishiga alohida tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa ajab emas.
Kevin de Bryuyne «Manchester Siti»ning uzoq yillik yetakchisi, uning jamoa muvaffaqiyatlaridagi roli faqat murabbiydan keyingi o‘rinda tursa kerak. Jamoa safida 300 ga yaqin uchrashuvda ishtirok etib, 72 gol muallifi bo‘lgan belgiyalik yarimhimoyachi bu safar ilk marta raqib libosida maydonga tushadi.
Kevin Italiyaga borib, hali uni hisobdan chiqarishga erta ekanini ko‘rsatishni boshladi – jamoasining uch g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi, ikki gol muallifi bo‘ldi. «Napoli» Konte boshchiligida Italiyani zabt etib, endi Yevropaga yuzlangani, shunga mos xaridlarni amalga oshirganini e’tiborga olsak, Manchesterdagi o‘yinga ancha jiddiy kuch sifatida tashrif buyurishini kutsa bo‘ladi.
Darvoqe, «Etihad»ga de Bryuyne bilan birga bu yerga odatda derbi o‘ynash uchun kelib o‘rgangan Skott Maktominey hamda Rasmus Hoylund ham keladi.
Kivu yana «Yoxan Kroyf Arena»da
Yana bir e’tiborli qaytish – Kristian Kivuning «Ayaks» maydoniga tashrifi bo‘ladi. Ruminiyalik murabbiy o‘z vaqtida futbolchi sifatida aynan «Ayaks» safida Yevropaga tanilgandi. Jamoa sardori sifatida yuzdan ortiq o‘yinlarda qatnashgan Kivu amsterdamliklar bilan Niderlandiya chempioni bo‘lish bilan birga YeChLda chorak finalgacha yetib borgandi. Shundan so‘ng avval «Roma»ga ketib, keyin «Inter»ning ham muhim futbolchisiga aylanadi, jamoa bilan Chempionlar Ligasini yutadi.
Kivu murabbiy sifatida «Inter»ning turli yoshdagi jamoalarini boshqarib yurdi va shu yil boshida «Parma»da ham ishladi. Indzagi kutilmaganda iste’foga chiqishi, Kivuning Parmadagi muvvafiyatli faoliyati milanliklar rahbariyatini Kivuni tanlashga undadi. «Inter» A Seriyani kutilganidek boshlamagan, uch o‘yindan ikkitasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, Chempionlar Ligasi boshqa musobaqa. «Inter»ning finalchi degan nomi ham bor. Kristian Kivu o‘zining sevimli maskani bo‘lmish «Yoxan Kroyf Arena»ga endi raqib murabbiyi sifatida tashrif buyuradi.
Navbatdagi qasos ilinjida
Myunxendagi stadion «Chelsi» muxlislariga faqat yorqin xotiralar qoldirgani tayin. 2011/12 yillar mavsumida hammasi «Bavariya»ning o‘z maydonidagi finalni o‘z foydasiga hal qilishiga qarab ketayotganida, londonliklar qahramonlik ko‘rsatib, o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borgan va yakunda turnir g‘olibiga aylangandi. Shundan so‘ng «Bavariya» «Chelsi»ni qayerda uchratsa mag‘lub etyapti, 2014 yilda Yevropa Superkubogida, keyinroq 2020 yilda Chempionlar Ligasi pley-offida ikki marta yirik hisobda yengdi ham, lekin haliyam tatimayotgan bo‘lishi kerak. Navbatdagi o‘yindagi g‘alaba ham balki ko‘p narsani hal qilmas, lekin baribir, «Chelsi»ga qarshi har qanday uchrashuvda «Bavariya» yanada o‘zgacha motivatsiya bilan maydonga tushishi shubhasiz.
«Bavariya» juda yaxshi formada – yangi mavsumdagi 5 rasmiy o‘yinda raqib darvozalari 19 marta ishg‘ol qilindi. O‘tgan yilgi kuzni ham xuddi shunday sermahsul o‘tkazganini eslasak, Kompani jamoasi uchun bu odatiy holga aylanyapti. Ammo shuni ham bilamizki, «Chelsi» aynan o‘zining eng yuqori formasida bo‘lgan raqiblarni o‘z o‘rniga tushirib qo‘yishga usta. Buni o‘sha 13 yil avvalgi o‘yindan ham, mana shu oxirgi yozdagi finaldan ham juda yaxshi bilamiz.
«Atletiko» – eng yaxshi antogonist
«Liverpul» 2019 yilda Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lgach, keyingi mavsumga undanda dahshatli formada kirib keldi. APLda ham, Chempionlar Ligasida istalgan raqibni yer tishlatdi, APL g‘olibligi masalasini fevraldayoq amalda hal qilib ulgurdi. Ammo YeChL pley-offda Klopp jamoasini avval hech to‘qnash kelmagan raqib kutib turardi. Madriddagi o‘yinda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishadi, ammo 8 oy oldin «Barselona»ning 3 gol ustunligini yo‘qqa chiqargan «Enfild» egalari uchun bu qo‘rqinchli ko‘rinmasdi. Birinchi bo‘limdayoq minimal vazifani bajargan «Liverpul» qo‘shimcha bo‘lim boshida ikkinchi golni ham uradi. Ammo «Atletiko»ni sindirish qiyin edi, ispanlar o‘yin oxirigacha uch gol urib mezbon muxlislar ustidan muzdek suv quyib yuborgandi.
«Liverpul» hozir ham otda, APLning yangi mavsumini g‘alabali seriya bilan boshladi. «Atletiko» esa dastlabki to‘rt o‘yinda faqat bir g‘alabaga erishdi. Lekin oldin ham bo‘lganidek bu jamoalar uchrashuvi ssenariysini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydi.
1-TURNING BARChA UChRAShUVLARI:
16 sentabr. 21:45. Atletik – Arsenal, PSV – Yunion Sent-Jillua
16 sentabr. 23:55. Benfika – Qorabog‘, Yuventus – Borussiya D, Real – Marsel, Tottenhem – Vilyareal.
17 sentabr. 21:45. Olimpiakos – Pafos, Slaviya – Budyo/Glimt
17 sentabr. 23:55. Ayaks – Inter, Bavariya – Chelsi, Liverpul – Atletiko, PSJ – Atalanta.
18 sentabr. 21:45. Bryugge – Monako, Kopenhagen – Bayyer
18 sentabr. 23:55. Ayntraxt – Galatasaroy, Manchester Siti – Napoli, Nyukasl – Barselona, Sporting – Qayrat.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat20 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat19 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
