Sport

«Yarmining yarmi ham emas» – Kannavaro bilan kelishuvning ayrim tafsilotlari ma’lum qilindi

Published

on


Timur Kapadze ham uning shtabidan o‘rin oladi. Ravshan Ermatov yangi murabbiyning yillik maoshi 4 mln yevro ekani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoaning yangi bosh murabbiyi, italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bilan 2+3 ko‘rinishida shartnoma tuzdi. Bu haqda O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ma’lum qildi. 

Milliy futbol markazida o‘tkazilgan Kannavaroni tanishtiruv marosimida milliy jamoaning sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze ham yangi murabbiylar shtabida bosh murabbiy yordamchisi sifatida qolishi ma’lum bo‘ldi.

Ravshan Ermatov OAV vakillari qarshisida Kannavaro va shtabining yillik maoshi miqdori 4 mln yevro bo‘lishi haqida tarqalgan xabarlarni rad etib, bu miqdor aytilgan raqamning «yarmining yarmini ham» tashkil etmasligi, lekin tomonlar o‘zaro kelishgan holda aniq raqamlarni ochiqlamaslikka qaror qilgani haqida aytib o‘tgan. 

«Murabbiyning oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa aniq: jamoani jahon chempionatida munosib ishtirok etishga tayyorlash. Bu yo‘lda biz unga to‘liq ishonch bildiramiz. Shu bilan birga, milliy jamoaning barqarorligini saqlash uchun Timur Kapadze yordamchi murabbiy sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda turli raqamlar tilga olinmoqda, ammo shuni ochiq aytmoqchimanki — bu mish-mish xolos. O‘FA barcha jarayonlarni qonuniy, shaffof va o‘z imkoniyatlari doirasida amalga oshirgan.

Tarixiy natija qayd etib, Jahon chempionatiga yo‘l olishimizda mehnati singgan barcha murabbiylarga, xususan Srechko Katanets va Timur Kapadzega chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Jahon chempionati bu katta musobaqa, uni butun dunyo tomosha qiladi va futbol ommasining nigohi O‘zbekistonga qaratiladi. Shu sababli turnirda munosib ishtirok etish va mundial havosini olib kirish uchun aynan futbolchi sifatida ishtirok etgan mutaxassisni jalb qilish ko‘zda tutilgan edi. O‘FA rahbariyati hamda Murabbiylar kengashi tomonidan jamoamizni Jahon chempionatiga tayyorlash uchun italiyalik mutaxassis — Fabio Kannavarro bosh murabbiy etib tayinlanishi maqsadga muvofiq deb topildi.

Kannavaro futbol tarixidagi eng yaxshi himoyachisi edi, istaymizmi yo‘qmi Jahon chempionatida natija qayd etish uchun himoyani mustahkam saqlash talab etiladi: U Jahon chempioni, “Oltin to‘p” sohibi va o‘z vaqtida himoyada ishonch, intizom hamda yetakchilik timsoli bo‘lgan. Himoyaviy o‘yin uslubi natija berishini ko‘rdik. Biz ishonamizki, u o‘zining xalqaro tajribasi, professional madaniyati va taktikasidagi qat’iylik orqali milliy jamoamizga yangi ruh va yangi tizim olib kiradi.

Yangi bosh murabbiy bilan  2+3 ko‘rinishida shartnoma imzolandi. Biz uzoq muddatli hamkorlikni ustivor deb bilamiz. Osiyo va Jahon chempionatlarida munosib ishtirok etamiz», deya Ermatovning so‘zlarini keltirgan O‘FA matbuot xizmati.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version