Iqtisodiyot
Yaponiya O‘zbekistonda quriladigan aeroportga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi
Yaponiyaning mashhur Nikkei Asia jurnali va elektron nashrida Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi O‘zbekistonda yangi aeroport qurish loyihasiga sarmoya kiritishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, Sojitz kompaniyasi bu yil O‘zbekiston poytaxtida Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurishni boshlaydi. Mazkur loyiha kompaniyaning 1 milliard dollarlik infratuzilma investitsiyalari doirasida amalga oshiriladi.
Toshkentdagi aeroport Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi. Sojitz loyihaga bir necha o‘n milliard iyena, ya’ni yuzlab million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Shu kunga qadar kompaniya Yaponiyaning Kumamoto va Okinava prefekturalarida hamda Palau orollaridagi xalqaro aeroportlar loyihalarida ishtirok etgan.
“O‘zbekiston yangi aeroport loyihasini 2025 yil avgust oyida tasdiqladi. Loyihaga ko‘ra, 2028 yilda ochilishi rejalashtirilgan bu aeroport yiliga 20 million yo‘lovchini qabul qilishi va soatiga 40dan ortiq uchish-qo‘nish harakatlarini amalga oshirishi mumkin. Bu uni Markaziy Osiyoning eng yirik aeroportiga aylantiradi”, – deb yozilgan maqolada.
Sojitz shuningdek, O‘zbekistonda boshqa infratuzilma loyihalarida ham ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Ular Samarqandda Ronesans International turk kompaniyasi bilan hamkorlikda 800 o‘rinli yirik kasalxona, 1 gigavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 1,6 GVt quvvatga ega issiqlik elektrostansiyasini qurishni rejalashtirmoqda.
Nashrda ma’lum qilinganidek, O‘zbekiston 37 million aholisi bilan mintaqada eng katta davlat sanaladi va ichki umumiy mahsulotning yillik o‘sishi 6 foizdan yuqori. Chet el investitsiyalari uchun soliq imtiyozlari va boshqa rag‘batlar mavjud, korporativ soliq stavkasi esa 15 foiz.
“2024 yil oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 54 ta yapon kompaniyasi faoliyat yuritadi, bu 2019 yil ko‘rsatkichidan ikki barobar ko‘p. Sojitz kompaniyasi iyun oyida Toshkentda ilk bor rasmiy ofisini ochdi”, – deyilgan nashrda.
Nashrda ma’lum qilinishicha, Yaponiya boshqa kompaniyalari ham O‘zbekistonda infratuzilma sohasida faoliyat yuritmoqda. “Masalan, Toyota Tsusho o‘z bo‘linmasi Eurus Energy Holdings orqali 500 megavattlik shamol elektr stansiyasi loyihasi uchun maydonni o‘rganmoqda va NEC bilan hamkorlikda data markazlari qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Marubeni BAA kompaniyasi bilan hamkorlikda chiqindi suvlarni tozalash zavodini qurmoqda”, – deyilgan manbada.
Nikkei Asia nashrida e’lon qilingan maqolada “O‘zbekiston Yaponiya Iqtisodiyot, cavdo va canoat vazirligi bilan mineral resurslar, ayniqsa strategik ahamiyatga ega bo‘lgan minerallarni qazib olish hamkorligini kengaytirish bo‘yicha muzokara olib bormoqda”, – deya O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov fikrlaridan iqtibos keltirilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning qurilish materiallarida importga deyarli ehtiyoji qolmadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sohasini quruvchilar ishonchiga sazovor bo‘lgan, sifat, standart, assortiment va narx bo‘yicha kompleks yechimlar taklif etadigan tarmoqqa aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, o‘n yil avval mahalliy qurilish materiallari deganda asosan qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer tushunilgan. Bu mahsulotlar qurilishda foydalaniladigan materiallarning bor-yo‘g‘i 35–40 foizini tashkil etar edi.
So‘nggi o‘n yil davomida sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona ishga tushirildi. Natijada qurilish materiallari sanoati mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylandi.
O‘tgan yillar davomida sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok va quruq qorishmalar kabi 20 dan ortiq asosiy mahsulot turlari bo‘yicha ichki talabni to‘liq qoplaydigan ishlab chiqarish quvvatlari shakllantirildi.
Shu bilan birga, issiqlik saqlovchi materiallar, kompozit mahsulotlar, ekologik pardozlash vositalari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yangi yo‘nalishlar ham jadal rivojlanmoqda.
Bugungi kunda yangi uy-joylar va sanoat obyektlari qurilishi uchun zarur bo‘lgan materiallarning 98 foizi mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Bu ko‘rsatkich sohada mahalliylashtirish darajasi sezilarli oshganini ko‘rsatadi.
Mahalliy ishlab chiqarishning kengayishi sohaning iqtisodiy ko‘rsatkichlarida ham aks etdi. Oxirgi o‘n yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan 53 trillion so‘mgacha oshdi. Tarmoq eksporti esa o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 1,2 milliard dollarga yetdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 425 ta tashkilot jamoat ahamiyatiga molik deb topildi
Korzinka, Uzum, Click, Payme, Artel, Akfa, Coca Cola va Pepsi kabi brendlar ostida faoliyat yurituvchi ko‘plab yirik kompaniyalar O‘zbekistonda jamoat ahamiyatiga molik tashkilotlar reyestriga kiritildi. Reyestrdagi jami 425 ta tashkilot 2027 yildan boshlab MHXSga o‘tishi va 2028 yil yakuniga ko‘ra moliyaviy hisobotini audit xulosasi bilan birga ochiq e’lon qilishi talab etiladi.
O‘zbekistonda ilk marta Jamoat ahamiyatiga molik tashkilotlar (Public interest entities) reyestri e’lon qilindi.
Reyestr bo‘yicha maxsus vakolatli organ – Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, 425 ta tashkilot jamoat ahamiyatiga molik deb topilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, “jamoat ahamiyatiga molik tashkilot” deganda – qimmatli qog‘ozlari ommaviy savdoga chiqarilgan kompaniyalar, banklar va qator moliya tashkilotlari, shuningdek, ketma-ket ikki yil davomida aktivlarining balans qiymati va yillik sof tushumi BHMning 1 mln baravari (412 mlrd so‘m) yoki undan ortiqni tashkil etgan hamda xodimlarining o‘rtacha yillik soni kamida 500 nafar bo‘lgan tashkilotlar tushuniladi.
E’lon qilingan reyestrda Korzinka, Uzum, Click, Payme, Paynet, Artel, Akfa, Alutex, Hydrolife kabi brendlarga egalik qiluvchi yirik xususiy kompaniyalarni ko‘rish mumkin.
Sanoat korxonalaridan Coca Cola va Pepsi ishlab chiqaruvchilari, avtosanoatdagi ADM Jizzakh va Samarqand avtomobil zavodi, farmatsevtikada Meros Pharm, Grand Pharm va Nika Farm, transport sohasidan My Freighter, yoqilg‘i-energetika sohasidan Sanoat Energetika Guruhi va UNG Petro, qurilish sektoridan Discover Invest Global, Koc Construction va To‘palang HPD Holding kabilar ro‘yxatga kiritilgan.
Shuningdek, Agromir, Indorama, Global Textile, Fergana Global va Biryuza Group kabi qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik korxonalari reyestrdan joy olgan.
Toshkentda yirik savdo obektlariga egalik qiluvchi Tashkent Trade Center hamda Darvoza Savdo ham jamoat ahamiyatiga molik kompaniyalar deya e’tirof etilgan.
Joriy yilda reyestrga kiritilgan jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar 2027 yil 1 yanvardan boshlab moliyaviy hisobotning xalqaro standarti (MHXS) asosida buxgalteriya hisobi yuritishi, 2028 yil yakuniga ko‘ra moliyaviy hisobotlarni MHXSga muvofiq tuzishi va auditorlik xulosalari bilan birga e’lon qilishi kerak. Qonunchilikda MHXSga o‘tishining ertaroq muddatlari nazarda tutilgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kirgan tashkilotlar umumiy soni joriy yilning iyun oyida jami 425 tani tashkil etib, mezonlar bo‘yicha quyidagilarni tashkil etadi:
listingga kiritilgan va ommaviy savdolardagi (Publicly Traded Entity) tashkilotlar – 96 ta;
tijorat banklari, mikromoliya banklari, mikromoliya tashkilotlari, faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari – 226 ta;
investitsiya fondlari va birjalar – 14 ta;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan hamda aktivlari va sof tushumiga qo‘yilgan talablarga to‘g‘ri keladigan davlat ishtirokidagi korxonalar – 44 ta;
ketma-ket oxirgi 2 kalendar yil davomida aktivlari va sof tushumi bazaviy hisoblash miqdorining 1 mln baravari va undan ortiq bo‘lgan hamda xodimlari soni 500 nafardan kam bo‘lmagan tashkilotlar – 132 ta.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrining shakllantirilishi – O‘zbekistonda moliyaviy hisobot va audit tizimining shaffofligi hamda sifatini oshirishga xizmat qiladi.
“Bu – jamoatchilik va investorlar manfaatlariga ta’sir ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati ustidan samarali monitoringni ta’minlaydi, korporativ boshqaruvni takomillashtiradi, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini qo‘llashni kengaytiradi va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi”, – deyiladi rasmiy axborotda.
Iqtisodiyot
«Yangi O‘zbekiston» massivlari soni hozirgi 61 tadan 120 tagacha ko‘paytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida yil boshida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli dastur qabul qilingani ta’kidlandi. Unga ko‘ra, 2040-yilga qadar mamlakatda quriladigan uy-joylar soni ikki barobarga oshirilib, yiliga 280 mingtaga yetkaziladi. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» massivlari soni hozirgi 61 tadan 120 tagacha ko‘paytiriladi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, bugunning o‘zida mamlakatda har yili 20–25 million kvadrat metr hajmdagi tijorat binolari foydalanishga topshirilmoqda. Natijada faqat uy-joy va tijorat obyektlarining o‘zi qurilish materiallariga kamida 10 milliard dollarlik yillik talab yaratmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida hamkorlarga 27 milliard dollarlik yangi infratuzilma loyihalari taklif etildi. Jumladan, Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatida 4-misni boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiqda yangi xalqaro aeroport, Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli futbol stadioni hamda 282 kilometrlik Toshkent – Samarqand avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilgan.
Ushbu obyektlarni barpo etish uchun katta hajmda sement, metall konstruksiyalar, oyna, pardozlash materiallari va boshqa zamonaviy qurilish mahsulotlariga ehtiyoj yuzaga keladi.
Yig‘ilishda yirik infratuzilma va sanoat loyihalarida qo‘llaniladigan qurilish materiallariga standart, sifat va sertifikatlashtirish bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilishi tabiiy ekani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni strategik loyihalar bilan uzviy bog‘laydigan yangi tizimni joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda ikki yilda 34 ta yirik turizm obyekti va 200 ta mehmonxona quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida yaqinda mamlakat hududlarida sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ikki yillik yirik dastur qabul qilingani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 34 ta yirik turizm obyekti va 1 mingdan ortiq joylashtirish vositalari barpo etiladi. Jumladan, 200 ta yangi mehmonxona qurish rejalashtirilgan.
Misol sifatida Parkent tumanida yaqin kunlarda ochilishi kutilayotgan «Kumushkon resort» turizm majmuasi keltirildi. Qayd etilishicha, ushbu obyekt qurilishida 98 foiz mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan.
Prezident hudud rahbarlari oldiga barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Shuningdek, lok-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 119 ming tonnadan 150 ming tonnaga, santexnika mahsulotlari 1,5 million donadan 2 million donaga yetkaziladi. Shuningdek, PVX quvur va fitinglar ishlab chiqarish 255 ming tonnadan 300 ming tonnagacha oshiriladi.
Bundan tashqari, gulqog‘oz ishlab chiqarish hajmini 6 milliondan 7,5 millionga, dekorativ panellar ishlab chiqarishni esa 15 million kvadrat metrdan 18 million kvadrat metrga yetkazish vazifasi belgilandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda import tovarlarini rasmiylashtirish tartibi o‘zgardi
O‘zbekistonda import tovarlarini erkin muomalaga chiqarish jarayoni yanada raqamlashtirilmoqda. Hukumat qaroriga muvofiq, endi mamlakat tashqarisida rasmiylashtirilgan ayrim ruxsatnoma va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish amaliyoti joriy etiladi.
Hukumatning 2026 yil 24 iyundagi 324-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish amaliyotini joriy etish to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom O‘zbekistondan tashqarida rasmiylashtirilgan ayrim ruxsatnoma va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra, importchi vakolatli organning elektron tasdig‘ini olish uchun tegishli ruxsatnoma va muvofiqlik hujjatlarini ilova qilgan holda bojxona organiga ariza taqdim etadi.
Arizada tranzit deklaratsiyasi raqami, tovarning nomi va TIF TN kodi, ishlab chiqaruvchi nomi, tovar ishlab chiqarilgan davlat, ruxsatnoma hamda muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
Bojxona organlari esa vakolatli organlar tomonidan axborot tizimi orqali yuboriladigan elektron qarorlar asosida mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.
Yangi tartib import jarayonlarini soddalashtirish, hujjatlar almashinuvini raqamlashtirish hamda tashqi savdo operatsiyalarini tezlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
-
Sport4 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston uchun nimalar muhim? (video)
-
Iqtisodiyot4 days ago
Octobank xalqaro hamkorlikni va global kapital bozorlariga kirishni kengaytirmoqda: TXIF-2026 natijalari
-
Jamiyat2 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Iqtisodiyot5 days agoMurojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
-
Sport1 day agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni qariyb 5 millionga yetdi
