Mahalliy
Yangi tizim orqali talabalarning xorijda o‘qish xarajatlari keskin qisqartiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda so‘nggi sakkiz yilda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetdi. Joriy yilning o‘zida 643 ta texnikumning 100 tasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy etilmoqda.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti nufuzli xalqaro reytinglarda dunyoning eng yaxshi mingta oliy ta’lim muassasasi qatoridan o‘rin oldi. Oliygohlardagi 157 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Shu bilan birga, ta’lim sifatini yanada oshirish, milliy oliygohlarning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirish va bitiruvchilarning global mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi uchun ishlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi.
2030 yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan. Shuningdek, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, kamida 150 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30 foizini xorijiy til, kasb va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro sertifikatlar bilan ta’minlash, texnikumlarning 2,5 ming nafar hamda oliygohlarning 20 ming nafar pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifalari belgilangan.
Taqdimotda integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda qator oliygohlarda xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ular asosan ikki oliygoh o‘rtasida tashkil etilib, talabalarning ta’lim yo‘nalishini erkin tanlash imkoniyati cheklangan.
Xalqaro amaliyotda esa integratsiyalashgan dasturlar talabaga o‘qish davomida bir nechta universitetda ta’lim olish, turli mamlakatlar akademik muhiti va ta’lim standartlaridan foydalanish imkonini beradi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish universitetida biznes boshqaruvi, arxitektura hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida Buyuk Britaniyaning 10 dan ortiq oliygohi bilan hamkorlikda shunday dasturlar joriy etilgan. Natijada 371 nafar talaba “1+3”, “2+2” va “3+1” modellari asosida tahsil olib, Britaniya standartlariga mos diplom olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Mazkur tizim orqali talabalarning xorijda o‘qish va yashash xarajatlarini 10 barobargacha qisqartirish mumkinligi qayd etildi. Hozirgi kunda minglab o‘zbekistonlik talaba Buyuk Britaniyada to‘rt yillik ta’lim dasturlarida tahsil olmoqda. Ularning har biri uchun o‘qish va yashash xarajatlari yiliga 50 ming dollargacha yetadi.
Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi.
Oliy maktabda ta’lim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi beriladi.
Shuningdek, oliy maktab va hamkor ta’lim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha bo‘lgan ta’lim dasturlarini joriy qilish, rahbar kadrlar uchun strategik fikrlash, liderlik, raqamli boshqaruv, qaror qabul qilish va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda maktab, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlaydigan “2+3”, “1+2”, “2+1”, “1+3”, “2+2”, “3+1” kabi ta’lim modellari ko‘rib chiqildi.
Bunda 9-sinf bitiruvchisi maktab, akademik litsey yoki texnikumda ikki yil ta’lim olib, keyingi uch yilni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohda davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Texnikum bitiruvchilari esa ta’limni qisqartirilgan dastur asosida universitetda davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
Integratsiyalashgan dasturlarni tibbiyot, energetika, san’at va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarga ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markaziga integratsiyalashgan dasturlarni nufuzli TOP-100 oliygohlar akademik talablariga moslashtirish, ular bilan “1+3” va “2+2” shaklidagi dasturlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Markaz huzurida xorijiy ekspertlardan iborat doimiy ishchi guruh tashkil etilib, ishchi guruh 2027 yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita ta’lim dasturlari markazini tashkil etadi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya dasturini ham yangi tizimga moslashtirish taklif qilindi. Endilikda dastur Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliygohlardagi integratsiyalashgan ta’lim yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.
Shuningdek, dunyoning nufuzli universitetlariga shartli qabul qilingan yoshlarning O‘zbekistondagi oliygohlarda birinchi kurs yoki “Foundation” dasturida o‘qish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi joriy etiladi. Bu yoshlarga ta’limni mamlakatimizda boshlab, keyinchalik xorijda davom ettirish imkonini beradi.
Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish taklifi muhokama qilindi.
Bunda Qatardagi “Education City”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Koreya Respublikasidagi Inchxon global kampusi tajribasidan foydalanish taklif qilindi.
Universitetlar shaharchasida nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish, litsenziya talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, bojxona va soliq imtiyozlarini qo‘llash, shuningdek, royalti to‘lovlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Asosiy maqsad O‘zbekistonni xalqaro ta’lim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi ta’lim markaziga aylantirish ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ularning sifatini xalqaro talablarga muvofiq ta’minlash, nufuzli xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mahalliy
Davlat organlarining 5 mingta ma’muriy vazifasi raqamlashtiriladi
«Raqamli hukumat» tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani joriy etishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
2028 yil yakuniga qadar davlat organlarining kamida 5 mingta ma’muriy funksiyasini raqamlashtirish;
davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamida 30 foizga qisqartirish va boshqalar.
Platforma quyidagilarni ta’minlashga xizmat qiluvchi «Raqamli hukumat» tizimining texnologik elementi hisoblanadi:
– davlat axborot tizimlarini yaratish, rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va ularning kiberxavfsizligini ta’minlashda yagona arxitektura, standartlar, texnologik va tashkiliy yondashuvlarni qo‘llash;
– qayta foydalaniladigan raqamli komponentlar va servislardan foydalanish orqali davlat axborot tizimlarini ishlab chiqishni tezlashtirish, standartlashtirish va xarajatlarni qisqartirish va boshqalar.
2027 yil 1 yanvardan davlat organlari tomonidan ichki hujjat aylanmasi, qarorlar qabul qilish va kelishish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish Platforma va uning raqamli komponentlaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, platforma doirasida davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini osonlashtirish maqsadida ochiq integratsiya (Open API) tamoyili joriy qilinadi.
Mahalliy
Bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglarga bir yil davomida ishlashi taqiqlanadi
Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida «Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ma’qullandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ta’lim tashkilotlarida tarbiya va ta’lim jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etganlik, shuningdek ularni tahqirlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlar ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartishlar bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish hamda ta’lim muassasalarida xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, pedagogik faoliyat davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlikka oid huquqbuzarlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.
Qonun bilan davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bola uchun ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ham belgilanmoqda.
Shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oila tarbiyasiga berishda ularni faqat o‘z qarindoshlariga joylashtirish tartibi joriy etilmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun bolalarning qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash, ularning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha huquqiy kafolatlarni yanada mustahkamlaydi.
Mahalliy
Tepadan sochilgan pul, havoga sovurilgan qadr
Tasavvur qiling, Nyu-Yorkning mashhur restoranlaridan birida taniqli xonanda kuylamoqda. Davraga chiqqan bir boyvachcha esa uning boshidan yuz dollarlik kupyuralarni xazonrezgidek sochyapti… Yoki Seuldagi hashamatli to‘yxonada kelin-kuyovning ustidan millionlab vonlar chirpirak qilib havoga uchirilyapti, odamlar esa yerda emaklab pul teryapti…
Ochig‘i, bu manzarani yozyapmanu, ko‘z oldimga umuman keltira olmayapman. Tasavvur qilishning ham iloji yo‘q! Chunki rivojlangan davlatlarda bunday holatni ko‘rgan odam sog‘lom fikrli insonni emas, balki jinnixonadan qochgan kimsani ko‘rgandek angrayib qolishi aniq.
Axir qanday tasavvur qilish mumkin? Kundalik hayotimizda o‘sha yashil dollarning yuziga kichkinagina bir nuqta tegsa yoki biroz chizilsa, banklar «eskirgan pul» deb narxini tushirib, bizdan sotib olishga ikkilanib tursayu, to‘yxonada uni oyoq osti qilib sovurish mumkinmi?
Afsuski, o‘zganing puliga, xorij valyutasiga kelganda ularni shu qadar qadrlaymizki, o‘z milliy valyutamiz, ya’ni so‘mimizning oyoq osti bo‘lishiga negadir o‘rganib qolganmiz. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, to‘yda xonandaning boshidan pul sochilayotgani aks etgan navbatdagi video ham buning achchiq isboti bo‘ldi.
Aslida pulning tepadan yerga sochilishing o‘zi uni qadrsiz ekanidan dalolat. Osmondan uchib tushayotgan pul davlat ramzi emas, shunchaki yengiltaklik va maqtanish qurboniga aylangan qog‘oz parchasidek tasavvur uyg‘otadi.
Xorijda vaziyat qanday?
Bu muammo faqat bizga xos emas, biroq rivojlangan va tizimli davlatlarda milliy valyutaga bo‘lgan munosabat butunlay boshqacha. U yerlarda pul — davlatning suvereniteti, inson mehnatining oliy ramzi sifatida qonun va yuksak madaniyat bilan himoyalanadi.
Misr
Yaqin Sharq, xususan Misr to‘ylarida ham pul sochish holatlari uchrab turadi. Biroq so‘nggi paytlarda tarmoqlarda mashhur san’atkorlarning ustidan pul sochilgan videolar tarqalishi ortidan Misr Soliq boshqarmasi (Egyptian Tax Authority) rasmiy surishtiruvlarni yo‘lga qo‘ydi. Bunday «shou» qilgan shaxslarning daromad manbasi va o‘sha pulni yig‘ib olgan xonandalarning yil yakunidagi deklaratsiyasi qattiq tekshiriladi. Pul sochish, yashirin iqtisodiyot va soliqdan bo‘yin tovlash omili sifatida davlat darajasida nazoratga olingan.
Amerika
Dunyodagi eng ommabop valyuta bo‘lgan dollar ham AQShda qattiq huquqiy himoyaga ega. AQSh Jinoyat kodeksining 18-tituli, 333-moddasiga ko‘ra, milliy banknotalarni qasddan yaroqsiz holga keltirish, shikastlash yoki yirtish qonunbuzarlik hisoblanadi. Buning uchun yirik miqdorda jarima yoki (6 oy)gacha bo‘lgan muddatga qamoq jazosi belgilangan. To‘ylarda pul sochib, uni oyoq osti qilish banknotalarning shikastlanishiga olib kelishi sababli, Amerika jamiyatida bunday xatti-harakatlar Federal qonunni buzish va moliyaviy tizimni haqorat qilish deb baholanadi.
Yaponiya
Yaponiyada milliy valyuta iyenaga munosabat insonning o‘ziga va atrofdagilarga bo‘lgan hurmati belgisidir. Bu yerda pul hech qachon g‘ijimlanmaydi, yerga otilmaydi. To‘y va marosimlarda san’atkorga yoki xizmatchilarga pul berilmoqchi bo‘lsa, u hech qachon ochiq uzatilmaydi. Pulni nafis, an’anaviy shugibukuro konvertlariga solib, ikki qo‘llab, ta’zim bilan topshirishadi. Bu ham pulning qadrini, ham qarshisidagi insonning mehnatini ulug‘lashdir.
Qadriyatlar qanday buziladi?
To‘ylarda pul sochilganda, davra o‘rtasiga birinchi bo‘lib yosh bolalar yugurib chiqadi. Ularning bir-birini itarib, yerda emaklab pul terayotgan manzarasini kuzatish juda achinarli. Biroz chuqurroq mushohada qilsak, bu jarayon go‘daklar ongida salbiy iz qoldiradi. Pulga sig‘inish va ochko‘zlik ana shunday paydo bo‘ladi. Bola go‘dakligidanoq pul uchun yerga egilish, tiz cho‘kish, pul uchun talashish oddiy hol ekan, degan xulosaga keladi. Pul uning ko‘ziga mehnat bilan topiladigan vosita emas, balki davralarda oyoq ostidan terib olinadigan, talashiladigan qandaydir buyumdek bo‘lib ko‘rinadi.
Ular pul topgan odamning peshona terini, mehnatini, mashaqqatini ko‘rmaydi, balki pulni havoga sovurayotgan boyvachchani va uning ortidan yerda dumalab yurganlarni ko‘radi. Kattalar o‘zlari sezmagan holda yosh avlodga pul uchun har qanday holatga tushish mumkinligini ana shunday namoyish qilib berishadi.
Yerga tushgan pul mikrobning koni…
Endi masalaning eng oddiy va sanitariya jihatiga e’tibor qarataylik. To‘yxona sahnida odamlar raqsga tushadi. Ko‘chadan chang, loy va turli iflosliklar tekkan yuzlab tuflilar bosgan o‘sha sahnaga milliy valyutamiz uchib tushadi. Yer bilan bitta bo‘lgan, ustidan kimdir bosib o‘tgan pul shunchaki qog‘oz emas, balki eng xavfli infeksiyalar o‘chog‘iga aylanadi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, qog‘oz pullar yuzasida shundoq ham millionlab bakteriyalar yashaydi. Endi ularni to‘yxonaning chang poliga tashlab, so‘ng yerdan terib olish sanitariya qoidalariga mutlaqo ziddir. O‘sha iflos pullarni bolalar yerdan oladi, cho‘ntagiga soladi, keyin esa to‘y dasturxonidagi shirinliklarga yuvilmagan qo‘lini uzatadi.
Havoga uchgan pullar…
Yana o‘sha manzaraga qaytamiz: to‘yxona chiroqlari ostida raqqosa sho‘x kuylarga xirom aylamoqda. Uning atrofida esa ko‘k, qizil, yashil rangli qog‘oz pullar chirpirak bo‘lib havoga uchib, chang va tufli izlari tushgan yerga tushmoqda. Davradagilar qarsak chalib, maza qilmoqda…
Endi shu suratning ortiga yashiringan ikkinchi, asl manzarani ko‘raylik. Davrada xazonrezgidek sochilayotgan o‘sha yashil va ko‘k pullarni ishlab topish uchun to‘y egalari begona yurtlarda, qahraton sovuqda tong saharlab ko‘cha supurgan, qurilishlarda og‘ir mehnat qilgan. Oilasini boqish, to‘y qilish ilinjiga o‘zga yurtlarda kimlargadir bosh egib, past kelib, tish-tirnog‘i bilan topgan mablag‘i ortida bir insonning orttirgan kasalligi, yaqinlari sog‘inchi va ko‘z yoshlari yotibdi. Qanday qilib o‘z vatandoshingning, balki o‘z ota yoki aka-ukaning sog‘lig‘i, or-nomusi evaziga kirib kelgan mablag‘ni bir necha daqiqalik soxta obro‘ uchun raqqosaning, xonandaning oyoq ostiga sovurish mumkin? Bu nafaqat milliy valyutaga, balki o‘sha mashaqqatli mehnatga va inson qadriga bo‘lgan eng oliy darajadagi hurmatsizlikdir.
Achchiq e’tirof
Ha, men AQSh dollari yoki Koreya voniining to‘ylarda sochilishini tasavvur qila olmayman. Lekin, afsuski, o‘zbek so‘mining osmondan chirpirak bo‘lib yerga tushishini, oyoq ostida sochilishini juda oson «hazm» qila olaman. Chunki bolaligimdan, yoshligimdan to‘ylarimizda aynan mana shu manzarani ko‘rib ulg‘aydim.
Eng achinarlisi, biz o‘z pulimizga, demakki, o‘z peshona terimiz bilan qilgan mehnatimizga mana shunday munosabatda bo‘lishga ko‘nikib bo‘lganmiz. Bu ko‘nikmani, bu qon-qonimizga singib ketgan madaniyatsizlikni bugun o‘zgartirmasak, ertaga farzandlarimiz ham milliy ramzimizni oyoq ostida ko‘rib ulg‘ayaveradi… O‘z milliy valyutasini, o‘z vatandoshining mashaqqatli mehnatini qadrlamagan millat, o‘zgalar ko‘zida ham hech qachon qadr topmaydi.
Milliy bayrog‘imiz va gerbimizni tahqirlaganlik uchun qonunda javobgarlik belgilangan. Demak, milliy so‘mimizni oyoq osti qilish odati qonun bilan taqiqlanmas va jazo muqarrar bo‘lmas ekan, bu xunuk holat davom etaveradi.
Barno Sultonova
Mahalliy
Yosh ixtirochi qizga Prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili topshirildi
30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Olimpiya shaharchasida tashkil etilgan bayram tadbiri doirasida Yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi tomonidan bir qator innovatsion loyihalar O‘zbekiston Prezidentiga taqdim etildi.
Taqdimot davomida iqtidorli yoshlar o‘zlarining innovatsion g‘oyalari, muhandislik loyihalari va ilmiy tashabbuslari bilan ishtirok etdi.
Jumladan, Ibrohimov No‘monjon «Kelajak muhandislari» xalqaro festivalining natijalari hamda mamlakatimizda muhandislik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ismoilov Biloliddin 2024–2025 yillarda FPV dronlar poygasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi chempioni sifatida «Shunqor-8» va «X1» antidron tizimlarini yaratish hamda takomillashtirish ishlaridagi ishtiroki haqida taqdimot qildi.
Kurmayeva Diyora oliy ta’lim muassasalarida «Fudomika va metabolomika» ta’lim yo‘nalishi hamda maxsus laboratoriyani tajriba tariqasida tashkil etish bo‘yicha taklifini ilgari surdi.
Asanova Ayzada — «Kelajak muhandislari» xalqaro festivalining «Yangi avlod avtomobillari» yo‘nalishi g‘olibasi bo‘lib, Belgiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlov yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Asanova Ayzada Prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili bilan taqdirlandi.
Mahalliy
Jahon banki O‘zbekiston boshlang‘ich ta’limini imtiyozli moliyalashtiradi
Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim sifatini yaxshilashga qaratilgan 100 million dollarlik imtiyozli moliyalashtirishni ma’qulladi.
«BILIM» («Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun maktab ta’limini o‘zgartirish») dasturi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida amalga oshiriladi.
Dasturning umumiy qiymati 378 million dollarni tashkil etadi. Shundan 273 million dollar O‘zbekiston hukumati, 100 million dollar Jahon banki va 5 million dollar Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd) granti hisobiga moliyalashtiriladi.
2030-yilgacha dastur doirasida 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, maktab rahbarlari va ta’lim tizimi mutaxassislarining malakasi oshiriladi. Shuningdek, yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi 1–4-sinflarda tahsil olayotgan qariyb 2 million nafar o‘quvchining o‘qish, matematika va ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ular uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp Anqarada NATO sammiti boshlanishi munosabati bilan Turkiyaga F-35 samolyotlariga ega boʻlishiga ruxsat berishni koʻrib chiqmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp Turkiyadagi NATO sammiti oldidan Ukraina urushining yakunlanishi haqida optimistik fikr bildirdi
-
Jamiyat5 days agoHaydovchi YPX xodimiga pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shart
-
Dunyodan2 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Jamiyat4 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp, Anqaradagi NATO sammitiga Prezident Erdog’an tufayli qatnashayotganini aytdi
-
Turk dunyosi3 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
