Jamiyat
Yangi hafta uchun ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi
O‘zbekiston shimolida payshanbaga qadar, mamlakatning boshqa hududlarida esa juma kuniga qadar havo haroratining kundan kunga 1−2 darajadan yuqori ko‘tarilib borishi kutiladi. Dam olish kunlari esa mintaqaga navbatdagi biroz salqin havo — kuchli shamol va chang to‘zonlari bilan birga — kirib kelishi oydinlashmoqda.
Haftaning eng issiq kunlari payshanba va jumaga to‘g‘ri kelishi prognoz qilinyapti. Juma kuni markazida atmosfera bosimi 995 gPa gacha bo‘lgan juda issiq atmosfera bosimi sohasi O‘zbekistonning markazidan shimol tomon harakatlanib, ayni aholi zich istiqomat qiluvchi viloyatlarda +44 darajagacha yuqori issiq haroratni taqdim etishi kutilmoqda.
Manba: Windy.com
Xorijiy ob-havo byurolari ma’lumotida ham juma kuni issiq havo oqimi ta’sirida aholi zich istiqomat qiluvchi viloyatlarda o‘rtacha sutkalik havo harorati ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 5−6 darajagacha yuqori chetlanib ketishi keltirilgan. Bu yozning ayni davri uchun sezilarli issiqlikdir. Xususan, Toshkent shahri aholisi ham juma kuni kunduzi juda issiq haroratdan aziyat chekadi.
Manba: Meteoinfo.ru
Jazirama issiq ortidan haroratni biroz pasaytiruvchi navbatdagi salqin havo oqimi dam olish kunlari shimoli-g‘arb tarafdan asta-sekin mintaqaga kirib keladi. Shimoliy hududlar aholisi juma kunidayoq bu salqinlikdan bahramand bo‘ladi. Umuman olganda, joriy haftada bir isib ketish va keyin salqinroq harorat muhiti kuzatiladi.
Yog‘in taqchilligi esa joriy hafta ham davom etadi.
Manba: Meteoinfo.ru
«O‘zgidromet» prognoziga ko‘ra, 30 iyun kuni respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Buxoro va Navoiy viloyatlarida havo harorati maksimumi +39 darajagacha, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida +41 darajagacha, boshqa hududlarda +37 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Tungi harorat Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida +25 darajagacha, boshqa hududlarda +22 darajagacha bo‘ladi. Tog‘larda kunduzgi harorat +30 darajagacha isishi, tunda +12 darajaga salqinlashishi kutilmoqda.
Sinoptiklar 1−3 iyul kunlari respublika bo‘ylab havo haroratining ko‘tarilib borishini ma’lum qilgan. Masalan, seshanba kuni shimol va vodiydan tashqari hududlarda haroratning dushanba kuniga nisbatan 2 darajaga ko‘tarilishi keltirilgan. Shimolda esa kunduz kuni harorat dushanbaga nisbatan 4 daraja ko‘tarilib ketishi, vodiyda esa o‘zgarmasligi ko‘rsatilgan.
Chorshanba va payshanba kunlari esa jaziramaning ta’siri respublikaga kuchli ta’sir etib, deyarli barcha hududlarda kunduzi havo harorati +40 darajadan yuqori ko‘tarilishi, janubiy hududlar va cho‘llarda esa +44 darajagacha yetishi oydinlashgan. Tungi harorat qiymatlari ham asta ko‘tarilib borish tamoyilida o‘zgarishi, seshanbadan chorshanbaga, ayrim viloyatlarda chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi «tropik tun» bo‘lishi keltirilgan. Ushbu kunlari tunda havo harorati ko‘p hududlarda +27…+30 daraja issiq bo‘lishi ko‘rsatilgan.
2−3 iyul kunlari ko‘plab viloyatlarda havo oqimlarining o‘rin almashish muddatlarida kuchli shamollar kuzatilishi, shamollar kuchayganda uning tezligi soniyasiga 22 metrgacha yetishi prognoz qilinmoqda. Bu kabi kuchli shamol esishi ayni davr uchun kuchli chang bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu kunlari joylarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Juma, shanba va yakshanba kunlari haqida gap ketganda, juma kuni shimolda haroratning sezilarli pasayib ketishi, boshqa viloyatlarda hafta davomidagi eng issiq kun bo‘lishi, poytaxtda havo harorati +44 darajagacha ko‘tarilishini, dam olish kunlari esa oldingi kunlarga nisbatan haroratning 6−8 darajagacha sezilarli pasayib ketishini taxmin qilish mumkin.
Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini «O‘zgidromet»ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.
«O‘zgidromet»ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta (30 iyun — 6 iyul kunlari) davomida respublikaning aholi zich istiqomat qiluvchi hududlarida o‘tmish iyul oylari boshlariga nisbatan ancha yuqori harorat kuzatiladi. Ayniqsa, bu tog‘larda kuchli seziladi. Shimolliklar tungi biroz salqinlik va hafta so‘ngidagi salqinliklar sabab, iyulni biroz salqin kutib oladi. Yog‘ingarchilik bo‘yicha respublika hududlarida quruq ob-havo bo‘lishi ma’lum qilingan.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Joriy hafta boshidagi jazirama issiq kunlar kishilar salomatligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, haftaning payshanba va juma kunlarida respublikaning juda katta qismida kutilayotgan +40 daraja va undan yuqori harorat foni qariyalar, qon bosimi kasalligi mavjud bemorlarga ta’sir etadi.
Boshni quyoshdan asrash kerak. Bu muhim ahamiyatga ega. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, odamni «oftob urishi» mumkin. Buning oqibatida tana haroratining ko‘tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va pulsning tezlashishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish kabi holatlar kuzatilishi mumkin.
Jazirama kunlarda nima tanovul qilgan ma’qul? Ko‘p miqdorda suv ichish organizmning yaxshi ishlashiga va suv-tuz balansini me’yorlashtirishga yordam beradi. Ammo bunda organizmning suv tanqisligini to‘ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha, oddiy ichimlik suvini iste’mol qilish kerak. Shuningdek, issiq kunda yog‘li go‘sht mahsulotlari iste’molini kamaytirib, yengil hazm bo‘luvchi taomlar iste’molini ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Qolaversa, meva va sabzavotlar ham organizmda yaxshi singib, ichki a’zolar faoliyatini normallashtirishga yordam beradi.
Tush payti, soat 12:00 va 16:00 oralig‘ida imkon qadar tashqariga chiqmagan ma’qul. Favqulodda vaziyatlar vazirligi shu kunlarda soat 10:00 dan 17:00 orasidagi muddatlarda quyosh nuri tik tushadigan joylarda harakatlanmaslikni targ‘ib etib, ogohlantirish xabari ulashgan.
Aholi zich istiqomat qiluvchi hududlarda payshanba va juma, shimoliy hududlarda esa chorshanba va payshanba kunlari kuzatiladigan yozgi jazirama vaqtida issiqlikning organizmga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga amal qilish foydadan holi bo‘lmaydi.
Chorshanba va payshanba kunlari shimolda, juma kuni O‘zbekistonning katta qismida kuchli shamollar kuzatilishidan oldin atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq «barik tubsizlik» hodisasining kuchsiz ko‘rinishi yuz berishi mumkin. Atmosfera bosimining keskin o‘zgarishiga moyil kishilar o‘z salomatligida o‘zgarishlar sezsa, avvalgi materiallardagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiq.
Bioiqlimiy sharoitlar
Hafta o‘rtalari va juma kunduzgi muddatlarida, hatto chorshanbaga va payshanbaga o‘tar kechasi ham aholi juda issiq va dim havo bilan to‘qnash keladi. Hafta davomida bir tun bo‘lsa-da, respublika aholisi issiq va dim ob-havoga guvohi bo‘lishi mumkin.
Quyidagi bioiqlimiy kartalarda 3 va 4 iyul kunlari soat 17:00 holatiga Osiyo mamlakatlarining bir vaqtda issiqlikni his qilish darajasi aks ettirilgan. Unda payshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari, juma kuni Buxoro, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatining aksar hududlari ekstremal issiqlik stresclarini qabul qilishi, boshqacha aytganda, ana shu vaqtda aksar o‘zbekistonliklar arab mamlakatlarining eng issiq hududlari, Pokiston, Afg‘oniston va Eronning ayrim hududlaridagi jaziramalar ostida yurganlar kabi issiqlik muhitini tanalarida his etishlari mumkinligi ko‘rsatilgan.
To‘q qizil rangli hududlar issiqlikni eng yuqori his qilayotgan hududlar bo‘lib, bunday rang bilan belgilangan mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham bor. Manba: ECMWF
To‘q qizil rangli hududlar issiqlikni eng yuqori his qilayotgan hududlar bo‘lib, bunday rang bilan belgilangan mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham bor. Manba: ECMWF
Qanday kiyinish kerak? Yoz kunlari tabiiy matodan tikilgan, havoni yaxshi o‘tkazib, quyosh nurini qaytaradigan och rangli kiyimlar hamda keng tikilgan kiyimlarni tanlash maqsadga muvofiq. Chunki ular terini nafas olishiga imkon yaratadi hamda tana haroratining ko‘tarilib ketishiga to‘sqinlik qiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, bosh kiyim ham kiyib olish kerak.
Kosmik ta’sirlar
Yakshanbada kun davomida va dushanba tongida Quyosh dog‘larida M va X sinf kuchli chaqnashlar kuzatilmadi. O‘tgan dam olish kuni Quyosh fotosforesadagi sokinlik sababmi, dushanba-seshanba kunlari «yashil» xavf darajasidagi kuchsiz magnit bo‘roni qo‘zg‘alashlari prognoz qilinmoqda.
Manba: Xras.ru
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham dushanba va seshanba kunlari sayyora magnitosferasida «yashil» xavf darajasidagi magnit bo‘roni, chorshanba kunlari «sariq» (biroz xavfli) qo‘zg‘alishlari taxmin qilingan. Haftaning payshanba va juma kunlari esa «yashil» magnit bo‘roni xavfi prognoz qilingan.
Manba: Ionos.kz
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiqdir.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Joriy hafta o‘rtalarida va juma kuni O‘zbekistonda havo oqimlarining o‘rin almashinuvi sabab, kuchli shamol va chang to‘zon, chang bo‘ronlari ko‘tarilishi mumkin. Ushbu davrda havoda mayda RM 10 dispers zarrachalari qisqa muddatga ko‘payishi ehtimoli yuqori.
Boshqa kunlarda havoning tabiiy ravishda ifloslanishi uchun sharoit mavjud emas.
Bunday muhitda, zarurat tug‘ilganda, havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.
Shunday qilib, 30 iyun — 6 iyul kunlari oralig‘ida kishilar salomatligiga kamroq xavf tug‘duruvchi iqlimiy va kosmik muhit dushanba va dam olish kunlari hisoblanadi.
Jamiyat
Toshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
Ramazon hayiti va Navro‘z bayramlari munosabati bilan Toshkent shahrida jamoat transporti harakati vaqtinchalik maxsus jadval asosida tashkil etildi.
Foto: Transport vazirligi
«Toshshahartransxizmat» AJ ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 20–23 mart kunlari poytaxt avtobus yo‘nalishlari maxsus tartibda ishlaydi.
Jumladan, 20, 21 va 22 mart kunlari avtobuslar yakshanba kuni uchun tasdiqlangan jadval asosida harakatlanadi. 23 mart kuni esa avtobuslar shanba kungi jadval bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.
Shuningdek, Ramazon hayiti kuni — 20 martda avtobuslar harakati ertalab soat 04:00 dan boshlangan.
Mazkur qaror fuqarolarga qulaylik yaratish, yo‘llarda tirbandliklarni kamaytirish hamda bayram kunlari xavfsiz va sifatli jamoat transporti xizmatini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Mutasaddilar bayram kunlari transport oqimi ortishini inobatga olgan holda, fuqarolarni shaxsiy avtomobildan ko‘ra jamoat transportidan foydalanishga chaqirmoqda.
Jamiyat
Coca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
Muqaddas Ramazon oyida O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasi “Made by – barcha yaxshiliklar o‘zimiz tomonimizdan yaratiladi” umumiy g‘oyasi ostida birlashgan bir qator keng ko‘lamli ijtimoiy tashabbuslarni o‘tkazdi. Tashabbuslar mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash va bayramona muhit yaratishga qaratildi.
Tashabbus doirasida Coca-Cola mamlakatimizning to‘qqizta oliy o‘quv yurti bilan hamkorlikda talabalar uchun tadbirlar tashkil qildi. Maydonchalarda boshlovchilar va didjyeylar ishlashdi, talabalar esa estafeta, tanlovlar va shopperlarga rasm chizish bo‘yicha mahorat darslarida ishtirok etishdi. Shuningdek, “Besh Qozon” oshpazlari bilan hamkorlikda palov va turli taomlar tayyorlanib, talabalar hamda o‘qituvchilar bir dasturxon atrofida yig‘ilishdi.
Ramazon oyida mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent shahrining oltita mahallasida xayriya iftorliklari tashkil etildi. Har bir mahallaga “Besh Qozon”ning afsonaviy oshpazlari taklif qilindi; ular tayyorlagan palov uzunligi 60 metrgacha yetadigan dasturxonlarning asosiy taomiga aylanib, oilalar, qo‘shnilar va do‘stlarni bir dasturxon atrofida birlashtirdi. Bunday xayriya iftorliklari O‘zbekistonning Samarqand, Nukus, Xiva, Jizzax, Andijon va Namangan kabi bir qator shaharlarida ham o‘tkazildi.
O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasi “Coca-Cola Ichimligi O‘zbekiston” hamda “ONA” jamoat fondi bilan hamkorlikda mamlakatning yetti shahri — Toshkent, Samarqand, Nukus, Xiva, Jizzax, Andijon va Namangandagi 1 000 ta ehtiyojmand oilaga yordam ko‘rsatdi. Oilalarga har biri 1 000 000 so‘mlik 1 000 ta oziq-ovqat vaucheri, shuningdek, Coca-Cola ichimliklari hamda The Coca-Cola Foundation ko‘magida amalga oshirilayotgan Coozin loyihasi ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan an’anaviy chak-chak taomi topshirildi.
“Ramazon oyida bir-birini qo‘llab-quvvatlash va g‘amxo‘rlikka muhtojlarga yordam berish ayniqsa muhim. Maqsadimiz — bu kunlarda juda ahamiyatli bo‘lgan mehr-oqibat, hamjihatlik va o‘zaro yordam muhitini yaratishga o‘z hissamizni qo‘shish. Eslatib o‘tmoqchimizki, yaxshilik o‘z qo‘llarimiz bilan yaratiladi — xuddi o‘zbek oshpazlari tayyorlagan palov va shu yerda, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Coca-Cola mahsulotlari kabi. Coca-Cola o‘zi faoliyat yuritayotgan jamiyatning bir qismi bo‘lishga intiladi: biz uchun nafaqat biznesni rivojlantirish, balki hamjamiyatlar hayoti sifatini yaxshilashga hissa qo‘shish ham muhimdir”, – deya ta’kidladi Nazi Aripjanova, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi Coca-Cola kompaniyasining hukumat bilan aloqalar, kommunikatsiyalar va barqaror rivojlanish bo‘yicha direktori.
Tez orada biz bahor bayrami — Navro‘zni nishonlaymiz va Coca-Cola uni birgalikda kutib olishga taklif qiladi. 21–22 mart kunlari kompaniya Markaz-1 gastronomik ko‘chasida yarmarka uyushtiradi, shuningdek, “Navro‘z” bog‘ida, Tashkent City va Seoul Mun gastro-ko‘chasida bayram tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mehmonlarni musiqa, taomlar va oilaviy mashg‘ulotlarga boy ajoyib tadbir kutmoqda — yorqin taassurotlar kafolatlangan.
21 mart kuni: Namangandagi “Afsonalar vodiysi” va “Bobur” bog‘larida, Andijondagi “Navro‘z” savdo-ko‘ngilochar markazida hamda Samarqanddagi “Samarkand Silk Road” majmuasi hududida an’anaviy taomlar, osh va sumalak tortiladigan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
22 mart kuni: Gulbozor mahallasining sayyohlik ko‘chasida Navro‘z bayrami o‘tkaziladi: mehmonlarni sumalak, osh va ko‘plab qiziqarli mashg‘ulotlar kutmoqda.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Toshkentdan bir kunda 500 mingdan ortiq avtomobil chiqib ketdi
Bayram arafasida Toshkent shahrida yo‘l tarmog‘iga katta yuklama tushdi – 19 mart kuni atigi 11 soat ichida poytaxtdan 500 mingdan ortiq transport vositasi chiqib ketgan.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 19 mart kuni soat 09:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 500 mingdan ortiq avtomobil poytaxt hududini tark etgan.
Ma’lum qilinishicha, bunday yuqori transport oqimi Ramazon hayiti bayrami va dam olish kunlari munosabati bilan aholining ommaviy ravishda shahardan chiqib ketishi bilan bog‘liq.
Shahardagi yo‘l harakati holati Yagona tezkor boshqaruv markazi orqali sutka davomida nazorat qilinmoqda. Mutaxassislar videokuzatuv tizimlari yordamida ko‘chalar, asosiy magistrallar hamda chiqish postlaridagi vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib bormoqda.
Bayram kunlari ayrim hududlarda qisqa muddatli tirbandliklar kuzatilgan. Yo‘l harakatini tartibga solish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarining qo‘shimcha kuch va vositalari jalb etilgan.
YHXB xodimlari haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Ayniqsa, shaharlararo yo‘llarda harakat jadalligi yuqori bo‘lgani sababli masofani saqlash va tezlik rejimini buzmaslik tavsiya etilmoqda.
Jamiyat
Turkiyada o‘zbekistonlik ayolga hujum qilindi: ikki erkak ushlandi
Turkiyaning Bodrum shahrida 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat sodir etganlikda gumonlangan ikki nafar erkak qo‘lga olindi.
Foto: bodrumsicakhaber.com
Ma’lum qilinishicha, voqea Bodrumning Yalikavak tumanidagi Go‘kchebel mahallasida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi ayol yo‘l chetida transport kutib turgan vaqtda, ikki nafar erkak bo‘lgan avtomobil to‘xtab, uni Turkbuku hududiga olib borishni taklif qilgan.
Yo‘l davomida haydovchi yo‘nalishni o‘zgartirib, ayolni qurilish obektiga olib borgan. Jabrlanuvchining aytishicha, u yerda erkaklar tomonidan kuch ishlatish tahdidi ostida jinoyat sodir etilgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchilar ayolning sumkasi, pul mablag‘lari va mobil telefonini olib, voqea joyidan yashiringan.
Og‘ir holatiga qaramay, jabrlanuvchi yaqin atrofdagi uylarga yetib borib, mahalliy aholidan yordam so‘ragan. U shifoxonaga yotqizilib, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchilar — 24 va 25 yoshli ikki nafar erkak aniqlanib, qo‘lga olingan. Sud qarori bilan ular qamoqqa olindi.
Mazkur ish mahalliy huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar nazoratida bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Toshkentda 33,5 mlrd so‘mlik kontrabanda mahsulotlari aniqlandi
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida katta miqdordagi noqonuniy import mahsulotlari fosh etildi. Ularning umumiy qiymati 33,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijdan mamlakatga noqonuniy ravishda olib kirilgan mahsulotlar aniqlandi.
Xususan, Toshkent shahrida avtomobil ehtiyot qismlari savdosi hamda aholiga xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ikki ta mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan ijaraga olingan omborlar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv jarayonida boshqa tovarlar niqobi ostida mamlakatga noqonuniy olib kirilgan, aksiz markasiga ega bo‘lmagan 29 turdagi 1 million 963 ming 964 quti tamaki mahsulotlari, shuningdek 4 turdagi 807 kilogramm oziq-ovqat mahsulotlari aniqlandi.
Ushbu mahsulotlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, ularning umumiy qiymati 33,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Dunyodan2 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Jamiyat3 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Iqtisodiyot2 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Siyosat1 day agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot3 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
-
Iqtisodiyot4 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
