Jamiyat
XVJning O‘zbekistonda pensiya yoshini ko‘tarishga doir tavsiyasiga munosabat bildirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga asoslanib, O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi haqida turli xabarlar tarqaldi.
Pensiya jamg‘armasi jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan mazkur ma’lumotga munosabat bildirdi.
Pensiya islohotlarining maqsadi va jarayoni
Hozirda O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida turibdi.
Vazirlar Mahkamasining Qarori (VMQ-600-son) asosida amaldagi davlat pensiya ta’minoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida pensiya ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha Ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhga Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasiga takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham mahalliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda ushbu Konsepsiya loyihasi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024 yil dekabr oyida XVJ, Jahon banki, OTB, XMT ishtirokida Toshkent shahrida xalqaro seminar tashkil etilib, unda pensiya islohotlarining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Joriy yilning 1 mayida Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ishlab chiqilgan takliflar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, pensiya tizimini aktuar baholash imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
12 may kuni Xalqaro maslahatchilar kengashi bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda Kengash tomonidan pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi uchun taqdim etilgan tavsiyalar muhokama qilindi.
Shuningdek, 10-11 iyun kunlari Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar uyushmasi eksperti ishtirokida pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha tayyorlangan takliflar batafsil tahlil qilindi.
Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi bo‘yicha takliflarda quyidagi asosiy vazifalarga e’tibor qaratilmoqda:
fuqarolarning pensiya bilan qamrovini oshirish;
ijtimoiy adolatni mustahkamlash;
keksalikda munosib pensiya bilan ta’minlash;
umr ko‘rish davomiyligini hisobga olish;
Pensiya jamg‘armasi budjetini balanslashtirish;
aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash.
Xalqaro ekspertlarning tavsiyalari nimalardan iborat?
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan hujjatlar – bu xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston hukumati uchun tayyorlangan tavsiya va maslahatlar to‘plamidir. Bu tavsiyalar yakuniy qaror emas, balki islohot yo‘nalishlarini belgilashda o‘rganilayotgan variantlardan biridir.
XVJ, Jahon banki, OTB, XMTning umumiy tavsiyalari pensiya yoshini oshirish, ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar va muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibini bekor qilish, amaldagi eng yuqori 5 yillik ish haqidan pensiya hisoblash tartibi o‘rniga butun mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblashga o‘tish, ijtimoiy badallar stavkalarini qayta ko‘rib chiqish masalalariga bag‘ishlangan.
Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistondagi demografik o‘zgarishlarni hisobga olib, pensiya yoshini oshirish, fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimida ishtirokini ta’minlash, norasmiy bandlikni kamaytirish orqali pensiya tizimi qamrovini oshirish, bunda mehnat migrantlarini pensiya tizimiga jalb qilish uchun ular ishlayotgan mamlakatlar bilan ikki tomonlama ijtimoiy ta’minot shartnomalarini tuzish, pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasini oshirish, nodavlat pensiya jamg‘armalari joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar uyushmasi eksperti tomonidan ko‘p darajali pensiya tizimini joriy qilish, moslashuvchan pensiya yoshini kiritish, minimal pensiya talabini qayta ko‘rib chiqish, ijtimoiy soliqlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarni bekor qilish yoki davlat budjetidan subsidiya ajratish, fuqarolarni pensiya tizimida ishtirokini ta’minlashga qaratilgan tavsiyalar berilgan.
Hozirda ushbu tavsiyalarning barchasi Ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda. Ularning O‘zbekiston sharoitiga mosligi, aholining turmush darajasiga ta’siri tahlil qilinmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlar, jumladan, pensiya yoshiga oid masalalar ham, albatta, keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng, xalqning fikri va manfaatlari inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Sport2 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat1 day ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat22 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat16 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat15 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Sport5 hours ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
