Jamiyat
Xorijiy turistlar sonini 2030-yilgacha 20 million nafarga yetkazish — ustuvor vazifa
2030-yilgacha turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan asosiy maqsadlarga ko‘ra, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bu esa sohaga investitsiyalar jalb etish, xizmatlar sifatini yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.
Shuningdek, takomillashayotgan «O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasida chet ellik turistlar oqimini keskin oshirish asosiy vazifalardan biri etib belgilangan. Hozirgi kunda 11 milliondan oshgan xorijiy turistlar sonini 2030-yilgacha 20 million nafarga yetkazish, ayniqsa to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan sayyohlar ulushini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Turizm xizmatlari eksporti hajmini yillik 6 milliard AQSh dollaridan oshirish ham strategik maqsad sifatida belgilangan. Bu natijaga erishish uchun turistik xizmatlar turlarini kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar yaratish va xalqaro bozorlarda faol targ‘ibot ishlarini olib borish muhim ahamiyatga ega.
Infratuzilmani rivojlantirish ham turizm sohasida hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonning turistik shaharlari o‘rtasidagi transport bog‘lanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va yo‘lga sarflanadigan vaqtni kamida uch baravarga qisqartirish turistlar uchun qulaylik yaratadi. Shu bilan birga, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini ikki baravarga oshirish orqali yuqori sifatli xizmatlar taqdim etish imkoniyati kengayadi.
Bundan tashqari, turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali mamlakatning turistik salohiyatini to‘liq ishga solish rejalashtirilgan. Jahonda keng taniladigan O‘zbekiston turistik brendini yaratish, milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi zamonaviy instrumentlarni joriy etish orqali O‘zbekistonni xalqaro turizm bozorida nufuzli yo‘nalishga aylantirish maqsad qilingan.
Jamiyat
Boshqa davlatdagi urushlarni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanyapti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining asosiy maqsadi jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, yangi turdagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda huquqbuzarliklar uchun javobgarlik mexanizmlarini aniq belgilashdan iborat.
Loyiha bilan o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish va namoyish etish uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz harakatlarni yoki fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi boshqa xatti-harakatlarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda sodir etish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Bu orqali axborot makonida huquqiy madaniyatni yuksaltirish va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, shaxsning o‘zi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmoqlarida tarqatish uchun javobgarlik nazarda tutilyapti.
Qayd etilishicha, mazkur normalar huquqbuzarliklarni ommalashtirish va ularga taqlid qilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonlik mehnat muhojiri yiliga o‘rtacha 2-4 ming AQSh dollari jo‘natyapti – Markaziy bank
Markaziy bank xalqaro migratsiya, pul o‘tkazmalari va jismoniy shaxslarning valyuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha navbatdagi tahliliy sharhni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, global migratsiya va pul o‘tkazmalari ko‘plab mamlakatlar uchun barqaror tashqi moliyalashtirish manbai bo‘lib, uy xo‘jaliklari daromadlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ichki bozorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbekiston ham hozirgi kunda xalqaro mehnat migratsiyasi global yo‘nalishlariga integratsiyalashib, mehnat muhojirlari an’anaviy davlatlar (Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiya) bilan bir qatorda Yevropa va Osiyo davlatlariga yo‘nalmoqda. Shunga mutanosib ravishda, 2024-2025 yillarda O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining asosiy qismi ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2025-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga, mehnat muhojirlari ishlaydigan mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan barqaror darajada saqlanib qolishi bilan bir qatorda ulardagi iqtisodiy faollikning oshishi hamda milliy valyuta kurslari mustahkamlanishi ham ta’sir qildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasida diversifikatsiya jarayonlari davom etib, bu rivojlangan mamlakatlardan O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishida namoyon bo‘ldi.
Xususan, transfertlar hajmi:
Buyuk Britaniyadan 39 foizga;Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 37 foizga (Irlandiya 2,6 barobar, Xorvatiya 2,5 barobar, Slovakiya 67 foiz, Litva 57 foiz, Niderlandiya 49 foiz, Polsha 9 foiz);AQShdan 15 foizga;Janubiy Koreyadan 15 foizga oshishi mehnat migratsiyasining yangi yo‘nalishlar bo‘yicha kengayib borayotganini anglatadi.
Regulyator press-reliziga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 2024-yilga nisbatan 28 foizga (4,1 mlrd doll) ko‘payib 18,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda an’anaviy va bank o‘tkazmalari kesimida bir qabul qiluvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik o‘tkazma summasi 2-4 ming dollar ekvivalentini tashkil etadi.
O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi esa 2024-yilga nisbatan 5 foizga (138,4 mln doll) qisqarib, 2,7 mlrd dollarni tashkil qildi.
Jamiyat
Dunyoning eng boy ayoli pullarini qanday tarqatmoqda?
2019-yilda Jeff Bezos bilan ajrashish jarayoni yakunlangach, Makkenzi Skott qo‘lida 38 milliard dollarlik Amazon aksiyalari bilan dunyoning eng boy ayollaridan biriga aylandi. O‘shanda ko‘pchilik uchta an’anaviy ssenariydan birini kutgandi: yo u dabdabali hayotga sho‘ng‘iydi, yo shaxsiy media imperiyasini quradi, yoki binolarga o‘z ismini yozib qo‘yadigan ulkan xayriya jamg‘armasiga asos soladi.
Biroq Skott bu yo‘llarning birortasini tanlamadi. U xayriya dunyosining barcha yozilmagan qoidalarini parchalab tashladi.
«Pulni tugaguncha baham ko‘raman»
Skott o‘z boyligini shunchalik tez tarqata boshladiki, hatto ekspertlar ham hayratda qoldi. U Uorren Baffet va Bill Geyts tomonidan asos solingan «Giving Pledge» tashabbusiga qo‘shilib, hayoti davomida boyligining kamida yarmini xayriya qilishga va’da berdi. «Mening nomutanosib miqdorda pulim bor va men uni yo‘q bo‘lib ketguncha baham ko‘raman», — deb yozgan edi u o‘z ochiq xatida.
An’anaviy jamg‘armalardan farqli o‘laroq, uning strategiyasi byurokratiya va nazoratni yo‘q qilishdir. U hisobot berishni talab qilmaydi, shartlar qo‘ymaydi va matbuot xabarlarida uning ismi ko‘rinmaydi. Pullar ehtiyojmandlarga yashirincha keladi va ko‘pincha ma’lum tashkilotlar tarixidagi eng katta xayriyaga aylanadi.
Raqobatbardosh arizalar, grant qo‘mitalari va KPIlar o‘rniga u professional tadqiqotchilarga va zaif guruhlar, ta’lim tashabbuslari, irqiy, gender tengsizligi bilan ishlaydigan tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalarga tayanadi va u o‘z blogida kimga, nima uchun pul bergani haqida oddiy ro‘yxat e’lon qiladi.
Skottning kichik jamoasi detektivlar kabi ishlaydi: ular zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan, ammo jamiyat uchun muhim ishlarni qilayotgan tashkilotlarni qidirib topishadi. Ular orasida bankrotlik yoqasidagi oziq-ovqat banklari, eski uskunalar bilan ishlayotgan qishloq kasalxonalari, qamoqdan chiqqanlarga yordam beruvchi kichik ijtimoiy loyihalar bor.
Bu tashkilotlar kutilmaganda elektron pochta orqali xat olishadi: «Biz sizning ishingizga ishonamiz va yordam bermoqchimiz». So‘ng hech qanday shartlarsiz millionlab dollarlik mablag‘ kelib tushadi.
Bu saxovatning natijasi esa hayratlanarli: Detroytdagi bolalar kasalxonasi psixologlar shtatini ikki barobar oshirishga muvaffaq bo‘ldi, tub amerikaliklar ta’lim muassasalari o‘z tarixidagi eng katta mablag‘ni qabul qilib oldi, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari uchun boshpanalar pandemiya davrida o‘z imkoniyatlarini kengaytirdi.
Bir yil ichida u qariyb 500 ta tashkilotga 6 milliard dollarga yaqin mablag‘ o‘tkazdi. Ammo paradoks shundaki, u pulni qanchalik tez tarqatmasin, Amazon aksiyalarining narxi oshib borishi natijasida uning sof boyligi o‘sishda davom etdi. Bu xuddi ummonni chelak bilan bo‘shatishga urinishdek edi.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nlab milliardlab dollarlik xayriyalarga qaramay, Makkenzi Skott dunyodagi eng boy odamlardan biri bo‘lib qolmoqda. U jamg‘armani boshqarmaydi yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazmaydi, lekin u zamonaviy xayriya qanday ishlashi mumkinligi haqidagi tushunchani o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Boshqa milliarderlar raketalar uchirib, koinotni zabt etish yoki o‘zlariga haykallar tiklash bilan band bo‘lgan bir paytda, Makkenzi Skott boylikni namoyish qilmasdan tarqatish mumkinligini isbotladi. Uning yondashuvi shunchaki xayriya emas, balki insoniyatga bo‘lgan yuksak ishonch namunasidir. Skottning saxovati tufayli minglab odamlarning hayoti yaxshilanmoqda va ularning aksariyati bu baxt ortida kim turganini ham bilishmaydi. Zero, haqiqiy saxovat shovqin-suronni yoqtirmaydi.
Jamiyat
Qozog‘istonda 5 nafar o‘zbekistonlikning ish haqi va pasportlari qaytarildi
Qozog‘istonning Ostona shahrida mehnat qilib kelgan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosining ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgan pasportlari qaytarilib, uch oylik ish haqlari to‘liq undirib berildi.
Ostona shahri Foto: akorda.kz
Ma’lum qilinishicha, 12 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha ortidan Qozog‘istonning Ostona shahrida joylashgan “Karima” restoranida ishlagan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosining murojaati yuzasidan tezkor choralar ko‘rilgan.
Unga ko‘ra, ish beruvchi tomonidan fuqarolarning pasportlari olib qo‘yilgani va ularga uch oylik ish haqi to‘lanmagani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Ostona shahridagi elchixonasi tomonidan restoran rahbariyati bilan aloqa o‘rnatilib, fuqarolarning hujjatlarini qaytarish va ish haqlarini to‘liq to‘lash bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yilgan.
Shuningdek, Qozog‘istonning vakolatli organlari tomonidan ham holat nazoratga olinib, ish beruvchiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida 14 mart kuni fuqarolarning pasportlari to‘liq qaytarildi hamda ularga tegishli bo‘lgan jami 5 ming 290 AQSh dollari miqdoridagi ish haqi undirib berildi.
Jamiyat
Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi
Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosining vafoti yuzasidan tekshiruv va ekspertiza ishlari olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holatda qotillik alomatlari aniqlanmagan.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi vakillari ushbu mamlakatda vafot etgan vatandoshimiz holati bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli ma’lumotlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, K.N.ning vafoti munosabati bilan Janubiy Koreya milliy politsiya agentligining mas’ul xodimlari bilan doimiy muloqot olib borilmoqda.
Janubiy Koreya tomonining bildirishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston fuqarosining o‘limi yuzasidan mutasaddi soha vakillari tomonidan tekshiruv va ekspertiza ishlari davom ettirilmoqda. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, uning vafotida qotillik alomatlari mavjud emas.
Qayd etilishicha, Janubiy Koreya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushbu holatga to‘liq oydinlik kiritilganidan so‘ng qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
Shu bilan birga, tekshirilmagan, yolg‘on yoki vahima chiqaruvchi ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikka muvofiq ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatildi.
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Dunyodan5 days ago
Iroq g‘arbida AQShning yonilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi
-
Iqtisodiyot1 day agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot2 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
-
Iqtisodiyot3 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Dunyodan1 day ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Iqtisodiyot2 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
