Jamiyat
Xorijiy OAV vakillari O‘zbekistonning turizm salohiyati bilan tanishmoqdalar
Joriy yil 24-31 may kunlari Turizm qo‘mitasi va O‘zbekistonning Varshava, Rim, Qohiradagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikda Polsha, Italiya, Belgiya hamda Misr davlatlarining taniqli, ommabop OAV vakillari, inflyuenserlari, blogerlarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xorijiy davlatlardan sayyohlar oqimini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatimiz turizm salohiyatini taniqli shaxslar ishtirokida targ‘ib qilishdan iborat. Press-tur ishtirokchilari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ingliz, ispan, polyak, italyan va arab tillarida olib borishmoqda. Obunachilarining asosiy qismi esa Yevropa davlatlari fuqarolaridir.
Mamlakatimizga tashrifi davomida, mehmonlar Namangan, Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘lishmoqda. Xususan, ular maxsus kontentlar yaratish hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish maqsadida o‘zbek madaniyati, urf-odatlari, turizm qishloqlari, madaniy meros ob’yektlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va umuman turizm sohasida amalga oshirilayotgan eng so‘nggi islohotlar va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, tasvirga olish ishlarini amalga oshirishmoqda.
Shuningdek, tashrif davomida mehmonlar 25 may kuni Namangan shahrida bo‘lib o‘tayotgan 64-Xalqaro Gullar festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Ushbu tashabbus xorijiy davlatlardan keladigan sayyohlar oqimini oshirish, O‘zbekistonning turizm brendini jahon bozorida mustahkamlash va mamlakatimizning turizm sohasidagi imkoniyatlarini yanada kengaytirish yo‘lida muhim qadamdir.
Jamiyat
Rossiyada halok bo‘lgan bolaning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi
O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Rossiyaning Rostov viloyatida yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lgan voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosining jasadi vatanga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh konsulxonaga Rostov viloyatining Bataysk shahrida yashovchi B.Yu. murojaat qilib, uyida yuz bergan yong‘in natijasida voyaga yetmagan nabirasi X.A. halok bo‘lgani hamda uning jasadini O‘zbekistonga olib kelishda yordam so‘ragan.
Aniqlanishicha, murojaatchi Rostov viloyatidagi qurilish obektlarida mehnat faoliyatini amalga oshirib kelgan. Baxtsiz hodisa oqibatida marhum bolaning barcha hujjatlari yong‘inda yonib ketgan. Shu sababli hujjatlarni rasmiylashtirish va jasadni yurtimizga qaytarish jarayonida Rossiya tomoni bilan ayrim muammolar yuzaga kelgan.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi mazkur holat yuzasidan zudlik bilan Rossiyaning vakolatli tibbiyot tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazib, voyaga yetmagan bolaning jasadini vatanga tezkorlik bilan qaytarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Murojaatchi nomiga Bosh konsulxona tomonidan vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi. Shuningdek, Migratsiya agentligi jamg‘armasi hisobidan marhumning jasadi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Krasnodar — Toshkent yo‘nalishi orqali O‘zbekistonga olib kelindi.
Jamiyat
Chirchiq daryosi sohilida tozalash ishlari boshlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida Chirchiq daryosi sohili chiqindilar bilan to‘lib ketgani haqidagi xabarlar yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi.
Foto: Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi
Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Quyi Chirchiq tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida Quyi Chirchiq tumani “Mevazor” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi sohiliga noma’lum fuqarolar tomonidan turli xil maishiy chiqindilar tashlab ketilgani aniqlandi.
Ayni paytda inspektorlar tomonidan maxsus texnikalar jalb etilgan holda hududni tozalash va chiqindilarni bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi fuqarolardan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik va ularni yoqmaslikni so‘radi. Shuningdek, bu kabi qonunbuzilish holatlari uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilishi eslatib o‘tildi.
Jamiyat
“O‘zimni xavfsiz his qilmayapman” – urush fonida arab davlatlaridagi o‘zbeklar nima deydi?
Qatar va BAAda vaziyat nisbatan tinchigan. Bu mamlakatlardagi o‘zbeklar mahalliy mudofaa tizimi Eron raketalarini qaytarayotgani, aholi yashash punktlari zararlanmaganini aytmoqda. Shu bilan birga, qisqa muddatli sayohatga borganlar reyslar bekor qilingani sabab ko‘chada qolishdan xavotirda.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushi butun Yaqin Sharqni qamrab olmoqda. Eronning qarshi hujumlari esa nafaqat Isroilni, balki arab davlatlaridagi AQSh harbiy bazalarini ham nishonga olgan. Dunyoda xavfsiz turizm va tinchlik ramzi bo‘lib kelgan Qatar, BAA kabi davlatlar ham bugun raketa va dronlar hujumi ostida qolmoqda. Fors ko‘rfazining yopilgan osmoni esa mintaqa bilan aviaqatnovlarni deyarli butunlay to‘xtatib qo‘ydi.
Xo‘sh, arab davlatlaridagi o‘zbek vatandoshlarning ahvoli qanday? Yurtdoshlarimiz hujumlardan qanday saqlanmoqda va O‘zbekistonga xavfsiz qayta oladimi? Kun.uz — Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Isroildagi o‘zbeklar bilan suhbatlashdi.
“Hech narsa bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi” – Qatar
Qatarda vaziyat biroz boshqacharoq. Ayni vaqt shu yerda yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlarimiz mudofaa tizimi yaxshi ishlayotgani, uchib kelayotgan har bir raketa yerga qo‘nishidan avval havoda yo‘q qilinayotganini aytmoqda.
Ammo ular vaziyat jiddiylashib ketishidan xavotirda. Xususan, Dohada 8 oydan beri mehmonxona xizmatida ishlab kelayotgan Ahrorbek Ne’matjonov vatanga qaytmoqchi ekanini bildirdi.
“Hozir bu davlatda hech kimga zarari ko‘rinmadi. Shunchaki, men o‘zimni bu yerda xavfsiz his qilmayapman, shuning uchun O‘zbekistonga qaytib ketmoqchiman. Hech narsa bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Hujum bo‘layotgani, osmonda portlayotganini ko‘zimiz bilan ko‘rdik.
Hozircha bular O‘zbekistonga qaytib ketishimiz haqida hech narsa demadi, lekin biz mehmonxonada ishlayapmiz. Bu yerda ehtiyot choralar ko‘rilgan. Favqulodda vaziyat uchun “podval”dan joy qilib, suvlar, stollarni, har xil dori-vositalarni qo‘yib, tayyorlab qo‘yishgan.
Lekin yotoqxonamizda unaqa narsa bo‘lmadi hali. Bu yerdan O‘zbekiston elchixonasida ishlaydigan tanishlarim bor edi, ularga ham iloji boricha aloqaga chiqishga harakat qilyapman. Ularga aloqaga chiqishim bilanoq vaziyat qanaqaligini bilamiz. Agar O‘zbekistondan samolyot jo‘natib, evakuatsiya qiladigan bo‘lsa, unda yaxshi bo‘lardi”, – deydi u.
Dohada bo‘lib turgan yana bir yurtdoshimiz Ilyosbek Muhiddinovning aytishicha, hukumat aholi va biznes egalariga tez-tez ogohlantirish tusidagi xabarnomalarni jo‘natib turibdi. Unda xavfsizlik choralari ko‘rilishi so‘ralgan. Muhiddinov shahardagi vaziyatni tasvirlashga urindi.
“Mehmonxonadan olib aytadigan bo‘lsak, mehmonlarimiz uchun “parkovka”ning “podval” qismida stol-stul, yosh bolalar o‘ynashi uchun o‘yinchoqlar qo‘yganmiz.
Qatar hukumati tarafidan barcha o‘tkaziladigan tadbirlar bekor qilingan. Shundan ko‘pchilik restoranlar yopilgan. Xususiy bizneslarga keladigan bo‘lsak, ishlash yoki ishlamasligi o‘zlariga bog‘liq. Endi ko‘pchilik mehmonxonalarda buxgalteriya, kadrlar bo‘limi – shunga o‘xshashlar masofaviy ishga o‘tgan. Undan tashqari, men o‘zim telefon operatoriman, mening guruhimda ham shunday. Faqat bir vaqtda bir kishi ishda bo‘ladi xolos. Hozir men ishimni tugatganimda boshqa bir inson keladi.
Guruhda to‘liq ish emas. Qatar mudofaa tizimlari juda yaxshi holatda ishlayapti. Har hujum bo‘lgan paytida o‘zi biror joyda portlash yoki shunaqa narsalar qolgan davlatlarga nisbatan o‘ta kam kuzatilyapti. Elchixona tarafidan Telegram guruhi ochilgan. Shu guruhda ehtimoliy evakuatsiya qilinishini xohlovchilar ro‘yxatga olinishi boshlangan. Evakuatsiya qilinadigan bo‘lsa, qaytaman. Keyinchalik bu yerda ahvol yaxshilanganidan keyin qaytib kelaman”, – deydi Muhiddinov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qatarda ta’lim muassasalari ham masofaviy ishlashga o‘tgan. Muzeylar yopilgan. Faqatgina oziq-ovqat do‘konlari 24 soat rejimda ishlab turibdi.
Internetga video joylaganlik uchun 30 ming dollarlik jarima va qamoq – Dubay
Dubay ham deyarli Dohadan farq qilmaydi. AQSh elchixonasiga qilingan hujum aytilmasa, raketalar aholi yashash maskanlarini nishonga olmagan. Azizbek Ochilov vaziyat ancha tinchlanganini bildirdi.
“Urush boshlanganida birinchi-ikkinchi kunlari ancha vahima bor edi. Hozir ko‘chalarda bemalol odamlar ishlariga boryapti. Boshlanganidan keyin Birlashgan Arab Amirliklari ishlarni onlayn formatga o‘tkazdi. Bugundan oflayn formatga o‘tyapti.
Dubayda to‘g‘risini aytsam, havo mudofaa tizimi [hujumlarni] zo‘r qaytaryapti. Menimcha, aniq bir tushgan raketa yoki dronning o‘zi yo‘q. Shunchaki uning qoldiqlari tushyapti. Endi mening tushunishim bo‘yicha Eron davlati Birlashgan Arab Amirliklari bilan jiddiy bir dushmanlik kayfiyatida emas. Shunchaki bu Amerikaning qanaqadir hamkori bo‘lgani, rasmiyatchilik uchun yuborib qo‘yyapti deb tushunyapman. Shuning uchun men umuman xavotirlanmayapman.
Lekin uydagilarim, O‘zbekistondagi tanishlarim internetda tarqalgan videolarni ko‘rib, ko‘proq xavotir olishyapti. Ishdagi tanishlarim unchalik ham xavotir olishmayapti. Hozir ko‘chaga chiqib, aylanib keldim, masalan. Mashinalar, odamlar ham to‘la. Boshida bunaqa vaziyatga umuman tushib ko‘rmaganimiz uchun qanaqadir kattaroq narsalarga aylanib ketadi, deb o‘ylagandik, lekin hozir ancha xotirjammiz”, – deydi suhbatdosh.
4 martdan boshlab Toshkent–Dubay–Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha UzAirways, Centrum Air hamda Qanot Sharq aviakompaniyalari reyslari bosqichma-bosqich tiklanishi ma’lum qilingandi. Muhiddinov hozirda bekor qilinayotgan va kechiktirilayotgan bir qancha reyslar bo‘lib turgani, ammo yuqorida aytilganidek, ayrimlari parvozni boshlaganini aytdi.
Ancha yildan beri Dubayda yashayotgan Husanboy Kimsanboyev esa tarmoqlarda hujumga oid deepface, ya’ni sun’iy intellekt orqali tayyorlangan yolg‘on xabarlar sizib yurgani, shu sabab BAA hukumati ma’lumot tarqatishga oid cheklov o‘rnatganiga to‘xtaldi.
“Birinchi kundan keyin juda ko‘p videolar chiqdi. Bahrayndagi o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz ham video qo‘ygandi, shuni Dubay deyishdi, Isroilda deyishdi. Shunaqa yolg‘on, juda bir odamni chalkashtiradigan darajada yangiliklar aytishdi. Unaqa narsa bo‘lgani yo‘q. Shu 28-kundan keyin hamma videoga olib, vahima qilib yuborganidan keyin, 29-kuni Dubay rasman videoga, rasmga olishni taqiqladi. Agar kimda-kim internetga video olib joylaydigan bo‘lsa, katta jarima va bir yillik qamoq jazosi belgilanadi. Lekin rasman kimdir chiqib, shunaqa-shunaqa demadi, rasmiy saytlarida aytildi. Rasmga olish, tarqatishni bilib qolsa, bir yil qamoq jazosi va adashmasam, 30 ming dollar atrofida jarima yoziladi, dedi. Shu kundan keyin o‘z-o‘zidan videolar kamayib ketdi, ko‘pchilik qo‘ymay qo‘ydi. AQShning elchixonasini urganda, hindlarning 2 ta videosi chiqdi. Bo‘ldi. Shuni ko‘rdik”, – dedi Kimsanboyev.
Qayd etilishicha, Dubayda ochiq joydagi ishxonalar, katta fabrikalarda zarurat bo‘lmasa, ishga bormaslik tavsiya qilingan.
“Lekin biz bordik, shaxsan men bordim, ishladim. O‘zim ham bitta portlashni eshitdim, lekin qayerda bo‘ldi, nima bo‘ldi, unisidan ma’lumotim yo‘q. Lekin ishlayotgan joyimda o‘zim bitta portlashni eshitdim. Samolyotlar uchib, nima qilganini ko‘rdim. Yurgani, tovushi eshitildi, u yoqdan-bu yoqqa uchib yurishdi.
Aholiga hech qanaqa yordam, hech narsa tavsiya qilinmadi. Shu faqat o‘zingni xavfsiz joyingda bo‘lishingni ta’minla, deyapti xolos. Kuni kecha ham Dubay rahbarining o‘zi shu “Dubay Moll”ga kelib, aylanib, shu yerdagi restoranlarda ovqatlanib, chiqib ketdi. Unaqa vahima yo‘q. Hamma o‘zining hayotini bir xil tarzda kechiryapti, hamma yoq o‘z o‘rnida ketyapti. Munisa Rizayevani ham ko‘rdim. O‘sha bitta yolg‘on ma’lumotni berib qo‘yib, yo‘q bo‘lib qoldi. Shu adashmasam, undan keyin o‘chirib ham yubordi. Unaqa vahima bo‘lgani yo‘q. Shunaqa vahimaga solib qo‘yishdi”, – deydi u.
Kimsanboyev jamoat transportlari ham o‘z vaqtida ishlayotganini, odamlar undan foydalanayotganini aytdi.
“O‘zimizni qutqarish uchun bir kunimizni o‘sha temir xonaning ichida o‘tkazdik” – Isroil
Turkiya oliygohida tahsil olayotgan 2 nafar farzandi uchun o‘tgan yilning oktyabrida Isroilning Bersheba shahriga kelgan E’tibor Ahmedova 28 fevral sanasida yuzaga kelgan ziddiyat fonida oddiy aholi bilan nimalar sodir bo‘lganini gapirib berdi.
“28 fevral kuni ertalab 8:15 da boshlandi, telefonlarga signal keldi. Hech kim hech narsa bilmagan edi. Birdan signal bo‘lib, hammaning temir xonaga o‘tishi haqida ogohlantirishlar keldi va osmonda raketalarning portlashi boshlandi, bular ularga otdi, ular bularga otdi. Endi ko‘rsangiz, juda ham vahima. Biz ichkarida bo‘lganimiz uchun hech narsani eshitmadik. Temir xonada tashqarida bo‘layotgan hech narsa eshitilmaydi, faqat televizordan ko‘rib turamiz. O‘zimizni qutqarish uchun, masalan, bir kunimizni o‘sha temir xonaning ichida o‘tkazdik. Bu yerda yangi qurilgan uylarning hammasida temir xonalar bor, shu bomba portlasa [kirib o‘tiradigan], bombaga chidamli.
Ba’zi eski uylarda yo‘q. Biz ko‘pincha shu joyda o‘z jonimizni saqlab qolamiz. Telefon avtomatik signal berishni boshlaydi. “Tahlikali, tahlikali vaziyat. O‘zingizni qutqaring, tahlikali vaziyat”, deb dunyoda nechta til bo‘lsa, hamma tilda SMS kelishni boshlaydi. Shu vaqt mobaynida uch daqiqa vaqtingiz bor. Bomba portlashdan uch daqiqa oldin keladi. Shu vaqt ichida uyingizda temir xona bo‘lmasa, uyingizga yaqin bo‘lgan joylardagi temir xonalarga boring, deb keladi. Chunki ba’zi joylarda, ko‘chalarda, yerning tagida temir xonalar bor. Ko‘chada yurgan bo‘lsangiz o‘sha yerning tagiga kirishni aytishadi”, – deydi Ahmedova.
Uning ta’kidlashicha, hujumlar oqibatida qurbon bo‘lganlar bor, jarohatlanganlar yetarlicha. Ko‘plab o‘zbek ayollari vahimaga tushib qolishgan.
“Kelganiga 15 kun, bir oy bo‘lgan ayollarimiz juda ham qo‘rqib, ba’zilari qandli diabet kasalligini orttirdi, ba’zilari depressiyaga kirdi, titrab qoldi. Ularga telefon qilib: “qo‘rqmanglar, temir xonaga kiringlar, bu narsa o‘tib ketadi”, deb tajribasi kattaroq bo‘lganlar WhatsAppʼdan bir-birlariga dalda berib turibdi.
Birinchi kun “svet” o‘chgan edi, elektrlar kesilgandi. U ham ma’lum bir soat, ya’ni shu bomba portlagan payti bir-ikki soatga kesildi, keyin yana yoqdi. Ya’ni hamma texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar ishlab turibdi. Televizorda hamma narsani ko‘rib turibmiz. To‘rt kun “uydan tashqariga chiqmaysiz” degan rasmiy ta’til e’lon qilingan edi. Bugun to‘rtinchi kun, yana necha kun davom etadi, uni ochiqlashadi. Undan keyin yana qaror berishadi. To‘rt kungacha shifoxonalar, maktablar, rasmiy idoralar, hamma joy yopilgan”, – deydi u.
E’tibor Ahmedova so‘zining so‘ngida vatandoshlarga yuzlanib, Isroilga ketgan o‘zbeklarni qarg‘amaslik, o‘lim tilamaslik, aksincha, vafot etganlar haqlariga duo qilish, urush tugashi va qolganlarga salomatlik berishini so‘rashga chaqirdi.
Sayohatga borganlarning taqdiri nima bo‘ldi?
Kun.uzʼga BAAning Fujayra, Saudiya Arabistonining Jidda shaharlariga qisqa safarga borib, urush sabab qolib ketgan vatandoshlardan ham murojaatlar kelib tushdi. Ular reyslar bekor bo‘lgani sabab turfirmalari qo‘shimcha kunlarni qoplab bermayotganidan, vaqtincha qolishga joy topolmayotganidan shikoyat qilishgan.
Qolaversa, Fors ko‘rfazi bo‘ylab, port bo‘ylab sayohatga chiqqan “Celestyal” kruizi 28 fevral sanasida Qatarga yetganda to‘xtatilgan. U yerda 100 ga yaqin o‘zbek borligi, ammo elchixonaning yordamisiz ketolmayotganini aytishmoqda.
AQSh va Isroil harbiylari 28 fevral kuni boshlagan urush — beshinchi kundirki davom etmoqda. Yuqorida aytganimizdek, Eronning javob tariqasida bergan zarbalari mojaroni arab davlatlari hududiga ham kengaytirdi. Qurbonlar soni allaqachon mingdan oshgan. Hozircha mojaro yakuni ko‘rinmayapti.
Jamiyat
Endi ilovalar orqali bank kartalariga pul o‘tkazilganda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish kerak bo‘ladi
Markaziy bank P2P (bank kartalaridan bank kartasiga) o‘tkazmalarini amalga oshirishda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish talabini qo‘ymoqda.
Ma’lum qilinishicha, regulyator tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga bu borada tegishli ko‘rsatma xatini jo‘natgan.
Unga ko‘ra, endi foydalanuvchi o‘tkazmani amalga oshirganida majburiy ravishda 16 turdagi o‘tkazma maqsadlaridan birini tanlashi kerak bo‘ladi.
Spot’ning regulyator rasmiysiga tayanib yozishicha, ma’lum qilishicha, «foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar (ya’ni iste’molchi maqsadi, -tahr.) faqat mobil ilova faoliyati doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga uzatilmaydi». Rasmiy, shuningdek, bu talab «xizmat ishini takomillashtirish va tranzaksiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga qaratilgani»ni ta’kidlagan.
Bu funksiya ayrim ilovalarda allaqachon ishga tushirilgan.
Jamiyat
Dehqon bozorlarida savdo nuqtalarini noqonuniy sotish holatlari fosh etildi
DXX va boshqa huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda dehqon bozorlarining ayrim mansabdor shaxslari auksion orqali sotilishi kerak bo‘lgan savdo nuqtalarini shaxsiy moddiy manfaatdorlik evaziga fuqarolarga noqonuniy ravishda sotish bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi.
Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi dehqon bozori raisi va nazoratchisi o‘zaro til biriktirib, bozor hududida yangi qurilgan 110 m² maydondagi savdo do‘konini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 80 ming AQSh dollari talab qilgan. Ular oldindan 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Buxoro shahrida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji sotiladigan bozor rahbari va ish yurituvchisi o‘zaro til biriktirib, bozor hududida yengil konstruksiyali savdo do‘koni qurib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun 120 m² yer maydoni ajratib berish evaziga fuqarodan 11 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolar kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlarga duch kelsa, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishi mumkin. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.
-
Iqtisodiyot3 days agoYanvarda tashqi savdo aylanmasi 1,3 mlrd dollarga oshdi
-
Siyosat3 days agoEnergetika vazirligi 1 martdan tabiiy gaz narxi oshishi haqidagi mish-mishlarni rad etadi
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiya Eron chegarasida bir kunlik sayohatlar toʻxtatilganini eʼlon qildi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
-
Turk dunyosi3 days agoTurkiyaning hukmron partiyasi 10% virtual valyuta daromad solig’ini taklif qilmoqda
-
Iqtisodiyot3 days agoTaxiatosh IES davlat ixtiyoriga qaytariladi
-
Jamiyat3 days agoTurkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilgani taxmin qilinmoqda
-
Dunyodan1 day ago
Ozarbayjon: Genotsid qurbonlari xotirasi abadiylashtiriladi
