Jamiyat
xorazmlik fermerlar qanday qilib hosildorlik va daromadni oshirmoqda?
Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va energiya xarajatlarining oshib borishi sharoitida fermerlik faoliyati yildan yilga murakkablashmoqda. Endilikda yerdan unum olish uchun faqat mehnat emas, balki zamonaviy texnologiya ham kerak. Xorazmlik fermerlar bu borada qanday tajriba to‘plashdi? Ular tomchilatib sug‘orish va quyosh energiyasi orqali qanday natijaga erishmoqda?
Global iqlim o‘zgarishi, yerlarning notekisligi, suv resurslarining kamayishi va aholi sonining ortib borishi fermerlikda yangi muammolarni yuzaga keltirmoqda. Endilikda yer, suv va quyosh nuri bilan o‘z-o‘zidan yuqori hosil olish tobora mushkul bo‘lmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab oshib borayotgan bir paytda, hosildorlikni ko‘paytirish, xarajatlarni kamaytirish va vaqtni tejash uchun qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shunday vaziyatda xorazmlik fermerlar tomchilatib sug‘orish va yashil energiya manbalari orqali hosildorlikni oshirishga qanday erishishmoqda?
“2008 yil 27 gektar bo‘ldi yerimiz, 2014 yildan kengayib 100 gektar bo‘ldi. Hozir 36 nafar ishchimiz bor, yangi zamonaviy texnikalarimiz bor. Qishloq xo‘jaligida asosan texnika bo‘lsa ish ketaveradi. 2022 yilda 22 gektar paxta dalamizni tomchilab sug‘orishga mosladik. Shu yili 50 sentner hosil oldik, ilgari 40 sentnerning o‘zi orzu edi. Olgan daromadimiz bir yilda qilgan xarajatimizni qoplab ketdi. Uni besh yilgacha ishlatish mumkin. 2023 yilda bug‘doy dalasini ham tomchilatib sug‘orishga o‘tdik – buyam katta samara berdi. Avval 50–55 sentnerdan olgan dalamizdan 70 sentnerdan hosil oldik bug‘doydan. Bu yil 10 gektar dalamizni ham tomchilatib sug‘orish, ham plenka ostiga ekdik. Shu dalamizdan 70 sentnerdan hosil kutib turibmiz. Agrobank tashkil qilgan “Suvchilar maktabi”da ishchilarimizniyam o‘qitdik. Zamonaviy texnikalarni ishlatishni, tomchilatib sug‘orish uskunalarini ishlatishni o‘rganishdi”, – deb ta’kidladi fermer To‘ravoy Jumonov.
Bugungi kunda zamonaviy fermer faqat yerga emas, texnologiyaga ham tayanib ishlaydi. Dalani sug‘orishdan tortib, hosilni yig‘ishtirib olishgacha bo‘lgan jarayonlarda energiya tejamkor uskunalar, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari keng joriy qilinmoqda. Bu nafaqat suvni, yerga beriladigan mineral o‘g‘itlarni ham tejaydi.
“Tomchilatish texnikalarini o‘rnatmasdan oldin, kultivatorlarda paxta dalasida bir gektariga 1 tonna – 1 tonna 300 kg mineral o‘g‘it ketardi. Majbur edik shuni berishga. Tomchilatib sug‘orish tizimida esa to‘g‘ridan to‘g‘ri tizimning ichiga solib jo‘natiladi – 5 kg mineral o‘g‘it ketadi. Bu bilan suvdan ham, o‘g‘itdan ham iqtisod qilyapmiz. Texnika xarajatlariyam tejaladi”.
Ayniqsa, quyosh panellari orqali energiyani mustaqil ishlab chiqarish fermer xo‘jaliklarining barqaror ishlashida muhim o‘rin egallamoqda. Endilikda fermerlar quyosh nurlaridan nafaqat hosil yetishtirishda, balki elektr ishlab chiqarishda ham foydalanmoqda. Shunday fermerlardan biri Kamoliddin Yusupov ayni paytda quyosh panellari orqali o‘z ehtiyojlarini ta’minlash bilan birga foyda ham ko‘rmoqda.
“O‘tgan 2024 yilning boshlarida fermer xo‘jaligimizda elektr energiyasidan qiyinchiliklar bo‘ldi. Narxlar oshdi, to‘lashga qiynaldik. Shundan keyin xo‘jalikka fotoelektr stansiyalari qurishga qaror qildik. Bizning 120 gektar yerimizda 9 ta nasos bor, elektr narxi oshmagan vaqtda bunga 120–130 mln so‘m to‘lardik. Fevralda qurishni boshladik, mart oyida ishga tushirdik. Avvaliga o‘zim ham qo‘rqdim, lekin mehnatlarimiz o‘zini mevasini berdi. 2024 yilda elektr tarmoqlaridan tok olmadik hisob. Quyosh panellaridan olingan elektr energiyasi orqali dalalarimizni sug‘ordik. Ortiqcha tokni davlatga shartnoma asosida sotib, o‘zimizga daromad ham bo‘ldi. 2024 yilning mart oyidan boshlab to dekabr oyigacha bizning hisobimizga taxminan 60–70 mln pul tushdi bundan”, – deydi u.
Davlat siyosatida ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda, fermer xo‘jaliklarida quyosh panellari o‘rnatilishi uchun qulay shart-sharoit va rag‘batlantiruvchi mexanizmlar joriy qilinmoqda. Maqsad — energiya taqchilligini kamaytirish, xarajatlarni qisqartirish va ishlab chiqarishni barqarorlashtirish.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Sport2 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat1 day ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat21 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat16 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat14 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Sport5 hours ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
