Iqtisodiyot
Xorazmda 2,4 mlrd dollarlik yangi loyihalar tayyorlangan – Prezident
Xorazm viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan Prezident Mirziyoyevga axborot berildi.
Qayd etilishicha, tabiiy resurslari cheklangan bu hudud iqtisodiyoti tarkibiy o‘zgarishlar orqali rivojlantirilmoqda. So‘nggi sakkiz yilda 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 25 mingdan ortiq sanoat korxonalari ochilgan. Ishlab chiqarish hajmi 2,2 karra oshgan. Bugun viloyatda to‘qimachilik, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati bor.
Toshsoqa magistral kanali qayta tiklangani natijasida Xorazm uchun o‘ta muhim bo‘lgan sug‘orish tizimi yaxshilandi. Amudaryo ustida yangi ko‘prik qurilishi viloyat aholisining uzog‘ini yaqin qildi.
Sakkiz yilda viloyatda 660 ta ko‘p qavatli turar joy barpo etilib, 21 ming oila yangi uyli bo‘ldi. 4 ming 751 kilometr ichimlik suvi va 206 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i qurildi, 580 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi.
Joriy yil boshidan beri 100 ming ehtiyojmand aholi ish bilan ta’minlandi. Kambag‘allik darajasi yanvardagi 12 foizdan 6,8 foizga tushib, eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘ldi.
Bunday ishlarni yanada kengaytirish maqsadida Xorazm viloyatida ham «Islohotlar shtabi» tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi.
Masalan, Janubiy Koreyaning 100 million dollar investitsiyasi hisobidan Urganch tumanida chiqindi yoqish orqali elektr energiyasi olish loyihasi mo‘ljallangan.
Avstraliya kompaniyasi 820 million dollar investitsiya kiritib, Tuproqqal’a tumanida 600 ming tonna ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi va 50 ming tonna «yashil dizel» ishlab chiqarish taklifini bildirgan. Korxona ehtiyoji uchun 5,5 ming gektarda 4 gigavatt quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Slovakiya korxonasi 170 million dollar hisobiga Tuproqqal’a tumanida 5 ming gektarda raps yetishtirib, bioyoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi qurishni rejalashtirgan.
Umuman, Xorazmda 2 milliard 400 million dollarlik yangi loyihalar tayyorlangan. Shuningdek, shahar va tumanlarning qo‘shimcha imkoniyatlari hisobidan yana 86 million dollarlik istiqbolli loyiha va tashabbuslar shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari investorlarga qulaylik yaratib, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Viloyatdagi sanoat zonalaridan to‘la foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Infratuzilma va yer toifasi masalasini hal qilib, 100 dan ziyod loyihalarni ishga tushirish zarurligi aytildi. Xorazmning joylashuvidan kelib chiqib, sanoat yo‘nalishlarini puxta rejalashtirish, bunga viloyatning ichki salohiyatini to‘liq safarbar qilish kerakligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
Fermer va klasterga har bir tonna paxta uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksport logistikasi xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilandi.
Paxtani birja orqali sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya berish belgilandi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanadi. Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar ham belgilandi.
«Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarish qilinib, aholiga tayyor holda taklif etiladi.
Bu maqsadlarga 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish ishlariga esa 200 mlrd so‘m ajratiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 16 foizdan 30 foizga yetkazish va eksportni 500 mln dollarga oshirish vazifasi ham qo‘yildi.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish belgilandi. Kichik qayta ishlash uskunalarini aholiga lizing asosida berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchi tumanida 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona loyihasini respublika bo‘ylab ommalashtirish belgilandi. Bu maqsadga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijon uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.
