Jamiyat
«Xodimlarim soliqchining uyiga kirishdan avval eshikni taqillatishgan» – sobiq IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev ko‘rsatmasi tinglandi
Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari bo‘lgan Jasur Rasulov ko‘rsatmalari tinglandi. Sobiq IIB boshlig‘i «tezkor tadbir» qonuniy bo‘lganini aytmoqda.
Kecha, 25 noyabr kuni bo‘lgan sud majlisida Furqat tumani sobiq IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev hamda uning o‘rinbosari Jasur Rasulovning ko‘rsatmalari tinglandi.
“17 aprel kuni (tadbir bo‘lgan kun) Farg‘ona shahrida tadbirda edim. Tadbirni tamomlab, soat taxminan 15:00-16:00 lar chamasida Furqat tumaniga qaytayotganimda yo‘lda telegramimga qo‘ng‘iroq bo‘lib, soliq rahbari xizmat uyiga voyaga yetmagan maktab o‘quvchisini olib kirib ketgani haqida xabar kelib tushdi. O‘rinbosarim Jasur Rasulovga qo‘ng‘iroq qilib, holatdan uni xabarbor qildim va vaziyatni o‘rganishni buyurdim.
Shundan so‘ng Jasur Rasulov xodimlarini olib xizmat uyiga kiribdi. U yerda soliq boshlig‘i va maktab direktorini qip-yalang‘och holatda ko‘rishibdi. So‘ng ikkisini IIB binosiga olib kirishibdi. Voyaga yetmagan qiz kim ekan deb so‘rasam, 29-maktab direktori ekan, deyishdi. Xodimlarim tezkor tadbir uchun qilingan qarorlarni ham ko‘rsatishdi. Qo‘llarida qarori bor ekan.
Soliq boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov xizmat uyini fohishaxonaga aylantirvorgandi. Voyaga yetmagan qizni uyiga olib kirib ketyapti degan xabar kelgani uchun tezkor tadbirga ruxsat berganman. Davlatimiz tomonidan berilgan xizmat uylarida prokuror, prokuror yordamchisi, soliq boshlig‘i va men yashardim (ushbu amaldorlarga xizmat uylari bir joydan berilgan – tahr). Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovni xizmat uyingga begona ayollarni olib kirmagin, deb ko‘p marotaba ogohlantirgan edim.
Furqat tumaniga yetib kelib, IIB binosiga kirib, Gulira’no Qosimova va Qurbonali Abdurahmonovni ko‘rdim. Ular yonimga kela olishmadi. IIB binosida turib viloyat Soliq boshqarmasiga bo‘lgan holat haqida xabar berdim.
Xodimlarim soliqchining uyiga kirishdan avval eshikni taqillatishgan ekan. Ichkaridan xabar bo‘lmagach, undan keyin kirishgan xizmat uyiga. 2-qavatga chiqishsa, ikkisi jinsiy aloqa qilayotgan ekan.
Oradan 3 kun o‘tib, IIBga Qosimova va uning turmush o‘rtog‘i keldi. Gulira’noning turmush o‘rtog‘i ayoli tufayli gap-so‘z tarqagani, ko‘chada bosh ko‘tarib yura olmayotgani, o‘sha kungi telefonga olingan kadrlarni berishini so‘radi. Unga javoban Gulira’no yaxshi ayol ekani, anglashilmovchilik bo‘lganini aytib, turmush o‘rtog‘ini yupatishga harakat qildim.
“Eltuz” ijtimoiy tarmog‘ida men haqimda ma’lumotlar chiqdi. Hamma aybni menga yuklashdi. Gulira’no ijtimoiy tarmoqqa chiqib, “yechintirib urishdi, 2-qavatga olib chiqib urishdi” deyapti. Bularning barchasi tuhmat. Gulira’no va Qurbonaliga adovatim yo‘q. Qurbonaliga televizor yoki tefal olib ber demaganman.
Viloyat prokuraturasi biror bir ko‘rsatmalarimni inobatga olmadi. Hamma harakatlarimiz, tezkor tadbir qonuniy bo‘lgan. Gulira’no Qosimovaga kimdir o‘rgatyapti. Tadbir avvaldan reja qilingan deyishyapti. Bu ham tuhmat. Dori ichib, o‘z joniga qasd qilgan deyishyapti. Bu holat ham shubhali”, dedi o‘z ko‘rsatmasida sobiq IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev.
Akmal Xo‘jayev ko‘rsatmasidan so‘ng prokuror sobiq IIB boshlig‘iga ko‘rsatmasi yuzasidan savollar berdi. Lekin Akmal Xo‘jayev bo‘lib o‘tgan holat bo‘yicha barcha ko‘rsatmalarni berib bo‘lgani, prokurorning savoliga javob bermasligini bildirdi va o‘z advokatining savollariga javob berish bilan kifoyalandi.
Shundan so‘ng IIB boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Rasulovning ko‘rsatmasi tinglandi:
“Aybimga iqror emasman. 18 yildan beri IIBda ishlayman. Furqat tumanida shu yilning 26 martidan ish faoliyatimni boshlaganman. Men faqat Akmal Xo‘jayevning buyrug‘ini bajarganman xolos. Furqat tumani prokuraturasida bizni bir tomonlama so‘roq qilishgan. Gulira’no Qosimova omma e’tiborini o‘ziga jalb qilish uchun tez-tez OAVda chiqish qilyapti. Bizga nisbatan tuhmatlar bo‘lyapti.
17 aprel kuni xizmat vazifasini bajarish uchun kirganmiz. Gulira’no Qosimova va Qurbonali Abdurahmonovga nisbatan g‘arazli niyatimiz bo‘lmagan. Aslida 5 aprel kuni “soliqchi xizmat uyiga yengiltabiat ayollarni olib kiryapti” degan xabar kelib tushgan. Tezkor tadbir qilganimizning sababi jinoyatchilikning oldini olish bo‘lgan. Xizmat uyida voyaga yetmagan bizning yoki kimningdir singlisining nomusi toptalishi mumkin edi-ku.
17 aprel kuni Akmal Xo‘jayev qo‘ng‘iroq qilib soliqchining xizmat uyida shunday holat bo‘layotgan ekan, tekshiringlar, dedi. G‘ayrat Otaqulovga qo‘ng‘iroq qildim. 3-4 daqiqa ichida tadbir qilish uchun qaror tayyorlab berdi, tasdiqlab berdim.
Uchastka noziri eshik ochiq ekan, dedi. Ichkariga kirmasdan avval chaqirdik. Hech kim javob bermadi. Men ko‘chada qoldim. Xodimlar ichkariga kirib ketishdi. Keyin 2-qavatdan baqir-chaqir ovozlar eshitildi. 2-qavatga ko‘tarilsam, soliqchi va maktab direktori yalang‘och holatda ekan. Xodimlar ayolning yuzini ko‘rib turib shaxsini aniqlashga harakat qilishdi. Keyin “uchastkavoy” A’zam ayol 29-maktabning direktori ekanini aytdi. Ayolning voyaga yetganini bilib, keyin xodimlarimga pastga tushaveringlar, dedim. Ikkisi “uchastkavoy” mashinasiga o‘tirib IIB binosiga borishdi. So‘rovxonada Gulira’no Qosimova bilan gaplashdim. U soliq boshlig‘i ko‘p yaxshilik qilganini aytib, menga gap tegsa tegsin, lekin soliqchiga gap tegmasin, deb iltimos qildi.
Tadbir qilinishiga do‘kon sotuvchisi Davlat Yusupovning 102 ga qo‘ng‘iroq qilib holat bo‘yicha xabar bergani asos emas. Bunga biz avvaldan aniqlagan ma’lumotlarimiz asos hisoblanadi. Viloyat prokuraturasi tomonidan ko‘rsatilgan ayblovlar asossiz. Aybsizligimni isbotlab beraman”, deya ko‘rsatma berdi tezkor tadbirga bosh bo‘lgan Jasur Rasulov.
Sud 28 noyabrga qadar tanaffus e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi. Holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ombudsman Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi jinoiy javobgarlikdan ozod etilganini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishini so‘ragan.
Avvalgi sud majlisida ko‘rsatma bergan Furqat tuman soliq inspeksiyasi sobiq boshlig‘i, ish bo‘yicha jabrlanuvchilardan biri bo‘lgan Qurbonali Abdurahmonov o‘zi bilan bir vaqtda ishlagan tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev unga militsiya xodimlari kuniga 20 ta televizor olib berasan degan topshiriq berganini, u rad etganidan so‘ng IIB boshlig‘i “IIBga qarshi chiqish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish” bilan tahdid qilganini eslagandi.
22 oktyabr kuni o‘tgan sud majlisida esa guvoh tariqasida chaqirilgan IIB xodimlari G‘ayrat Otaqulov va Yusuf Yoqubov sudga kelmagani bois sudlanuvchilar Akmal Xo‘jayev (sobiq IIB boshlig‘i) va Jasur Rasulov (IIB boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari) guvohlar eshitilmay turib ko‘rsatma bermasliklarini aytgandi.
24 oktyabr kuni Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan navbatdagi sud majlisida jabrlanuvchi ayol yechintirilgani aytilayotgan “tezkor tadbir” ishtirokchisi bo‘lmish IIB tezkor xodimi Yusufbek Yoqubov so‘roq qilingan va “davlat siri” degan vaj bilan sudda OAV ishtiroki cheklab qo‘yilgandi.
7 noyabr kungi sud majlisida sudya jabrlanuvchi Gulira’no Qosimovani “ish yuritish tartibini buzgani uchun” sud zalidan chiqarib yuborgan edi.
Shundan so‘ng G.Qosimova ijtimoiy tarmoq orqali videomurojaat yo‘llab, sudya unga nisbatan adolatsizlik qilayotganini, IIB sobiq amaldorlariga yon bosayotganini aytdi. Ushbu bayonot ortida 12 noyabrdan boshlab sud majlisi OAV ishtiroki uchun ochib qo‘yildi.
21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida esa Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari bo‘lgan Jasur Rasulov ko‘rsatmalari tinglanishi kerak edi. Har ikki sobiq xodim «videoyozuv bo‘yicha ekspertiza xulosasi chiqsa tanishib, keyin ko‘rsatma beraman» deya ko‘rsatma berishdan yana bosh tortgandi.
Jamiyat
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
-
Siyosat4 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Jamiyat4 days ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
-
Jamiyat4 days ago
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
-
Sport5 days ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
-
Jamiyat3 days ago
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
