Jamiyat
Xivada «Qovun sayli» festivali o‘tkazildi
Keng ko‘lamli tadbirlarda mahalliy fermer xo‘jaliklari tomonidan qovunning ko‘plab navlari va ularni yetishtirish texnologiyalari namoyish etildi.
Foto: Xorazm viloyati hokimligi
Xorazm viloyatining Xiva shahrida 8-10 avgust kunlari an’anaviy «Qovun sayli» festivali o‘tkazildi.
«Ichan-qal’a» tarixiy majmuasi va «Arda-Xiva» sayyohlik markazi hududida keng ko‘lamli tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Mahalliy fermer xo‘jaliklari tomonidan qovunning ko‘plab navlari va ularni yetishtirish texnologiyalari namoyish etildi.
Tumanlar va yirik korxonalar o‘z stendlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, tovar va xizmatlar ko‘rgazmasini tashkil qildi.
Festival mehmonlari degustatsiyadan tashqari, folklor jamoalarining chiqishlarini tomosha qildi, milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari va xalq o‘yinlarida ishtirok etdi.
Festivalning faol ishtirokchilari turli nominatsiyalar bo‘yicha Xorazm viloyati hokimligi va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimidan so‘ng mahalliy va xorijiy san’atkorlar ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Jamiyat
Fuqarolarning nomiga yashirincha kredit rasmiylashtirgan bankirlar aniqlandi
Farg‘ona viloyatida fuqarolarning nomiga mikroqarz rasmiylashtirib o‘zlashtirish holati fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda hududiy tijorat banki Toshloq filiali xodimlari fuqaro R.I. va boshqalarning xabarisiz fuqarolik pasporti va boshqa hujjatlarini qo‘lga kiritib, ularning nomidan o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs sifatida mikroqarz shartnomalari rasmiylashtirgan. Natijada jami 170 mln so‘mni axborot tizimidan foydalangan holda qo‘lga kiritganliklari aniqlangan
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Iste’molchilar chiqindini olib ketmagan korxonani antiqa yo‘l bilan jazoladi
Yangi Namangan tumani Yangi zamin mahallasida chiqindilar bir necha oydan beri olib ketilmayotgan edi. Chorasiz qolgan aholi vakillari ularni mashinaga yuklab, “Musaffo iqlim” MChJ qarshisiga tashlab ketdi. “Bu birinchisi emas, o‘tgan yili dekabrda ham ko‘chada oylab qolib ketgan chiqindilarni ofislari qarshisiga tashlab ketgan edik. Shu voqeadan keyin natija bo‘lgandi”, deydi Kun.uz bilan suhbatda mahalla oqsoqoli.
Yangi zamin mahallasida yashovchi Ilhom Mamasoliyevga ko‘ra, chiqindi oylar davomida olib ketilmagani ortidan atrofda chiqindi uyumlari hosil bo‘lgan.
“25 mart kuni safardan qaytdim. Kelsam, eshigimning tagi chiqindixonada bo‘lib ketibdi… Asabim buzildi. Bir necha oylardan beri mahallamizdan chiqindi olib ketilmagan edi.
Nima qilishni bilmay, 90 yoshga borib qolgan qo‘shnim Hakimjon otani chaqirdim. Uning “Moskvich” mashinasiga bir nechta qopdagi chiqindilarni yuklab, “Musaffo iqlim” MChJ idorasi qarshisiga borib to‘kdik. Keyin bu lavhani Instagram va Facebook’dagi shaxsiy profilimga joyladim.
Chiqindilarni ag‘darishdan avval idorasiga kirib, dardimizni aytdik ham. Lekin ular murojaatimizga e’tibor ham berishmadi. Ilojsizlikdan shu ishni qildik-da. Buning ortidan natija bo‘ldi, albatta. Mana bo‘lar ekan-ku.
Mahallamiz “Musaffo iqlim” MChJ bilan shartnoma qilgan. Xizmat ko‘rsatiladimi-yo‘qmi, farqi yo‘q, to‘lov qilmasak qarzdorlik yoziladi.
Chiqindilarni olib ketinglar deb, salkam 6-7 oydan beri murojaat qilamiz. Tarqagan lavhadan keyin: “Biz aholiga xizmat ko‘rsatganmiz, xizmat ko‘rsatilgan paytda shu ikki fuqaro xonadonda bo‘lmagan”, deya yolg‘on munosabat berishdi. Mayli, endi nima ham deymiz? Ayb bizda ekan-da. Aybni o‘zimizga ag‘darishdi”, – deydi Ilhom Mamasoliyev.
“Musaffo iqlim” MChJ binosi qarshisiga chiqindi ag‘dargan Ilhom Mamasoliyev qo‘shnisi Hakimjon ota Ahmedov bilan
“Kombi”mashinasiga chiqindi yuklagan Hakimjon ota Ahmedov 2025 yilning dekabr oyida ham chiqindilarni yig‘ib, idora eshigi yoniga tashlab ketganini aytadi.
“Chiqindi xizmati uchun shartnoma qilganmiz. Bir oyda to‘rt marta chiqindini olib ketishlari kerak. Lekin ular har xil bahonalar bilan bir oyda ikki marta kelamiz deyishdi. Unga ham rozi bo‘ldik.
2025 yilda ham chiqindi to‘planib ketib, hammayoq badbo‘y hidga to‘lgan edi. O‘shanda ham mana shu “Kombi”mashinamga yuklab, idora yoniga tashlab kelgan edik. Bu safargisida imkon bo‘lmadi, bormagan joyimiz qolmadi. Ichki ishlarga murojaat qilmadik xolos. Hokimiyatgacha chiqdik.
Aslida pulni avtomatik ravishda olishaveradi, lekin xizmat ko‘rsatishmaydi. Oxirgi marta yanvar oyida kelishgan. Shu bo‘yicha to‘xtagan. Fevral o‘tdi kelmadi, mart o‘tdi kelmadi. Hamma joyni chiqindi bosib ketdi. O‘sha kuni qo‘shnim Ilhomjon bilan tarmoqlarda tarqagan ishni qildik. Boshqa ilojimiz qolmagandi.
To‘kishdan avval idorasiga kirib, dardimizni aytsak, hech kim pisad qilmadi-da bizni. Chiqindi mashinasi kelmasa, mana “Moskvich”im xizmat qiladi. Chiqindini olib ketishmasa, yana olib borib to‘kib kelamiz”, – deydi Hakimjon ota Ahmedov.
Holatga izoh olish uchun “Musaffo iqlim” MChJning hududiy rahbari Abdulboqiy Maqsudov va maishiy chiqindilarni tashish xizmati nazoratchisi Qobil Saidov bilan telefon orqali muloqot qildik. Ular qishdagi metan muammosi va maxsus mashinalar ta’mirda bo‘lib qolgani kabi sabablar tufayli xizmat ko‘rsatishda uzilishlar bo‘lganini bildirdi.
Namangan viloyati hokimligi 1 mart kuni bergan xabarida, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov “Musaffo iqlim” MChJ faoliyati bilan tanishgani, tizimga yangi investor jalb etilgani aytilgan.
Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati
Xabarda aytilishicha, “Musaffo iqlim” MChJ – Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida istiqomat qiluvchi 964 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Xizmat hududida 17 812 nafar yuridik shaxs faoliyat yuritadi, shundan 4 516 tasi aynan ushbu tashkilot bilan chiqindilarni olib ketish bo‘yicha shartnoma tuzgan.
Tasvirga olish jarayonida Yangi Namangan tumanining Islomobod mahallasida yashovchi fuqarolar ham bir necha oydan beri chiqindi olib ketilmayotganidan shikoyat qilishdi. Ularning aytishicha, chiqindi xizmati uchun to‘lov oyma-oy qilinadi, lekin shunda ham xizmat ko‘rsatilmaydi.
“Chiqindi xizmati uchun to‘lovni vaqtida amalga oshiramiz, yana ko‘chada to‘planib uyum bo‘lib yotgan qoplarni olib ketish uchun ham alohida pul yig‘ib, mashina yollab ularni bir joylarga tashlab kelamiz”, deydi mahalla aholisi.
Jamiyat
1 mln xonadon o‘rganiladi, 1,5 mln fuqaroga yordam ko‘rsatiladi
Dastur doirasida 2026 yil davomida turli yo‘nalishdagi aksiyalar, 50 mingdan ortiq tadbirkorni jarayonga jalb qilish hamda 1,5 milliondan ziyod fuqaroga turli ko‘rinishdagi ko‘mak berish rejalashtirilgan. Eng muhimi prezidentimiz tomonidan amalga oshrilayotgan islohotlar har bir xonadonga yetkaziladi.
«Xalq bilan birga» umummilliy dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi va unga rasmiy start berildi. Loyiha taqdimotida partiya Siyosiy kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, mahalliy kengash deputatlari, tadbirkorlar, yoshlar, xotin-qizlar, jamoatchilik faollari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, kambag‘allikka qarshi kurashish, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash hamda inson qadrini ulug‘lash tamoyillarini amaliyotga keng joriy etishni nazarda tutadi.
Dastur uchun alohida yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2026 yil davomida 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha turli yo‘nalishdagi aksiyalar o‘tkaziladi. Shuningdek, dasturga 50 mingdan ortiq tadbirkor jalb etilishi, 1,5 milliondan ziyod fuqaro turli ko‘rinishdagi yordam bilan qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Uyma-uy o‘rganish mexanizmi joriy etiladi
Loyiha doirasida aholi bilan ishlashning yangi tizimli mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, «Yurakka yo‘l» aksiyasi orqali uyma-uy yurib, 1 milliondan ortiq xonadonning holati o‘rganiladi.
Jarayonda partiya faollari, deputatlar, tadbirkorlar hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, ehtiyojmand oilalar aniqlanadi va ularga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, hududlarda 10 dan ortiq mobil shtab faoliyati ishga tushirilib, ular tomonidan respublika bo‘ylab 200 dan ortiq sayyor qabullar tashkil etiladi. Ushbu qabullarda fuqarolarning murojaatlari tinglanadi, muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘rish, zarur hollarda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Mahalla bilan hamkorlik kuchaytiriladi
«Mahalla yettiligi» hamda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda ehtiyojmand oilalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish vazifasi ham dasturdan o‘rin olgan. Hududlarda 50 ta davra suhbati, 100 dan ortiq muhokamalar, 50 ta ochiq muloqot, 10 ta konferensiya hamda 25 ta yirik aksiya tashkil etilishi belgilangan.
Bundan tashqari, Telegram-bot orqali onlayn so‘rovnomalar, «Deputat bilan ochiq suhbat» onlayn platformaci hamda «Sizning fikringiz biz uchun muhim» kabi interaktiv loyihalar ishga tushiriladi.
Ijtimoiy aksiyalar o‘tkaziladi
Dastur doirasida kam ta’minlangan oilalarni oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak va zarur jihozlar bilan ta’minlash, tibbiy ko‘riklar tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kasbga o‘qitish kabi manzilli yordam choralari amalga oshiriladi.
«Bir oila – bir homiy», «Yaxshilik marafoni», «Farovon oila», «Inson qadri ulug‘langan yurt», «Keksalarga mehr», «Umid», «Bir kunda – 1000 kitob», «Salomatlik sari» kabi qator ijtimoiy aksiyalar yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur ijrosi nazoratga olinadi
Loyiha ijrosini ta’minlashda jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Hududlarda o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida jamoat eshituvlari tashkil etish, deputatlik so‘rovlari yuborish va qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish orqali tizimli muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilishi ta’kidlandi.
Yakunda «Xalq bilan birga» umummilliy dasturiga rasmiy start berildi. Hududlar kesimida aniq vazifalar belgilandi, mas’ullar biriktirildi va dastur ijrosini ta’minlashga qaratilgan yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Jamiyat
Mahallalar va jurnalistlar uyushmalari o‘zaro memorandum imzoladi
Mahallalar va jurnalistlar uyushmasi o‘zaro memorandum imzoladi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish hamda hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida birgalikda mediatadbirlar o‘tkazish, jurnalistlar o‘rtasida ko‘rik-tanlovlar e’lon qilish orqali ilg‘or tajribalarni ommalashtirish belgilandi.
Muloqot yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Jamiyat
O‘zbekistonlik ayol va uning uch farzandi Rossiyadan olib kelindi
Sankt-Peterburg shahrida murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi Bosh konsulxona ko‘magi bilan vatanga qaytarildi. Bolalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari rasmiylashtirilmagani sababli ular vaqtincha davlat idoralari qarmog‘iga olingan edi.
“Dunyo” axborot agentligi xabar qilishicha, O‘zbekiston fuqarosi R.Z. 2020 yilda ishlash maqsadida Sankt-Peterburg shahriga kelgan. 2020–2025 yillar davomida u uch farzandli bo‘lgan, ammo murakkab hayotiy sharoit tufayli bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagan.
Shu bois, voyaga yetmaganlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan va bu holat ularni vaqtincha davlat muassasasi qaramog‘iga olish hamda ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirishga sabab bo‘lgan.
O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi vaziyatga aralashib, hamyurtlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Jumladan, diplomatlar tomonidan bolalarning shaxsi va qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatlar tayyorlanib, tegishli idoralar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Mazkur ish Sankt-Peterburgning Vasileostrovskiy tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud jarayonida Bosh konsulxona xodimlari fuqaro manfaatlarini himoya qilib, bolalarni oila bag‘riga qaytarish zarurligini asoslab bergan.
Sud ijobiy qaror qabul qilganidan so‘ng, ona va uning uch farzandi O‘zbekistonga qaytarildi.
-
Dunyodan4 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Turk dunyosi5 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Sport4 days agoEronlik futbolchilar Minob qurbonlarini xotirladi
-
Dunyodan3 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
-
Jamiyat4 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
-
Jamiyat4 days ago
Soliqdan qarzdor fuqaroning qimmatbaho avtomashinasi xatlandi
