Iqtisodiyot
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda
Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda, bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirda aytdi.
«Agar hozir Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi «boshi berk» mamlakatda yashayotgan bo‘lsak, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yakunlanishi bilan biz tranzit davlatiga aylanamiz», dedi u.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, ushbu keng ko‘lamli loyihaning amalga oshirilishi yangi tranzit aloqalarini ochadi va mintaqaning xalqaro ahamiyatini oshiradi. Qirg‘izistonda yuklarni yetkazib berish vaqti sezilarli darajada qisqaradi, bu esa yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Temir yo‘l tarmog‘ining rivojlanishi ichki aloqalarni mustahkamlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizmga kuchli turtki beradi.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi mintaqadagi texnik va muhandislik jihatdan eng murakkab loyihalardan biridir. Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu – jami yo‘lning qariyb 40 foizi tunnel va ko‘priklar orqali o‘tadi, degani. Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi.
Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Ushbu mablag‘ning yarmi – taxminan 2,3 milliard dollar Xitoy tomonidan Qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi. Qolgan 2,3 milliard dollar uch davlat tomonidan kompaniya ustav kapitaliga quyidagicha nisbatda kiritiladi: Xitoy – 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston – har biri 24,5 foizdan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni qanday o‘zgardi?
O‘zbekiston 2026 yildagi Iqtisodiy erkinlik indeksida o‘z o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshilagan holda 184 ta mamlakat orasida 86-o‘rinni egalladi. Mamlakat iqtisodiyoti hisobot e’lon qilina boshlanganidan beri birinchi marta «o‘rtacha erkin» darajaga ko‘tarildi. Bir qator indikatorlarda o‘sish kuzatilgan, shu bilan birga, sud-huquq tizimi samaradorligi hamda biznes yuritish erkinligi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yomonlashgan.
O‘zbekiston 2026 yilgi iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshiladi va 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. 2025 yilga nisbatan mamlakatning iqtisodiy erkinlik darajasi 2,3 punktga oshdi va 60,3 ko‘rsatkichga yetdi (maksimal natija – 100 ball). Reytingda O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnilari San-Tome va Prinsipi (85-o‘rin) va Namibiya (87-o‘rin) hisoblanadi.
1998-2026 yillarda O‘zbekistonga berilgan umumiy ballning o‘zgarish dinamikasi
Ko‘rsatkichlar o‘zgarishi
Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 2025 yilga nisbatan 12 ta indikatorning 8 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, 2 ta indikatorda esa salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Shuningdek, yana 2 ta indikator bo‘yicha narijalar o‘zgarishsiz qolgan.
Qonun ustuvorligi:
mulkiy huquqi — 43,1 (+9,6);
davlat yaxlitligi — 32 (+0,8);
sud-huquq tizimi samaradorligi — 13,7 (-0,8).
Davlat aralashuvi darajasi:
soliq yuki — 95 (+2,2);
davlat xarajatlari — 73,7 (+0,1);
fiskal salomatlik — 79,9 (+6,6).
Davlat tomonidan tartibga solish samaradorligi:
biznes yuritish erkinligi — 62,5 (-1,9);
mehnat bozori erkinligi — 48,4 (+0,5);
pul erkinligi — 65,1 (+0,5).
Bozorning ochiqligi:
savdo erkinligi — 80,6 (o‘zgarmagan);
investitsiya erkinligi — 70 (+10);
moliyaviy erkinlik — 60 (o‘zgarmagan).
Mamlakatlar iqtisodiyoti besh guruhga bo‘lingan: erkin (80 dan 100 ballgacha), asosan erkin (70−79,9 ball), o‘rtacha erkin (60−69,9), asosan erkin bo‘lmagan (50−59, 9) va repressiv (0−49,9). Yangi reytingda O‘zbekiston iqtisodiyoti hisobot e’lon qilina boshlanganidan beri birinchi marta o‘rtacha erkin darajaga ko‘tarildi. Xususan, respublika 1998-2006 yillarda repressiv, 2007-2009 yillarda iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan, 2010-2016 yillarda yana repressiv, 2017-2025 yillarda iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoriga kiritilgandi.
«O‘zbekistonda umumiy qonun ustuvorligi zaif. Mamlakatdagi mulkchilik huquqi, sudning samaradorligi va hukumat yaxlitligi reytingi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past», deyiladi hisobotda.
Qo‘shni mamlakatlarning o‘rni qanday?
MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni Armaniston (52-o‘rin) va Ozarboyjon (67-o‘rin) qayd etgan. Keyingi pog‘onalardan Qozog‘iston (68-o‘rin), Moldova (101-o‘rin), Qirg‘iziston (114-o‘rin), Tojikiston (131-o‘rin), Rossiya (145-o‘rin), Belarus (150-o‘rin) va Turkmaniston (160-o‘rin) o‘rin olgan.
Umumiy reytingning eng yuqori 3 ta pog‘onasini Singapur (84,4 ball), Shveytsariya (83,7 ball) va Irlandiya (83,3 ball) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda Venesuela (27,3 ball), Kuba (25,2 ball) va Shimoliy Koreya (3,1 ball) qayd etilgan. 8 ta davlat: Afg‘oniston, Iroq, Liviya, Lixtenshteyn, Samoli, Suriya, Ukraina va Yamanga turli sabablarga ko‘ra reyting berilmagan.
Umumiy iqtisodiy erkinlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa o‘tgan yilgi 59,7 ballda 59,9 ballga oshgan.
Iqtisodiyot
o‘zbekistonliklar go‘sht, sut va yonilg‘i narxlari oshishini ko‘proq sezishgan
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovlarda Toshkent shahrida yashovchilar oxirgi 12 oyda narx-navo 13,3 foizga oshganini aytgan bo‘lsa, andijonliklar 12,9 foizlik inflatsiyani sezganliklarini bildirgan. Qoraqalpog‘istonda sezilgan inflatsiya ko‘rsatkichi esa eng past – 10 foiz.
2026 yil fevral oyida O‘zbekiston aholisi sezgan yillik inflatsiya darajasi yanvar oyiga nisbatan 0,1 foiz bandga pasayib, 11,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
So‘rovnomada 2800 dan ortiq respondent ishtirok etgan. Ular bergan javoblarga qaraganda, sezilgan inflatsiya Toshkent shahrida eng yuqori – 13,3 foizni, Andijon viloyatida 12,9 foizni, Farg‘ona viloyatida 12,2 foizni tashkil etgan.
Qoraqalpog‘istonliklar esa narx-navo oshishini hammadan ham kamroq sezishgan – 10 foiz. Namangan viloyatida yashovchilar 10,4 foiz, Navoiy viloyati aholisi 10,5 foizlik inflatsiyani his etishgan.
Fevral oyida aholi tomonidan narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgan asosiy tovar va xizmatlar quyidagilar: go‘sht va sut, benzin va yoqilg‘i, meva va sabzavotlar, elektr va tabiiy gaz, dorilar, shuningdek, yo‘lkira va tashish xizmatlari.
Daromadlari 2 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi qatlami eng kam – 10,4 foizlik inflatsiyani sezgan bo‘lsa, 20 mln so‘mdan ko‘proq daromad topuvchilar oxirgi 12 oyda narx-navo 14,4 foizdan ko‘proqqa oshdi deb hisoblayapti.
Iqtisodiyot
Ispaniya yonilg‘iga QQSni deyarli ikki barobarga kamaytiradi
Ispaniya hukumati Eron bilan urushning iqtisodiy oqibatlarini yumshatish uchun aholini qo‘llab-quvvatlash paketini tayyorladi. Unga yonilg‘i uchun QQSni pasaytirish va uglevodorodlarga aksizni to‘xtatib turish kiradi, deb xabar bermoqda Cadena SER.
Ispaniya hukumati mamlakat aholisi uchun AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi iqtisodiy oqibatlarini yumshatish maqsadida yonilg‘iga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni 21 foizdan 10 foizga tushiradi. Bu haqda 20 mart, juma kuni Cadena SER radiostansiyasi xabar qildi.
Radiostansiyaga Ispaniya hukumatidan ma’lumot bergan manbalarga ko‘ra, mamlakat hokimiyati uglevodorodlarga aksiz solig‘ini ham vaqtincha to‘xtatib turishni rejalashtirmoqda. Bu esa dizel yonilg‘isi va benzin narxini darhol litriga 40 yevrosentga arzonlashtiradi. Yana bir chora sifatida elektr energiyasi iste’moliga qo‘yilgan 5 foizlik soliqni bekor qilish nazarda tutilgan. Hukumat ushbu choralar paketini 20 martning o‘zidayoq e’lon qilishi kutilmoqda.
Reuters agentligi ta’kidlashicha, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi sharoitida energiya importiga kuchli darajada bog‘liq bo‘lgan Yevropa mamlakatlari inflatsiyani jilovlash choralari paketlarini tayyorlamoqda. 2027 yilning o‘zida inflatsiya 4 foizga yetishi mumkin. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, Yevropa Markaziy banki (YeMB) belgilagan 2 foizlik maqsadli darajaga qaytish uchun Yevropaga yillar talab qilinishi mumkin.
Jumladan, Italiya allaqachon yonilg‘iga aksizni 25 yevrosentga kamaytirgan. Germaniya hukumati ham qo‘llab-quvvatlash paketini tayyorlamoqda, unga neft kompaniyalari uchun ortiqcha foyda solig‘i kiritilishi mumkin.
Iqtisodiyot
AQSh Eron neftiga qo‘llanilayotgan sanksiyalarni yumshatdi. Nega?
AQSh Moliya vazirligi bir oy muddatga Eron neftini sotib olish va sotishga ruxsat berdi. Bu qaror energiya resurslari narxlarini pasaytirishga yordam berishi bilan izohlanyapti. Hozirda Eron neftining asosiy xaridori – Xitoy bo‘lib, rasmiy Pekin xomashyoni chegirma bilan sotib olyapti. Sanksiyalarning yumshatilishi neftni Hindiston,Yaponiya va Malayziyaga yo‘naltirishi, natijada Xitoy ham «bozor narxi»da pul to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin.
20 mart, juma kuni kechqurun AQSh Moliya vazirligi 30 kun muddatga Eron nefti va neft mahsulotlarini sotib olish hamda sotishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Bu faqat shu kungacha jo‘natilgan va yo‘lda bo‘lgan yuklarga taalluqli. Yangi bitimlar tuzishga ruxsat berilmaydi.
AQSh moliya vaziri Skot Bessent maskur qarorni «qisqa muddatli» deya izohladi. Uning ta’kidlashicha, yangi choralar jahon bozoriga taxminan 140 million barrel neft chiqarishga imkon beradi. Bu esa taqchillikni qisman kamaytirib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijoriy kemalar harakati to‘xtatilgani fonida keskin oshgan narxlarni pasaytirishga yordam beradi. Hozirda Eron neftining asosiy xaridori — Xitoy bo‘lib, rasmiy Pekin neftni chegirma bilan sotib olyapti.
«Aslida, biz «Epik g‘azab» operatsiyasi davom etayotgan paytda narxlarni past darajada ushlab turish uchun Eron neftidan Tehronning o‘ziga qarshi foydalanamiz», — deya yozdi AQSh moliya vaziri.
Bessentning qo‘shimcha qilishicha, rasmiy Tehron bu daromadlardan foydalanishda qiynaladi, chunki AQSh Eronning xalqaro moliya tizimiga kirish imkoniyatlariga maksimal bosimni davom ettiradi.
Bir hafta oldin shunga o‘xshash vaqtinchalik yengillik Rossiya neftiga nisbatan ham qo‘llangandi. Bessent payshanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida cheklovlarning yumshatilishi Eron neftini Hindiston, Yaponiya va Malayziyaga yo‘naltirishga yordam berishini, Xitoy esa hozirgiday chegirma bilan emas, balki «bozor narxi»da pul to‘lashga majbur bo‘lishini aytgandi. Uning prognozlariga ko‘ra, Eron neftining bozorga chiqishi narxlarni 10–14 kun davomida pasaytiradi.
«Bu chora vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi»
Moliya vazirligi qarori AQSh sanksiya siyosatiga zid bo‘lgani boisidan ekspertlar tanqidiga uchradi. Ular cheklovlarning yumshatilishi narxlarga qisman ta’sir qilishini , neft savdosi esa AQSh hujum qilayotgan Eron rejimini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlashyapti.
Blackstone Compliance Services kompaniyasi direktori David Tannenbaum BBC’ga shunday dedi: «Yumshoq qilib aytganda, qaror — mutlaqo bema’nilik. Aslida biz Eronga neft sotishga ruxsat beryapmiz, bu esa keyinchalik harbiy harakatlarni moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin».
Shuningdek, ekspertlar Eron nefti global narxlarni keskin tushira olishiga shubha bildiryapti. Narxlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi va AQSh prezidenti Donald Trumpning urush yakuni haqidagi ziddiyatli bayonotlari fonida bir barrel uchun 120 dollargacha ko‘tarildi. Ta’kidlashicha, muhokama qilinayotgan hajm global talabga nisbatan uncha katta emas.
«Bu taklifni biroz oshirishi mumkin, lekin vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi, aksincha ko‘plab savollarni paydo qilyapti», — deydi Yangi Amerika xavfsizlik markazining katta ilmiy xodimi Rachel Ziyemba.
O‘z navbatida, Eron rasmiylari hozirda xalqaro bozorlarga taklif etish uchun ortiqcha neft yo‘qligini aytyapti. Eron neft vazirligi vakili Saman Goddusi AFP’ga bergan izohida shunday dedi: «Hozirda Eronda na dengizdagi tankerlar, na boshqa bozorlarga yetkazib berish uchun ortiqcha neft deyarli qolmagan. AQSh moliya vazirining bayonoti xaridorlarga umid berishga qaratilgan».
Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida global miqyosida neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilyapti. Jahon neft eksportining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSh va Isroil hujumlari to‘xtamaguncha neft yetkazib berishni to‘sib turishini bildirgan.
Moskvaga nisbatan sanksiyalarning yumshatilishi ham Yevropa yetakchilari tomonidan keskin tanqid qilindi. Ular bu Vladimir Putin rejimini mustahkamlashi va Ukrainadagi urushni cho‘zishini aytishyapti.
Shu hafta Vakillar palatasi Eron neft sektoriga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qilgandi. AQSh Moliya vazirligining yuqoridagi qarori mamlakat ichida qanday qabul qilinishi hozircha noma’lum.
Iqtisodiyot
YeI Xitoydan birinchi marta unga yetkazib berganidan ko‘ra ko‘proq avtomobil import qildi
Xitoy avtomobillarining Yevropaga yetkazib berilishi birinchi marta Yevropa avtosanoati mahsulotlarining Xitoyga eksportidan oshib ketdi. Bundan Germaniya avtosanoati mustasno, ammo mutaxassislar ogohlantirishicha, 2026 yilning o‘zidayoq bu vaziyat o‘zgarishi mumkin.
Foto: Global Look Press/Cfoto/Keystone Press Agency
Xitoydan Yevropa Ittifoqiga import qilingan avtomobillar hajmi birinchi marta Yevropa avtosanoati mahsulotlarining Xitoyga eksporti miqyosidan oshib ketdi. Bu haqda 20 mart, juma kuni dunyodagi eng yirik audit va konsalting kompaniyalaridan biri bo‘lgan EY xabar qildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Yevropa avtomobillari va ehtiyot qismlarining Xitoyga yetkazib berilishi 34 foizga kamayib, 16 milliard yevroga tushgan.
Shu tariqa, 2022 yildan buyon Yevropa avtomobillarining Xitoyga eksporti ikki baravardan ham ko‘proq qisqargan. Shu bilan bir vaqtda, ushbu sektor bo‘yicha Xitoydan import 8 foizga o‘sib, 22 milliard yevroga yetgan, deyiladi hisobot mualliflari xulosasida.
EY hisobotidan kelib chiqishicha, nemis ishlab chiqaruvchilarining avtomobillari eksporti hali ham Xitoy avtomobillarining Germaniyaga importidan yuqori bo‘lib turibdi, biroq bu farq tez qisqarmoqda. Yetkazib berish hajmi bo‘yicha rekord qayd etilgan 2022 yil bilan taqqoslaganda, Xitoyga eksport ikki baravardan ham ko‘proq qisqarib, taxminan 30 milliard yevrodan 13,6 milliard yevroga tushgan. Xuddi shu davrda Xitoydan Germaniyaga avtomobil importi uchdan ikki hissaga oshib, 7,4 milliard yevroga yetgan.
“Agar bu tendensiyalar saqlanib qolsa, import va eksport 2026 yilda tenglashishi mumkin”, — deyiladi EY tahlilida.
EY eksperti Konstantin Gallning so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha Volkswagen, Mercedes-Benz va BMW kabi nemis avtokonsernlari bozordagi ulushini muvaffaqiyatli himoya qilib kelgan, biroq Xitoy tomonidan kuchayib borayotgan raqobat va Germaniya avtomobil sanoatidagi inqiroz sharoitida buni amalga oshirish tobora qiyinlashmoqda.
“2026 yilda raqobatning yanada kuchayishini ko‘ramiz — demak, avtomobil ishlab chiqarish markazi sifatida Germaniyaga bosim ham ortib borishda davom etadi”, — deb hisoblaydi ekspert.
Hisobot mualliflari, shuningdek, Germaniya avtomobil sanoatidagi inqiroz va raqobat kuchayishi o‘tgan yili biznesga ta’sir ko‘rsatganini qayd etdi. Jumladan, 2025 yilda Germaniya avtosanoatining tushumi 1,6 foizga kamayib, qariyb 528 milliard yevroga tushgan, ish o‘rinlari soni esa qariyb 50 mingtaga qisqargan. Hozirgi paytda tarmoqda taxminan 725 ming kishi mehnat qilmoqda, bu so‘nggi 14 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir. Hisobotda aytilishicha, inqiroz eng kuchli zarbani ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilarga bergan — bu sektorda 2025 yilda tushum 4 foizga, bandlik esa 10 foizdan ortiqqa qisqargan.
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat3 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Iqtisodiyot3 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Jamiyat5 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Siyosat2 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot4 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
-
Iqtisodiyot4 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
-
Iqtisodiyot3 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
