Jamiyat
Xayrulla Asadov jarimaga tortilib, yuzta kitobi musodara qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda “tirik kitob” sifatida tanilgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangani uchun jarimaga tortildi. U 20 ming so‘mga xarid cheki bermagan va kunlik savdodan tushgan 20 ming so‘m pulni onlayn nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritmagan. Toshkent shahar sudlari ma’naviyat va savdo o‘rtasida farq borligini, kitob ma’naviyat vositasi bo‘lishi barobarida sotuvda u tovar hisoblanishini bildirdi.
Ko‘chada kitob sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan, ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlar orqali “tirik kitob” sifatida taniydigan Xayrulla Asadov ma’muriy jazoga tortildi. Bunga uning tadbirkorlik faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullangani sabab bo‘lgan.
Kun.uz tanishgan sud qarorida keltirilishicha, 2025 yil 23 sentabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari Xayrulla Asadovga tegishli ko‘chma savdo nuqtasida tekshiruv o‘tkazgan. Jarayonda u xaridorga 20 ming so‘mga xarid cheki bermagani va kunlik savdodan tushgan 20 ming so‘m pulni onlayn nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritmagani, shuningdek, tegishli hujjatlarsiz faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Xayrulla Asadov qilmishidan pushaymon ekanini, bu kabi harakatlarni boshqa sodir etmasligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2026 yil 6 yanvardagi qarori bilan Xayrulla Asadov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirish huquqbuzarligini sodir qilgan deb topilgan. Unga BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.
Shuningdek, Xayrulla Asadovning narxi 1 mln 520 ming so‘m bo‘lgan 3 turdagi 100 dona kitobi tegishli tartibda musodara qilingan.
Toshkent shahar sudlari holat yuzasidan munosabat bildirdi.
“Ma’naviyat va savdo o‘rtasida farq bor. Kitob – ma’naviyat vositasi ekani to‘g‘ri, biroq u sotuvda tovar hisoblanadi, sotuvchi esa savdo qoidalariga rioya etishi kerak. Bu masalaning huquqiy tomoni. Masalaning ijtimoiy-ma’naviy tomonlari ham bor, albatta. Bu, ish holatidan kelib chiqib, yuqori sud instansiyasida muhokama qilinishi mumkin”, deyiladi munosabatda.
Qo‘shimcha qilinishicha, qonun sud qaroridan norozi tarafga shikoyat qilish imkoniyatini beradi. Buning uchun yuqori sud instansiyasiga murojaat etish lozim.