Jamiyat
Xalqaro qidiruvga berilgan ayol BAAdan deportatsiya qilindi
Interpol Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida Interpol kanallari orqali xalqaro miqyosda qidiruv e’lon qilingan jinoyatchi ayolni deportatsiya qilish masalasi hal etildi.
Samarali axborot almashinuvi va qo‘shma tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish natijasida jamoat tartibiga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs mamlakatdan chiqarib yuborildi.
Tezkor tadbirlar natijasida qidiruvdagi M.K.ning iziga tushildi va uning BAA hududida ekanligi tasdiqlandi.
BAA vakolatli organlarining ijobiy qaroridan so‘ng, ayol Amirliklar migratsiya politsiyasi xodimlari kuzatuvida deportatsiya qilindi va Toshkent xalqaro aeroportida javobgarlikka tortish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Interpol Milliy Markaziy Byurosi xodimlariga topshirildi, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Bloger Geydar Aliyev 5 sutkaga qamaldi
Gonzo nomi ostida faoliyat olib boradigan bloger Geydar Aliyev ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Sud uni mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish huquqbuzarliklarida aybli deb topdi.
Bloger Geydar Aliyev ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, Gonzo nomi ostida faoliyat olib boradigan 28 yoshli Geydar Aliyev 13 iyunda Toshkent shahrida o‘tkazilgan festivalda jamoat tartibini buzgan. U voyaga yetmagan shaxslarni ularning qarshiligiga qaramay videotasvirga olgan hamda Telegram kanalida tarqatgan.
Shuningdek, bloger ichki ishlar organi xodimining huquqbuzarlikni to‘xtatish haqidagi talabini bajarmasdan jamoat joyida so‘kingan holda odamlar osoyishtaligini buzgan.
Bundan tashqari, Geydar Aliyev 17 iyun kuni jabrlanuvchilardan birining sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni Telegram’da tarqatgani ham aniqlangan.
Geydar Aliyev sudda qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan.
“13 iyun kuni Mirobod tumanida o‘tkazilgan “K-Vibe” festivaliga “Kimano” kiyimida borib, ukamning operatorligida bayram jarayonini jonli video orqali tasvirga olishni boshladim. O‘sha yerdagi fuqaroga birga raqsga tushishni taklif qildim. U videoga olmaslikni aytib, operatorga qarshilik qildi. O‘sha yerda xizmatni o‘tayotgan profilaktika inspektori videoga olmasligimni va o‘chirib tashlashimni so‘radi. Men qaysi asosga ko‘ra fuqarolar yoki IIO xodimlarini videoga olmaslik kerakligini so‘radim. Xodimning IIB binosiga birga borish taklifini rad qildim.
Bundan tashqari, jamoat joyida ruscha so‘zlar bilan so‘kinganim rost. Bunday qilmishi uchun chin ko‘ngildan pushaymonman”, degan bloger.
Jabrlanuvchilar suddan Aliyevga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Mirobod tuman sudi qarori bilan Geydar Aliyev MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi, va 46-2-moddasi (shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Jamiyat
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
Raqamli hukumat fuqarolarga uy qurishda hujjatlarni rasmiylashtirish hamda qurilish ishlarini amalga oshirish tartibini eslatib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, avvalo litsenziyaga ega loyiha tashkilotida uy loyihasini tayyorlash lozim. Shundan so‘ng loyiha my.gov.uz portali orqali tegishli tartibda kelishilib, qurilish ishlarini boshlash mumkin. Qurilish yakunlangach esa obyektdan foydalanishga ruxsatnoma ham elektron tarzda olinadi.
Qayd etilishicha, agar uy ikki qavatdan oshmasa, balandligi 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan katta bo‘lmasa, fuqaro litsenziyaga ega loyiha tashkilotiga murojaat qilib loyiha tayyorlatishi mumkin. Keyinchalik loyiha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi bilan kelishilgach, qurilish ishlari boshlanadi.
Mutasaddilar uy aynan tasdiqlangan loyiha asosida qurilishi kerakligini ta’kidladi. Aks holda, foydalanishga ruxsatnoma olish jarayonida muammolar yuzaga kelishi mumkin. Chunki yakuniy bosqichda loyiha tashkilotining xulosasi hamda vakolatli organlarning joyiga chiqib o‘tkazadigan o‘rganish natijalari talab etiladi.
Shuningdek, fuqarolar elektron xizmatlar orqali quruvchi tashkilotning ishonchliligini tekshirish, ko‘chmas mulkning buzilish (snos) hududiga tushgan-tushmaganini aniqlash, uy-joyni QR-kod orqali tekshirish, yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish, kommunal hisobraqamlar va qurilish obyektlari haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega.
Mas’ullar hujjatlarsiz qurilgan obyektlar qonunchilikka muvofiq jarimaga sabab bo‘lishi, ayrim hollarda esa buzdirilishi mumkinligini eslatdi. Litsenziyaga ega loyiha tashkilotlari ro‘yxati bilan shaffofxarid.uz platformasi orqali ham tanishish mumkin.
Jamiyat
Eski mashinasini utilizatsiyaga topshirmaganlar BHMning 30 barobari miqdorida kompensatsiya to‘laydi
Yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan transport vositalari egalaridan bozor narxida baholanib, xarid qilinadi. Avtomobil egalariga yangi avtomobilning boshlang‘ich to‘lovi uchun elektron vaucher taqdim etish yoki vaucher summasini naqdlashtirib berish taklif etiladi.
2026 yildan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobillarni bozor narxida sotib olish va utilizatsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan transport vositalari egalaridan bozor narxida baholanib, xarid qilinadi. Avtomobil egalari bilan hisob-kitob qilish jarayonida yangi avtomobilning boshlang‘ich to‘lovi uchun elektron vaucher taqdim etish yoki vaucher summasini pulga aylantirib berish taklif etiladi.
Iste’molchi ushbu vaucher orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni imtiyozli shartlarda xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda vaucherdagi mablag‘ chegirma sifatida hisoblanib, qolgan to‘lovni bir yildan ortiq muddatga bo‘lib to‘lash imkoni yaratiladi.
Eski avtomashinasini o‘z vaqtida utilizatsiyaga topshirmagan fuqarolar yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘laydi.
Jamiyat
Tovlamachilik uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs Misrdan ekstraditsiya qilindi
Qohira va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov mavjud emasligi sababli, u Rossiya orqali tranzit tarzida olib kelingan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
O‘zbekiston va Misr Interpol Milliy markaziy byurolarining kelishilgan sa’y-harakatlari natijasida tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan fuqaro O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Xabar qilinishicha, u Misr hududida qo‘lga olingan.
“Vakolatli organlar tomonidan tegishli materiallar ko‘rib chiqilib, zarur ekstraditsiya choralari yakunlangach, uni O‘zbekiston tomoniga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabarida.
Qayd etilishicha, Qohira va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov mavjud emasligi sababli, u Rossiya orqali tranzit tarzida olib kelingan.
Ekstraditsiya qilingan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
Jamiyat
Sirdaryoda tanishining pulini qalbaki dollarga almashtirib qo‘ygan ayol ushlandi
U tanishining uch ming dollar pulini sanash jarayonini videoga olib Instagramga joylashtirishini aytib, undan ushbu pullarni olgan va 1,5 ming dollarini o‘zida bo‘lgan qalbaki 1,5 ming dollarga almashtirib qo‘ygan.
Foto: Prokuratura departamenti
Sirdaryo viloyatida yashovchi ayol tanishining 1500 dollarini qalbaki kupyuralarga almashtirib qo‘ygani aniqlandi.
Xabar qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Boyovut tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.T. tanishi M.Q.da 3 000 AQSh dollari borligini bilib, sanash jarayonini videotasvirga tushirishi va Instagram sahifasiga joylashtirishini aytib, undan ushbu pullarni olgan.
Keyin esa 1 500 AQSh dollarini o‘zida bo‘lgan qalbaki 1 500 AQSh dollariga almashtirib qo‘yganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- va 176-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Jamiyat2 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Iqtisodiyot2 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Iqtisodiyot5 days ago“Asosiy stavka ta’sirchanligini oshirish choralarini ko‘ramiz” – Ishmetov
-
Iqtisodiyot5 days ago2027 yilda 5 foizlik inflatsiya maqsadiga erishish yo‘lida jiddiy xatarlar ko‘rmayapmiz
-
Dunyodan5 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
-
Dunyodan4 days agoEron yadro quroliga ega boʻlmaslikka rozi: Prezident Tramp
