Iqtisodiyot
Xaloskor migrantlar va iqtisodiy siyosatdagi iste’fo
Agar pul o‘tkazmalari ko‘paymaganda, bu yil 8 ta viloyatda aholi kambag‘allashgan bo‘lardi: Timur Ishmetovning bojlarni kamaytirish chaqirig‘iga yangi maslahatchi Obid Hakimov qanday qaraydi? Poytaxt hokimligi 174 ta daraxtni qirib tashladi: shunga qaramay joylardagi ekologiya boshliqlari hokimlarga bo‘ysundiriladimi? Haydovchilarning xohlagancha qoida buzish “huquqi” bekor bo‘ladi, lekin yangi “lazeyka”ga chora bormi?
Haftaning O‘zbekiston hayotiga oid dolzarb mavzulari – Kun.uz dayjestida.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Pul o‘tkazmalari – aholining xarid qobiliyatini o‘stirayotgan asosiy omil
Statistika agentligi O‘zbekiston aholisining topish-tutishi haqidagi yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yil aholining real daromadlari o‘sishi biroz tezlashgan. O‘tgan yili yanvar-sentabr oylarida aholi jon boshiga real daromadlar o‘sishi 5,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 6,3 foizga yetgan. Ya’ni hozirgi o‘rtacha o‘zbekistonlikning xarid qobiliyati o‘tgan yilgisidan 6,3 foizga yuqoriroq. Lekin bu respublika miqyosidagi umumiy ko‘rsatkich bo‘lib, hududlar kesimida jiddiy farq qiladi.
Masalan, Toshkent shahrida yashovchilarning topish-tutishi bu yil 10,3 foizga yaxshilandi, farg‘onaliklarning real daromadi esa bundan-da ko‘proq – 13,3 foizga ko‘paydi. Xuddi shu paytda Farg‘onaning yonidagi Andijonda real daromadlarning o‘sishi atigi 1,1 foiz bo‘lgani hayratlanarli. Ikki qo‘shni viloyat o‘rtasidagi bunchalik farqli tendensiyaning sababi tushunarsiz.
Respublikaning eng boy hududi bo‘lmish Toshkent shahrida jon boshiga 9 oylik umumiy daromad 52 mln so‘m bo‘lgan. Poytaxtdan boshqa hududlarda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 19,8 mln so‘mga teng. 5 yil oldin toshkentliklar qolgan 13 ta hudud aholisiga nisbatan o‘rtacha 2 barobar ko‘p pul topardi, hozir esa bu farq 2,6 barobarga yetgan. Xususan, Toshkent va Qoraqalpog‘istondagi aholi daromadlari naq 3,5 barobarga farq qilyapti.
Shunga o‘xshash tafovutni oylik maoshlar statistikasida ham ko‘rish mumkin. Yanvar–sentabr oylarida Toshkent shahridagi o‘rtacha oylik 10 mln 380 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, poytaxtdan boshqa hududlarda o‘rtacha 5 mln so‘m bo‘lgan. Respublika bo‘yicha o‘rtacha oyliklar 6 mln 167 ming so‘mga yetgan, bu – hisobot davridagi o‘rtacha kurs bo‘yicha 483 dollarga teng. Bundan daromad solig‘ini chegirib tashlasak, oylik maoshdan boshqa daromadi yo‘q o‘zbekistonliklar o‘rtacha 425 dollarga kun kechirayotgani ma’lum bo‘ladi.
E’tiborga molik yana bir jihat shundaki, hududlarda nafaqat turmush darajasining oshishi sekin ketyapti, balki aholining xorijdan pul o‘tkazmalariga bog‘liqligi ham o‘ta yuqoriligicha qolyapti. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar pul o‘tkazmalarining miqdori o‘tgan yilgi darajasida o‘zgarishsiz qolganida, O‘zbekiston aholisining jon boshiga umumiy daromadlari bu yil o‘smagan bo‘lardi. Qolaversa, aynan pul o‘tkazmalaridagi o‘sish 8 ta viloyat aholisini kambag‘allashishdan saqlab qolgan. Masalan, agar xorijda yurgan samarqandlik migrantlarning soni va ular yuborgan pullar miqdori oshmaganida, bu yil viloyat aholisi 5 foizga kambag‘allashgan bo‘lar edi.
Ma’lumot uchun, yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari 13,9 mlrd dollar bo‘lgan. Bu – bir yil oldingidan 24 foizga, ikki yil oldingidan 66 foizga ko‘p. Demak, zahmatkash migrantlarimizga xalq farovonligini oshirayotgani uchun minnatdorchilik bildirishning hozir ayni payti.
Iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchi o‘zgardi. Savdoga to‘siqlar kamayadimi?
Aynan iqtisodiyot sohasiga, demakki xalq farovonligiga mas’ul eng katta amaldorlardan biri bu hafta ishdan olindi. O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov lavozimini tark etdi. U 6 yildan beri iqtisodiy siyosat bo‘yicha davlat rahbariga maslahatchilik qilib kelayotgan edi. G‘ulomov hududiy rivojlanish bo‘yicha maslahatchi lavozimiga o‘tkazilgan. Uning o‘rniga iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchi etib, shu paytgacha G‘ulomovning o‘rinbosari va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori lavozimlarida ishlab kelgan Obid Hakimov tayinlandi.
Obid Hakimov
AQSh universitetlarida o‘qigan Obid Hakimovni jamoatchilik – o‘tmishdoshidan farqli ravishda – nisbatan ochiq rahbar sifatida taniydi. U – O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi mualliflaridan biri sifatida, bu masala siyosiy kun tartibiga olib chiqilgan ilk yillarda bir necha bor intervyular bergan, maqolalar e’lon qilgan, matbuot anjumanlari o‘tkazgan. O‘z chiqishlarida kambag‘allikka qarshi kurashish uchun kompleks yondashuv kerakligi, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimi samarali ishlashi zarurligi, iqtisodiyotda samaradorlik ortishi kerakligiga urg‘u bergan. Shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik masalasi kun tartibiga chiqqanida, O‘zbekistonning bu tashkilotga kirishiga xayrixohlik bildirgan.
Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy o‘lchovlar asosidagi kambag‘allik darajasi 2016 yilda 34-35 foiz bo‘lgan, hozir esa 6,6 foizga tushgan. 9 yildagi natija darhaqiqat e’tirofga loyiq. Lekin aytish kerakki, kambag‘allikni qisqartirishning “Yangi O‘zbekiston modeli” deb atalayotgan siyosat kamchiliklardan xoli emas. Hukumatdan mustaqil iqtisodchilarga ko‘ra, kambag‘allikka qarshi kurashning eng yaxshi yo‘li bu – iqtisodiy o‘sish. Iqtisodiy o‘sishning, ya’ni kambag‘allikni qisqartirishning tez yoki sekin bo‘lishi esa sud-huquq organlarining xolisligi va savdoning erkinligi kabi fundamental omillarga bog‘liq. Boshqacha aytganda, sudlar chiqarayotgan har bitta adolatsiz hukm va savdoga qo‘yilayotgan har bitta yangi to‘siq – aholini kambag‘allashtiradi. Kambag‘allikni qisqartirish uchun qabul qilinayotgan har xil dasturlar esa qaror qabul qiluvchilarni ana shu fundamental muammolardan chalg‘itishi mumkin, deydi iqtisodchilar.
Savdoga qo‘yilayotgan to‘siqlardan o‘tgan hafta Markaziy bank ham noligan edi. Bu to‘siqlar regulyatorga 5 foizlik inflyatsion targetga yetishiga xalal beryapti. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotda narx-navo barqarorligini saqlash uchun inflatsiyaning tub omillarini bartaraf etish kerak. Buning uchun raqobat muhitini kuchaytirish, tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish bilan tashqi savdoni erkinlashtirish, energiya barqarorligini ta’minlash va transport infratuzilmasini yaxshilash kerak, dedi Ishmetov. Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank avgust oyida aholining xarid qobiliyatini o‘stirish uchun oyliklarni tezroq oshirishga ham chaqirgandi.
Toshkentda yana daraxtlar qirg‘ini
HabiKatura chizgan surat
Dushanba kuni Kun.uz Telegram-kanalida ikkita qiziq xabar yonma-yon turib qoldi. Birinchi xabar kunlar sovib, havo sifati yana yomonlasha boshlagan kunlarda Ekologiya vazirligi Toshkent havosini yaxshilash choralarini ishlab chiqqani haqida edi. Ikkinchi xabarda esa ayni shu Toshkentda hokimiyat yuzlab daraxtlarni qo‘porib tashlagani yoritilgandi. HabiKatura loyihasi bu ketma-ketlikka e’tibor qaratib, uni karikaturada aks ettirdi. Hajviy suratda “biz Toshkent havosini yaxshilash choralarini ishlab chiqdik” deyayotgan ekologiya amaldorining ustiga kesilgan daraxt qulaganini ko‘rish mumkin.
Ekologiya vazirligining hukumatga kiritayotgan bu takliflari birinchi marta emas: gap yana poytaxt va uning atrofidagi korxonalar va issiqxonalarga filtrlar o‘rnatish va ko‘mirdan voz kechish haqida ketyapti. Avvalgi takliflar taklifligicha qolib ketgan. Voqealar ketma-ketligi ekologlarni hech kim eshitmayotganini ikki martalab tasdiqlab turibdi. Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi archalar qirg‘ini ekologiya xodimlarining ko‘z o‘ngida ro‘y berdi, ularning qarshiligi amalda hech narsani hal qilgani yo‘q.
Yam-yashil bo‘lib o‘sib turgan joyida noqonuniy kesib tashlangan daraxtlar va butalar soni, Ekologiya vazirligiga ko‘ra, 174 ta. Tabiatga yetkazilgan zarar – qariyb 1,5 mlrd so‘m. Bu zararni kim to‘laydi, aynan kim javobgarlikka tortiladi – aniq emas. Go‘yoki namoyishkorona jinoyat bor-u, jinoyatchi yo‘qdek. Vazirning maslahatchisi Rasul Kusherbayevning aytishicha, archalarni kesib, o‘rniga qimmat daraxtlarni ekish topshirig‘ini Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov bergan. Vaziyatga aralashmoqchi bo‘lgan ekologiya inspektorlari esa bosimga uchragan.
“Rahmonov kelib, bizning respublika inspeksiyamiz xodimining telefonini zo‘rlik qilib olib qo‘ygan. Ichki ishlar xodimlariga buyurib, olib qo‘yinglar, degan. Ichki ishlar xodimi telefonni olib, keyin “Bu Toshkent shahar ekologiya xodimi emas, respublika vazirligi xodimi”, deganidan keyin qaytarib bergan. Qizig‘i, o‘sha yerda prokuratura vakillari ham bo‘lgan”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda ekologiya vazirining maslahatchisi.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Kusherbayevning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent shahridagi ekologiya xodimlari shu yil bahorda “Yashil makon” dasturi doirasida aslida ekilmagan daraxtlarni ekildi deb yozishga majburlangan. Bu talabga ko‘nmagani uchun xodimlardan biri hatto qamab qo‘yilgan. Yana bir necha kishi ishxonasiga kiritilmagan. “Biz o‘sha holatlarni ham o‘rgandik, tegishli mutasaddilarga jo‘natdik, lekin hech qanaqa chora ko‘rilgani yo‘q. Hozir prokuratura ham hokimiyatning izmidan chiqib keta olmayapti”, – deydi u.
Archalar qirg‘ini internetda norozilik keltirib chiqarishi ortidan, poytaxt hokimligi aybini tan olib, aholidan uzr so‘radi. “Toshkent shahar hokimligi bu holat uchun mas’uliyatni, javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olgan holda, shahrimiz aholisidan yetkazilgan zarar uchun uzr so‘raydi. Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun tizimli ish olib boradi”, – dedi shahar hokimining matbuot kotibi Gulnoza Qosimova. U, shuningdek, voqea ortida Baxtiyor Rahmonov turganini rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, kelasi yildan boshlab 40 dan ortiq tumanda tajriba-sinov tariqasida ekologiya bo‘limi boshliqlari rasman hokimlarning izmiga o‘tadigan bo‘lib turibdi. 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran, 7 ta vazirlik, xususan Ekologiya vazirligining ham tuman bo‘limlari mahalliy hokimiyatlar tuzilmasiga o‘tkaziladi. Bu degani tumandagi ekologiya rahbarini lavozimga tayinlash va ishdan olish ham, rag‘batlantirish yoki jazolash ham hokimlar vakolatida bo‘ladi.
Haydovchilar uchun uchta yangilik
Avtomaktablardagi nazariy darslarda davomat bekor qilinadigan bo‘ldi. Hukumat qaroriga asosan, 2026 yil 1 fevraldan boshlab, “A” va “B” toifadagi, ya’ni mototsikl va yengil avtomobilni boshqarish huquqini beradigan haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy darslarda qatnashish ixtiyoriy bo‘ladi. Talabgorlar agar yo‘l harakati qoidalarini mustaqil o‘rganaman desa, avtomaktabda o‘qish paytida faqat amaliy mashg‘ulotlarga borishi kifoya. Nazariy darslarda qatnashish esa majburiy bo‘lmaydi.
Hukumat qaroridagi yana bir yangilik moped va skuter haydovchilarining og‘irini qisman bo‘lsa-da yengillatadi. 1 yanvardan boshlab ular uchun haydovchilik guvohnomasining “A1” kichik toifasi joriy etiladi. Bu guvohnoma moped va skuter kabi kichik transport vositalarini boshqarish huquqini beradi va uni olish uchun avtomaktabda o‘qish shart emas: to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihon topshirib, guvohnoma olish mumkin. Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 oktyabrdan e’tiboran mopedlar va skuterlarga avtoraqam taqish va faqat guvohnoma bilan haydash talabi kuchga kirgan.
Qarordagi yana bir band esa ko‘pchilik haydovchilarning ta’bini xira qildi: unga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan boshlab radarlar ham jarima ballarini yoza boshlaydi. Xabaringiz bor, bungacha jarima ballari faqat YHX inspektorlari qo‘l rejimida tuzgan bayonnomalar asosida hisoblab kelinayotgan edi. Yangi tartib esa, “xohlaganingcha tez yuraver, pulini to‘lasang bas” qabilidagi buzuq o‘yin qoidasiga yakun yasaydi. Har safar radarga tushganda, 0,5 balldan 2 ballgacha jarima balli hisoblanadi. 12 oy ichida 12 ball to‘plagan qoidabuzar sudga chaqirilib, kamida 6 oyga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.
Mashinaning egasi emas, boshqa odam radarga tushsa-chi, bu holatda jarima balli kimning hisobiga yoziladi? Rasmiylarga ko‘ra, bu masala YHXXning mobil ilovasi orqali tartibga solinadi. O‘ziga tegishli avtomobilni haydash uchun kimgadir ishonchnoma bergan shaxs, mashinani topshirish paytida u bilan birgalikda ilova orqali tizimni xabardor qilib qo‘yishi kerak. Lekin bu holatda bitta “lazeyka” bor: jarima balli 12 ga yaqinlashib qolgan, ya’ni guvohnomasidan ayrilish xavfi ostida turgan haydovchilar tizimni aldash uchun fiktiv ishonchnomalar qilib olishi mumkin. Bunga qarshi qanday chora ko‘riladi – hozircha ma’lum emas.
Yevropa bilan aloqalar qalinlashmoqda
Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi muzokaralardan keyin qo‘shma bayonot qabul qildi. / Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati
O‘tgan hafta O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tarixiy shartnoma – kengaytirilgan sheriklik bitimi imzolangan edi. Bu hafta esa Yevropaning birdaniga uchta davlati prezidenti O‘zbekistonga keldi.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya prezidenti Peter Pellegrini va Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan kechgan oliy darajadagi muzokaralarning umumiy mundarijasi bir-biriga o‘xshash: avvalo savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiya olib kirish, shuningdek, o‘zbekistonliklar uchun mehnat migratsiyasining yangi yo‘nalishlarini ochish – muhokama markazida bo‘ldi.
Tashriflar davomida qator hujjatlar ham imzolandi. O‘tgan haftada Yevroittifoq bilan tuzilgan bitim ittifoqning a’zosi bo‘lmagan Serbiyaga taalluqli emasdi, shu sabab serblar bilan tuzilgan hujjatlar to‘plami zalvorliroq bo‘ldi. O‘ndan ortiq kelishuv imzolangan bo‘lsa, ular orasidan o‘zaro investitsiyalarni himoya qilish va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar alohida ahamiyatga ega. Prezident Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuvlar kelgusida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimga ham asos bo‘ladi. Shundan keyin esa munosabatlarni hatto erkin savdo darajasiga ko‘tarish reja qilingan. Toshkent va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi kutilyapti.
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi oliy darajali muzokalar 30 yil ichida ilk marta o‘tkazilgan bo‘lsa, Finlandiya prezidentining Toshkentga tashrifi 1992 yildan beri, ya’ni 33 yil ichidagi birinchisi bo‘ldi. Aleksandr Stubb O‘zbekistonga alohida bortda emas, Uzbekistan Airways’ning Ostona–Toshkent yo‘nalishidagi odatiy reysida uchib kelgani e’tiborga molik. O‘zbek–fin muzokaralaridan keyin o‘nga yaqin hujjat imzolandi, xususan ta’limni rivojlantirish, o‘zaro savdoni moliyalashtirish va konchilik sohasida hamkorlikka kelishib olindi.
Slovakiya bilan aloqalar esa bosh vazir Robert Fitsoning iyun oyida Toshkentga tashrifi vaqtida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan va asosiy kelishuvlar o‘shanda imzolangan edi. Prezident Peter Pellegrinining tashrifida ana o‘sha kelishuvlarni kengaytirish muhokama qilindi. Shuningdek, Slovakiya va Serbiya prezidentlari Samarqandda ish boshlagan YuNeSKO sammitida ham mehmon bo‘ldi.
G‘arb bilan faol muloqot keyingi hafta ham davom etadi. 6 noyabr kuni Markaziy Osiyo prezidentlari Vashingtonda C5+1 formatidagi “Markaziy Osiyo – AQSh” sammitida qatnashadi. Aftidan, Toshkent va Ostonaning urinishlariga qaramay, Donald Trampni Markaziy Osiyoga kelishga ko‘ndirib bo‘lmagan. Sammitdan oldin Trampning mintaqamiz bo‘yicha vakili, o‘zi Toshkentda tug‘ilgan Serjio Gor dushanba kuni Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lib, O‘zbekiston prezidentiga MAGA kepkasini sovg‘a qildi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Iqtisodiyot
123 mingdan ortiq fuqaro shubhali xaridorlar reyestriga kiritildi
Ular soxta xarid chekini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazganlikda gumon qilinmoqda.
May oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum bir haq evaziga uchinchi shaxslardan soxta xarid cheki olgan, haqiqatda kirim qilinmagan yoki xarid qilinmagan tovar uchun xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazgan 123 mingdan ortiq fuqaro shubhali xaridorlar reyestriga kiritildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, bunday soxta xarid chekini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish qonunga xilof hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Xabarga ko‘ra, agar tovar yoki xizmat sotib olingan tadbirkor soliq hisobotini taqdim etmasa yoki unda kamchiliklar mavjud bo‘lsa yoxud soliq qarzi to‘lanmagan bo‘lsa, keshbek shu kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin avtomatik ravishda tasdiqlanadi.
Keshbek quyidagi hollarda hisoblanmaydi:
agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalari, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar xizmat ko‘rsatganda;
yakka tartibdagi tadbirkor hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs tomonidan raqamli platforma (Xolis Paynet) orqali berilgan xarid chekiga;
jismoniy shaxslar shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan bo‘lsa.
Iqtisodiyot
Sanoat o‘sishida qaysi tarmoqlar yetakchilik qilmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston sanoatida ishlab chiqarish hajmi o‘sishda davom etdi. Bu davrda sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqarish sanoati hissasiga to‘g‘ri keldi.
Qayd etilishicha, ishlab chiqarish sanoati hajmi 338,5 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich mamlakat sanoatidagi asosiy drayver aynan qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish sohalari bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sohasida ham ijobiy dinamika saqlanib qoldi. Tarmoq hajmi 27,5 trillion so‘mga yetgan va yillik o‘sish 6,4 foizni tashkil qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sohasida ishlab chiqarish hajmi 26,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Mazkur yo‘nalishdagi o‘sish sur’ati 3,3 foiz bo‘lgan.
Suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash sohasida esa 2,1 trillion so‘mlik xizmat va mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bu tarmoqda ham 6,4 foizlik o‘sish qayd etildi.
Iqtisodiyot
Qurilish materiallari tarmog‘ida kreditini to‘lolmayotgan korxonalar uchun 50 mln dollar ajratiladi
O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 457 ta korxonaning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgan. Bu korxonalar chiqarayotgan mahsulotlar tannarxi qimmatligi, bozor talabiga to‘liq javob bermagani uchun xaridor topilmayapti. Mas’ullarga 457 ta korxonaning har biriga borib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish buyurildi. Buning uchun 50 mln dollar resurs ajratilmoqda.
26 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Investitsiya forumi yakunlari
Davlat rahbari asosiy masalaga o‘tishdan avval o‘tgan haftadagi beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga to‘xtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
“Har bir kelishuv loyihaga, ish o‘rniga, yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shart”, – dedi prezidentimiz.
Mutasaddilarga xorijiy investorlar ko‘targan 120 ta taklifning yechimi bo‘yicha qaror kiritish topshirildi.
To‘rtta tashkilot qurilish materiallari sohasida “aql markazi” bo‘ladi
Hokimlar qaysi tumanida qaysi tarmoqni qanday rivojlantirish, nima loyihaga investitsiya olib kelsa, eng yuqori samaradorlikka erishishini aniq hisob-kitob qilishi kerakligi qayd etildi.
Buning uchun iqtisodiyotdagi 12 ta tarmoqqa 14 ta “aql markazi” hamda 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliygohlar nomma-nom biriktirildi.
Misol uchun, qurilish materiallari tarmog‘iga “aql markazi” sifatida Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari markazi hamda Materialshunoslik instituti va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti biriktirildi.
Ular yangi turdagi materiallarga talab, buni qoplash uchun qaysi tumanda nima loyiha qilish, qanday texnologiyadan foydalanish, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi.
Barcha tarmoq rahbarlariga “aql markazi”, sohaviy ilmiy institut va oliygohlar bilan har bir tuman imkoniyatini shu yondashuv asosida tahlil qilib, yalpi hududiy mahsulot o‘sishiga katta turtki beradigan loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Sohada erishilgan yutuqlar
Bundan 10 yil oldin mahalliy qurilish materiallari deganda qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer tushunilar edi. Bu nari borsa qurilishda ishlatiladigan jami materiallarning 35-40 foizini tashkil qilgan.
So‘nggi o‘n yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 4 mingdan ortiq yangi zamonaviy korxonalar ishga tushdi.
Tsement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok, quruq qorishmalar kabi asosiy turdagi 20 dan ortiq mahsulotlarga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi. Issiqlik saqlovchi, kompozit material, ekologik pardozlash materiallari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi yo‘nalishlar jadal rivojlanmoqda.
Umuman, yangi uy-joylar va sanoat binolari qurishga kerak bo‘ladigan 98 foiz materiallarni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning hisobiga o‘tgan davrda sohada ishlab chiqarish hajmi 7 trilliondan 53 trillion so‘mga oshdi. Sohadagi eksport o‘tgan yili 1,2 milliard dollarni tashkil qildi.
Asosiysi, o‘tgan davrda mazkur tarmoq import o‘rnini qoplashning muhim bosqichidan o‘tdi.
Qurilish materiallariga bozor talabi
Yil boshida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha katta dastur qabul qilinib, 2040 yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, yiliga 280 mingga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirish reja qilindi.
Yiliga 20-25 million kvadrat metrli tijorat binolari foydalanishga topshirilyapti. Muxtasar aytganda, uy-joy va tijorat binolarining o‘zigina yiliga kamida 10 milliard dollarlik qurilish materiallariga talab yaratadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida hamkorlarga yana 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari taklif qilindi.
Masalan, Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatida 4-misni boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiqda 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega Yangi Toshkent aeroporti, Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli futbol stadioni, 282 kilometrli Toshkent–Samarqand yo‘lini qurish kabi yirik loyihalarga ham birinchi navbatda qurilish materiallari zarur.
Yirik loyihalarda foydalaniladigan materiallarga standart, sifat, sertifikat bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilishi tabiiy. Shu bois, yirik loyihalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
QQS masalasi
Yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import materiallarni olib kelishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni so‘raydi. Shu bilan birga, bunday loyihalarga o‘z mahsulotlarini taklif qilish istagida yurgan mahalliy korxonalar ham ko‘p.
Ular “Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz mahalliy mahsulotlarga ham qo‘llanilsa, sifat bo‘yicha ham, standart bo‘yicha ham raqobatga tayyormiz”, demoqda.
Mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import va mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoitni ta’minlash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun 50 mln dollar
Hozirda sohadagi 457 ta korxonaning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgan. Sabab – ushbu korxonalar chiqarayotgan mahsulotlar tannarxi qimmatligi, bugungi bozor talabiga to‘liq javob bermagani uchun xaridor topa olmayapti.
Mas’ullarga 457 ta korxonaning har biriga borib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish, ayni maqsadlar uchun 50 million dollar resurs ajratish topshirildi.
Mazkur mablag‘lar mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali tannarxni pasaytirish va bozorda talab yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Pardoz materiallari va santexnika
Yaqinda hududlarda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik katta dastur qabul qilindi. Dastur doirasida 34 ta yirik turizm obekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, xususan, 200 ta mehmonxona qurish reja qilingan.
Masalan, Parkentda yaqinda ochiladigan “Kumushkon resort” turizm kompleksida 98 foiz mahalliy qurilish materiallari ishlatilmoqda. Hokimlar ham o‘z hududidagi barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazishi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun keyingi yil yakuniga qadar mehmonxona qurish va bezatishda foydalaniladigan lok-bo‘yoq ishlab chiqarishni 119 mingdan 150 ming tonnaga, santexnikani 1,5 milliondan 2 million donaga, PVX quvur va fitinglarni 255 mingdan 300 ming tonnaga, gulqog‘ozni 6 milliondan 7,5 million tonnaga, dekorativ panellarni 15 million kvadratdan 18 million kvadrat metrga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Energiya tejamkor materiallar
Yurtimizda har yili o‘rtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joylar qurilmoqda, yana 200-250 ming xonadon ta’mirlanyapti.
“Ochiq aytish kerak, hali ko‘pchilik energiya tejamkor materiallarning afzalliklari haqida yetarlicha xabardor emas”, – dedi prezident.
Xonadonlarni isitishning o‘ziga iqtisodiyotdagi jami gaz iste’molining 20 foizi, elektr energiyasining esa 11 foizi sarflanmoqda. Agar uyning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi material bilan qoplansa, energiya tejamkor oyna qo‘yilsa, energiya sarfi 30 foizgacha kamayadi.
Bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangicha loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilmoqda. Mazkur loyihada to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx kamida 20 foizga arzon tushadi, uyni isitish-sovitish xarajatlari 30 foizga qisqaradi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Qamashi tajribasi asosidagi yangicha loyihalash yondashuvini o‘rganish topshirildi. Joriy yil Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shahardagi ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi faqat shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Xonadonlarni qurish va ta’mirlashda energiya tejamkor materiallarga o‘tish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqib, 19 mingta qurilish korxonasiga ushbu tavsiyalarni, “yashil ta’mir” loyihasi bo‘yicha beriladigan imtiyozlar haqidagi ma’lumotlarni qurilish bo‘layotgan har bir mahalla, har bir xonadonga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Eksportni oshirish
Qo‘shni davlatlar yiliga 13 milliard dollarlik qurilish materiallarini import qilmoqda.
“Bir narsani bilinglar: tashqi bozorlarda kuchli raqobat, har bir dollar uchun kurash ketayotgan hozirgi sharoitda eksportni ko‘paytirish uchun noan’anaviy yechimlar kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.
Markaziy Osiyo davlatlarining o‘ziga eksportni qo‘shimcha 440 million dollarga oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Masalan, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda uy-joy, tijorat obektlari qurish bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilyapti.
Tarmoq mutasaddilari va hokimlarga qurilish materiallari korxonalari va developerlarni bir-biriga bog‘lab, bizga yaqin mintaqalardagi bozorlarga kirib borsa, bu davlatlarda milliy mahsulotlarimiz asosida namunali uy-joylar va noturar obektlarni qurib ko‘rsatsa, qo‘shilgan qiymat karrasiga oshishi ko‘rsatib o‘tildi.
Muhimi, uy-joy qurish bo‘yicha ushbu davlatlarning ishonchli hamkoriga aylana olsak, elektrotexnika, uy tekstili, mebel korxonalarimizga ham yo‘l ochiladi, eksport imkoniyatlari ko‘payadi.
Shu bois, mas’ullarga Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda 3-4 tadan namunali, energiya tejamkor uy modelini qurib, road-shou o‘tkazish topshirildi.
Ishlab chiqarishdagi energosamaradorlik
So‘nggi o‘n yilda qurilish materiallari tarmog‘i korxonalari foydalanadigan shartli yoqilg‘i hajmi 2 karra kamaydi.
Sohadagi elektr iste’molining 65 foizi to‘g‘ri keladigan 34 ta yirik korxonada energiya auditi o‘tkazilgani hisobiga o‘tgan yilning o‘zida 240 million kilovatt-soat elektr tejaldi.
Lekin bu hali kam ekani qayd etildi. Viloyat hokimlariga qurilish materiallari korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish orqali energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha katta dasturni boshlash topshirildi.
Bunda isitish va quritish pechi, tegirmon va energiya sarfi yuqori boshqa uskunalarni energiya tejamkoriga almashtirgan korxonalarga so‘mdagi kreditining 7 foizi, xorijiy valutada bo‘lsa, 4 foizi kompensatsiya qilib beriladi.
Bu yil yana 38 ta yirik korxonada energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilib, 400 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilish zarurligi qayd etildi.
Yuqori qo‘shilgan qiymat zarurati
Mamlakatimizda sement, bazalt, oyna, keramik plita kabi mahsulotlar bo‘yicha yaratilgan quvvatlar 2035 yilgacha bo‘lgan ehtiyojlarimizni qoplashga ham yetadi.
Endilikda investorlarni bunday mahsulotlarni ko‘paytirishga emas, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilib, yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalarga jalb qilish kerakligi qayd etildi.
Masalan, Forishdagi bazalt tolasi zavodining yonida bazalt matosi ishlab chiqarish quvvatlari joylashtirilmoqda. Hozir 1 tonna bazalt tolasi 340 dollar bo‘lsa, bazalt matosining tonnasi 900 dollarni tashkil etadi.
Yoki bizda asosan 400, 500 markali sement ishlab chiqariladi. Hozir faoliyati to‘xtagan 17 ta sement zavodini investorlar bilan bog‘lab, maxsus sement ishlab chiqarishga o‘tkazsa, xaridor ham, eksport ham bo‘ladi.
Mutasaddilarga alohida dastur tasdiqlab, yil yakunigacha past quvvatda ishlayotgan kamida 50 ta qurilish materiallari korxonalariga investor olib kelish topshirildi.
Sertifikatlash masalalari
Qurilish materiallari sohasidagi korxonalarga sertifikat olish bilan bog‘liq barcha xarajatni to‘liq qoplab beradigan tizim mavjud. Bu kabi imkoniyat boshqa birorta tarmoqda yo‘q.
Lekin bunday sertifikatlarning yagona ma’lumotlar bazasi yo‘qligi uchun xaridorlar o‘zi bilgan, xalqaro sertifikati bor chet el tovarlarini ko‘proq xarid qilmoqda.
Mutasaddilarga mahalliy va xorijiy sertifikati bor qurilish materiallarining elektron platformasini ishga tushirish, viloyat hokimlari bilan birga shu yil yana kamida 50 ta qurilish materiali korxonasiga xalqaro sifat sertifikati olishda ko‘maklashish topshirildi.
Maqsadli ko‘rsatkichlar
Yig‘ilishda aytilgan imkoniyat va vazifalar hisobidan joriy yilda qurilish materiallari sohasida 11 milliard dollarlik 900 dan ziyod yangi loyihalarni boshlash, 3 milliard 200 million dollarlik 622 ta loyihani ishga tushirib, 21 ming yangi ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish hajmini 65 trillion so‘mdan oshirish, 7,5 trillion so‘mlik yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish, eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish muhim ekani qayd etildi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilarning hisobotlari, qurilish materiallari korxonalari vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi.
Iqtisodiyot
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
Source link
Iqtisodiyot
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat bankining jami aktivlari 962,8 trln so‘mni tashkil qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aktivlari 30 trln so‘mdan yuqori bo‘lgan 12 ta yirik bank hissasiga bank tizimi aktivlarining qariyb 80 foizi yoki 767,6 trln so‘mi to‘g‘ri kelmoqda.
Bank tizimidagi 629 trln so‘mlik kreditlarning 83 foizi ham aynan yirik banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, jami 552,8 trln so‘mlik uzoq muddatli kreditlarning 459,6 trln so‘mi mazkur banklar tomonidan ajratilgan.
2026-yil 1-may holatiga bank tizimining jami kapitali 144 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, sof foyda 6,9 trln so‘mga yetgan. Kapital monandligi ko‘rsatkichi esa 18,4 foiz darajasida shakllangan.
Depozitlar hajmi ham o‘sishda davom etmoqda. Aholi omonatlari 170,2 trln so‘mga, yuridik shaxslar depozitlari esa 274,2 trln so‘mga yetgan.
Tahlillarga ko‘ra, aktivlar, kreditlar va depozitlarning asosiy qismi yirik banklarda jamlangan bo‘lsa-da, o‘rta va kichik banklar ham moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirishda muhim o‘rin tutmoqda.
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Siyosat4 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Jamiyat5 days ago
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Dunyodan5 days agoAQSh va Eron o’rtasidagi urushning iqtisodiy oqibatlari hisoblanmoqda
-
Mahalliy5 days agoO‘zbekiston – Kolumbiya o‘yinida yig‘lagan bolakay kim?
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
