Iqtisodiyot
Vazir o‘rinbosari Toshkentning bosh rejasi o‘zgarishini rad etdi. Lekin aks bayonotlar va loyihalar ko‘p
Poytaxt bosh rejasini o‘zgartirish Qurilish vazirligining kun tartibida yo‘q, tadbirkorlarning bu boradagi takliflari ko‘rib chiqilmaydi, deya ma’lum qildi vazir o‘rinbosari Davron Odilov Kun.uz bilan suhbatda. Bu – avvalroq yangragan bayonotlar, xususan vazirlik boshqarma boshlig‘ining gaplarini rad etadi. Toshkentda bosh rejaga zid ekaniga qaramay, ilgari surilayotgan loyihalar ro‘yxati uzayib bormoqda.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Toshkent shahri bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish masalasi Qurilish vazirligining kun tartibida yo‘q. Bu haqda Kun.uz muxbirining savoliga javoban vazir o‘rinbosari Davron Odilov ma’lum qildi.
Bu bilan u avvaliga vazirlik boshqarma boshlig‘i, keyin qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarov aytgan gaplarni inkor qildi.
“Unaqa narsa (Toshkent bosh rejasini o‘zgartirish – tahr.) bizning kun tartibimizda yo‘q. [Murod Nazarov] vazirlik haqida gapirmadi. Rasmiylar to‘g‘risida ham, Qurilish vazirligi to‘g‘risida ham gapirmadi. Bosh rejani o‘zgartirish haqida ham gapirmadi. “Bosh rejani korreksiya qilishga taklif bermoqchimiz”, dedi. Hali undan hech qanaqa taklif ham kelib tushgani yo‘q, biz uni hali ko‘rib chiqqanimiz yo‘q, ko‘rib chiqmaymiz ham. Qurilish vazirligining kun tartibida yo‘q”, – dedi Odilov Kun.uz muxbiri bilan 23 iyul kungi suhbatida.
Toshkent shahrining uzoq yillar kutilgan, 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 24 dekabr kungi qarori bilan tasdiqlangan edi. Qarorda bundan buyon har qanday qurilish ishlari tasdiqlangan bosh reja asosida bo‘lishi belgilangan.
Oradan yarim o‘tib, 2025 yil 9 iyul kuni Spot nashri Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Xalilovga tayanib poytaxt bosh rejasi o‘zgartirilishi mumkinligi haqida xabar berdi. Xalilov bu haqdagi savolga “bunday ehtimol mavjud” deb javob bergan va yakuniy qaror ekspert xulosalari asosida qabul qilinishini aytgan.
“Hozir Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish maqsadida tahlillar olib borilmoqda. Amaldagi hujjatda ayrim hududlar uchun bino balandligiga oid eskirgan hisob-kitoblardan foydalanilgan. Masalan, bosh rejada 5 qavatgacha balandlik ko‘rsatilgan, amalda esa bu hududlarda 16 qavatgacha qurilish qilsa bo‘ladi”, – degan vazirlik boshqarma boshlig‘i.
17 iyul kuni Savdo-sanoat palatasidagi ochiq muloqotda qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarov ham shu haqda gapirdi.
“Mana, xudo xohlasa, kutyapmiz: Toshkent shahrining bosh rejasi korreksiya bo‘lyapti. Xudo xohlasa, yaqinda chiqib qoladi”, dedi Murod Nazarov daraxtlar kesilishiga moratoriyni bekor qilish haqidagi shov-shuvli taklifini aytishdan oldin.
U ertasiga Kun.uz’ga bergan intervyusida ham shuni takrorlab, mas’ullar bosh rejaga “tuzatishlar kiritish” ustida ish olib borayotganini aytdi.
“Oxirgi korrektirovka kiritilishini biz quruvchilar ham, hamma kutib o‘tiribdi. Chunki e’lon qilinganidan keyin mayda-chuyda qayerdadir inobatga olinmagan joylar chiqib keldi va bu ko‘proq aholi va tadbirkorlar tarafidan asosli e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Qurilish vazirligi va barcha tashkilotlarga ming rahmat, bu narsaga oqillik bilan yondashib, haqiqatan ham mayda-chuyda narsalarda kamchilik borligini ko‘rgan holda, o‘sha narsalar korrektirovka bo‘lyapti”, – dedi Murod Nazarov.
Bosh rejaga zid bo‘lishiga qaramay, ilgari surilayotgan yirik qurilish loyihalaridan hozirgacha bir nechtasi ma’lum. Ular shaharning markaziy nuqtalarida joylashgan va bosh rejada ruxsat etilganidan karrasiga baland qilib loyihalashtirilgan:
▪️Islom Karimov ko‘chasidagi “Foton” zavodi o‘rnida 53 qavatli (Nest One’dan ham balandroq) majmua; tashabbuskor – “Foton” AJ, loyiha qiymati – 175 mln dollar:
▪️Beshyog‘och bozori o‘rnida 30 qavatgacha bo‘lgan binolar majmuasi; tashabbuskor – Toshkent shahar hokimligi, loyiha qiymati – 461 mln dollar:
▪️Taras Shevchenko ko‘chasidagi sobiq Geologiya qo‘mitasining binosi o‘rnida 30 qavatgacha bo‘lgan binolar majmuasi; tashabbuskor – “Xamkar Inshaat” MChJ, loyiha qiymati – 180 mln dollar:
▪️Seul ko‘chasida Ritz Carlton brendi ostida kamida 30 qavatli mehmonxona; tashabbuskor – “PD Estates” MChJ XK; loyiha qiymati – 200 mln dollar;
▪️Bunyodkor ko‘chasida, “Katta Qozirobod mahallasi hududida har biri kamida 30 qavatli egizak binolar; tashabbuskor – TSC-HK-Investment (Xitoy), loyiha qiymati – 340 mln dollar;
Foto: Chilonzor tumani hokimligi
▪️Shota Rustaveli ko‘chasidagi Grand Mir mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatgacha bo‘lgan binolar majmuasi:
Kompyuter grafikasi asosida qayta ishlangan surat
Bu loyihalar bo‘yicha taqdimotlar – Toshkentning ko‘plab mahallalarida energetika infratuzilmasi yoz jaziramasi bilan bog‘liq yuklamani ko‘tara olmayotgani sabab elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani fonida ro‘y bermoqda.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Iqtisodiyot
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Foto: Adam Gray/Bloomberg
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.
17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.
Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.
Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».
«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili bo‘ladi
O‘zbekistonda «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, markaz alohida belgilangan hududda maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi.
Qonunda qayd etilishicha, moliya markazining dastlabki chegaralari uni tashkil etishga oid Prezident farmoni bilan belgilanadi. Markaz tomonidan qabul qilinadigan har bir qaror esa kuchga kirishidan avval rasmiy reyestrda e’lon qilinishi shart.
Shuningdek, qonun talablari yoki moliya markazi qarorlariga zid ravishda tijorat yoki moliyaviy faoliyat yuritgan ishtirokchilarga yirik miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Jarima 10 million AQSh dollaridan yoki qoidabuzarlikka asos bo‘lgan bitim yoki faoliyat qiymatining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, moliya markazi tuzilmasiga Kengash, Ma’muriyat, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi hamda Toshkent xalqaro tijorat sudi kiradi.
Markazning har bir organi moliya yili yakunlanganidan keyin to‘rt oy ichida yillik shaffoflik hisobotini e’lon qilishi shart.
Qonunga muvofiq, ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili etib belgilandi.
Konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
-
Iqtisodiyot4 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Dunyodan5 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Dunyodan3 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoChimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
-
Sport4 days agoAngliya va Argentina nega bir-birini yomon ko‘radi? Ashaddiy dushmanlik tarixi
-
Jamiyat4 days agoO‘zini o‘zi band qilganlarga ijtimoiy soliq to‘lash majburiy bo‘lishi mumkin
-
Jamiyat5 days ago
MICE turizm tadbirlarini tashkil qilgan tadbirkorlarga QQSdan imtiyoz beriladi
