Connect with us

Jamiyat

Vatan qadrin bilay desang — sayohat qil, dunyo ko‘r!

Published

on


Amerika Qo‘shma Shtatlari… Mustaqilikkacha biz kabilar bu mamlakatga shubha, shu bilan birga, nafrat bilan qarab ulg‘ayganimiz, rost. Chunki sovet tuzumi bu mamlakat haqida miyamizga ming xil negativlarni joylagan edi-da… Insoniyat dushmani, manfur ishlar makoni… Yoshlik damlarimizda Amerikani orzu qilish qayda edi?!

Shu boisdan bolalarim to‘satdan Amerikaga o‘qishga ketib, keyinchalik yashab qolishlari mumkinligini eshitganda esim og‘ib qolayozdi. Qanday qilib, nega aynan Amerikaga, nega? Bu ne hol? Butunlay qolib ketishsa-ya! Ularni oylab, yillab ko‘rmay qanday yashayman? Axir mening yuragim faqat va faqat vatan deydi, vatan deya uradi. Bundan buyog‘iga sabr, sabr, sabrdan najot qidirdim.

O‘sha kun keldi. Kuzatdik. Tinchim yo‘qoldi. Boshqa hayot, boshqacha tashvishlar boshlandi. Qanday tong otib, kech kiradi, kunlarim parishon, ko‘z yoshlarim shashqator. Sog‘inch azobli bo‘larkan. «Amerikani orzu qilmang, aslo intilmang», degan edim-ku! Hamma quvoning, faxrlaning deydi. Men esa… Bolalar tanlovi, rozi bo‘ling — bu opa-singillarim, qudam Ma’suda hoji onaning yupatishi, ofitser ukamning esa — hozirgi yoshlar «qizil» mafkura nimaligini bilmaydi, ilg‘or fikrlaydi, bizlar ularni tushunishimiz, tushunishga harakat qilishimiz zarur, opajon, degan daldasi — hech biri kor qilmaydi.

Shu zayl yarim yillar qarama-qarshi fikrlar girdobida yashadim. Keyinroq nailoj taqdirga tan berdim. Sog‘inch iztiroblari nihoyasiz edi. Garchi Telegram orqali ko‘rishib, gaplashib tursak ham nevaralarni bag‘rimga bosolmasam, erkalab suya olmasam — shu ham hayotmi axir? To‘g‘ri, yonimda ham nevaralar bor, biroq o‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa deydilar-ku!

Bir kuni «Dadajon, ayajon, kelinglar Amerikaga! Nevaralaringiz ham sizlarni juda sog‘inishgan», deyishdi. Dadasi ko‘nmadi — siz borib keling, ayasi, mening ko‘nglim Amerika demagan, demaydi ham. Keyingi yil iloji bo‘lsa, o‘zlari kelishsin, dedilar. Qisqasi, yuragimni o‘rtagan sog‘inch qo‘ymadi, boradigan bo‘ldim. Ruhan tayyor bo‘lish ham oson kechmadi. Hech kimga, Amerikaga ketyapman, deb og‘iz ocholmasdim. Maqtanish deb qabul qilsalar-chi, o‘zlari Vatan haqida to‘xtovsiz bong uradilaru «Vatanni sev, tuprog‘ini o‘p» deya, buyog‘i qandoq bo‘ldi, kabi malomat qilsalarchi… ming xil o‘ylar, ming xil taxminlar yopirilar, Allohga tavakkal qilishdan o‘zga choram ham qolmagandi. O‘zimdan o‘tganini faqat o‘zimu xudo bildi. Negativlarni unut, jigarbandlaring umid bilan qadam qo‘ygan zaminga quchoqlaringni katta ochib bor…

Faqat yaxshilikdan so‘zlayin

Toshkentdan uchgan samolyot 13 soat deganda Nyu-Yorkka qo‘ndi. Aeroportdan qani tezroq chiqsamu nevaralarimni tezroq bag‘rimga bossam… Aksiga olib aeroportdan chiqish jarayoni cho‘zilarkan. Yuklarimni olgach, tashqari yo‘naldim. Avvalo yuzimga issiq havo urildi. So‘ng ana ular, ana! Nigoron ko‘zlarim yaraqlab ochilib ketdi. Birini qo‘yib, birini bag‘rimga bosaman. Birinchi sinfga borayotgan nevaram Farg‘onadan Toshkentga borganimda aytadigan gaplarini shivirlaydi: Ketmaysiz-a, ketmaysiz-a, buvijon, qolasiz, xo‘pmi, qolasiz! — Tomog‘imga bir tosh tiqiladi, ko‘z yoshlarimni bazo‘r yutib yuboraman. Buning aslo mumkin emasligini koshki tushunsa! Xudo xohlasa, o‘zlaringiz borasizlar, xo‘pmi…

— «Ozodlik» haykalini ko‘rishni xohlaysizmi, oyijon, — deydi kelin-qizim. — Charchab qolmadingizmi?

— Dunyo haykali — Nyu-Yorkning timsolinimi? Hozirmi?

— Ha-da, hozir!

Yo‘l charchog‘i sezilsada tetiklashdim.

— Ketdik unda!

Haykal ichiga kirish chiptalari ikki oylar oldin, toj qismiga kirish uchun chipta esa uch oy oldin olinarkan, kuzatuv-tomosha darchalari (oynalari) bo‘lgan bu ikki qismga kirish baxti taassufki, nasib qilmas ekan. Chipta olishga ulgurishmabdi.

— Sal olisdan bo‘lsa ham haykalni ko‘ring, deyapmiz, — davom etadi kelinim. — Keyingi gal dadajon bilan kelar kuningiz aniq bo‘lsa, chiptani ertaroq olib qo‘yamiz, xudo xohlasa!

Aeroportdan manzilga bir zumda yetdik. Ana, jahon haykali ko‘zga tashlandi. Ajabo, naqadar tantanavor va ulug‘vor! Asosi 93 metr, o‘zi 46 metr! Salobati shunchalarki, olisdan turib bir on tomosha qilsangiz bas, yuragingiz hapqiriblar ketadi. Hurlik timsoli! Muhabbat, matonat va qudrat ramzi! Bir qo‘lida mash’ala, oyoqlarida uzilgan zanjir… Xonim benihoya mag‘rur, benihoya maftunkor! U olis-olislarga boqib turibdi — ozodlik uchun kurashmoq kerak! Tojidan yetti nur taraladi — bu nurlar yetti dengiz, yetti qit’a, yana aytmishlarki, bu yetti nur grajdanlik, husnoobodlik, milliylik, ma’naviylik, ruhoniylik, tabiiylik, siyosiy erkinlikdir! Chindan ham unga bir boqasiz yana va yana boqasiz, ko‘z uzgingiz kelmaydi!

— Eduar Rene g‘oyasi bo‘yicha haykaltarosh Ogyust Bartoldi boshchiligida yaratilgan bu haykal, — deya izoh beradi o‘g‘lim.

— O‘zingiz ham bilsangiz kerak. Haykalning ochilishi tantanasi 1886-yil 28-oktyabrda, ya’ni Amerika mustaqilligining yuz yilligi nishonlanayotgan kunda fransuz xalqining Amerika xalqiga tuhfasi sifatida topshirilgan ekan!

O, qaniydi insonlar birdamligi shunday oliy maqomlarda mangu qolsaydi! Haykaltarosh Bartoldi xonimning jiddiy va yop-yorug‘ siymosini qayerdan olgan, degan savollar yuradi. Ayrimlarning taxminlaricha, «Bu chehrani o‘z onasidan olganmish», menimcha, bu fikr ayni haqiqat. Zero, ijod ahli xudo bergan iqtidor va ONA mehru muhabbati bilan buyukdir, tengsizdir. Haykal jozibasi, uning xayoli xotiramda o‘chmas iz qoldirdi. Ha, shunday — yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal! Shukurkim, uzoqdan bo‘lsa ham bir marta ko‘rdim. Bor bo‘l hurlik, bor bo‘l, ozodlik!

Ikkinchi Mathetten yoki ezuliklar shahri — Pittsburg!

Pittsburg — Pensilvaniya shtati g‘arbida, uchta daryo qo‘shilgan joyda barpo bo‘lgan shahar. Uni Nyu-Yorkning mo‘’jaz nusxasi, «Ikkinchi Manhetten» ham deb ataydilar. Markazidagi osmono‘par binolari bilan ehtimolki o‘xshar, biroq Pittsburg ozoda va osudaligi bilan har qanday boshqa shahardan butunlay farqlanadi. Bu mening shaxsiy xulosam. Nyu-York nihoyatda gavjum, qimmat va sershovqin. Pittsburg esa yashash uchun har jihatdan qulay, ya’ni hozirgina ta’kidlaganimdek, ozoda, so‘lim va osuda shahar. Aynan shuning uchun Pittsburg juda ham qadrlanadi. Yashash uchun kelayotganlar safi ortib borayotgani ham shundan bo‘lsa kerak.

Shahar nomi graf Uilyam Pitt sharafiga qo‘yilgan. Biroq «Po‘lat shahar» degan «taxallusi» ham bor. Negaki, qazilma boyliklari tufayli XIX asrda sanoatlashtirish avj oldirilgan. Po‘lat quyish kompaniyalari ko‘paygandan-ko‘paygan. O‘z vaqtida bu shahar AQShning sanoat poytaxti hisoblangan. Shahar ushbu shtatda kattaligi jihatidan Filadelfiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Shunaqa men uchun ertaknamo shahar o‘rmonzorlar ichida barpo etilgan. Buni men kabi mutaxassis bo‘lmaganlar ham darrov sezadi. Odamlarining xotirjam va hatto xushholligiga ham avvalo ana shundanmikan? Iyun oyining dastlabki yarmi har kuni uch-to‘rt marta 10-15 daqiqadan yomg‘ir yog‘ish bilan o‘tdi. Besh kun issiqina bo‘lgandi, bugun yana yomg‘ir yog‘di, yetti daqiqa mobaynida quydi. Biram salqiney, biram huzurbaxsh, paqirlab quyulishidan taralgan ovoz ham rohatu rohat! Havo shunchalar musaffoki, o‘pkangizni to‘ldirib nafas olasiz, yengillashib ongu shuuringiz ham ravshan tortib ketadi. Fikrlaringiz teranlashadi.

Tep-tekis, ravon yo‘llariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi katta va yorqin tablolariga ham besh ketmay iloj yo‘q. Tartib-intizomli, hech qanday signallarsiz, baqir-chaqiriqsiz harakatlanadilar. Qanchalar uzoq yurmang, charchoq bilmaysiz. Yana meni hayratga solgani avtobuslardagi ijtimoiy reklamalar bo‘ldi. Masalan, «Yaxshilik qilmoqchimisiz, unday bo‘lsa yaxshilikni ertaga emas, bugun qiling!». Ofarinlar bo‘lsin, muzeylarda ham ijtimoiy ahamiyatga ega bitiklarni uchratdik. Hatto bir muzeyida «Yaxshilik qurilmasi»ni ko‘rdik. Yonida ancha vaqt to‘xtalib oldik. Qurilmaning qandaydir siri bormi, kelganlar qurilma ekraniga boqib, kulishar, bir nimalarni muhokama qilishardi. Navbatimiz keldi. Dilbandim Muhammadjon qurilma tugmachasini bosib ekranga qaragan edi «Yaxshi insonni izlayapsizmi, keling, o‘sha yaxshi inson siz bo‘la qoling!» degan yozuv, so‘ng u videoda bor bo‘yi-basti bilan ko‘rindi, bu hikmatni anglashga intilayotgan porlagan ko‘zlaringdan aylanay, deyman va bolani ham mushohada undaganlardan minnatdor bo‘ldim. Avval o‘g‘lim, keyin kelinim qo‘lda kichkintoyi bilan ekranga yuzlanishdi. Shukur, ular solih amallarni kanda qilishmaydi. O‘zlarining ekrandagi aksini qarab, yana qandaydir yaxshiliklar ulashishni dillariga tukkan bo‘lsalar, ne ajab. Mening dilimda esa duo: Hamisha o‘zlariga buyurilgan amallarni to‘kis ado etuvchilardan qil Alloh. Ularga to‘ymay termularkanman, nevaram meni ham «Buvijon, keling, siz ham», deb, qo‘llarimdan tortqiladi va shoshilib tugmachani bosdi. Videoda meni ko‘rib-la «Ana, buvijonim!» dedi baralla quvonchi ichiga sig‘may.

Sen unutmayman, unuta olmayman, Niagara! 

Sakkizinchi mo‘’jiza sanaluvchi Niagara sharsharasi eng diqqatga sazovor qadamjolardan biri. Bu mashhuri jahon Niagara sharsharasining qiziqarli tarixi bor, lekin muddao ularni sanash, yozish emas. Qiziqqanlar allaqachon internetdan bilib olishgan, albatta. Ayrim o‘rinlarini eslatay: Niagara sharsharasi Nyu-York shtatida joylashgan bo‘lib, Eri va Ontario ko‘llarini birlashtiruvchi daryo nomi bilan ataladi, shahar ham shu nomda — Niagara Fols. Hozirda bir yilda 22-30 mln turist tashrif buyuradi. Sharshara «Taqa» (Kanada tomonda) deb ham yuritiladi, «Amerika» va «Fata» (kelinchak fatasi) sharsharalaridan tashkil topgan. Soniyasiga 16 800 kubometrdan ziyodroq suv oqib tushgani uchun ham bu sharshara dunyoda eng ulkan deb tan olingan. Balandligi 52-59 metr. Sharshara qachondir to‘xtab qolganmi, dedingiizmi. Ha, bu yerda eshitganimizga qaraganda, 1948-yilda kutilmaganda to‘xtagan va mahaliy aholi favqulodda jimlikdan uyg‘onib, sharshara tomon yugurishgan. Vahima ichra sharsharaga «jon kirishi»ni xudoga tavallo qilib, zor-intizor kutishgan va xayriyatki, 40 daqiqadan so‘ng sharshara yana 25 km naridan ham quloqlarga orom beruvchi «qo‘shig‘i»ni boshlab yuborgan ekan. Muzlaganmi, dedingiz chog‘i. 11 yil muqaddam odamlar esini og‘dirayozib, muzlab sumalaklar hosil qilgani rost va bu niagaraliklar hamda ilm-fan kishilarini tashvishga solgan. Qarangki, bu g‘ayriodatiy hol ham uzoq davom etmagan. Sumalaklar tomchilay boshlagan. Ana shu lahzalar quvonchini kattalar maroq bilan xotirlashadi. Birinchi elektrostansiya 1890-yili qurilgan va quvvatidan bor-yo‘g‘i 100 metrda foydalanilgan. Keyinchalik elektrostansiya yiriklashtirildi, AQSh va Kanadaniki hisoblanadi. Demoqchimanki, taraqqiyotda, inson hayoti farovonlashuvida sharsharaning ahamiyati qanchaligini tasavvur etish mushkul emas.

Endi taassurotlardan so‘zlay. Sharshara bizlarni kiraverish sahnida ko‘zni qamashtiruvchi anvoyi gullari — gulzorlari bilan olqishlab kutib oldi. Menga dastlab eng yoqqanini xizmatchi yigitning keksalarni ehtiyotlab, ko‘m-ko‘k yomg‘irpo‘shni kiyishga yordamlashgani va samimiy salomi bo‘ldi. Ayniqsa, kelin-qizim — tarjimonimning bort kapitanini gapga tutgani, meni tanishtirgani biroz og‘riqli dilimga malhamdek tatidi. Kapitan menga boqib, olisdan ham olis O‘zbekistondan kelganingiz uchun sizdan minnatdorman deganidan juda xursand bo‘ldim, mamnuniyat ila urg‘u berib «O‘zbakiston» deya cho‘zib talaffuz qilgani keyingi kunlarda vatanni qo‘msab mahzunlashga ko‘nglim osmonlarini birdan yorishtirib yubordiki, asti qo‘yaverasiz. Keyin uzundan-uzoq navbatda turganlarni ko‘rdim. Juda madaniyatli, shamg‘alat qilib oldinga o‘tishlar yo‘q. Hammalari kiyimlari ustidan ko‘m-ko‘k sellofan yomg‘irpo‘sh tashlab olishgan, nigohlarida ajib taraddud namoyon. Narigi sohildagilarning egnilarida esa qizil yomg‘irpo‘sh. Sababi oddiy — u sohil Kanadaga tegishli.

Shunday qilib, g‘aroyibdan-da g‘aroyib olamga tushdim-qoldim. Bu ulug‘vor jozibaning, mahobatning videolarini ko‘rganman, yurakdan his etganman, deb yuraveribman, unday emas ekan. Yuz marta eshitgandan, televizor, telefonda ko‘rgandan ko‘ra, bir marta sharsharaning sirli «dunyo»siga «sho‘ng‘ish» afzal ekan, o‘zingizni uning ixtiyoriga aqalli bir martagina topshirib, shavqini suring ekan!

Niagara, o, Niagara… Termulaveraman, termulaveraman — ko‘z uza olmayman. Ko‘zlarni tomchilar yuvadi, sharshara shovqini shunchalarki, ba’zilar ovozini boricha qichqirib hayratini bo‘lishgisi keladi, bir ko‘hlikkina qoramag‘iz hind qiz ham sheriklariga qarab, ko‘zlarni bu suv yuvsa yuz darddan xalos bo‘larmish, qo‘yib beringlar, ko‘zlaringiz yuvilaversin, deganini tushundim. Boshdan to oyoqqacha ming-ming tomchilardan hosil bo‘lgan muzdekkina suv shovullab oqadi, fikr-o‘ylaringiz tiniq tortadi, ayni shu onlarda yashaysiz, hayotda faqat va faqat go‘zalliklar ichra, yaxshiliklar ichra yashagandek baxti bekamsiz go‘yo! Paydar-pay yuz-ko‘zlarimga urilayotgan tomchilar va tomchilarga aylanayotgan bug‘lar hayratni o‘n chandon oshirgandan oshiradiki, yayraysiz-yey yayraysiz! Ha, yuz-ko‘zlaringizni tinimsiz artaverasiz-artaverasiz, qalbingizda jo‘shqin-jo‘shqin his-tuyg‘ular sharsharasi otilib chiqadi va hayajonlarini ichiga sig‘dirolmayotganlar hayqirig‘iga beixtiyor qo‘shilib ketasiz: O, hayot! O, Niagara, bunchalar maftunkorsan, bunchalar qudratli! Seni sevmay, senga intilmay bo‘lurmi, Niagara? O‘zing ayt, ayta qol, Niagara?

Sir-sinoatda tengsiz sharsharani ortda qoldirib, kemamiz judayam ohistalik bilan qirg‘oqqa buriladi. Nahotki endi ko‘rmayman seni, Niagara! Kemadan chiqdimu ammo yana sharshara tomon yosh boladay talpindim. Taassuflarkim, bu mutlaqo imkonsiz. Ikkinchi marta kirolmaysiz. Eh-he, kirish qismida navbatda turganlar sonmingta! Ikkinchi bor kirishga yo‘l bo‘lsin! Ajab, qayerdan quyosh charaqladi — bizdan oldinroq kemadan chiqqanlar yon tomondan sharshara sari ko‘tarilishardi, biz ham zinalardan yuqoriladik va yanayam yaqinroqdan tomoshani miriqib davom ettirdik. Bu onlar ham juda-juda shirin edi, ta’rifiga so‘z bisotim yetishmadi. Eng baland zina maydonchasiga yetgach, bizlar ham umrimizning qaytmas onlarini videolargayu suratlarga muhrladik. Bu mo‘’jizani boshqa rakursdan kuzatishda ham gap ko‘p, hikmat ko‘p ekan!

Ha, asrlar bo‘yi Niagara sharsharasi o‘z jozibasi bilan dillarni rom etgani etgan, ohanrabosi tortgani tortgan, uning haybatini har kim ayricha ta’riflaydi, ayricha tasavvur etadi, ayricha huzurlanadi! Chindan ham kimlardir uning suvlaridan bahra olib, g‘uborlardan, xastaliklardan forig‘ bo‘lar. Kim biladi? Sog‘ayishni dil-dildan istaganlarga e’tiqod ham, suv ham davo deganlar. Muhimi, ishonch, muhimi, hayotga, borliqqa, fikri ojizimcha, odamlarga muhabbat!

Alal-oqibat istar-istamas tashqari chiqdik. Shunisi qiziqki, Niagara daryosi bo‘ylab yurarkanmiz sharshara bag‘ishlagan yangicha ruh bizlarni tark etay demasdi. Uzoqlaysiz. Uzoqlayverasiz. Nigohingizdan esa Niagara ketmaydi, ketay demaydi! Olis-olislardan kel, kelaqol, mehru sehrimdan, muhabbatimdan bahra ol, hayot sen o‘ylaganchalik murakkab emas, deyayotgandek o‘ziga chorlayveradi…

Qanchlar chorlamagin, sehr-mehring yo‘llamagin, seni qanchalar sevmay ey maftunkor Niagara, yurak qurg‘ur yakkash vatan deydi, VATAN deya uraveradi…

Hafiza Salyahova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident qo‘shaloq bayram munosabati bilan 392 nafar mahkumni afv etdi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarni namoyon etgan holda hamda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 392 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 82 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.

Shuningdek, 53 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 3 nafarini chet el fuqarolari, 26 nafarini ayol, 14 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 166 nafarini yoshlar hamda 24 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkent viloyati tog‘larida adashgan fuqaro qutqarib qolindi

Published

on


Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chinorkent tog‘larida adashib qolgan fuqaroga qutqaruvchilar yordam ko‘rsatdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan xabar Toshkent viloyati FVBBga «112» qisqa raqami orqali kelib tushgan. Unga ko‘ra, tog‘ hududida bir erkak adashib qolgani va qutqaruvchilar ko‘magi zarurligi bildirilgan.

Shundan so‘ng, zudlik bilan aytilgan manzilga Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining qidiruv-qutqaruv guruhi yetib borgan.

Qutqaruvchilar tomonidan adashib qolgan fuqaro topilib, muvaffaqiyatli ravishda xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qashqadaryoda hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassis pora bilan ushlandi

Published

on


Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, u 1983 yilda tug‘ilgan fuqaroga 2019 yilda shahar hokimligi tomonidan ijara shartnomasi asosida berilgan davlat zaxirasidagi 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur pul mablag‘i shahar hokimligining yetakchi mutaxassisiga berilishi kerakligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, u ham ushbu mablag‘ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX fuqarolarni kundalik hayotda shunday qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, idoraning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

«Malika» bozori yaqinida harakatni qayta tashkil etish rejalashtirilmoqda

Published

on


«Malika» bozori yaqinidagi vaziyat muammo faqat bitta bekat joylashuvi bilan cheklanmasligini ko‘rsatmoqda. Ushbu hududda yuqori intensivlikdagi transport oqimi, jamoat transporti harakati, piyodalar qatnovi, to‘xtash joylari va bozorga kirish yo‘llari bir nuqtada kesishmoqda.

Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Shu munosabat bilan, harakatlanish sxemasini to‘liq qayta ko‘rib chiqmasdan amalga oshiriladigan har qanday qisman yechim, jumladan faqat bekatni ko‘chirish, kutilgan samarani bermasligi, aksincha vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari mazkur hududda harakatni tashkil etishning bir nechta variantlari ustida ish olib bormoqda. Xususan, chorraha geometriyasi va yo‘laklarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati tahlil qilinmoqda, svetofor boshqaruvi tizimi samaradorligi baholanmoqda, yo‘l qismidan amaldagi foydalanish holati, jumladan, to‘xtash joylari hisobga olinmoqda. Shuningdek, turli yechimlarning transport va piyodalar oqimiga ta’siri ham modellashtirilmoqda.

Kompleks yondashuv doirasida bekatlar joylashuvini o‘zgartirish ehtimoli, harakatlanish sxemasini tuzatish, svetoforlar ishini optimallashtirish hamda to‘xtash joylarini tartibga solish kabi choralar ko‘rib chiqilyapti.

Qayd etilishicha, asosiy maqsad haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun yangi ziddiyatlar keltirib chiqarmasdan harakatni yaxshilashdan iborat.

Ayni paytda mazkur hudud uchun chuqur tahlillarga asoslangan yechim variantlaridan biri tayyorlangan bo‘lib, u transport tugunidagi yuklamani kamaytirishga qaratilgan yondashuvni namoyon etadi. Shu bilan birga, qaror qabul qilishda aholi fikri muhim omil sifatida qaralayotgani, fuqarolardan konstruktiv taklif va mulohazalar kutilayotgani bildirildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Davlat ishxonalarida har oyda bir marta «Qog‘ozsiz bir kun» aksiyasi o‘tkaziladi

Published

on


Hukumatning joriy yil 18-martdagi 19-son qarori bilan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyunga qadar:


ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus chiqindi quti (konteyner)lari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
har bir tarkibiy bo‘linmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.

2026-yil 1-maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:


kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
har oyda 1 marotaba «Qog‘ozsiz bir kun» ekoaksiyasi o‘tkaziladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.