Iqtisodiyot

UzXCMG davlat ulushini sotish bo‘yicha Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik qilinadi

Published

on


Tog‘-kon sanoati uchun texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan UzXCMG qo‘shma korxonasidagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha Xitoyning XCMG Construction Machinery Co., Ltd kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida xususiylashtirishga oid ikkita bitim imzolandi, deya xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Bitimlardan biri Mobiuz mobil operatorini AQShning McKim and Company kompaniyasiga 351 mln dollarga sotishga oid. Ikkinchisi esa – UzXCMGʼdagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha Xitoyning XCMG Construction Machinery Co., Ltd kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, memorandum Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda XCMG Construction Machinery Co., Ltd o‘rtasida “UzXCMG” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini samarali amalga oshirish maqsadida imzolangan.

Hujjatda tomonlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish orqali xususiylashtirish jarayonining samaradorligi hamda shaffofligini ta’minlash nazarda tutilgan.

Kun.uz’ning aniqlik kiritish haqidagi so‘roviga javoban Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur hujjat UzXCMG’ni sotish bo‘yicha bitim emasligini bildirdi. Agentlikka ko‘ra, korxonaning 50,9 foiz ulushi allaqachon Xitoyning XCMG HK International Corporation Development Company Limited kompaniyasiga tegishli bo‘lib, imzolangan hujjat davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha hamkorlik memorandumi hisoblanadi.

«Bu oldi-sotdi shartnomasi emas. Shuning uchun mazkur bosqichda bitim qiymati haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Memorandum xususiylashtirish jarayonida hamkorlik qilishni nazarda tutadi. Agar kompaniyaning o‘zida qiziqish bo‘lsa, davlat ulushini sotib olishi mumkin. Shuningdek, u boshqa strategik investorlarni jalb qilishda ham ko‘maklashishi mumkin», – deya izoh berdi agentlik.

UzXCMG haqida

UzXCMG qo‘shma korxonasi 2014 yilda Xorazmda tashkil etilgan bo‘lib, tog‘-kon sanoati va yerosti konlari uchun texnika ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ustav fondi 81 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Korporativ reyestrga ko‘ra, kompaniya ulushlarining 50,9 foizi XCMG HK International Corporation Development Company Limited’ga, 49,1 foizi esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023 yildagi 102-son qarori bilan UzXCMG MChJdagi davlat ulushini xususiylashtirish rejalashtirilgan edi. Mazkur hujjatda «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tizimidagi 33 ta korxonani xususiylashtirish nazarda tutilgan bo‘lib, ular qatorida UzXCMGʼdagi 49 foizlik davlat ulushini ommaviy savdolarga chiqarish rejasi ham ko‘rsatilgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version