Sport
«Uyga vazifa». Fabio Kannavaro futboli haqida 5 mulohaza
Fabio Kannavaro milliy jamoa murabbiyi sifatida birinchi jiddiy sinovdan o‘tdi. To‘g‘ri, Urugvay ham kuchli raqib, lekin o‘shanda jamoa bu qadar optimal tarkibda bo‘lmagan. Kannavaroning o‘zida ham hali jamoa bilan tanishishga vaqt yo‘q edi. So‘nggi o‘yinga nisbatan besh futbolchi o‘zgargani ham bundan dalolat qilmoqda. Endi biz murabbiyning bir oylik faoliyatiga qisman baho berish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Fabio Kannavaro o‘tgan davrda nimalar qildi? Qanday o‘zgarishlar amalga oshirmoqda? Quyida shu haqida to‘xtalamiz.
3-4-3 – MUVAFFAQIYaT KALITIMI?
Yaqinda bir podkastda mehmon bo‘lgan Ole Gunnar Sulsher bugungi «Manchester Yunayted» sistemasi, ya’ni 3-4-3 haqida fikr bildirarkan, bunday sxemaga qarshi to‘p surish juda qiyin ekanini tan oldi.
«Agar hammasi mukammal shaklga keltirilsa, bunday jamoaga qarshi pressing qilish ham, himoyalanish ham qiyin bo‘ladi», – dedi norvegiyalik mutaxassis.
To‘g‘ri, top-klublarda bunday yo‘l bilan muvaffaqiyat qozonish ilojsiz ekani ham aytiladi, dunyoning eng yaxshi jamoalari to‘rt himoyachi bilan o‘ynashiga o‘rganib qolganmiz. Lekin e’tibor bersangiz, kamtarroq tarkib bilan o‘z darajasidan yuqori futbol ko‘rsatgan, aynan taktika orqali nomdorroq raqiblarga qarshi ham munosib o‘ynay olgan ko‘plab jamoalarda uch markaziy himoyachi sxemasi edi. So‘nggi Yevropa chempionatlaridagi Daniya, Avstriya yoki Shveytsariya milliy jamoalarini eslang. Bu jamoalar tarkibida birinchi raqamli top-yulduzlarni uchratmaysiz, lekin ular doim tashabbuskor futbol namoyish etishadi, shuningdek, o‘sha o‘rtamiyona futbolchilar ham shu tizim ichida yulduzga aylanishadi.
Quyidagi suratda Sulsher aytgan jihatni, ya’ni bunday tizimga qarshi himoyalanish qiyinligini ko‘rish mumkin.
Qanot himoyachilari hujumga faol qo‘shilganda oldinda bir chiziqda 5 futbolchi hosil bo‘ladi. 4-3-3 yoki 4-4-2 sexmasida, ya’ni vingerlar bilan o‘ynaganda bunday strukturani yaratish qiyin. Bu esa o‘z navbatida raqibning 4 himoyachisiga qiyinchilik tug‘diradi. Doim uzoq qanotda bir bo‘sh futbolchiga ega bo‘lish yoki raqib futbolchilarini gorizontal «yoyish» hisobiga markazda ham kengroq zonalarga ega bo‘lish imkoniyati bor.
Yaqinda «MYu»ga qarshi o‘yinda «Chelsi» ozchilik bo‘lib qolgach, Mareska beshinchi himoyachini tushirishga majbur bo‘ldi va o‘yindan keyingi matbuot anjumanida raqiblar oldingi chiziqda besh kishi bo‘lib hujum qilayotgani uchun qo‘shimcha futbolchiga ehtiyoj sezganini aytdi. Xuddi shunday qarorni «Sanderlend» murabbiyi «MYu»ga qarshi o‘yinda qabul qildi – u hisob 0:2 bo‘lsa ham, vinger o‘rniga uchinchi markaziy himoyachi tushirishga majbur bo‘lgani, aks holda hisob yanada yiriklashib ketishidan cho‘chiganini yashirmadi.
Shu bilan birga, 3 nafar markaziy himoyachiga qarshi raqib pressing qilishi ham qiyinchilik tug‘diradi. Chunki 5 himoyachi jamoaga gorizont bo‘ylab keng joylashish imkonini beradi. Old chiziqda butun maydon enini yopish esa son jihatdan juda ko‘p futbolchilarni jalb qilish ehtiyojini yaratadi. O‘z navbatida, bu holda markaz orqali tezkor paslar yoki uzoq masofaga uzatmalar uchun imkoniyatlar vujudga keladi.
O‘zbekiston milliy jamoasining ayni paytdagi asosiy yutug‘i – uzoq yillardan beri aynan shu tizimda o‘ynab kelayotganidir. Katanets bu tizimning bazaviy sozlamalarini ishlab chiqqan, futbolchilarda bunday o‘yinga bo‘lgan ko‘nikmalarni hosil qilgandi. Keyingi bosqichga o‘tish va bu tizim ichida yanada rivojlanish uchun esa murabbiyga salomatlik bilan bog‘liq muammolar xalal bergan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun saralashning so‘nggi bosqichida jamoa bir uslubda va ayni tarkibda bir joyda depsinib qolgandek tasavvur paydo bo‘lgandi.
Temur Kapadze qisqa muddatga kelgan bo‘lsa-da, tizimga kerakli turtkini bera oldi – masalan, qanot himoyachilarining uslubiga biroz o‘zgartirishlar kiritilib, hujumkorlik oshirildi. Tabiiyki, har qanday jamoada yangi sozlamalar, qo‘shimcha g‘oyalar ijobiy turtki sifatida yordam beradi.
Eng muhimi, Fabio Kannavaro ham shu yo‘lni davom ettirgani va aynan mana shu sxema ostida raqibga moslashish, ustunlik jihatlarni yuzaga keltirishda chizgilar yaratayotgani, qisqasi, so‘nggi pardoz ishlarini amalga oshirayotganidir. Biz siklni uch murabbiy qo‘l ostida olib borayotgan bo‘lsak-da, jamoa bir yo‘nalishda ketayotgani – asosiy yutuq bo‘lishi mumkin.
MOSLAShUVChANLIK
Fabio Kannavaro bosh murabbiy sifatida tanishtirilganda, asosiy savol shunday yangragandi – u qanday uslubdagi murabbiy? Avvalgi murabbiylarimiz yo‘lidan boradimi yo hammasini o‘zgartiradimi? Qanday futbol ko‘rsatadi?
Juda qisqa vaqt ichidagi bir necha o‘yin shuni ko‘rsatdiki, Kannavaro yetarlicha moslashuvchan, milliy jamoalar murabbiylariga kerak bo‘ladigan asosiy jihat – ijrochilardan kelib chiqqan holda futbol ko‘rsatadi. Balki shuning uchun ham uning asosiy o‘yin uslubi haqida ma’lumot to‘play olmaganmiz.
Xo‘sh, Fabio Kannavaro o‘yinimizga nima olib kirmoqda?
U murabbiy sifatida muvaffaqiyatli ishlamagan bo‘lsa-da, doim izlanishda bo‘lgani va zamonaviy trendlar bilan hamohang ekani biz uchun syurpriz. O‘z vaqtida muvaffaqiyatli ishlab qo‘ygan va o‘sha bagaj bilan Osiyoda nimadir qilmoqchi bo‘layotgan boshqa qator murabbiylardan farqli ravishda Fabioning jamoa bilan birga o‘sishga harakat qilayotganini payqash qiyin emas.
Misol uchun, ayni paytda futbolda «ikkinchi to‘plar uchun kurash» trendga chiqdi va aynan mana shu jabhadagi ustunlik o‘yindagi ustunlikka ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Biz dastlabki o‘yinlarda Kannavaro ko‘proq uzun paslar orqali o‘ynashni yoqtirar ekan, deb o‘ylagan edik, uchinchi o‘yinga kelib bu shunchaki ehtiyotkor o‘yin uslubi emas, qo‘shimcha qurollardan biri bo‘lishi oydinlashdi.
Yuqoridagi suratga qarang. To‘p yuqoridan uzatilganda Shomurodovni uni egallab, bo‘ysundirish imkoniyati deyarli bo‘lmasligi mumkin, ammo to‘p tushishi mumkin bo‘lgan zonada yana 4 nafar o‘zbekistonlik futbolchi bor. Bunday vaziyatlarda to‘pni egallash birinchidan, tezkor hujum uyushtirish imkonini beradi, ikkinchidan, raqib bor e’tiborini yuqoridan kelayotgan to‘pga qaratgani va u soniyadan so‘ng qayerda bo‘lishini taxmin qilish qiyin bo‘lgani sababli, himoya strukturasi buziladi.
Oston O‘runov tomonidan kiritilgan ikkinchi gol aynan mana shunday yo‘l bilan yuzaga keldi. Maydon markazida Eldor Shomurodov yuqori qavatdagi kurashda yutib chiqdi va to‘pni ortga, maydondagi vaziyatni yaxshi ko‘rib turgan Shukurovga yetkazdi. Shukurov esa darhol Ostonni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Ya’ni bu yerda raqib go‘yoki xaos bilan chalg‘ib qolgani, Eldor esa yaxshiroq pozitsiyadagi Shukurovni, Shukurov Ostonni payqagani, O‘runov esa o‘sha vaziyatda tezkor pas bo‘lishini sezib oldinga harakatlanganini qayd etish mumkin. O‘sha paytda uchala futbolchimiz ham misrliklardan farqli ravishda nima qilish kerakligini aniq bilardi – boshqariladigan xaos deb shunga aytiladi.
Avvalgi jamoaga nisbatan yana bir o‘zgarish – Kannavaro bir o‘yinning o‘zida turli templar o‘ziga xos jonglerlik qilmoqda. Ya’ni Katanets davrida jamoa ehtiyotkor edi – raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar bu sezilib turardi. Gol kerak bo‘lganda, ko‘pincha butun sxema o‘zgarar, yangi futbolchilar paydo bo‘lardi. Kapadze futboli biroz tajovuzkorroq, hujumda ancha faol, bu esa pragmatik o‘yin kerak bo‘lganda jamoani qiynab qo‘ygandi. BAAga qarshi o‘yin bunga yaqqol misol.
Kannavaro esa bir sxema, ayni futbolchilar bilan goh himoyaviy, goh agressiv, goh yuqori, ba’zida esa pastroq tempni taklif qila olyapti. Hozirgi jamoa o‘yinlariga qarab, uni hujumkor yoki himoyaviy deb aytish juda qiyin. Misrga, hatto Urugvayga qarshi o‘yinda ham biz ba’zida ancha yuqori pressing qila oldik.
O‘yinda hisob ochilganidan so‘ng, 10-15 daqiqa, to O‘runov to‘sinni nishonga olishigacha Misr jiddiy faollik ko‘rsatib, raqibni deyarli jarima maydoniga qamab qo‘ydi. Endi yuqoridagi kontr-pressingga e’tibor bering. Terma jamoamizning 9 futbolchisi raqib jarima maydoni yaqinida – to‘p yo‘qotilgach, tezda uni qaytarib olishga harakat qildik va uddaladik. Ya’ni kuchli raqibga qarshi bo‘lsa-da, undan qo‘rqish, butun jamoa bo‘lib yotib olish o‘rniga, biz o‘z uslubimizni qo‘yishga, biz ham kichik jamoa emasligimizni ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Mana shunday vaziyatlardan so‘ng Misrdagi o‘ziga bo‘lgan ishonch, yengillik yo‘qoldi.
Quyida esa hisob ochilgan vaziyat:
Bir qarashda gol Ostonning individual mahorati, bir necha futbolchini aldab o‘tgani natijasida yuzaga keldi. Ammo aslida vaziyat o‘yinning boshidagi faollik, 8 futbolchi bo‘lib pressing qilingani natijasida yuzaga kelganini ham unutmaslik kerak.
RAQOBAT
Turli uslub va g‘oyalar nafaqat umumiy kartinada, balki kichik detallarda ham seziladi. Srechko Katanets davrida jamoa o‘zagi shakllanib bo‘lgan, yangi futbolchilar tarkibga kirishi qiyinchilik tug‘dirardi. Terma jamoalar sharoitida bu juda qiyin va samarasiz yo‘l hisoblanadi. Sababi, har 2-3 oyda bir marta, qisqa muddatga yig‘ilgan paytda yetakchilarning sport formasini nazorat qilish juda qiyin. Bir futbolchi jarohat oladi, boshqasi kutilmaganda yomon sport formasida yig‘inga keladi – murabbiy bu syurprizga doim ham tayyor bo‘lmaydi.
Kannavaro nafaqat turli variantlarni sinab ko‘rmoqda, balki har bir yangi futbolchi va raqibdan kelib chiqib kichik o‘zgarishlar qilmoqda. Masalan, ayni paytda Masharipov va Fayzullayev yo‘q. Ikkisi tarkibdagi eng kreativ futbolchilar ekani sir emas. Ammo bu yo‘qotish deyarli sezilmayapti. Kannavaro bu bo‘shliqni Eldor Shomurodovning tajribasi yordamida yopishga harakat qilyapti. Shuning uchun Kuvaytga qarshi Erkinov, Misr bilan o‘yinda esa O‘runov asosiy hujum quroli sifatida namoyon bo‘ldi. Ya’ni Shomurodovdan to‘purar, vaziyatlarga ochilishi kerak bo‘lgan futbolchi emas, hujumlarni boshlovchi, tashkil qiluvchi kuch sifatida foydalanmoqda. Qaysidir jihatdan Harri Keynning «Bavariya»dagi roliga juda o‘xshash.
Yuqoridagi suratdagiga o‘xshash vaziyatlar juda ko‘p takrorlandi. Shomurodov raqib darvozasiga orqa qilgan holatda to‘pni qabul qilib, hujumni turli yo‘nalishlarda tashkil qilishda ancha faol va samarali bo‘ldi. Ikkinchi goldan tashqari, 2-bo‘limda bosh bilan zarba berish bilan yakunlangan o‘ta xavfli vaziyat ham aynan Shomurodov boshlagan hujum yordamida yuzaga keldi.
Ya’ni hujum ortida Masharipov va Fayzullayev kabi pleymeykerlar yo‘qmi, muammosiz, unda jarima maydoniga yorib kirishi mumkin bo‘lgan Erkinov yo O‘runovdan foydalanamiz. Shomurodovning roli esa o‘zgaradi.
Terma jamoaning bunday moslashuvchanligi kelajakda ko‘p yordam beradi. Murabbiyda ayni paytda eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan futbolchilardan foydalanish imkonini beradi. Zaxira variantlar orqali o‘yin taktikasini o‘zgartirishga sharoit yaratadi. Hamda yana bir eng muhim jihat bor.
Terma jamoada nafaqat ma’lum pozitsiya uchun bir necha futbolchilar ichida, balki turli uslublar ichida ham raqobat yuzaga kelmoqda. Ya’ni chap qanot yarimhimoyasida ma’lum uslub uchun Fayzullayev hammadan yaxshi bo‘lishi mumkin. Lekin qaysidir boshqa uslubda Abbosdan ko‘ra Erkinov foydaliroq bo‘ladi. Ya’ni Erkinov aslida Abbosdan kuchli bo‘lmay turib ham, uslublar o‘rtasida raqobat tufayli asosiy tarkibga tanlanishi mumkin.
Yaqinda Jaloliddin Masharipov o‘z jarohati haqida fikr bildirarkan, nasib bo‘lsa jamoaning noyabrdagi o‘yinlariga tayyor bo‘lishini aytgandi. Shunda savol tug‘ilgan – Masharipov nega jamoaga chaqirilishiga bunchalik amin? Albatta, Jaloliddin tezda sog‘ayishi, yana jamoa yetakchilaridan biriga aylanishi, mundialda to‘p surishini chin dildan istaymiz. Ammo jamoa hammaniki. Futbolchilarga milliy jamoa emas, aksincha, ular milliy jamoaga muhtoj. Nomzodlar safi kengayishi, jamoaning turli uslublarda to‘p sura olish salohiyati esa futbolchilarda yaxshi ma’noda xavotir yaratadi. Endi ular o‘zini jamoaning doimiy vakili deb hisoblay olmaydi, u yerda to‘p surish uchun doim yuqori sport formasini ushlab turish, klubda o‘zini davomli ravishda ko‘rsatib turishi talab etiladi. Bu ham murabbiylar shtabi uchun, ham futbolchining o‘zi uchun juda ahamiyatli.
GORIZONTAL FUTBOL
Biz ko‘pincha vertikal o‘yin atamasini ko‘p ishlatamiz. To‘pni himoyadan hujumga olib chiqishda eng qisqa yo‘l ham albatta, shu. Shu bilan birga, bunday o‘ynash jamoadan katta jismoniy kuch va tezlik talab qiladi.
Fabio Kannavaro jamoaning himoya chizig‘ida texnik jihatdan ancha shakllangan futbolchilar ko‘pligini payqagan bo‘lsa kerak. Misrga qarshi ko‘rsatilgan o‘yin Tiago Mottaning «Bolonya»sini eslatib yubordi. O‘sha «Bolonya» maydonning enidan ham samarali foydalanish mumkinligini namoyish qilgan, Italiya futbolida kichik inqilob qilgandi. Albatta, bu ma’lum shartlarda, masalan, A Seriyada o‘xshagan, tezkor Angliyada yashab ketishi qiyin, shuning uchun ham lokal darajada qolib ketdi. Yevro-2024 chempionatida esa «Bolonya»ning uch futbolchisiga ega bo‘lgan Shveytsariya ham shunga yaqin uslub qo‘lladi. Yiliga besh-olti marta yig‘iladigan milliy jamoalar futboli baribir temp jihatdan klublarnikidan farq qiladi, u yerda bunday uslublarni ko‘chirish osonroq ham.
Asosiy jihat – to‘pni nazorat qilayotganda futbolchilarning maydonda imkon qadar keng joylashuvidir. Bu yuqorida eslangan Sulsherning iqtibosini isbotlaydi – bunday jamoaga qarshi pressing qilish juda qiyin.
Misr aksariyat vaziyatlarda 5-2-3 sxemasida pressing qilishga urindi va uch hujumchi bizning uch markaziy himoyachimizga qarshi o‘ynadi. Bu holatda bizda O‘runov yoki G‘aniyev markazga tushib, raqibga nisbatan (3 ga 2) son jihatdan ustunlikni yaratishdi. Misr himoyachilaridan biri ham oldinga chiqib, tenglikka uringanda esa Shomurodov ham qo‘shildi. Bu qisqarishlar natijasida ko‘pincha qanotlarda biz hujum qilishimiz uchun bo‘shliqlar yuzaga kela boshladi. Ya’ni 3-4-3 (yoki 3-5-2) raqibda personal pressing uchun doim noqulayliklar yaratadi, zonalar bo‘yicha himoyalanganda esa doim qanotlarda son jihatdan ustunlikni ta’minlash mumkin. Albatta, buning uchun qanot futbolchilaridan juda yuqori jismoniy tayyorgarlik talab qilinadi.
To‘p bilan qanchalik keng o‘ynagan bo‘lsak, himoyalanishda aksincha, shu qadar zich harakat qildik.
O‘zbekiston quyi blokda 5-4-1, pressingga chiqqanda esa 5-3-2 sxemasida harakat qildi. Bu Misrni eng asosiy ustunligidan – qanotlardan mahrum qildi. Eng quyi beshligimiz sinxron ravishda doim o‘ng va chapga harakatlanib turgani tufayli, Misrda vaziyatlar yaratish imkoniyati bo‘lmadi. Doim eng uzoqdagi futbolchi ochiq qolar, unga to‘pni tezlik bilan yetkazish esa doim qiyinchilik tug‘dirardi.
JISMONIY TAYYoRGARLIK – ENG MUHIM MASALA
Barcha rejalar maydonga ko‘chishi, yuqorida tilga olingan ustunliklar ba’zida, ayrim raqiblarga qarshi emas, doim ishlashi uchun jismoniy tayyorgarlik muhim. Jahon chempionatlari tarixida muvaffaqiyatli to‘p sura olgan kichik terma jamoalarga qaralsa, birgina umumiy jihatni ko‘rinadi – Afrika mamlakatlari bo‘ladimi, sharqiy osiyoliklarmi, doim yaxshi jismoniy tayyorgarlik yordamida oradagi saviya farqini yopa olishgan. Tartibli o‘ynash, murabbiy ko‘rsatmalarini maydonga ko‘chira olish, xato qilmaslik uchun ham jismoniy holat juda muhim.
O‘zbekistonlik futbolchilar Misrga qarshi birinchi bo‘lim boshlarida ham, ikkinchi bo‘lim oxirlarida ham himoyaviy harakat qildik. Lekin bu ikki kartina bir-biridan farq qiladi. 1-bo‘limda biz ancha ishonarli edik, sarosima ham yo‘q, reja soat kabi ishlayotgandi. 2-bo‘limda esa xatolar ko‘paydi, sarosima ham sezildi. Mabodo bir gol o‘tkazib yuborilsa, Misr bosimni oshirishi aniqdek tasavvur paydo bo‘ldi. Bu Urugvayga qarshi o‘yinda sezilgandi.
Fabio Kannavaro uchrashuvdan keyin ham asosiy muammo sifatida yana shu jihatga to‘xtalib o‘tdi. Himoya chizig‘imizda muammolar paydo bo‘lgani, hujumda qarshi o‘yin uchun g‘oyalar kamaygani, O‘runov zaxiraga olingani ortida charchoq turibdi.
Jismoniy kamchilik katta musobaqalarda ikki tomonlama seziladi. Birinchisi, raqibga nisbatan. Katta ehtimol bilan, mundialda o‘zimizdan yuqori darajadagi jamoalarga qarshi o‘ynaymiz. Raqib futbolchilari to‘p suradigan chempionatlar, klublar saviyasi baland bo‘lganidan, ular katta yuklamalar ostida o‘ynash ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Ularga qarshi 90 daqiqa o‘ynash oson bo‘lmasligini Urugvay va Misrga qarshi o‘yinlar ko‘rsatib berdi.
Ikkinchidan, bir jamoa ichidagi farqlar. Terma jamoamizda APLning peshqadam klubida to‘p suradigan futbolchi ham, O‘zbekiston Superligasi vakillari ham bor. Bunday tafovut jamoaga teng ravishda yuklama berishda xalaqit beradi. Husanovning tempiga tayanish Superliga vakili uchun og‘irlik qilishi mumkin. Yoki aksincha Superliga tempida Husanov bor imkoniyatini namoyish qila olmasligi mumkin. Aytaylik, Saudiya Arabistoni jamoasida bir chempionatda, bir xil ko‘nikmaga ega bo‘lgan futbolchilar yig‘ilgan – ulardan maksimal foydalanish mumkin bo‘lgan temp va uslubni shakllantirish osonroq. Futbolchilar o‘rtasida katta tafovut bo‘lgan jamoalarda esa bu biroz qiyin.
Fabio Kannavaro uchun aniq yechim topish qiyin. Terma jamoadagi qisqa yig‘inlarda jismonan o‘sishning imkoni yo‘q. Shu tufayli ham u klublar bilan birgalikda ishlash kerakligi, intensiv futbol muhim ekani haqida ko‘p bor ta’kidlamoqda. Ya’ni milliy jamoaga nomzod futbolchilarga alohida yuklamalar, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va jismoniy talablar tizimini ishlab chiqish, shu orqali ularning terma jamoa o‘yinlari uchun tayyorgarligini nazorat qilish lozim bo‘ladi.
Yana bir ijobiy omil ham bor. Mundial yozda bo‘lib o‘tadi. U paytda Yevropada uzoq mavsum endi yakunlangan, aksariyat futbolchilarning sport formasida pasayish kuzatilishi mumkin. O‘zbekiston chempionati esa aksincha, bahorda boshlanadi va iyunga kelib har tomonlama optimal formaga kirib olish mumkin. Bu ham qaysidir jihatdan oradagi farqni qisqartirsa ajab emas.
Qahramon Aslanov
Sport
Uchta qizil, ikkita javobsiz gol. «Real» «Bernabeu»da ilojsiz holda qoldi
Eder Militao yana jarohat oldi, «Real» deyarli vaziyatga ega bo‘lmadi. Endi madridliklar turnir jadvalida «Barselona»dan 4 ochkoga ortda qolmoqda.
Xabi Alonso uchun dahshatli oqshom
«Real» – «Selta» 0:2
Gollar: Svedberg, 53 (0:1). Svedberg, 90 (0:2)
«Real»: Kurtua, Eder Militao (Ryudiger, 24), Karreras, F. Garsiya, Raul Asensio (Rodrigu, 54), Tshuameni, Arda Guler (G. Garsiya, 74), Bellinghem, Valverde, Vinisius Junior, Mbappe
«Selta»: Radu, Starfelt, Alonso, Rodriges, Moriba, Roman (Beltran, 84), Mingesa (Rueda, 71), Karreyra, Saragosa (Hutgla, 71), Duran (Svedberg, 46), Iglesias (Aspas, 88)
Ogohlantirishlar: Bellinghem, 62. F. Garsiya, 63. Valverde, 90. Rodrigu, 90. Karreras, 90 – Moriba, 83
Chetlatishlar: F. Garsiya, 64 (ikkinchi sariq). Karreras, 90+1 (ikkinchi sariq)
O‘yinning birinchi bo‘limidagi eng asosiy vaziyat – Eder Militaoning jarohati bo‘ldi. U raqib forvardi Pablo Duranni ta’qib qilayotib, belidan jarohat oldi. U darhol gazonga quladi va o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi.
Bu Militao uchun joriy mavsumdagi ikkinchi jarohat bo‘lib, bunisi oldingisidan jiddiyroq bo‘lib chiqdi. Xuddi braziliyalik futbolchiga qarg‘ish tekkandek: qatorasiga ikki bor uning xochsimon paylari uzilib ketdi, bir yildan ortiq tiklanish jarayonidan keyin safga qaytganida esa tanasining boshqa qismlarida muammolar yuzaga kelmoqda.
Holbuki «Real» himoyasida shusiz ham muammolar yetarlicha edi, Dani Karvahal va Trent ham safdan chiqqani tufayli o‘ng qanot himoyasida Raul Asensioni tushirishga to‘g‘ri kelgandi. Va o‘yin ushbu himoyachi uchun juda yomon boshlandi. Avvaliga Saragosa to‘pni uning oyoqlari orasidan o‘tkazib, bolalarcha aldab o‘tdi. Keyin ea Asensio oddiy vaziyatda toyib ketdi va to‘pni raqibga sovg‘a qildi.
Shu kuni Jud Bellinghem ham, Arda Guler ham boshlang‘ich tarkibda tushgandi. Natijada «Real» maydon markazini nazorat qildi, ammo bu birinchi bo‘limda yetarlicha xavfli vaziyatlar yaratilishini ta’minlay olmadi. 45 daqiqa davomida mezbonlar hujumida faqat Bellinghemning bosh bilan yo‘llagan zarbasi xato ketgani va Guler deyarli 11 metrlik nuqtadan to‘g‘ri zarba berolmagani yodda qoldi. Shu bilan birga, «Selta» qarshi hujumlarda vaziyatlar yaratdi. Shunday ekan, o‘yinni faqat bir darvoza tomon kechdi deyish qiyin edi.
Umuman olganda, birinchi bo‘limda golli vaziyatlardan ko‘ra, xavfli to‘qnashuvlar ko‘proq bo‘ldi. Bu boradagi g‘oliblikni Militaoning o‘rniga tushirilgan Ryudigerga berish mumkin, epizodlardan birida u to‘pdan ancha uzoqda turgan Saragosani urib yiqitdi va bu vaziyat uchun na jarima zarbasi, na ogohlantirish berildi.
Lekin mezbonlarning qo‘pol o‘yin uslubi ikkinchi bo‘limda baribir pand berdi.
53-daqiqada «Selta» hisobda oldinga chiqib oldi: Brayan Saragosa chap qanotdan uzatma berdi va Villiot Svedberg to‘pni to‘xtatmasdan butsasining tashqi qismida yo‘llagan zarbasi bilan chiroyli gol muallifiga aylandi. Ushbu 21 yoshli shvetsiyalik tanaffusda Duran o‘rniga tushgandi va to‘pga birinchi teginishidayoq hisobni ochdi. Umuman olganda, murabbiy uni bejiz tushirmagandi. «Real» ushbu futbolchi uchun sevimli raqib hisoblanadi, u maydan buyon gol urmayotgandi va uning oxirgi goli aynan «Real» darvozasiga urilgandi.
Va mezbonlarning muammosi shu bilan tugamadi. Fran Garsiya 62 soniya ichida ikki bor sariq kartochka olishning uddasidan chiqdi. U avvaliga «Selta»ning xavfli hujumini to‘xtatish uchun raqib futbolchisini yiqitdi, keyin esa Svedbergning oyog‘iga tepdi.
Ikki holatda ham bosh hakam Alexandro Kintero Gonsalesga e’tiroz bildirib bo‘lmasdi, ammo shundan biroz oldinroq «Selta» futbolchisiga Bellinghemning qoshini yorgani uchun hech qanday ogohlantirish berilmagan, aksincha uning o‘ziga hakam bilan bahslashgani uchun sariq kartochka ko‘rsatilgandi.
Alonso maydon chetida turib nafaqat hakamga, balki o‘z futbolchilariga ham jiddiy e’tiroz bildira boshladi. Son jihatdan ko‘pchilik bo‘lib olgan mehmonlar hech qayerga shoshilmasdan, to‘pni o‘zi bilan olib yura boshladi. Shusiz ham vaziyat yaratishda qiynalayotgan madridliklar esa ozchilik holatda hech narsa o‘ylab topa olmadi.
O‘yin oxirida asablar dosh bermadi: «Real» futbolchilari hakam bilan bahslashganlik uchun yana to‘rt bor ogohlantirish olishdi, shundan ikkitasi Alvaro Karrerasga ko‘rsatildi. Yetmaganiga zaxira o‘rindig‘idan sakrab chiqqan Endrikka to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil berildi.
«Selta» esa bundan foydalanib, ikkinchi golni ham urdi: Svedberg bu safar 38 yoshli Yago Aspasning himoyachilar orasidan o‘tkazgan pasiga ochildi va darvozabonni ham aldab o‘tib, to‘pni darvoza to‘riga olib kirdi.
Noyabrda qatorasiga uch o‘yinda durang qayd etgan «Real» «Atletik»ni yirik hisobda yengganidan keyin yana ochko yo‘qotishni boshladi. Natijada madridliklar endi turnir jadvalida «Barselona»dan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda. Uchinchi o‘rindagi «Vilyarreal» ham o‘z o‘yinida g‘alaba qozonib, oldinga chiqib olishi mumkin.
«Real» keyingi o‘yinni Chempionlar ligasida «Manchester Siti»ga qarshi o‘tkazadi. Yil oxirigacha «Alaves»ga qarshi safarda va «Sevilya»ga qarshi uyda bo‘ladigan o‘yinlar qolgan.
Sport
«Kimdir meni jamoada ko‘rishni istamayapti». Saloh shov-shuvli intervyu berdi
U murabbiy bilan munosabatlari buzilganini ochiq aytdi va qishda ketishi mumkinligiga ishora qildi.
«Liverpul» mavsum startidagi g‘alabali seriyadan keyin inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. Va hozircha vaziyatni o‘nglashning imkoni bo‘lmayapti. 6 dekabr kuni APLning navbatdagi turida mersisaydliklar yana ochko yo‘qotishdi: «Lids» bilan o‘yinda avvaliga jamoa 2:0 hisobida oldinga chiqib olgandi, keyin ikkita gol o‘tkazib yubordi, o‘yin oxirida Soboslai yana qizillarni hisobda oldinga olib chiqdi, ammo 90+6-daqiqada uchinchi gol o‘tkazib yuborildi (3:3). So‘nggi 10 o‘yinda atigi ikki bor g‘alabaga erishgan «Liverpul» turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinda bormoqda. Muxlislarning katta qismi bosh murabbiy Arne Slot iste’fosini talab qilmoqda. «Lids» bilan o‘yindan keyin esa klubda navbatdagi jiddiy muammo paydo bo‘ldi. Jamoaning uzoq yillik yetakchisi, qatorasiga uch o‘yinda zaxirada qoldirilgan Muhammad Saloh jurnalistlar qarshisiga chiqdi hamda murabbiy bilan o‘rtasidagi oldingi munosabat qolmaganini ochiq aytdi. Shuningdek, qishda ketishi mumkinligiga ishora qildi.
U «Vest Hem» va «Lids»ga qarshi o‘yinda umuman maydonga chiqmadi, «Sanderlend» bilan o‘yinda esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgandi.
Qatorasiga uch o‘yinda zaxirada qolishi Salohning «sabr kosasini to‘ldirdi». Uning hisoblashicha, Slot uni «Liverpul» muammolarida asosiy aybdor sifatida ko‘rsatmoqda.
Klubdan hafsalasi pir bo‘lgani haqida
«Men juda-juda xafaman. Bu klub uchun yillar davomida, ayniqsa o‘tgan mavsumda qancha mehnat qilganimni hamma ko‘rib turibdi. Bunga ishona olmayman, yana 90 daqiqa zaxira o‘rindig‘ida qoldirildim. Bu uchinchi martasi. Menimcha, faoliyatimda ilk bor shunaqa bo‘lmoqda.
Men hozir zaxirada o‘tiribman va nega bunday bo‘lganini bilmayapman. Aftidan, klub aybni menga ag‘darmoqda. Men shuni his qilyapman. Menimcha, bu mutlaqo ravshan: kimdir hamma ayb mening zimmamda bo‘lishini xohlagan.
Klub yozda katta va’dalar bergandi, endi esa uch o‘yinda maydonga tushirilmadim. Ular va’dasida turishdi deya olmayman.
Men bunday vaziyatga ko‘nika olmayman. Men bu klub uchun juda ko‘p ish qilgandim».
Arne Slot haqida
«Men ko‘p marta bosh murabbiy bilan munosabatim yaxshi ekanini aytganman. Hozir esa hech qanday munosabat qolmadi. Menimcha, kimdir meni klubda ko‘rishni xohlamayapti.
Yana bir bor aytaman: endi o‘rtamizda hech qanday munosabat yo‘q. Juda yaxshi munosabat bo‘lgandi, endi esa birdan yo‘q bo‘lib qoldi. Kecha u boshlang‘ich tarkibda tushmasligimni aytdi va men u bilan uchrashdim. U nimalar his qilayotganimni biladi. U bundan xabardor».
Kelajagi haqida
«Men doimo bu klubga muxlislik qilaman. Farzandlarim uni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Men bu klubni juda yaxshi ko‘raman va doimo shunday bo‘lib qolaman. Kecha onamga qo‘ng‘iroq qildim – hech kim asosiy tarkibda chiqish yoki chiqmasligimni bilmasdi, lekin men bilardim.
Kecha [ota-onamga] aytdim: ««Brayton» bilan o‘yinga kelaveringlar. O‘ynaymanmi, yo‘qmi, buni bilmayman, ammo baribir zavq olaman. Tasavvur qilyapman, chunki bundan keyin nima bo‘lishini bilmayman. Men «Enfild»da bo‘lib, muxlislar bilan xayrlashaman va Afrika Kubogiga yo‘l olaman. U yerdaligimda nima bo‘lishini bilmayman».
Saudiya Arabistoniga ketishi ehtimoli haqida
«Men bu savolga javob berishni istamayman».
Shartnomasi haqida
«Uni imzolaganimdan afsusdamanmi? Bu savolga vijdonan javob berish men uchun juda og‘ir. Bu og‘riqli, hatto savolning o‘zi ham og‘riqli. Bu klub bilan shartnoma imzolaganim uchun men hech qachon afsuslanmayman. Shartnomani uzaytirib, faoliyatimni shu yerda yakunlayman deb o‘ylagandim.
Hammasi qachondir, qandaydir tarzda tugaydi, lekin miyamda bir fikr aylanadi: «Nega hammasi aynan shunday tugashi kerak?» Chunki men juda yaxshi holatdaman, atigi besh oy oldin men barcha individual mukofotlarni qo‘lga kiritgandim, nega endi hammasi shunday ketishi kerak? Kechirasiz, jamoadagilarning barchasi ham yaxshi formada emas, ammo hozir aynan men himoyalanishimga to‘g‘ri kelmoqda».
Futbolchilar bilan munosabatlari haqida
«Yo‘q, yo‘q, yo‘q (unga jamoadoshlari pand bermadimi degan savolga javoban), bu yigitlar men ularni qanchalik yoqtirishimni bilishadi. Ular o‘yindan oldin ham, o‘yindan keyin ham ularni qanchalik qo‘llab-quvvatlashimni bilishadi. Men tajribali futbolchiman. Men ularni doim qo‘llab-quvvatlayman, doim tajriba ulashaman. Yo‘q, yo‘q, o‘yinchilarning bunga daxli yo‘q. Ular ham meni juda qo‘llab-quvvatlashadi, shuning uchun o‘rtamizda faqat ulkan muhabbat va hurmat bor».
Yana bir bor klub oldidagi xizmatlari haqida
«Klub uchun qilgan ishlarimdan keyin bunaqa bo‘lishi chindan og‘riqli. O‘zingiz uchun tasavvur qilib ko‘rishingiz mumkin. Uydan chiqayotganingda bugun boshlang‘ich tarkibda bo‘lish-bo‘lmasligingni bilmaysan. Men klubni juda yaxshi bilaman, men ko‘p yillardan buyon shu yerdaman. Bilaman, ertaga [Jyeymi] Karrager yana va yana menga hujum qiladi – tanqid qilaversin, bu normal holat.
Men APLga kelganimdan keyingi davrda klub uchun barchadan ko‘p gol urdim. Bu davrda butun APLda mendan ko‘proq gol urgan va golli uzatma bergan boshqa kimdir bor deb o‘ylamayman. Menimcha, boshqa kimdir bilan bu ish sodir bo‘lganda, klub yonini olgan bo‘lardi. Men esa bunaqa vaziyatdagi yagona futbolchiman. Barcha aytyapti: «Mo — muammo, demak uni chetga surib qo‘yish kerak». Men esa muammo o‘zimda deb o‘ylamayman.
Men klub uchun borimni berdim. O‘z o‘rnim uchun har kuni kurashishim shart emas, chunki u meniki, unga haqliman. Men klubdan kattaroq emasman, lekin men o‘ynashga haqliman».
Noto‘g‘ri munosabat haqida
«Misol keltirish kerakmi? Bu ahmoqlik, ammo afsusdaman. Yodimda, qaysidir pallada Harri Keyn o‘n o‘yinda gol urmagandi va mediadagilarning barchasi shunday degandi: «Harri gol uradi hali». Ish Salohga kelganda esa barcha shunday demoqda: «U zaxirada o‘tirishi kerak». Uzr, Harri!»
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Bu vaziyatda murabbiyning qarorini ham to‘g‘ri tushunish mumkin: joriy mavsumda misrlik futbolchining o‘yinida jiddiy pasayish yuzaga keldi. U mavsum startidagi 12 o‘yinda atigi to‘rt gol urib, ikki assist amalga oshirgandi, bu esa o‘tgan mavsumdagi fenomenal ko‘rsatkich (29 gol + 18 assist) bilan solishtirganda juda kamtarona ko‘rinadi.
«Liverpul» muammolari fonida ko‘plab muxlislar va ekspertlar Muhammad Salohning o‘yinidagi pasayishni alohida ko‘rsata boshlagandi.
33 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirgan.
13 dekabr kuni «Brayton»ga qarshi kechadigan o‘yin esa Saloh uchun klubdagi oxirgi o‘yin bo‘lib qolishi mumkin. Shu bilan birga, ayrimlar u allaqachon muxlislar bilan xayrlashdi deb hisoblamoqda: «Lids» bilan o‘yindan keyin Mo maydonga chiqib, uzoq vaqt qoldi va tribunaga yig‘ilganlarni olqishlab turdi.
U dekabr oyining ikkinchi yarmida Afrika kubogi o‘yinlariga jo‘nab ketadi, birinchi o‘yin – 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Agar Misr turnirda finalgacha yetib boradigan bo‘lsa, u «Liverpul»ga 20 yanvardan oldin qaytmaydi.
Shuningdek, 2026 yilgi jahon chempionatigacha yarim yil qolmoqda, futbolchi turnirga borishi uchun sport formasini yuqori holatda saqlab turishi kerak bo‘ladi. U bu yarim yilni qayerda va qanday o‘tkazishi hozircha katta savol ostida.
Salohning oxirgi bayonoti Krishtianu Ronalduning «MYu»dan ketish oldidan Pirs Morganga bergan mashhur intervyusini yodga solib yubormoqda. Ushbu jurnalist allaqachon misrlik futbolchini ham o‘zi bilan suhbat qurishga chorladi. Futbolchi bu taklifga rozi bo‘ladigan bo‘lsa, portugaliyalik yulduznikidan ko‘ra shov-shuvliroq intervyu chiqishi mumkin.
Sport
raqiblar, taqvim va Ronaldu haqida
Kun.uz sport bo‘limi jurnalisti Qahramon Aslanov qur’a natijalari bo‘yicha dastlabki taassurotlari bilan bo‘lishdi.
Nihoyat jahon chempionati final bosqichi uchun ko‘pchilik kutgan qur’a tashlangach, mundial kartinasi hammaning ko‘z oldida namoyon bo‘ldi. O‘yinlar qaysi paytda bo‘ladi, raqiblar kim, pley-off ehtimoli qanday, yozgacha mulohaza qilish uchun mavzu juda ko‘p.
Masalan, Braziliya, Shotlandiya va Marokashdan iborat guruh bizga 1998 yilgi Fransiya mundiali va aynan braziliyaliklar tufayli ko‘zda yosh bilan turnirni tark etgan Marokashni eslatib yuboradi. Fransiya esa 2002 yilgi og‘riqli mag‘lubiyat uchun Senegaldan qasos olishi mumkin. Agar hammasi kutilgandek ketsa, Messi va Ronaldu chorakfinalda to‘qnash kelishini hozirdan hisoblab bo‘lishdi. Uzoqqa bormaylik, hatto ochilish o‘yini ham tanish – Meksika va Janubiy Afrika. Bu jamoalar JCh-2010 turnirini Ravshan Ermatov hushtagi bilan boshlab berishgan, faqat o‘shanda mezbon Meksika emas, afrikaliklar edi.
Xullas, gaplashadigan gaplar ko‘p, ammo ilk taassurotlarni tabiiyki, O‘zbekiston milliy jamoasiga urg‘u qaratgan holda taqdim etamiz.
Kanadaga boramizmi?
Taqvimga ko‘ra, birinchi o‘yin Kolumbiyaga qarshi 17 iyun kuni Mexikoda, afsonaviy «Atsteka» stadionida o‘tadi. Ushbu stadion o‘z bag‘riga 87 mingdan ortiq muxlisni sig‘dira oladi va qit’adagi eng katta stadion hisoblanadi, dunyoda esa kuchli beshtalikka kiradi. «Atsteka» «Marakana» kabi ikki marta mundial finalini qabul qilgani bilan ham tarixga kirgan. Debyut uchun ajoyib stadion. Ushbu uchrashuv Toshkent vaqti bilan ertalabki soat 08:00 da boshlanadi. Bu o‘yin 1-turni yopib ham beradi.
Ikkinchi turda Portugaliyaga qarshi o‘yinimiz 23 iyun kuni AQShda bo‘lib o‘tadi. 71 ming muxlisga mo‘ljallangan NRG Stadium Texasning Hyuston shahrida qad ko‘targan. Bu uchrashuv Toshkent vaqti bilan kechki soat 22:00 da boshlanadi.
Hal qiluvchi so‘nggi tur o‘yiniga ham AQSh, Atlantadagi Mersedes-Benz Stadium o‘yingohi mezbonlik qiladi. Uchrashuv ertalabki soat 05:30 ga belgilangan. Qizig‘i, ushbu stadion aslida o‘zbekistonliklarga begona emas. JCh-2026 saralash bosqichi boshlanishidan oldin Srechko Katanets boshchiligidagi jamoa Meksikaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida 3:3 hisobida durang qayd etgan, o‘yin aynan Atlantadagi mazkur stadionda bo‘lib o‘tgandi.
E’tiborli jihati, O‘zbekiston mundialda uchala mezbon davlatda ham o‘ynash imkoniyatiga ega. Buning uchun jamoa guruhda 2-o‘rinni egallashi talab etiladi. Ana o‘shanda pley-offni L guruhi ikkinchi jamoasiga qarshi Torontoda boshlaymiz. Agar 3-o‘rin orqali chiqilsa, pley-offda ham Atlantada qolamiz.
Qancha ochko kerak?
Shu paytgacha jahon chempionati guruh bosqichida ham qiziqarli intrigalar, «o‘lim guruhlari»ga o‘rganib qolgan ko‘pchilik muxlislar 48 ta jamoadan iborat formatdagi guruhlar tarkibidan norozi bo‘lgani shubhasiz. Chunki aksariyat guruhlarda bo‘lajak g‘oliblarni hozirdan taxmin qilish mumkin. Guruhlardagi uchinchi o‘rin egalarilarda ham imkoniyat bo‘lishi esa intrigani yanada pasaytirib yuboradi.
To‘g‘ri, 1994 yilgi mundialgacha ham guruhlarda 3-o‘rin vakillari pley-offga chiqishgan, ammo u paytda guruhlar soni 6 ta bo‘lar, har bir guruh kamida uchta kuchli jamoadan tashkil topardi. Keyinchalik ishtirokchilar soni 32 taga oshirilgan formatda esa faqat 1 va 2-o‘rinni egallagan jamoalar guruhdan chiqadigan bo‘lishgan.
Ham guruhlar tarkibi kuchsizlangani, ham imkoniyatlar kengaygani – turnirning qariyb uchdan ikkisini tashkil qiladigan guruh bosqichining qiziqarlilik darajasini tushirib yuborgandek ko‘rinmoqda. Balki FIFA 1/16 final bosqichidan voz kechib, har bir guruh g‘oliblari va 4 nafar eng yaxshi 2-o‘rin sohibini pley-offga chiqargani yaxshiroq bo‘larmidi? Shunda har bir guruhda 1-o‘rin uchun qattiq kurashga guvoh bo‘lardik.
Albatta, bu bizning dardimiz emas. Xuddi yo‘llanmalar soni bilan bo‘lganidek, O‘zbekiston uchun guruhdan chiqadiganlar qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi.
Reglamentga ko‘ra, 3-o‘rinni olgan jamoalarda ham keyingi bosqichga chiqish imkoniyati bo‘ladi, ammo hammasida emas. 12 guruhdan 1-2 o‘rinlar 24 jamoani tashkil qilsa, yana 8 eng yaxshi ko‘rsatkichga ega uchinchi o‘rin sohiblari ham 1/16 finalga yo‘llanma olishadi.
Taqqoslash va chamalash uchun yaqinda xuddi shu formatda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga qarash mumkin. O‘shanda 4 ta jamoa 4 ochko, yana 4 jamoa 3 ochko bilan keyingi bosqichga o‘tgan. Uch ochkolilarning uchtasi to‘plar nisbatida ijobiy farqqa ega edi. Ya’ni guruhda 4 ochko katta ehtimol bilan pley-offni kafolatlaydi, 3 ochko esa ba’zi shartlarda yetarli bo‘lishi mumkin. Buning uchun masalan, O‘zbekiston dastlabki ikki turda Kolumbiya va Portugaliyaga yutqazadigan bo‘lsa, kichikroq hisobni saqlab qolishi kerak bo‘ladi. Katta ehtimol bilan, hammasi so‘nggi turdagi raqibga qarshi o‘yinda ro‘y beradi. Ya’ni har qanday holatda O‘zbekistonda so‘nggi turgacha imkoniyat saqlab qolinadi
Kongo DR yoki Yamayka?
12 guruhdan oltitasida guruhlar tarkibi to‘liq shakllanmagan. Mart oyida bo‘ladigan qit’alararo va UYeFA pley-offida yana olti ishtirokchi jamoa aniqlanadi. To‘rtinchi savatchadan bizga UYeFA vakili tushmagani albatta, omadimiz kelganini anglatadi, ammo hozirgi qur’a ham o‘ta omadli deb bo‘lmaydi. Zero, Yangi Zelandiya, Haiti yoki Kabo Verde kabi jamoalar tushganida imkoniyat biroz yuqori bo‘lardi.
Guruhimizning to‘rtinchi vakili Kongo DR, Yamayka va Yangi Kaledoniya jamoalari o‘rtasidagi pley-offda aniqlanadi. Avval Yamayka va Yangi Kaledoniya o‘zaro bahslashadi va g‘olib jamoa Kongo Demokratik respublikasi jamoasiga qarshi yo‘llanma uchun final bahsida kuch sinashadi. Agar reytingga, jamoalar tarkibiga qarab baho berilsa, tabiiyki, bu uchlikda kongoliklar favorit va katta ehtimol bilan uchinchi raqib aynan Afrika vakili bo‘ladi.
Kongo DR ikki karra Afrika chempioni, 1974 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi sanaladi. Saralashning guruh bosqichida Kamerunni, pley-offda esa Nigeriyani yengib chiqqani e’tiborga olinsa, ushbu jamoa jiddiy muammo tug‘dirishi tayin. Jamoa tarkibida Yevropada to‘p suradigan legionerlar juda ko‘p.
O‘zbekistonlik muxlislarga «Manchester Yunayted» orqali yaqinroq tanish bo‘lgan, ayni paytda esa APLning boshqa klublari «Byornli» va «Vest Hem»da o‘ynayotgan Aksel Tuanzebe va Aaron van Bissaka ham Kongo DR milliy jamoasi a’zolari hisoblanishadi. Jamoa to‘purari va eng tajribali futbolchisi, 34 yoshli Sedrik Bakambu esa anchadan buyon La Liga jamoalarida o‘ynab keladi, hozirda «Betis» klubi a’zosi. Shuningdek, ayni paytda Angliyada kashfiyot bo‘layotgan «Sanderlend» klubida o‘ynovchi Artur Masuaku va Noa Sadiki ham shu mamlakatdan. Masuaku ko‘proq zaxiradan tushib tursa, 20 yoshli Sadiki hamma o‘yinda asosiy tarkibda harakat qilgan. Jamoada Fransiya, Belgiya, Shotlandiya, Polsha va Ispaniya chempionatining boshqa jamoalaridan ham futbolchilar bor.
Xullas, agar chetdan qarab solishtirsak, ushbu jamoa ko‘pchilik o‘ylaganidek, guruh autsayderi emas, hatto O‘zbekistonga qaraganda tajribali va kuchliroq tarkibga ega. Ushbu jamoaga qarshi o‘yinga cho‘ntakdagi uch ochko sifatida emas, xuddi Kolumbiya yo Portugaliyaga qarshi bo‘lganidek, jiddiy qarash va puxta tayyorlanish shart bo‘lgan og‘ir uchrashuv sifatida qarash lozim.
Kolumbiya – eng og‘ir raqib
Bir paytlar, ayniqsa 90-yillarda Kolumbiyaning jahon futbolidagi o‘rni biroz boshqacha bo‘lgan. U paytlarda nafaqat Afrika, balki Lotin Amerikasidagi boshqa mamlakatlarning ham Yevropa klublar futbolidagi o‘rni pastroq bo‘lgan va bu tabiiy. Sababi, har bir klub asosiy tarkibda ko‘pi bilan 3 nafar legionerni o‘ynatish mumkin edi. Shu tufayli Yevropada to‘p suradigan amerikaliklar hozirgidek ko‘p emasdi.
Shu fonda Kolumbiya KONMeBOLning Braziliya va Argentinadan keyingi eng yulduzli jamoasi hisoblanardi. Deyarli har jahon chempionati oldidan Pele aynan shu yurt jamoasini favorit sifatida tilga olar, ammo taxminlar o‘zini oqlamay, kolumbiyaliklar goh Kamerun, goh Ruminiya kabi kamtar jamoalarga yutqazib, turnirni tark etishardi. Mana shu doimiy yuqori kutilmalar Kolumbiya jamoasi muhitini toksiklashtirar, Igitaning xatosi kabi yorqin xatolar, o‘z darvozasiga gol urib qo‘ygan Eskobarning o‘ldirib ketilishi kabi voqealar esa ularni ancha yoqimsiz, ishonchni oqlamaydigan, yetarlicha balansga ega bo‘lgan muammoli jamoaga aylantirardi.
Hozirgi paytda buning butunlay aksi. Kolumbiya Urugvay bilan birga eng mehnatkash, jismonan baquvvat, yengish o‘ta qiyin bo‘lgan jamoa hisoblanadi. O‘tgan oyda biz o‘rtoqlik o‘yinini aynan Urugvayga qarshi o‘tkazganimiz foyda bo‘lgan deyish mumkin, shu o‘yin bo‘lmaganda ham, keyingi sparring raqib sifatida aynan Urugvayning tanlanishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. O‘sha o‘rtoqlik o‘yinida biz to‘liq tarkibda harakat qilmagan bo‘lsak-da, Urugvayning jismoniy tayyorgarligi fonida kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlandi va Fabio Kannavaro ham muammo sifatida aynan shu jihatni ko‘p bor tilga oldi. Ayni paytda Kolumbiya tarkib jihatidan Urugvaydan ham kuchli va mutaxassislar tomonidan mundialda g‘olib chiqishi mumkin bo‘lgan da’vogarlar o‘ntaligiga kirgan.
Jamoa tarkibini tilga olganda ayni paytda Yevropada porlayotgan Deniel Munyoz, Luis Dias, Richard Rios kabi futbolchilarni e’tirof etishdan tashqari, Lotin Amerikasi o‘lkalariga xos yana bir jihatni ham aytib ketish kerak. Odatda Chili, Urugvay, Paragvay, Meksika yo Kolumbiya kabi jamoalarda odatda muxlislar nazaridan yo‘qolgan, ammo aynan yirik turnirlarda yuqori sport formasi namoyish etib o‘zini eslatadigan yulduzlar doim bo‘ladi. Xames Rodrigesni masalan, xuddi shunday, mundial uchun yaralgan futbolchilar sirasiga kiritish mumkin.
Argentinalik mutaxassis Nestor Lorenso boshchiligidagi Kolumbiya milliy jamoasi saralash o‘yinlarini ham juda kuchli o‘tkazdi va faqat Braziliya va Argentinadan keyingi uchinchi o‘rinni egalladi. O‘z maydonidagi uchrashuvlarda har ikki nomdor raqibni ham mag‘lub etdi. Albatta, Meksikadagi stadion bizga qarshi uchrashuvda Kolumbiyaning uy stadioniga aylanishiga shubha yo‘q.
Portugaliya milliy jamoasi asosi «Manchester Siti», «PSJ» kabi top-klublardan tuzilgan va katta ehtimol ular Chempionlar Ligasida ham oxirgi bosqichlarga qadar borishadi. Mundialdagi guruh bahslarida Portugaliyada jismoniy charchoq alomatlari bo‘lishi yoki masalan, O‘zbekistonni mensimaslik, Krishtianu ko‘proq gol urishi uchun harakat qilish kabi faktorlar kichik bo‘lsa-da, yaxshiroq ssenariyga yo‘l ochib qolishi mumkin. Umid qilsa bo‘ladi. Ammo Kolumbiya guruhdan chiqish uchun aynan 1-turda uch ochkoni qattiq xohlaydigan, bizning asosiy kamchiligimiz bo‘lgan jismoniy tomondan mukammal bo‘lgan raqib sanaladi va O‘zbekiston ilk o‘yinni mukammal o‘tkazishi shart.
Minginchi golni yaqindan ko‘ramizmi?
O‘z vaqtida Pelening faoliyatidagi 1000-goli uzoq kuttirgani, oxiri futbol qiroli bu vazifani penalti orqali uddalagani haqida ko‘p eshitganmiz. 2026 yil futbolda boshqa bir buyuk voqeaning guvohi bo‘lishi – Krishtianu Ronaldu o‘z faoliyatidagi minginchi golini urishi mumkin. Shunda, portugaliyalik hujumchi, o‘zining ta’biri bilan aytganda, «minglik klubi»ning hamma goli videoga yozilgan yagona a’zosiga aylanadi.
Ayni paytda Ronalduda 954 gol bor. Futbolchi to‘p suradigan «An Nasr» mundialgacha yana 28 o‘yinda maydonga tushadi. Shuningdek, OFK kubogi pley-off o‘yinlari, ichki kubok uchrashuvlari ham qo‘shilishi mumkin. Yana Portugaliya milliy jamoasining mart oyidagi rasmiy o‘rtoqlik o‘yinlari qo‘shiladigan bo‘lsa, Krishtianuda biz bilan o‘yingacha nazariy tomondan 40 ga yaqin uchrashuvda qatnashish imkoniyati bo‘ladi.
Albatta, Ronaldu jahon chempionatiga tayyorgarligiga urg‘u berishi va bahorgi o‘yinlarda jismoniy holatini yaxshi saqlab turish uchun biroz ehtiyotkorlik qilishi mumkin. Ammo agar u minginchi golini aynan mundialda urishni niyat qilsa, biroz shoshilishiga to‘g‘ri keladi.
Endi tasavvur qiling, mana shu qirqqa yaqin o‘yinlarda Ronaldu 45 gol urishni uddalasa va O‘zbekistonga qarshi o‘yinda uning minginchi golni urish ehtimoli paydo bo‘lsa? O‘tkir yoki Abduvohidga omad tilagan holda, shunday katta voqeaning ishtirokchisi bo‘lish yoki gol kutadigan butun dunyoning hafsalasini pir qilish futbolchilarimiz chekiga tushsa, ajoyib bo‘lardi, shunday emasmi?
Qahramon Aslanov
Sport
«Arsenal»da alamli mag‘lubiyat, «Barsa» o‘yinida gollar shousi. Kun o‘yinlari
«Siti» «Arsenal»ga yetib olmoqda, «Liverpul» ikki gol ustunligini saqlab qololmadi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Arsenal» yana «Villa»ga yutqazdi
«Aston Villa» – «Arsenal» 2:1
Gollar: Kesh, 36 (1:0). Trossar, 52 (1:1). Buendiya, 90+5 (2:1)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres (Lindelef, 87), Matsen, Kesh (Buendiya, 87), Onana (Bogard, 75), Kamara, Tilemans, Rodjyers, Makginn (Sancho, 75), Uotkins (Malen, 66)
«Arsenal»: Rayya, Inkapiye, Timber, Kalafiori (Lyuis-Skelli, 86), Uayt, Subimendi, Rays, Edegor, Eze (Yokeresh, 46), Saka (Madueke, 79), Merino (Trossar, 46, Martinelli, 86)
Ogohlantirishlar: Kalafiori, 72. Saka, 74
«Arsenal» yozdan beri yutqazmay kelayotgandi, ammo bu turda jamoani Birminghemga qiyin safar kutatgandi. «Aston Villa» hozirda yuqori sport formasida, jamoa bosh murabbiyi Unai Emerining esa sobiq jamoasi «kanonirlar» bilan o‘z hisob-kitobi bor. Mehmonlar o‘yinni birinchi raqamda boshladi va xavfli vaziyatlar yaratdi, epizodlardan birida Emiliano Martines bor mahoratini ishga solishiga to‘g‘ri keldi, yana bir vaziyatda esa londonliklarning goli ofsayd tufayli bekor qildi. Ammo bu vaziyatlardan chiqib olgan mezbonlar hisobni ochishdi. Chap qanot himoyachisi qarama-qarshi qanotga uzatma berdi, o‘ng qanotda bo‘sh qoldirilgan himoyachi Kesh to‘pni Rayyaning oyoqlari orasidan o‘tkazdi.
Ikkinchi bo‘lim «Arsenal»dagi o‘zgarishlar bilan boshlandi. Merino va Eze o‘rniga Yokeresh hamda Trossar maydonga tushishdi. Bu mehmonlar hujumiga impuls qo‘shdi. Ikki futbolchida ham ketma-ket vaziyatlar yuzaga keldi va aynan belgiyalik vinger 59-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Bu Trossar uchun APLdagi 50-golga aylandi, u joriy mavsumda «gol+pas» bo‘yicha 6+5 ko‘rsatkichini qayd etmoqda – bu esa rotatsiya futbolchisi uchun yomon natija emas.
«Arsenal» yana tashabbusni qo‘lga oldi va raqibni uzil-kesil taslim qilishga harakat qildi, ammo «Villa» yana raqib bosimidan chiqib keta oldi. Avvaliga Malen qulay vaziyatda aniq zarba bera olmadi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar tugayotganida esa mehmonlar himoyachilari to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtira olmadi va zaxiradan tushganiga ko‘p bo‘lmagan Buendiya g‘alaba golini urib ketdi – 2:1.
Bu «kanonirlar» uchun Mikel Arteta davrida «Villa»dan oltinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. Jamoa uchun APLda bundan qiyinroq raqib faqat «Manchester Siti» (7 mag‘lubiyat). Shunday ekan, shanba kungi o‘yin natijasini sensatsiya deb bo‘lmaydi. Mavsum startidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin (g‘alabasiz to‘rt o‘yin) «Villa» o‘z o‘yinini topib oldi va kuchli uchlikka mustahkam o‘rnashib oldi (birinchi o‘rin bilan farq atigi 3 ochko).
«Manchester Siti» – «Sanderlend» 3:0
Gollar: Ruben Diash, 31 (1:0). Gvardiol, 35 (2:0). Foden, 65 (3:0)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol (Ake, 70), O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales, Foden (Reynders, 69), Bernardu Silva (Lyuis, 82), Doku, Sherki (Savio, 82), Holand (Marmush, 69)
«Sanderlend»: Rufs, Ballard, Gertreyda, Alderete, Hyum (O`Nayyen, 88), Mukiyele, Sadiki (Mandl, 72), Jaka (Adingra, 72), Le Fe, Traore (Talbi, 56), Izidor (Brobbi, 56)
Ogohlantirish: Gvardiol, 37
Chetlatish: O`Nayyen, 90
«Arsenal»ning mag‘lubiyati esa «Siti»ga qo‘l keldi. «Etihad»da mehmon bo‘lgan «Sanderlend» o‘z darvozasiga to‘g‘ri borgan dastlabki ikki zarbadan ikki gol o‘tkazib yubordi. Avvaliga Ruben Diash jarima maydoni tashqarisidan olis burchakni aniq nishonga oldi, bir necha daqiqa o‘tib Gvardiol Foden burchakdan oshirgan to‘pni boshda darvozaga yo‘lladi. Lekin bu mavsumda «Siti» bir necha bor 2:0 hisobida oldinda borgan o‘yinlarida ustunlikni qo‘ldan boy bergandi va muxlislar hali xotirjamlikka berila olmasdi.
Oldingi dam olish kunlarida ham «Lids»ga qarshi o‘yinda ikki to‘p farqi yo‘qqa chiqqan, faqat qo‘shimcha daqiqalarda g‘alaba goli urib ketilgandi (3:2), hafta o‘rtasida esa «Siti» «Fulhem» bilan o‘yinda to‘rt gol farqini boy berishiga sal qolgandi (5:4). Shanba kuni ham ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar hujumkorlikni oshirganida, «shaharliklar» muxlislari hayajonda o‘tirishiga to‘g‘ri keldi. Donnarumma Izidor bilan yakkama-yakka vaziyatda qutqardi, Jakaning jarima zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi. Holand esa maydonni golsiz tark etishiga to‘g‘ri keldi, ikkinchi bo‘limda uning zarbasidan keyin Gertrayda to‘pni chiziq ustida to‘xtatib qoldi. Faqat 65-daqiqada Sherkining rabona uslubidagi uzatmasidan keyin Foden bosh bilan aniq zarba yo‘llab, o‘yindagi intrigaga barham berdi.
Bu g‘alabadan keyin «Manchester Siti» turnir jadvalida «Aston Villa»ni quvib o‘tib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi va «Arsenal» bilan oradagi farqni ikki ochkogacha qisqartirdi. APLda chempionlik poygasida intriga qizimoqda.
«Bornmut» – «Chelsi» 0:0
«Bornmut»: Petrovich, Senesi (Hill, 62), Diakite, Tryuffer, Smit, Skott, Taverniye, Klyuyvert (Bruks, 74), Semenyo, Ximenes (Adli, 74), Evanilson (Enes Yunal, 87)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana, Kukurelya, Gyusto, Fernandes, Jyeyms, Palmer (Joao Pedro, 58), Garnacho (Estevao, 77), Pedru Netu, Delap (Giu, 32)
Ogohlantirishlar: Giu, 85. Pedru Netu, 90
Chempionlik poygasidagi yana bir jamoa «Chelsi» esa «Arsenal»ning qoqilishidan foydalana olmadi. Enso Mareska shogirdlari «Bornmut» maydonida golsiz durang qayd etishdi va endi yakshanba kuni «Kristal Pelas» «Fulhem»ni mag‘lub etadigan bo‘lsa, tur yakunlariga ko‘ra kuchli to‘rtlikdan chiqib ketishi ham mumkin.
«Nyukasl Yunayted» – «Byornli» 2:1
Gollar: Gimarayns, 31 (1:0). Gordon, 45+8 – penalti (2:0). Flemming, 90+4 – penalti (2:1)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Sher, Tshau, Bern (Holl, 63), Livramento, Gimarayns, Uillok (Mayli, 63), Remsi (Tonali, 90+6), Gordon (Joelinton, 74), Elanga, Voltemade (Vissa, 74)
«Byornli»: Dubravka, Estev, Ekdal (Edvards, 90+5), Lukas Pires, Uoker, Kallen, Florentinu (Loran, 65), Ugochukvu, Brun Larsen (Entoni, 86), Broyya (Flemming, 86), Foster (Uorrall, 46)
Ogohlantirishlar: Livramento, 52. Remsi, 90 – Uoker, 35. Loran, 89
Chetlatish: Lukas Pires, 43
Nyukasldagi o‘yinda hisobni ochgan Brunu Gimaraesning goli nafaqat turning, balki mavsumning eng chiroyli goli bo‘lishga da’vogarlik qiladi. U korner ijro etishda to‘pni aylantirib, darvozaning olis burchagiga joyladi. Bu APL tarixidagi yigirmanchi shunday gol urilishi bo‘ldi, «qarg‘alar» uchun esa birinchisi. Birinchi bo‘lim oxirida «Byornli» bir kishi ozchilik bo‘lib qoldi va amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi, Pires qizil kartochka olishdan tashqari, jamoasi darvozasiga penalti qo‘yilishiga sababchi bo‘ldi. Nuqtaga yaqinlashgan Gordon aniq zarba berdi. Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Flemming 11 metrdan urgan gol esa amalda hech narsani o‘zgartira olmadi.
«Tottenhem» – «Brentford» 2:0
Gollar: Risharlison, 25 (1:0). Simons, 43 (2:0)
«Tottenhem»: Vikario, Romero (Danso, 81), van de Ven, Spens, Porro, Grey, Bentankur (Palinya, 65), Simons, Risharlison, Quddus (Sarr, 80), Kolo Muani (Odober, 74)
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Ayyer (Henri, 46), Kayode (Hiki, 76), Henderson, Yarmolyuk (Yanelt, 76), Damsgor (Yyensen, 61), Uattara (Lyuis-Potter, 88), Shade, Tiago
Ogohlantirishlar: Romero, 31. Porro, 47. Grey, 77 – Kayode, 28. Ayyer, 45. Shade, 60. Yarmolyuk, 72
«Tottenhem» nihoyat chempionatda ilk bor uy o‘yinida g‘alaba qozonib, muxlislarini xursand qildi, «shporlar»ning birinchi bo‘limdagi asosiy dvigateli Simons bo‘ldi. Niderlandiyalik yarimhimoyachi avvaliga hisobni ochgan Risharlisonga assistentlik qildi, keyin esa o‘zi himoyachilardan qochib ketib, APLdagi ilk golini urdi. Agar hafta o‘rtasida Nyukaslda qayd etilgan irodali durang hisobga olinsa, aytish mumkinki, Tomas Frank shogirdlari inqirozdan chiqmoqda. Bu savolga aniq javobni yaqin turlarda bilib olish mumkin, hozircha esa londonliklar, xuddi «Nyukasl» kabi top-4 dan uch ochkolik masofada bormoqda.
«Lids» – «Liverpul» 3:3
Gollar: Ekitike, 48 (0:1). Ekitike, 50 (0:2). Kalvert-Lyuin, 73 – penalti (1:2). Shtah, 75 (2:2). Soboslai, 80 (2:3). Tanaka, 90+6 (3:3)
«Lids»: Perri, Biyol (Aaronson, 65), Streyk, Rodon, Ampadu (Piru, 87), Shtah, Gruyev (Tanaka, 65), Gudmundsson, Bogl (Bornau, 90+3), Kalvert-Lyuin, Okafor (Nionto, 65)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Bredli (Gomes, 68), Jons, Gravenberh, Virs (Makallister, 68), Gakpo (Endo, 83), Soboslai, Ekitike (Isak, 84)
Ogohlantirishlar: Bogl, 20. Gudmundsson, 26. Streyk, 89 – Bredli, 45. van Deyk, 81. Gomes, 90
Saloh qatorasiga uchinchi bor zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Arne Slot yana shunday yurishga qo‘l urdi va translatsiya rejissyori «Liverpul» yana birinchi bo‘limda gol ura olmaganidan keyin misrlik hujumchini yirik planda namoyish etdi. Ammo ikkinchi bo‘lim mehmonlarning gollari bilan boshlandi, Ekitike «Lids» himoyachilarining qo‘pol xatosidan foydalanib ketdi. Birinchi holatda fransuz hujumchisi raqib himoyachisining xato pasidan keyin to‘pga ega chiqib, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatda hisobni ochdi. Ikkinchi holatda qanotda to‘pni olib qo‘ygan Bredlining uzatmasiga barchadan birinchi yetib bordi.
Ikki daqiqa – ikki gol. Mezbonlar bunday zarbadan o‘ziga kela olmaydigandek ko‘ringandi, ammo Daniel Farke o‘z shogirdlarini favoritlardan qo‘rqmasdan o‘ynashga o‘rgatgani yana bir bor o‘z isbotini topdi. Ushbu jamoa o‘tgan haftada «Manchaster Siti» bilan tengma-teng o‘yin ko‘rsatgan, hafta o‘rtasida «Chelsi»ni mag‘lub etgandi va shanba kuni ham iroda ko‘rsata oldi. Bu ko‘p jihatdan Konatening aybi bilan sodir bo‘ldi, fransiyalik himoyachi keraksiz vaziyatda Niontoga fol ishlatdi va VAR tekshiruvidan keyin mehmonlar darvozasiga penalti belgilandi.
Keyin esa ushbu himoyachi hisobni tenglashtirgan Shtahni qarshi olishga bormadi. Va bu hali hammasi emasdi. «Liverpul» ikkinchi golni o‘tkazib yuborganidan keyin to‘liq kuch bilan hujumga o‘tdi va Soboslai mehmonlarga hisobdagi ustunlikni qaytardi.
Ammo mersisaydliklar qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabani saqlab qola olishmadi, o‘tgan turda «Chelsi» darvozasini ishg‘ol etgan Tanaka, bu safar «Liverpul» muxlislarini ranjitib, 90+6-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Mavsum debyutantlariga qarshi qatorasiga ikki o‘yinda ochko yo‘qotgan «Liverpul» 8-o‘rinda qolmoqda.
Ispaniya: Ferranda het-trik
«Betis» – «Barselona» 3:5
Gollar: Antoni, 6 (1:0). Torres, 11 (1:1). Torres, 13 (1:2). Barji, 31 (1:3). Torres, 40 (1:4). Yamal, 59 – penalti (1:5). Liorente, 85 (2:5). Ernandes, 90 – penalti (3:5)
«Betis»: Vales, Natan (Liorente, 60), Bartra (Firpo, 60, Rodriges, 89), Gomes, Ruibal, Pablo Fornals, Roka, Altimira (Deossa, 46), Azzalzuliy, Antoni (P. Garsiya, 75), Ernandes
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin (de Yong, 63), Balde (Kristensen, 46), Kunde, E. Garsiya (Torrens, 81), Pedri (Bernal, 63), Bardji (Fermin Lopes, 68), Reshford, Yamal, Torres
Ogohlantirishlar: Altimira, 21. Deossa, 59. Ruibal, 67. Gomes, 87 – Martin, 48. Kunde, 90
«Barselona» yana tezkor gol o‘tkazib yubordi. Bu golli kombinatsiyani kataloniyaliklar tarbiyalanuvchisi Azzalzuliy boshlab berdi, Antoni esa himoyachilarning sun’iy ofsayd hosil qilishdagi xatosidan foydalanib, hisobni ochdi. Lekin Hansi Flik shogirdlari nafaqat darhol hisobni tenglashtirishdi, balki ikki daqiqadagi ikki gol bilan hisobda oldinga ham chiqib olishdi. Asosiy tarkibdan Levandovskini siqib chiqargan Ferran Torres Kunde va Barjining uzatmalarini golga aylantirdi.
«Barsa» bu bilan to‘xtash haqida o‘ylamadi va bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda Barji ko‘k-anorranglilar safidagi ilk golini urdi. Shvetsiyalik futbolchi Pedridan to‘pni qabul qilib olib, yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Shu yozda «Kopenhagen»dan olib kelgan vinger gol va pas bilan o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishi mumkin edi. Ammo bu maqomni undan bo‘lim oxirida het-trik qayd etgan Ferran qaytarib oldi. «Betis» uning uchun La Ligadagi eng sevimli raqibga aylandi (7+2), u o‘z faoliyatidagi ikki het-trikni ham ushbu jamoaga qarshi safar o‘yinlarida nishonlagan. Ikkinchi bo‘limda Yamal penaltidan hisobni o‘ta yirik ko‘rinishga keltirdi, o‘yin oxirida Liorente va Ernandes urgan javob gollari esa amalda hech narsani o‘zgartirmadi. Endi Flik shogirdlari yana turnir jadvalida «Real» bilan oradagi farqni to‘rttaga oshirdi, lekin madridliklar tur doirasidagi o‘yinni bugun «Selta»ga qarshi o‘tkazadi.
«Atletik» – «Atletiko» 1:0
Gollar: Berenger, 85 (1:0)
«Atletik»: Simon, Paredes, Lyaport (Vivian, 33), Berchiche, Areso (Gorosabel, 82), Ruis de Galarreta (Gomes, 66), Xauregisar, Sanset (Iseta, 82), Uilyams, Berenger, Guruseta (Rego, 66)
«Atletiko»: Oblak, Langle (Rudjyeri, 62), Pubil, Gansko, Molina, Gallaher (Koke, 46), Barrios, Gonsales (Raspadori, 72), Simeone, Almada (Serlot, 62), Alvares (Grizmann, 66)
Ogohlantirishlar: Xauregisar, 14. Ruis de Galarreta, 20. Lyaport, 28 – Gallaher, 12. Koke, 90
Kunning oxirgi o‘yinini Berengerning goli bezab berdi, u jarima maydoni tashqarisida turib, Niko Uilyamsning uzatmasiga bir teginishda darvozani ishg‘ol etdi. Hafta o‘rtasida «Real»ga yirik hisobda yutqazgan basklar nihoyat «San-Mames»da bayram qilishdi. «Atletiko»ga qarshi o‘yindagi g‘alaba jamoa uchun juda muhim edi, chunki bu o‘yinda ham muvaffaqiyatsizlikka uchralsa, jamoa yevrokuboklar uchun kurashda ancha ortda qolib ketishi mumkin edi. «Atletiko» uchun esa vaziyat nisbatan yaxshi – beshinchi o‘rinda kelayotgan «Betis» bilan oradagi yetti ochkolik farq saqlanib qolgan.
Sport
Messi «Mayami» uchun tarixiy sovrinni yutib berdi
Leo eng yaxshi yillarini yodga solib, finalni hal qildi.
Foto: Rich Storry/Getty Images
MLS kubogi finali. 7 dekabr
«Inter Mayami» – «Vankuver» 3:1
Gollar: Okampo 8 avtogol, De Paul 71, Allende 90+6 – Ahmed 60
«Inter Mayami»: Rios Novo, Frey (Veygant, 90+1), Falkon, Buskets, Allen, Alba, Silvetti (Brayt, 78), De Paul, Rodriges (Segoviya, 57), Alende, Messi.
«Vankuver»: Takaoka, Okampo, Blekmon, Laborda, Ahmed (Gold, 68), Priso (Pupe, 68), Kubas (Kabrera, 82), Berxalter, Sabbi (Jyeydon Nelson, 90+1), Myuller, Uayt.
Ogohlantirishlar: Rodriges (13), Falkon (48), De Paul (86), Rios Novo (90+9) – Uayt (17), Okampo (45), Blakmon (66), Kubas (74), Laborda (86), Berxalter (90+4)
«Inter Mayami» Messi bilan birgalikda o‘z tarixida ilk bor MLS chempioniga aylandi – bu oltinchi urinishda ro‘y berdi. Pley-off finalida Tomas Myuller boshchiligidagi «Vankuver Uaytkeps» (3:1) mag‘lub etildi. Leo Messi ikkita golga uzatma berdi.
«Inter» darhol avtogol yordamida hisobni ochdi. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin esa Messi katta sahnaga chiqdi
«Inter» avtogol evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. «Mayami» yarimhimoyachisi Tadeo Alende o‘ng qanotdan to‘pni jarima maydoniga uzatdi, Ediyer Okampo esa to‘pga oyog‘ini qo‘yishda xato qildi va o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Messi ushbu golli hujumda ham ishtirok etdi.
Keyin esa «Inter» biroz ortga qaytdi, «Vankuver» esa bosimni kuchaytirdi. 8-daqiqadayoq hisob ochilishi «Inter»ning zarariga ishladi deyish ham mumkin. Shundan keyin floridaliklar biroz xotirjamoikka berildi va kanadaliklar tashabbusni qo‘lga olib, bir necha xavfli vaziyatlar yaratishdi, 60-daqiqada esa hisob tenglashdi. Ali Ahmed yaqin burchakka kuchli zarba yo‘lladi, «Inter» darvozaboni Rokko Rios to‘pni o‘tkazib yubordi.
Shundan keyin Messi o‘yinni o‘zgartirib yubordi. 71-daqiqada Leo to‘pni raqibdan olib qo‘ydi va uni himoyachilar ortiga ochilayotgan Rodrigo De Paulning yo‘liga tashlab berdi, argentinalik yarimhimoyachi olis burchakni aniq nishonga oldi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Messi yana bir golli uzatma amalga oshirdi, Alende o‘yinga so‘nggi nuqtani qo‘ydi.
De Paul uchun bu MLS chempionatidagi ilk gol edi va shu gol finalda g‘alaba olib keldi. Messi ikki assist bilan o‘yin taqdirini hal qildi.
Messi mavsumni kuchli o‘tkazdi. Alba va Buskets faoliyatidagi so‘nggi o‘yinda sovrin qo‘lga kiritdi
Devid Bekhem va «Inter» nihoyat maqsadga erishdi.
● Messi MLS pley-off bosqichini ajoyib o‘tkazdi: olti o‘yinda olti gol va yetti assist muallifi bo‘ldi. Butun mavsum davomida esa 34 o‘yinda 58 ta golli harakat amalga oshirdi (35+23).
● Milliy jamoadagi o‘yinlar bilan qo‘shib hisoblaganda esa Messi 2025 yilda gol+pas tizimida 73 ochko jamg‘ardi. Bu uning faoliyatida to‘qqizinchi marta bir yilda 70+ ochko ishlashi bo‘ldi. Unda bunday ko‘rsatkich oxirgi bor 2017 yilda kuzatilgandi. Bu boradagi eng yuqori natijasi esa 2012 yilda qayd etilgan – 112 golli harakat.
● «Inter» Messi bilan ilk bor MLS pley-offida birinchi raunddan o‘ta olgandi va oxirigacha bordi. Bungacha «Mayami» pley-offda ikki marta o‘ynagandi. 2022 yilda birinchi raundda «Nyu York Siti»dan mag‘lub bo‘lgan (0:3), ikki yil o‘tib – xuddi shu bosqichda «Atlanta» to‘sig‘idan o‘ta olmagan (2:1, 1:2, 2:3).
● Holbuki bu mavsumda pley-off «Inter» uchun qiyin boshlangandi. «Neshvill»ga qarshi birinchi o‘yinda ishonchli g‘alabaga erishilgach (3:1), javob o‘yinida bu ustunlik boy berilishiga bir baxya qolgandi (1:2). Messi o‘shanda o‘yin oxirida chiroyli gol bilan hisobni qisqartirgandi, ammo MLS pley-offida gollar nisbati ahamiyatga ega emas. Shu tufayli, jamoalar o‘rtasida uchinchi o‘yinni o‘tkazishga to‘g‘ri kelgandi va bu o‘yinda yirik g‘alaba qayd etilgandi (4:0). Keyingi raqiblar bilan esa osonroq bo‘ldi: «Inter» avvaliga «Tsinsinnati» (4:0) va «Nyu York Siti» (5:1) klublariga imkon qoldirmadi, finalda «Vankuver» ham mag‘lub etildi.
● Serji Buskets va Jordi Alba faoliyatini yorqin g‘alaba bilan yakunlaydigan bo‘lishdi. Busketsda endi sovrinlar soni 38 taga yetdi, Albada bu ko‘rsatkich 25 taga teng.
● Messining sovrinlari soni esa allaqachon 50 ga yaqinlashgan (48) va u hali futboldan ketmoqchi emas. U «Inter» bilan 2023 yilgi liga kubogini qo‘lga kiritgan, 2024 yilda MLS muntazam chempionatida g‘olib chiqqan, endi esa Amerikadagi eng asosiy sovrinni ham boshi uzra ko‘tardi.
MLSda keyingi mavsum 2026 yil fevralida boshlanadi. «Inter» uchun oldindagi mavsum Buskets va Albasiz kechadi.
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Denis Manturov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qo’llab-quvvatlaydi
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Jamiyat5 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Dunyodan5 days agoIndoneziyada bir necha kun ichida 700 dan ortiq kishi halok bo’ldi.
-
Sport4 days ago«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
-
Siyosat4 days agoMarkaziy Osiyo mamlakatlari 2026 yilda suvdan foydalanish va suv havzalari tizimiga kelishib olishdi
-
Iqtisodiyot5 days ago“Hech kim bizga kredit bermasdi”
