Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.