Siyosat
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 23-avgust kuni mamlakatning bir palatali parlamenti – Qurultoy saylovi munosabati bilan jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
«Vlast» nashri vakili Tamara Vaal Q.To‘qayevdan 2029-yilgi prezident saylovida qatnashish niyati bor yoki yo‘qligini so‘ragan.
«Konstitutsiyaviy sud shunday qaror qabul qildi. Bu qonuniy, albatta va men qonuniy tartibda qayta saylanish huquqiga egaman. Kelgusi saylov masalasiga yoki siz aytganingizdek, saylovda qatnashish yoki qatnashmasligimga kelsak, bu borada mulohaza yuritishga hali erta. Negaki, qayd etganimdek, mamlakatimiz oldida turgan ko‘plab masalalarni hal etishimiz kerak. Butun Qozog‘istonni qurilish maydoniga aylantirib, avvalo, fuqarolar uchun ijtimoiy obyektlar barpo qilishimiz lozim… Ehtimol, keyingi yili sizga (bu bo‘yicha) aniqroq javob berarman», – degan Q.To‘qayev.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil iyul oyida Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi Qosim-Jo‘mart To‘qayev yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligi haqida qaror chiqardi.
Sud talqiniga ko‘ra, mart oyida referendum orqali ma’qullangan va 1-iyuldan e’tiboran kuchga kirgan yangi Konstitutsiya amaldagi davlat rahbari Q.To‘qayevga yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishga imkon beradi.
Avvalgi Asosiy Qonun bo‘yicha davlat lavozimlarida ishlagan shaxslar konstitutsiyaviy islohotdan keyin qayta saylanish yoki lavozimga tayinlanish huquqiga ega bo‘ladi va bu ularning birinchi saylovi yoki lavozimga tayinlanishi hisoblanadi.
Q.To‘qayevning prezidentlik muddati 2022-yil noyabrda boshlangan va 2029-yil noyabrda tugaydi.
2025-yil may oyida Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida Q.To‘qayev davlat rahbari yollanma menejer ekanini ta’kidlagan holda, yetti yillik vakolat muddati tugagach, 2029-yilda iste’foga ketishini aytgan edi.
Konstitutsiyaviy sud Q.To‘qayev navbatdagi muddatga prezidentlik saylovida qatnashish huquqiga ega ekani haqida qaror chiqarishidan avvalroq Qozog‘iston rahbari BMT Bosh kotibi lavozimiga kutilmagan nomzod sifatida ilgari surilishi ehtimoli ham muhokama etilgandi.
Ma’lumot o‘rnida: Q.To‘qayev BMTning rasmiy tillaridan to‘rttasini biladi va avval BMT Bosh kotibi o‘rinbosari hamda Jenevadagi vakolatxona rahbari lavozimida ishlagan.