Mahalliy
Ustoz tayyorlash mas’uliyatining ko‘lami va sharafi nimada?
Bolaning bilimga munosabati ko‘pincha ustozining birgina savoli, tushuntirishi yoki unga bildirgan ishonchidan boshlanadi. O‘quvchidagi qobiliyatni payqash, fikrini eshitish, xatosini tushuntirish va yana urinib ko‘rishga undash o‘qituvchidan chuqur bilim bilan birga pedagogik mahoratni talab qiladi.
Biz pedagogika universitetida ta’lim berar ekanmiz, har bir talabamiz timsolida kelajakda yuzlab bolalar hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan ustozni ko‘rishimiz kerak. Shu ma’noda, ustoz tayyorlash asnosida mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olamiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’limga qaratilayotgan e’tibor zamirida insonning o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, bilim va mehnati bilan munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratish maqsadi mujassam.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 1-sentyabr kuni maktab o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigida ta’lim-tarbiyani rivojlantirishga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratilishi ta’kidlandi. Yoshlarning puxta bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, ona tili va milliy madaniyatini chuqur bilishi, shu bilan birga, jahon ilmi yutuqlarini o‘zlashtirishi oldimizdagi vazifalar mazmunini belgilaydi. Bu talablar, avvalo, shunday avlodni tarbiyalay oladigan o‘qituvchini tayyorlashga daxldordir.
Muallimga ehtiromning mustahkam asosi
Xalqimiz hayotida ustozga hurmat alohida o‘rin tutadi. Bugun bu hurmat davlatning huquqiy kafolatlari bilan ham mustahkamlanmoqda. Konstitutsiyamizning 52-moddasida o‘qituvchi mehnatining jamiyat taraqqiyoti va avlod tarbiyasidagi o‘rni e’tirof etilib, uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, farovonligi hamda kasbiy o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qilish davlat zimmasidagi vazifa sifatida belgilangan.
2024-yil 1-fevralda qabul qilingan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun ham pedagog faoliyati uchun muhim kafolatlarni belgiladi. Unda pedagogning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashishga, uni kasbiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etishga, vazifasiga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni yuklashga qarshi kafolatlar nazarda tutilgan. Buning mohiyati oddiy: o‘qituvchining vaqti va salohiyati darsga, o‘quvchi bilan ishlashga va o‘z ustida izlanishga sarflanishi kerak. Biroq huquq va kafolat bilan birga pedagogning mas’uliyati ham bor. Bola sha’nini hurmat qilish, baholashda adolatli bo‘lish, o‘quvchini kamsitmaslik, ota-ona bilan vazmin muloqot olib borish ustozlik kasbining ajralmas mezonlaridir.
Bo‘lajak o‘qituvchi buni talabalik davridan anglashi zarur. Universitetdagi adolatli baholash, professor-o‘qituvchining talabaga hurmati va ilmiy halolligi yosh mutaxassis uchun kasbiy namuna bo‘ladi. Talaba kelgusida maktabga o‘zi ko‘rgan muomala va o‘qitish madaniyatini ham olib boradi.
Pedagogik ta’lim oldidagi yangi mas’uliyat
Prezidentimizning 2025-yil 28-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni pedagogik ta’limni yangilashning muhim yo‘nalishlarini belgiladi. Farmonga muvofiq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etilib, unga pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti vazifasi yuklatildi.
Hujjatda ta’lim dasturlarini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish, dual ta’lim imkoniyatlaridan keng foydalanish, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. 2026/2027 o‘quv yilidan pedagogika sohasida tahsil olayotgan talabalar bilimini tashqi diagnostika qilish tizimini joriy etish ham belgilangan.
Bu talablar universitet uchun bir savolni o‘rtaga qo‘yadi: biz tayyorlayotgan bitiruvchi maktabga borganda nimani mustaqil bajara oladi?
Pedagog tayyorlashda o‘quv dasturining har bir qismi bo‘lajak kasb bilan bog‘lanishi muhim. Yosh psixologiyasini o‘rgangan talaba o‘quvchining tortinchoqligi yoki e’tiborsizligi ortidagi sabablarni tahlil qila olishi, baholash nazariyasini bilgan talaba esa bolaning xatosini aniqlab, uni tuzatishga yordam beradigan topshiriq tuza olishi kerak. Bilim amaliy harakatga aylanganda kasbiy tayyorgarlikning sifati ko‘rinadi.
Maktab ehtiyoji bilan bog‘langan tayyorgarlik
Maktab o‘qituvchidan o‘z fanini bilish bilan birga, shu bilimni turli qobiliyat va tayyorgarlikka ega bolalarga tushuntira olishni kutadi. Shu sababli talabaning maktab amaliyoti aniq kasbiy vazifalar asosida tashkil etilishi kerak: tajribali ustoz darsini kuzatish, darsning muayyan qismini tayyorlash, keyin mustaqil mashg‘ulot o‘tkazish.
Har bir bosqichdan keyin talaba o‘z faoliyatini tahlil qilishi muhim. Qaysi savol bolani o‘ylantirdi, qaysi izoh tushunarsiz bo‘ldi, qaysi usul samara berdi — ana shu savollar orqali amaliyot haqiqiy kasbiy tayyorgarlikka aylanadi.
Bunda universitet o‘qituvchisi va maktabdagi murabbiy bir xil kasbiy mezonlarga tayanishi zarur. Talaba dars maqsadini belgilay oldimi, vaqtni to‘g‘ri taqsimladimi, barcha o‘quvchilarni jalb qildimi, o‘zlashtirishni tekshirdimi, uning kasbiy o‘sishi shu kabi aniq mezonlar orqali baholanishi kerak.
Yangi avlod ustozining kasbiy qiyofasi
Yangi avlod mutaxassisi o‘z fanini chuqur egallagan, mustaqil fikrlaydigan, bolani tushunadigan va o‘rganishni davom ettiradigan pedagog bo‘lishi kerak. U o‘quvchiga tayyor javobni yetkazish bilan cheklanmay, savolning mohiyatini anglashga, dalil izlashga va o‘z xulosasini tushuntirishga yordam berishi lozim.
Buning uchun fan bo‘yicha puxta tayyorgarlik bilan birga uni o‘qitish metodikasini ham chuqur egallash zarur. O‘qituvchining nutqi ham kasbiy mahoratining bir qismi. Murakkab tushunchani sodda ifodalash, savolni aniq qo‘yish, bolaning javobini sabr bilan eshitish amaliy mashq orqali rivojlanadi.
Bugungi pedagog uchun raqamli savodxonlik ham zarur. Sun’iy intellekt vositalari topshiriq variantlarini tuzish yoki qo‘shimcha material izlashda yordam berishi mumkin. Ammo ma’lumotning to‘g‘riligini tekshirish, bolaning shaxsiy ma’lumotlarini asrash va mualliflikka hurmat bilan munosabatda bo‘lish mas’uliyati pedagog zimmasida qoladi. Texnologiya o‘qituvchining fikrlashi va mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi kerak.
Har bir bolaning imkoniyatini ko‘ra olish
Ta’lim sifati haqida gapirganda har bir bolaning imkoniyati va ehtiyojini e’tiborga olish zarur. Sinfdagi o‘quvchilarning rivojlanish sur’ati va hayotiy sharoiti turlicha bo‘lishi mumkin. Pedagog bu farqlarni sezishi, zarur hollarda psixolog va boshqa mutaxassislar bilan hamkorlik qilishi kerak.
Shu bois pedagogik ta’limda inklyuziv yondashuvni amaliy vaziyatlar orqali o‘rgatish muhim. Topshiriqni bolaning ehtiyojiga moslashtirish, ko‘rsatmani tushunarli shaklda berish va individual o‘sishni kuzatish bo‘lajak o‘qituvchining amaliy ko‘nikmasiga aylanishi lozim.
Farzand tarbiyasida maktab va oilaning hamjihatligi ham muhim. Ota-ona bilan suhbat faqat bolaning kamchiligini sanashdan iborat bo‘lmasligi, uning yutug‘ini ham ko‘rsatish va birgalikda bajariladigan vazifalarni belgilashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Ilmiy izlanishning manzili maktab bo‘lishi kerak
Pedagogika universitetidagi ilmiy faoliyat ta’lim amaliyotiga yangi yechimlar berishi bilan qadrli. Qaysi usul o‘quvchining matnni tushunishiga yordam beradi? Nima sababdan ayrim mavzularni o‘zlashtirish qiyin? Yosh o‘qituvchi faoliyatining dastlabki yilida qanday ko‘makka muhtoj?
Bunday savollar ilmiy izlanish uchun aniq yo‘nalish beradi. Tadqiqotda taklif etilgan metodika maktabda sinovdan o‘tkazilib, uning samarasi va cheklovlari o‘rganilishi kerak. Ilmiy ishning natijasi o‘qituvchi darsda qo‘llay oladigan aniq tavsiya, topshiriq yoki baholash vositasiga aylansa, uning amaliy qiymati ortadi.
Xalqaro tajribadan foydalanishda ham shu mezon muhim: xorijiy usulni shunchaki ko‘chirish emas, uni tilimiz, o‘quv dasturimiz va maktab sharoitiga moslashtirish zarur.
Oliy ta’limdagi yangilanish professor-o‘qituvchining uzluksiz o‘rganishini ham taqozo etadi. Maktab dasturlari va o‘quvchilarning ehtiyojidan xabardor bo‘lish, o‘z fanidagi yangiliklarni kuzatish, o‘qitish usullarini sinab ko‘rish kundalik kasbiy faoliyatga aylanishi zarur. Talabaga izlanishni o‘rgatadigan ustozning o‘zi ham tadqiqotchi va o‘rganuvchi bo‘lishi kerak.
Ishonchni sifatli ta’lim bilan oqlash
Pedagog tayyorlash sifati uchun mas’uliyat universitetning barcha bo‘g‘inlariga taalluqli. Rahbariyat zarur sharoitni yaratishi, kafedralar o‘quv mazmunini yangilashi, professor-o‘qituvchilar esa talabaning kasbiy o‘sishini kuzatib borishi kerak.
Biz uchun eng muhim savol shu: bitiruvchimiz maktabga borganida bolalar ta’limiga qanday hissa qo‘sha oladi? U o‘quvchini eshita olsa, bilimini to‘g‘ri baholasa, darsini puxta tashkil etsa va qiyinchilikka duch kelganda yechim izlay olsa, universitetdagi mehnat o‘z samarasini ko‘rsatadi.
Muallim obro‘-e’tiborini tiklash va mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosati bizga katta ishonch bildirmoqda. Ushbu ishonchni munosib oqlash bilimli, tarbiyali, kasbiga sadoqatli ustozlarni tayyorlashni talab etadi.
Bugun universitet auditoriyasida o‘tirgan talaba ertaga bir bolaning hayotidagi eng muhim ustozga aylanishi mumkin. U bergan bilim, bildirgan ishonch va ko‘rsatgan namuna o‘sha bolaning kelajagida davom etadi.
Ustoz tayyorlash mas’uliyatining ko‘lami ham, sharafi ham shunda.
Hilola Umarova,
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari – Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori
Mahalliy
Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi…
Qo‘llariga maxsus qo‘lqoplar kiygan va himoya ko‘zoynaklari taqqan maktab o‘quvchilari ikki xil suyuqlikni aralashtirishdi va… BUM! Shu lahzada laboratoriya stolidagi shisha idishlardan rang-barang ko‘pikli fontan otilib chiqadi. Bolalar hayrat va quvonchdan chapak chalishadi. Ekrandagi bu manzara g‘arbdagi ommabop bolalar ilmiy ko‘rsatuvlaridan biridan olingan. Ushbu ko‘rsatuv ilm yo‘li faqat qalin kitoblar va zerikarli formulalardan emas, balki harakat, kashfiyot va eng muhimi zavqdan iborat ekanligini anglatmoqchidek go‘yo.
Biz yoshligimizdan bir gapni eshitib ulg‘aydik: «Ilm olish – igna bilan quduq qazish». Olimlar bilan uyushtirilgan suhbatlar, ular ishtirokidagi ko‘rsatuvlar, radioeshittirishlarning kirish qismi har doim «olimlik igna bilan quduq qazishga o‘xshaydi», deb boshlanardi. Ilm yo‘lini tanlagan odamlar bilan uchrashuvlarda ham olimning bu mashaqqatli va og‘ir yo‘lni qanday bosib o‘tgani shu qadar dramali tasvirlanardiki, ichingizda ularga havas emas, balki og‘ir mehnat, azob ko‘rgan odamga qaragandek achinish hissi paydo bo‘lardi. Bu ibora sabr va chidamni ifodalasa-da, tan olish kerak, zamonaviy yoshlar uchun u biroz vahimali va zerikarli eshitiladi. Tasavvur qiling: qo‘lida kichkina igna bilan qattiq yerni kavlayotgan inson, chang bosgan xona, qalin ko‘zoynakli, usti-boshi tartibsiz va dunyodan uzilgan olim. Bu obraz kelajak uchun o‘zini qurbon qilgan qahramonni eslatsa-da, bugungi zamon yoshini o‘ziga tortmaydi. Bunday manzara ilm yo‘lini tanlamoqchi bo‘lgan yosh qalbda ishtiyoq emas, balki charchoq va qo‘rquv, zerikish uyg‘otishi tabiiy. Natijada, ko‘plab iqtidorli yigit-qizlar olimlikni faqatgina «umrini qurbon qilish» deb tushunib, bu yo‘ldan qochadilar. Ular kutubxonalarda soatlab kitob titkilashdan ko‘ra, telefon ekranidagi bir necha soniyalik virtual hayotni va tez keladigan zavqni tanlashadi.
Mashaqqatning jozibador talqini…
G‘arb ta’lim tizimi va mediasida ilm-fanga og‘ir majburiyat deb qaralmaydi. U yerda bolalikdanoq «igna bilan quduq qazish» qo‘rquvi o‘rniga, atrof-muhitni tushunish va unga ta’sir o‘tkazish ishtiyoqi singdiriladi. Shuningdek, g‘arb davlatlarida ilm-fan ommabopligi (Science Communication) juda kuchli rivojlangan. Televideniye va ijtimoiy tarmoqlar uchun suratga olinadigan, murakkab ilmiy mavzularni sodda, hazil-mutoyiba va vizual effektlar bilan tushuntiruvchi ko‘plab dasturlar mavjud. Taniqli olimlar, Nobel mukofoti sovrindorlari yulduzli shoularda mehmon bo‘lishadi, ularning chiqishlari xuddi mashhur aktyor yoki xonandalarniki kabi millionlab marta tomosha qilinadi. Bu esa yoshlar ongida olimlikni kitoblarga ko‘milib o‘tiradigan «kutubxonachi» qiyofasidan chiqarib, uni eng nufuzli, zamonaviy va jozibali kasbga aylantiradi.
Bunday yondashuvning amaliy ifodasini ta’lim maskanlarida ham ko‘rish mumkin.
«Eksploratorium» muzeyi.
Foto: Headout.com
Masalan, San-Fransiskodagi mashhur «Eksploratorium» kabi markazlarda «Iltimos, eksponatlarga qo‘l tekkizmang!» degan yozuvni umuman topmaysiz. Aksincha, u yerda har bir qurilmani ushlab ko‘rish, tugmachalarini bosish, fizika yoki kimyo qonuniyatlarini shaxsiy tajribada sinab ko‘rish talab etiladi. Bolalar koinot qonunlaridan tortib tabiat hodisalarigacha bo‘lgan jarayonlarni xuddi o‘yinchoqdek o‘ynab tushunishadi.
Shu bilan birga, «xalqchil ilm» (Citizen Science) loyihalari jamiyatning har bir a’zosini, jumladan, maktab o‘quvchilarini ham katta ilmiy jarayonlarga jalb etadi. Masalan, NASA yoki yirik universitetlar oddiy odamlarga koinot suratlaridan yangi yulduzlarni qidirish yoki o‘z hududlaridagi qushlar migratsiyasini kuzatish, quyosh panellari, mahalliy o‘simliklar, daraxtlar, shevaga oid kuzatuvlarini ma’lumotlar bazasiga kiritish imkoniyatini beradi. Oddiy maktab o‘quvchisi o‘zi topgan ma’lumot orqali haqiqiy ilmiy maqolaning hammuallifiga aylanishi mumkin. Bunday amaliyotlar yoshlarga ilm faqat uzoq yillar davomida unvon olib, keyin shug‘ullanadigan kasb emas, balki bugunning o‘zidayoq jamiyatga naf keltirish va tarix yaratish vositasi ekanini isbotlaydi.
Tarixiy «Evrika!» lahzalari…
Tarixga nazar solsak, eng buyuk kashfiyotlar zamirida faqatgina tinimsiz mehnat emas, balki o‘sha mashhur «Evrika» zavq lahzalari yotganini ko‘ramiz. Ko‘pchilik Arximedni faqat fizika qonunini topgan olim deb biladi. Lekin uning vannadan «Evrika!» (topdim!) deb ko‘chaga yugurib chiqqani shunchaki tarixiy hikoya emas, balki murakkab muammoning, ya’ni podshoh tojining hajmini o‘lchash va sofligini aniqlash vazifasining yechimi to‘satdan ongga kelgan lahzadagi intellektual portlashdir. Olim shu darajada zavqqa to‘lganki, kiyimsiz ko‘chaga chiqib, hatto ijtimoiy normalarni ham unutgan. Bu olimlikning «igna bilan qazish» bosqichidan keyin keladigan, hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan zavq olish mukofoti edi.
Foto: Erudyt.ru
Fizik olim Albert Eynshteyn ham ilmning lazzatini hammadan yaxshiroq his qilgan. Yigirma to‘qqiz yoshli yigitlik chog‘ida, ya’ni 1907 yilda u Berndagi patent byurosida o‘tirganida, xayoliga bir fikr keladi: «Agar inson yerga erkin tushayotgan bo‘lsa, u o‘z vaznini his qilmaydi». Keyinchalik u bu lahzani «hayotimdagi eng baxtli fikr» deb atagan. Bu yerda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgani olim o‘zini azoblanayotgan ilm jonfidosi emas, balki koinot sirlarini yechayotgan «eng baxtli inson» deb his qilmoqda. Bu fikr keyinchalik mashhur «Umumiy nisbiylik nazariyasi»ga asos bo‘ldi. Eynshteyn uchun ilm dunyoning go‘zalligini mantiq orqali anglashdan olinadigan estetik zavq edi.
Agar olimlik faqat «igna bilan quduq qazish» bo‘lganida, Eynshteyn buni hayotidagi eng baxtli lahza deb atamagan bo‘lardi.
Miya uchun «intellektual ziyofat»
Xo‘sh, nega «Evrika!» lahzasi, yangilikni yaratish, savollariga ilm orqali javob topish hissi bizga bunchalik katta quvonch bag‘ishlaydi? Buni shunchaki oddiy hissiyot deb atash mumkinmi yoki miyamizda sodir bo‘ladigan aniq biokimyoviy jarayonmi? Psixologlar va neyrobiologlar ushbu fenomenni chuqur o‘rganib, juda qiziqarli ilmiy xulosalarga kelishgan.
Neyrobiologlarning aniqlashicha, inson murakkab jumboqning yechimini topgan soniyada, miyaning ichki tizimida juda katta miqdorda kuchli dopamin portlashi yuz beradi. Dopamin bu zavq, motivatsiya va qoniqish gormoni bo‘lib, keyingi paytlar psixologlar ham ushbu moddaning ahamiyati haqida bot-bot gapirishmoqda. Dopamin faqatgina inson yangi kiyim kiyganida, sayohatga chiqqanida yoki mazali ovqat yeganida paydo bo‘lmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yangi bilimni o‘zlashtirish yoki kashfiyot qilish paytida miya xuddi shirinlik yegan yoki sevimli musiqasini tinglagan inson kabi rohatlanadi. Demak, olimlik inson aql-zakovati uchun berilgan eng oliy «intellektual ziyofat»dir.
Ushbu lahzaning fiziologik asosi ham juda hayratlanarli. Neyrofiziologlar «Evrika» lahzasini EEG (elektroensefalogramma) qurilmasi orqali kuzatganlarida, yechim topilishdan bir soniya oldin miyaning o‘ng yarim sharida yuqori chastotali gamma-to‘lqinlar faollashishini aniqlashgan. Miyaning bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uzoq nuqtalari o‘rtasida to‘satdan bunday bog‘lanishni ko‘prikka qiyoslash mumkin. Ya’ni, «igna bilan qazilgan» va tarqoq holda yotgan ma’lumotlar zanjiri birlashib, bir soniyada yaxlit, go‘zal manzara kasb etadi.
Mutaxassislar yana ilm bilan izchil mashg‘ul bo‘lishni «oqim» (Flow) holati deb ataydi. Bu noyob ruhiy holatda olim vaqt va makonni butunlay unutadi, charchoq sezilmaydi, chunki bajarilayotgan jarayonning o‘zi inson uchun asosiy maqsad va baxt manbaiga aylanadi. Bunday vaziyatda «igna bilan quduq qazish» azobli va zerikarli mehnat emas, balki yuksak mahorat ko‘rsatish imkoniyati sifatida qabul qilinadi.
***
Ilmiy izlanish ortidan keladigan «zavq» tabiatning insoniyatga bergan betakror sovg‘asi. Inson miyasi olimni izlanishga, yaratishga undash uchun har bir kashfiyotini eng shirin rohat bilan taqdirlaydi. Bu yuksak zavqni hayotida loaqal bir bor tuygan yosh olim uchun ilm-fan endi hech qachon «qo‘rqinchli va zerikarli mehnat» bo‘lib ko‘rinmaydi.
Bugungi zamon yoshlari uchun ilm shunchaki sabr va chidam maktabigina bo‘lib qolmasligi kerak. Olimlik zamonaviy yoshlar uchun intellektual drayv, jasorat va dunyoni o‘zgartirish imkoniyatidir. Bo‘lajak olimlarni oldinda faqat kundalik mashaqqatlar kutmaydi. Ularni hali hech kim anglamagan haqiqatni birinchi bo‘lib ko‘rish hayajoni va o‘z miyasining cheksiz imkoniyatlarini kashf etish zavqi kutadi. Ishoning, kichik bo‘lsada yangilik yaratish, ilm olish bu har bir inson hayotini umrbod bezaydigan betakror «Evrika!» lahzalaridir.
Barno Sultonova
Mahalliy
«Pul tugab qoladi, dunyo xavfli…» yoxud ziqnalikni bartaraf etuvchi 11 qoida
Ziqnalik (yoki psixologiyada: patologik xasislik) – bu shunchaki pul sarflashni xohlamaslik emas, balki inson ruhiyati, xavfsizlikka bo‘lgan ehtiyoji va miya faoliyati bilan bog‘liq murakkab psixologik holatdir. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ziqnalik odatda kelajakdan qo‘rqish, boshqalarga ishonmaslik va ichki depressiv holatlar bilan chambarchas bog‘liq.
Quyida insonni ichki erkinlikdan mahrum qiluvchi va ijtimoiy munosabatlariga putur yetkazuvchi ziqnalikni bartaraf etishning ilmiy asoslangan 11 ta muhim qoidasi keltirilgan. Ularni yaxshilab o‘qing va amalda qo‘llang.
Tan olish va ildizini izlash
Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, har qanday psixologik muammoni hal qilish uni tan olishdan boshlanadi. Ziqnalikning ildizi ko‘pincha bolalikdagi moddiy yetishmovchiliklar yoki oiladagi pul bilan bog‘liq stresslarga borib taqaladi. O‘zingizga savol bering: «Men pul yo‘qotishdan qo‘rqyapmanmi yoki pulsiz qolsam qadrsizlanib qolishdanmi?»
Sababni tushunish insonga o‘z ustida ishlash uchun ongli yo‘l ochadi.
«Xarid qilishdagi og‘riq» (Pain of Paying) fenomenini boshqarish
Neyrobiologlarning MIT va Karnegi Mellon universitetlari tadqiqotlarida aniqlashicha, inson naqd pul to‘layotganida miyaning jismoniy og‘riqni his qiluvchi qismi (insula) faollashadi. Ziqna insonlarda bu og‘riq hissi juda yuqori bo‘ladi.
Naqd puldan ko‘ra bank kartalari yoki avtomatik to‘lov tizimlaridan foydalanish miyadagi «og‘riq» markazlarini kamroq qo‘zg‘atadi va pul sarflashdagi stressni kamaytiradi.
Sarf-xarajatlar uchun aniq «Xavfsizlik chegarasi»ni belgilash
Psixologlar ziqna insonlarga pul sarflagandan keyin paydo bo‘ladigan aybdorlik hissini kamaytirish uchun qat’iy budjetlashtirishni tavsiya etadilar.
Oylik daromadingizning ma’lum bir qismini (masalan, 10–15%) faqat shaxsiy lazzatlar, sovg‘alar yoki ko‘ngilochar mashg‘ulotlar uchun ajrating. Mazkur pullarni ishlatish majburiy ekanini o‘zingizga singdiring – bu ichki tashvishlanish darajasini pasaytiradi.
Neyroplastiklik: ko‘ngillilik va xayriya bilan shug‘ullanish
Inson miyasi yangi odatlarni shakllantirish xususiyatiga (neyroplastiklik) ega. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, boshqalarga xolis yordam berish miyada dofamin va oksitotsin (baxt va bog‘liqlik gormonlari) ajralishini kuchaytiradi.
Har oy kichik bo‘lsa-da ma’lum mablag‘ni xayriyaga yo‘naltiring yoki biror yaqiningizga kutilmagan sovg‘a qiling. Sarflangan pul evaziga olingan ijobiy his-tuyg‘ular miyada «pul berish = baxt» degan yangi neyron zanjirini yaratadi.
Buyumlarga emas, taassurotlarga sarmoya kiritish
Kolumbiya universiteti olimlarining aniqlashicha, moddiy buyumlar (masalan, yangi kiyim yoki texnika) odamga qisqa muddatli quvonch beradi. Ammo sayohatlar, konsertlar, yangi bilimlar va teatr kabi taassurotlar (experiences) inson xotirasida uzoq vaqt saqlanib, umumiy hayotdan qoniqish darajasini oshiradi. Ziqnalikni yengish uchun pulni buyum yig‘ishga emas, hayotiy taassurotlarga sarflashni o‘rganing.
Ehtiyoj va istak o‘rtasidagi farqni anglash
Mashhur ruhshunos Avraam Maslouning ehtiyojlar piramidasiga ko‘ra, pul faqat bazaviy xavfsizlikni ta’minlash vositasidir. Ziqna insonlar pulni maqsadga aylantirib yuborishadi. Sarf-xarajat qilayotganda o‘zingizdan so‘rang: «Bu xarid mening hayotimni sifatliroq va qulayroq qiladimi?» Agar javob «ha» bo‘lsa, bu ziqnalik emas, balki o‘z sog‘lig‘i va hayotiga bo‘lgan sog‘lom sarmoyadir.
Narx va sarf terapiyasi
Ba’zida ziqna insonlar sifatsiz, ammo arzon mahsulotlarni sotib olib, yakunida ko‘proq zarar ko‘rishadi («Xasis ikki marta to‘laydi»).
Hayotingizda eng ko‘p foydalanadigan buyumlaringiz (masalan, poyabzal, matras, ish telefoni) uchun sifatlisini sotib olishni mashq qiling. Sifatli buyum uzoq vaqt xizmat qilishi va bu uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy jihatdan foydali ekanini ongli ravishda tahlil qiling.
Pulning «Vaqt qiymati»ni hisoblash
Iqtisodiyot va psixologiya tutashgan nuqtada pulning eng katta resursi – vaqtni tejash ekani aytiladi. Agar siz shaharning narigi chetidagi 5.000 so‘m arzonroq mahsulot uchun 2 soat vaqtingizni yo‘qotsangiz, bu iqtisodiy jihatdan mantiqsizdir. Vaqtingizni qadrlashni o‘rganing. Vaqtni tejaydigan xizmatlarga (taksi, yetkazib berish, tayyor sifatli xizmatlar) pul to‘lash orqali ziqnalik zanjirini uzing.
Pulga bo‘lgan munosabatni «yetishmovchilik»dan «to‘kinlik» psixologiyasiga o‘zgartirish
Ziqnalikning asosiy psixologik motori – «Pul tugab qoladi, dunyo xavfli» degan ichki qo‘rquvdir. Bu «yetishmovchilik tafakkuri» (Scarcity mindset) deb ataladi. Uning ziddi o‘laroq, «to‘kinlik tafakkuri» (Abundance mindset) pulning kelib-ketuvchi energiya ekanini, inson o‘z mehnati va bilimi bilan yana pul topa olishiga bo‘lgan ishonchni anglatadi. Siz malakangizni oshirishga va pul topish imkoniyatlaringizga ishoning.
Yaqinlar bilan ochiq muloqot
Ziqnalik oiladagi ajrashishlar va do‘stlardan uzoqlashishning asosiy sabablaridan biridir. Agar yaqinlaringiz sizning pulga haddan tashqari yopishib olganingizdan shikoyat qilishayotgan bo‘lsa, ularni tinglang. Oilaviy budjetni birgalikda rejalashtiring va ularning ehtiyojlari uchun pul ajratishni oilaviy majburiyat hamda muhabbat izhori sifatida qabul qiling.
Psixoterapevt bilan ishlash
Agar yuqoridagi qoidalarni mustaqil bajarish qiyin va pul yo‘qotish qo‘rquvi sizda kuchli stress, uyqusizlik yoki apatiya chaqirayotgan bo‘lsa, bu klinik kognitiv-xulq-atvor terapiyasi (CBT) uchun asos bo‘lishi mumkin. Mutaxassis pul bilan bog‘liq ichki fobiyalarni aniqlab, ularni sog‘lom fikrlash tarziga o‘zgartirishga yordam beradi.
Akbar Anvarov
Mahalliy
OTMlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabulni rasmiylashtirish hamda kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddati 15 oktyabrgacha uzaytirildi.
Yangi muddat bakalavriat va magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishini ko‘chirgan yoki ko‘chirib tiklagan, shuningdek, o‘qishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.
Belgilangan muddatgacha bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha yillik summaning kamida 25 foizi to‘lanishi lozim.
Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinayotganlar esa 15 oktyabrgacha yillik kontrakt qiymatining kamida 50 foizini to‘lashi kerak.
Mahalliy
Pedagoglarning farzandlari kontraktni 30 foiz kamroq to‘lashi mumkin bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentyabrdagi 501-son qarori bilan pedagoglarning farzandlari uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlaridagi to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi tasdiqlandi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan va tahsil olayotgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorida chegirma beriladi.
Imtiyoz davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan pedagoglar farzandlariga tatbiq etiladi. Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llaniladi.
Chegirma oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga berilmaydi. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari talabalari ham ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.
Qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlar, xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlari talabalariga ham chegirma qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan pedagog farzandlari uchun mazkur imtiyoz nazarda tutilmagan.
Pedagogning farzandi to‘lov-kontrakt shartnomasini olish uchun «kontrakt.edu.uz» tizimi orqali ariza yuboradi. Ariza mas’ul tashkilot tomonidan ikki ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.
Arizani ko‘rib chiqish jarayonida talabaning pedagog farzandi ekanligi «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlansa, chegirma avtomatik tarzda qo‘llaniladi.
Mazkur chegirma bir o‘quv yili uchun bir marta beriladi. Pedagogning ota yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi o‘quv yilidan boshlab chegirma qo‘llash to‘xtatiladi.
Mahalliy
Nima uchun eski buyumlardan voz kechish qiyin?
Issiq kunlar chekinib, havo salqinlashgan sayin odatlar ham o‘zgaradi. Kun qisqaradi, tomorqadagi yumushlar ozayadi, kun bo‘yi eshik oldida turgan ketmon, belkurak va chelaklar o‘z joyiga qaytariladi. Ko‘p qavatli uyda yashaydiganlar ham endi ko‘chaga kamroq chiqa boshlaydi. Shunda siz uyingizda ortiqcha narsalar ko‘payganini sezasiz.
Va yana fasl almashishi bilan barchamiz shkaflar va javonlarni ko‘zdan kechiramiz. Kiyilmaydigan kiyimlar, ishlatilmaydigan idishlar, yillar davomida «bir kun kerak bo‘lib qolar» degan umidda saqlanayotgan buyumlar…
Bularning hammasi senga hali ham kerakmi?
Uyda tartib o‘rnatish bo‘yicha bir necha kitob yozgan yaponiyalik yozuvchi Mari Kondo aynan shu savolni o‘rtaga tashlaydi. Uning falsafasida uyni tartibga keltirish shunchaki buyumlarni saralash emas. U har bir narsani qo‘lga olib, «Bu menga quvonch bag‘ishlaydimi?» deb so‘rashni taklif qiladi.
Savol oddiydek ko‘rinadi, ammo javob berish juda qiyin. Chunki biz buyumlarni shunchaki buyum bo‘lgani uchun saqlamaymiz. Masalan bir ko‘ylagingiz bor, uch yildan beri unutilgan, lekin qizingizning to‘yida kiyilgani uchun o‘sha kunni eslatib turadi. Darz ketgan idish-chi, ha u onangizdan yodgorlik, dastasi qimirlab qolgan chovgum u buvingizni eslatadi, anavi rangi uringan sumkani tutgingiz kelmaydi, ammo u birinchi maoshga olingan, bularning hech birini tashlashga ko‘z qiymaydi.
Shunday qilib, uyimizda buyumlar emas, o‘tmishimizning mayda parchalari yig‘ilib boradi. Biz ularni tashlashdan qo‘rqamiz. Go‘yo buyumni chiqarib yuborsak, u bilan bog‘liq xotira ham yo‘qolib ketadigandek.
Aslida-chi?
Ehtimol, shuning uchun ham uyni tartibga keltirish ba’zan kutilganidan og‘ir kechadi. «Bir kun kerak bo‘lib qolar» degan ehtiyotkorlik buyumlar bilan xayrlasha olmaslikning eng qulay niqobiga aylanadi.
Buyum arzimas bo‘lishi mumkin, ammo unga bog‘langan ma’no arzimas emasdek… Shuning uchun uyni bir kunda tubdan o‘zgartirishga urinish shart emas. Avval bitta tokchadagi narsalarga razm solishning o‘zi yetarli. Kiyimlarni, kitoblarni, mayda-chuydalarni bir joyga to‘plab ko‘rish ham qiziq tajriba, odam qancha narsasi borligini emas, qancha ortiqcha yukni saqlab yurganini anglaydi.
Mari Kondo buyumlar bilan xayrlashayotganda ularga minnatdorchilik bildirish kerakligini aytadi. Bu kimgadir ortiqcha marosimdek tuyuladi, ammo ortida oddiy haqiqat bor: sizdan ketayotgan narsa hayotingizda bir vaqtlar kerak bo‘lgan. Uni qo‘yib yuborish o‘sha davrni inkor qilish degani emas. «Sen o‘z vazifangni bajarding» deb qo‘yishning o‘zi kifoya.
Yana bir gap. Biz uyda bo‘sh joy qoldirishdan qo‘rqamiz. Bo‘sh tokcha, bo‘sh devor yoki burchak xuddi «nimadir yetishmayapti» deganday tuyulaveradi. Shunga darhol uni to‘ldirishga shoshilamiz. Go‘yo uy to‘la bo‘lsagina hayot ham to‘kisdek.
Aslida esa ba’zan insonga yana bir buyum emas, bir oz bo‘shliq kerak bo‘ladi. Kreslo yonidagi ochiq joy, kitob qo‘yilmagan tokcha, hech narsa turmaydigan stol… Faqat siz o‘tirib, bemalol nafas oladigan joy. Ehtimol, uydagi eng qimmat narsa aynan shu egallanmagan hudud.
Kuz shuning uchun ham go‘zal fasl. Daraxtlar bargini to‘kadi va buni yo‘qotish emas, fasl almashinishi deb qabul qiladi. Inson esa ko‘pincha voz kechishni yo‘qotish deb biladi, biz ham kuz bargini to‘kkandek eski narsalardan qutilsak, ehtimol yangi buyumlarga yo‘l ochilar…
Balki biz kuzdan har bir narsani abadiy ushlab turish shart emasligini o‘rganarmiz…
Bugun bitta javonni ochib ko‘ring. Undagi har bir narsani qo‘lingizga oling-da, o‘zingizdan so‘rang: «Men buni hali ham xohlab saqlayapmanmi yoki shunchaki tashlashga qo‘rqyapmanmi?»
Javob, ehtimol, buyum haqida emas… Sizning hozirgi hayotingiz, bugungi kuningiz haqida bo‘ladi.
-
Mahalliy5 days ago
Nima uchun eski buyumlardan voz kechish qiyin?
-
Siyosat5 days ago
O‘zLiDeP tashabbusi bilan eng chekka mahallalardan yangi tadbirkorlar kashf etilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda valyutaga talab 44,3 mlrd dollarga yetdi
-
Sport4 days ago
Parashaxmatchilarimiz tarixiy natija bilan Toshkentda tantanali kutib olindi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zi uchar gilamlardan ekranlar qa’rigacha….
-
Jamiyat3 days ago
Savdo-sanoat palatasi mansabdori porani qaytarib berayotganda ushlandi
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistondagi xorijiy korxonalarning har uchtasidan biri savdo sohasida
