Sport
Usmon Dembele «Oltin to‘p» sohibi bo‘ldi
Fransiya milliy jamoasi va «PSJ» klubi futbolchisi Usmon Dembele 2024-2025 mavsumining eng yaxshi futbolchisi sifatida France Football nashrining «Oltin to‘p» sovriniga ega bo‘ldi. «PSJ» eng yaxshi klub, Luis Enrike eng yaxshi murabbiy deb topildi.
Fransiya poytaxti Parijning «Shatle» teatrida France Football jurnali tomonidan «Oltin to‘p» sovrinini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Usmon Dembele – «Oltin to‘p» sohibi
Foto: X/Ballon d’Or
Fransiya milliy jamoasi va «PSJ» klubi a’zosi Usmon Dembele mavsumning eng yaxshi futbolchisi sifatida «Oltin to‘p» sovriniga ega bo‘ldi. U ovoz berish jarayoni yakuniga ko‘ra, asosiy raqibi – «Barselona» a’zosi Lamin Yamalni ortda qoldirdi.
Foto: X/Ballon d’Or
Luis Enrike – eng yaxshi murabbiy
Foto: X/Ballon d’Or
«PSJ» ustozi Luis Enrike mavsumning eng yaxshi murabbiyi sifatida Yohan Kroyff nomidagi mukofotga sazovor bo‘ldi. Ispaniyalik mutaxassis ovoz berish jarayonida Hans-Diter Flik («Barselona»), Enso Mareska («Chelsi») va Arne Slotni («Liverpul») ortda qoldirdi. O‘tgan mavsumda «PSJ» Fransiya chempionati, Kubogi, Superkubogi, Chempionlar Ligasi va UYeFA Superkubogida g‘alaba qozondi, shuningdek, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi bo‘ldi.
Lamin Yamal – eng yaxshi yosh futbolchi
Foto: X/Ballon d’Or
Ispaniya milliy jamoasi va «Barselona» klubi hujumchisi Lamin Yamal mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. U qatorasiga ikkinchi marta ushbu sovrinni qo‘lga kiritdi. 18 yoshli futbolchi «Oltin to‘p» marosimida Raymon Kopa nomidagi mukofotni qabul qildi. Ushbu sovringa 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar da’vogarlik qiladi. Yamal ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra Pau Kubarsi («Barselona»), Ayyub Buaddi («Lill»), Dezire Due («PSJ»), Estevao («Chelsi» / «Palmeyras»), Din Xeysen («Real» / «Bornmut»), Maylz Lyuis-Skelli («Arsenal»), Rodrigo Mora («Portu»), Joau Nevesh («PSJ») va Kenan Yildizni («Yuventus») ortda qoldirdi.
Janluiji Donnarumma – eng yaxshi darvozabon
Foto: X/Ballon d’Or
«Manchester Siti»ning amaldagi va «PSJ» klubining sobiq posboni Lev Yashin nomidagi mukofotni oldi. Bu italiyalik futbolchining ikkinchi shunday sovrini, avvalgisi 2021 mavsumda qo‘lga kiritilgan.
«PSJ» – eng yaxshi klub
Foto: X/Ballon d’Or
Fransiyaning «PSJ» klubi mavsumning eng yaxshi jamoasi deb topildi. Parijliklar ovoz berish jarayonida «Barselona», «Botafogo», «Chelsi» va «Liverpul»ni ortda qoldirdi. O‘tgan mavsumda «PSJ» Fransiya chempionati, Kubogi, Superkubogi, Chempionlar Ligasi va UYeFA Superkubogida g‘alaba qozondi, shuningdek, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi bo‘ldi.
Viktor Gyokeresh – eng yaxshi to‘purar
Londonning «Arsenal» klubi va Shvetsiya milliy jamoasi hujumchisi Viktor Gyokeresh mavsumning eng yaxshi to‘purari sifatida Gerd Myuller nomidagi mukofotni qo‘lga kiritdi. U o‘tgan mavsumda Shvetsiya milliy jamoasi va Portugaliyaning «Sporting» klubi tarkibida 63 ta gol urdi.
Eslatib o‘tamiz, barcha mukofotlar mavsum yakuniga ko‘ra (2024 yil 1 avgustdan 2025 yil 31 iyulgacha) topshiriladi, yil yakuniga ko‘ra emas.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot17 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
